Mutafakkirlar. Abu Ali ibn Sino (980–1037)


Post Views:
9 598

Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini o‘rta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sino bo‘lib, u Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhurdir.

Ibn Sino Buxoroning Afshona qishlog‘ida 980 yilning safar oyida, amaldor oilasida tug‘ildi. 986 yilda Ibn Sino oilasi Buxoroga ko‘chib keladi va shu vaqtdan boshlab yosh Husayn boshlang‘ich ma’lumot olishga, ilmfanni o‘rganishga kirishadi. Uning yoshligi, yigitlik chog‘lari somoniylar hukmronligining so‘nggi yillariga, xususan, Nuh II ibn Mansur Somoniy hukmronligi davri (976–997)ga to‘g‘ri keladi.

Ibn Sino iste’dodli, xotirasi kuchli, zehni o‘tkir bo‘lganidan o‘z davrida ma’lum bo‘lgan ilmlarni tezda egallay boshladi. 10 yoshidayoq Qur’oni karimni boshdan-oyoq yod o‘qir edi. 13 yoshlaridan boshlang‘ich matematika, mantiq, fiqh, falsafa ilmlari bilan shug‘ullana boshlaydi. Ibn Sino yosh bo‘lishiga qaramay, Abu Abdullo Notiliy rahbarligida falsafani, Hasan ibn Nuh Qumriydan tibbiyot ilmini har tomonlama o‘rganadi, asta-sekin tabiblik bilan ham shug‘ullanadi. U o‘zidan avval o‘tgan Sharq mutafakkirlarining asarlarini chuqur o‘rganish bilan birga, qadimgi yunon tabiiyilmiy, falsafiy merosini, xususan, Aristotel, Evklid, Ptolemey, Galen, Gippokrat, Pifagor, Porfiriylarning asarlarini ham qunt bilan o‘rgandi. 16–17 yoshidayoq ibn Sino mashhur tabib – hakim bo‘lib tanildi.

1000 yilda Ibn Sino Buxorodan chiqib ketdi va madaniyat markazlaridan biri hisoblangan Xorazmga bordi, u yerda Xorazm hokimi Ali ibn Ma’mun saroyidagi o‘z zamonasining yetakchi olimlarini birlashtirgan akademiyasiga qabul qilindi. Ibn Sino Beruniy, Ibn Miskavayh, Abu Sahl Masihiy, Abulxayr Hammor, Abu Nasr ibn Iroq kabi yetuk olimlar bilan yaqindan tanishdi.

Abivard, Tus, Nishopur shaharlari orqali Jurjon shahriga kelgan Ibn Sino hokim Qobus ibn Vashmgir saroyida mashhur tabib sifatida yashadi, bo‘lajak shogirdi Juzjoniy bilan tanishdi.

1023 yilda Isfahonga bordi va butun umrini ilmiy asarlar yozishga bag‘ishladi. Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fit-tibb”, “Kitob un-najot”, “Kitob ul-insof” kabi mashhur asarlari, geometriya, astronomiya, o‘simlik, hayvonot olami, mantiqqa oid risolalari, “Hayy ibn YAqzon” falsafiy qissasi so‘nggi yillarda yozilgan. U Isfahonda rasadxona qurish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Ibn Sinoning hayot yo‘li o‘zi yozgan tarjimai holi va shogirdi Juzjoniy tomonidan qoldirilgan manbalardan ma’lum. Ibn Sinoning ilmiy qiziqishlari, dunyoqarashining shakllanishida qadimgi Sharq madaniyati, yunon ilmi, falsafasi, Markaziy Osiyo xalqlarining mustaqillik uchun olib borgan kurashlari muhim rol o‘ynadi. Ibn Sino tarjimai holida Forobiyning “Metafizika maqsadlari”, “Fususul-hikam” kabi muhim risolalarini qunt bilan o‘rgangani, ulardan keng foydalanganini ta’kidlab o‘tadi.

Ibn Sino asarlarining umumiy soni 450 dan oshadi, lekin bizgacha faqat 160 ga yaqin asari yetib kelgan. Ko‘p risolalari shaharmashahar ko‘chib yurish, urushlar, saroy to‘polonlari, turli falokatlar tufayli yo‘qolib ketgan. Ko‘p manbalarda Ibn Sino, avvalo, tabib sifatida talqin etiladi, holbuki tabobat uning ilmiy sohalari orasida eng muhimlaridan biridir, xolos. Ibn Sino asarlarining asosiy qismi YAqin va O‘rta Sharqning o‘sha davr ilmiy tili hisoblangan arab tilida, ba’zilari fors tilida yozilgan. Uning bizga ma’lum bo‘lgan katta asari “Kitobush-shifo” (“Shifo kitobi”) 22 jilddan iborat bo‘lib, 4 ta katta bo‘limini mantiq, fizika, matematika, metafizikaga doir masalalar egallagan. Uning ayrim qismlari lotin tiliga, Yevropadagi boshqa tillarga, sharq tillariga, shuningdek, rus, o‘zbek tillariga tarjima qilingan. 20 jilddan iborat bo‘lgan “Kitobul-insof” (“Insof kitobi”) bizgacha yetib kelmagan, chunki Isfahondagi yong‘inda yo‘qolgan. “Kitobun-najot” (“Najot kitobi”) 4 katta qismdan – mantiq, fizika, matematika, metafizikadan iborat, “Kitob lisonul-arab” (“Arab tili kitobi”) 10 jildni tashkil etadi. “Donishnoma” fors tilida yozilgan bo‘lib, 4 qismni – mantiq, fizika, matematika, metafizikani o‘z ichiga oladi.

Ibn Sino asarlari o‘rta asrlarda Yevropada ilmiy til hisoblangan lotin tiliga, u orqali Yevropaning boshqa tillariga tarjima etilgan. Ibn Sino ilmiy risolalardan tashqari, chuqur falsafiy mazmunli badiiy obrazlar va ma’lum voqyealar orqali ifoda etuvchi “Tayr qissasi”, “Salomon va Ibsol”, “Hayy ibn YAqzon” kabi falsafiy qissalar yaratgan.

Ibn Sino zamonasining yetuk shoiri ham bo‘lgan. U Sharq, xususan, fors she’riyatida ruboiy janrining asoschilaridan biri bo‘lib, ruboiylari o‘zida chuqur falsafiy xulosalarni ifodalaydi. Ibn Sino arabcha qit’alar ham yozgan.

Ibn Sino tabobat masalalarini ommabop holda nazm bilan izohlovchi “Urjuza” nomli tibbiy asar yaratdi. Uning Aristotel (Arastu) ta’limoti xususida Abu Rayhon Beruniy bilan va o‘zining shogirdi – ozarbayjonlik mutafakkir Baxmanyor bilan yozishmalari fan olamida mashhur. Ayniqsa, tabobat, u bilan bog‘liq holda anatomiya, psixologiya, farmakologiya, terapiya, xirurgiya, diagnostika, gigiyena kabi ilmlar Ibn Sino ijodida bir qancha yangi ixtirolar bilan boyidi va yangi bosqichga ko‘tarildi. Bulardan tashqari, kimyo, mineralogiya, astronomiya, matematika, o‘simlik dunyosi, geologik jarayonlarni o‘rganish sohasida ham u yangi-yangi fikrlarni olg‘a sura oldi. Ibn Sinoning tibbiyot sohasidagi asarlaridan “Kitob al-qonun fit-tibb” (“Tib qonunlari”), “Kitobul-qulanj” (“Ichak sanchiqlari”), “Kitobun-nabz” (“Tomir ko‘rish haqida kitob”), “Fujul-tibbiya joria fi majlisih” (“Tib haqida hikmatli so‘zlar”), “Tadbirul-manzil” (“Turar joyning tuzilishi”), “Fil-hindubo” (“Sachratqi o‘simligi haqida”), “Risola fidasturit-tibbiy” (“Tibbiy ko‘rsatmalar haqida risola”) kabi asarlari mavjud.

Ibn Sino o‘zining ko‘p tarmoqli mahsuldor ijodi, boy merosi bilan jahon madaniyati taraqqiyotida katta rol o‘ynadi. O‘z ijodi, ilmiy faoliyatida Ibn Sino Markaziy Osiyo, YAqin va O‘rta Sharq mamlakatlaridagi yuqori madaniy ko‘tarinkilik, madaniy “uyg‘onish”ning ma’naviy yutuqlarini mujassamlashtira oldi, bu bilan butun Sharq va Yevropadagi ma’rifat, madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatadi. U o‘z davrida Sharq va Yevropada “Shayx ur-rais”, “Olimlar boshlig‘i”, “Tabiblar podshohi” kabi eng buyuk nomlarga sazovor bo‘ldi. Ibn Sino mashhur murabbiy sifatida Abu Ubayd Jurjoniy, Umar Isfahoniy, Muhammad Sheroziy, Ahmad Ma’suriy, mashhur ozarbayjon mutafakkiri Baxmanyor ibn Marzbon, Yusuf Iyloqiy, ajoyib olim va shoir Umar Hayyom kabi shogirdlarini tarbiyaladi. Uyg‘onish davri miniatyura va suratlarida Ibn Sino mashhur qadimgi yunon olimlari Aristotel, Galen, Gippokrat, Ptolemey, Evklid bilan bir qatorda tasvirlangan.

Ibn Sino asarlari Yevropada XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilina boshladi. “Tib qonunlari” asarining o‘zi lotinchada 30 martadan ortiq nashr qilindi. “Kitob ush-shifo”ning ko‘p bo‘limlari, mantiq, muzika, yerning tuzilishi, geologik jarayonlar, metafizikaga oid qismlari ham lotinchada nashr etildi. So‘nggi ilmiy tadqiqotlar Ibn Sinoning Sharq adabiyotiga ham ta’sir ko‘rsatganligini, chuqur falsafiy mazmunni ifodalovchi ruboiy va falsafiy qissalar janrining taraqqiyotiga turtki berganligani ko‘rsatadi.

Ibn Sino xalq orasida shu darajada hurmatga sazovor bo‘ldiki, u folklor qahramoniga aylanib ketdi. Sharq xalqlarida uning to‘g‘risida turli hikoya, rivoyat, afsonalar vujudga keldi. Jahon olimlari Ibn Sino asarlari, uning faoliyati to‘g‘risida ko‘pdan beri ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradilar. Hozirda jahonning deyarli barcha yirik tillarida Ibn Sino haqida asarlar yaratilgan.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI

© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti © «YANGI NASHR», 2011

https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-abu-ali-ibn-sino-980-1037-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x