Mutafakkirlar. Abu Rayhon Beruniy (973-1048)


Post Views:
14 680

O‘rta asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy 973 yil 9 sentyabrda Xorazmning qadimgi poytaxti Kot shahrida tug‘ildi. Ayrim manbalarda Beruniyni Kot shahrining tashqarisida tug‘ilgan, shu sababli uni “Beruniy”, ya’ni “tashqarilik” degan taxallus bilan atashgan deyishadi.

Yoshligidanoq ilm-fanga qiziqishi orta bordi. Beruniy keyinchalik mashhur olim Abu Nasr Mansur ibn Iroq qo‘lida ta’lim oldi. Ibn Iroq astronomiya, geometriya, matematikaga oid bir qancha asarlar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bag‘ishlaydi. Beruniy ona tilidan tashqari yana bir qancha tillarni: arab, so‘g‘diy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini o‘rganadi.

O‘z ilmiy asarlaridan birida yozishicha, u Xorazmda yashagan davrida, 990- yillardan boshlab Kot shahrida muhim astronomik kuzatishlar o‘tkazgan. Bu kuzatishlar uchun o‘zi astronomik asboblar ixtiro etgan. 22 yoshidan Kaspiy dengizining janubi-sharqiy sohilidagi Jurjon shahrida yashadi. So‘ng qadimgi Ray shahriga bordi, 998 yildan keyin yana Jurjonga keldi va bu yerda o‘zining ikkinchi ustozi tabib, astronom, faylasuf Abu Sahl Iso Masihiy bilan tanishib, undan ta’lim oldi. Beruniy “Osorul-boqiya anil-qurunil-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini Jurjonda yoza boshlagan va 1000 yilda tamomlagan. “Osorul-boqiya” Beruniyga juda katta shuhrat keltirdi, uni fanning hamma sohasiga qiziquvchi buyuk olim ekanini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, Beruniy Jurjonda astronomiya, metrologiya tarixiga oid 10 dan ortiq asar yozdi. Beruniy Xorazmning yangi hukmdori Abu Abbos Ma’mun II ibn Ma’mun tomonidan mamlakatning yangi poytaxti Urganchga chaqirtirildi. Xorazmshoh tomonidan juda katta izzat-ikrom bilan qabul qilingan. Beruniy Urganchda Ma’munning bevosita rahnamoligida vujudga kelgan ilmiy markazda faoliyat ko‘rsatadi. Beruniy shoh Ma’mun II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakatning siyosiy ishlarida ham faol qatnashadi.

Beruniy 1017–1048 yillarda G‘aznada hayot kechiradi va bu davr uning ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr bo‘ldi. Beruniyning “Xorazmning mashhur kishilari” asari ham shu davrda yaratilgan. Uning muhim astronomik-geografik asari “Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash” – “Geodeziya” 1025 yilda yozib tugatilgan. Beruniyning “Munajjimlik san’atidan boshlang‘ich tushunchalar” asari ham 1029 yil G‘aznada yozilgan. Asarning forscha, arabcha nusxalari bizgacha yetib kelgan. Unda o‘sha zamon astronomiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha fanlar haqida muhim ma’lumotlar berilgan.

Beruniyning “Hindiston” nomli mashhur yirik asari “Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash kitobi” nomi bilan 1030 yilda yozilgan bo‘lib, bu shoh asar G‘arb va Sharq olimlari, shu jumladan, hozirgi zamon xind olimlari tomonidan yuksak baholangan.

Mahmud G‘aznaviyning Hindistonga qilgan yurishlaridan birida shohga hamroh bo‘lgan Beruniy, u yerda sanskrit tilini puxta o‘rganishi, hind madaniyati, adabiyoti va Hindistonning o‘sha davr olimlari bilan yaqindan tanishishga hamda bu mamlakat haqida o‘lmas asar yaratishga imkon berdi. “Hindiston” asari yozib tugatilgan yili Mahmud G‘aznaviy vafot etdi va uning o‘rniga taxtga o‘g‘li Mas’ud o‘tirdi. Bu davrda Beruniyning ahvoli ancha yaxshilandi. Astronomiyaga oid “Mas’ud qonuni” asarini sulton Mas’udga bag‘ishladi.

Beruniy o‘z asarlari ro‘yxatini tuzgandan keyin yana ikkita muhim kitobini yozgan. Bulardan biri “Mineralogiya”dir. Bu risola o‘z zamonasi uchun Markaziy Osiyo va YAqin Sharq, hatto Yevropada ham mineralogiya sohasida eng yaxshi, tengi yo‘q asar hisoblanadi. Beruniyning oxirgi asari – “Dorivor o‘simliklar haqida kitob”ining qo‘lyozmasi XX asrning 30–yillarida Turkiyada topildi. Asar “Saydana” nomi bilan mashhur, unda Beruniy Sharq, ayniqsa, Markaziy Osiyoda o‘sadigan dorivor o‘simliklarning to‘la tavsifini beradi.

Beruniy shogirdi Abul Fazl Saraxsiy ma’lumoti bo‘yicha 1048 yil 11 dekabrda vafot etgan. Beruniy so‘nggi avlodlarga katta ilmiy meros qoldirdi. Beruniyning o‘z davri ilm-fanining turli sohalariga oid 160 dan ortiq tarjimalari, turli hajmdagi asarlari, yozishmalari qolganligi ma’lum. YUqorida ko‘rsatib o‘tilgan katta hajmdagi asarlaridan tashqari astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tibbiyot, farmakologiya, tarix, filologiya masalalariga oid qator risolalar yaratdi va sanskrit tilidan arabchaga, arab tilidan sanskrit tiliga tarjimalar qildi, badiiy ijod bilan ham shug‘ullanib she’rlar yozdi. “Astrologiyaga kirish”, “Astronomiya kaliti”, “Jonni davolovchi quyosh kitobi”, “Ikki xil harakatning zarurligi haqida”, “Ko‘paytirish asoslari”, “Ptolemey “Almagesti”ning sanskritchaga tarjimasi”, “Foydali savollar va to‘g‘ri javoblar”, “Farg‘oniy “Elementlar”iga tuzatishlar”, “Turklar tomonidan ehtiyotkorlik”, “Oq kiyimlilar” va karmatlar haqida ma’lumotlar”, “Al-Muqanna haqidagi ma’lumotlar tarjimasi”, “Ibn Sino bilan yozishmalar” shular jumlasidandir. Beruniyning asarlari musulmon Sharqi madaniyatining so‘nggi rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. So‘nggi asrlarda arab va fors tillarida yozilgan Bayhaqiy, Shaxrizo‘riy, Qiftiy, YOqut Hamaviy asarlarida Beruniy haqida muhim ma’lumotlar keltiriladi. XIII asrda yashagan suriyalik tarixchi va tabib Xristian Ioanni Bar Ebrey (1226–1286) Beruniyga shunday baho beradi: “O‘sha o‘tgan yillarda yunon va hind falsafasi dengizini kechib o‘tgan Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy o‘tmish ilmlarda shuhrat qozondi. U matematika ilmlarida mutaxassis bo‘lib, bu sohada qator muhim kitoblar yaratdi. Hindistonga borib, u yerda bir necha yil yashadi, hind faylasuflaridan ularning san’atini o‘rgandi va ularga yunon falsafasini o‘rgatdi. Uning asarlari nihoyatda ko‘p, yetuk va nihoyatda ishonchlidir. Bir so‘z bilan aytganda, o‘z davrida, undan so‘ng va hozirga qadar hamkasblari orasida astronomiya ilmida bunday bilimdon va bu ilmning asosini hamda nozik tomonlarini chuqur biladigan olim bo‘lmagan”. Beruniy haqidagi oliy baho va tavsiflar Tabriziy, Suyutiy, Qazviniy, Tusiy, Muhammad ibn Mansur Allomiy, Xurosoniy kabilarning asarlarida keltiriladi.

XIX asrdan boshlab Yevropa va Osiyo mamlakatlarida Beruniy merosi bilan qiziqish yanada keng tus oldi. Uning asarlari lotin, fransuz, italyan, nemis, ingliz, fors, turk tillariga tarjima etila boshlandi. Beruniy asarlariga bag‘ishlangan yevropalik olimlar J.Reno, E.Zaxau, G.Zuter, E.Videman, K.Nallino, J.Sarton, R.Rayt, M.Meyerxof, osiyo olimlari S.X.Nasr, M.Kozim, S.Baraniy, M.Nizamuddin, Sh.Yaltkay kabilarning kitoblari, tarjimalari nashr etildi. Bu tadqiqotchilar Beruniy ijodiga juda yuqori baho berdilar.

H.M.Abdullayev, I.M.Mo‘minov, V.Yu.Zohidov, Ya.G‘.G‘ulomov, U.Karimov, M.M.Xayrullayev, S.A.Bulgakov kabi atoqli olimlar Beruniy faoliyati haqida qator risola, asarlar yaratishdi. Toshkentda unga bag‘ishlangan qator xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazildi.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI

© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti © «YANGI NASHR», 2011

https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-abu-rayhon-beruniy-973-1048-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x