JAVOHIRNING MUSHUKLARI
Bu voqeiy sheʼr yozilguncha,
Biroz qiynaldim boshda.
Qahramonim Javohirbek
Hozir-chi oʻsmir yoshda.
Otasining ismi Tohir,
Soddadil, koʻngli toʻgʻri,
Dilfuzaxon singlimizning,
Yakkayu yolgʻiz oʻgʻli.
Qishda ular Qoʻyliqdagi,
Domda yashab turishar.
Dala-hovli alohida,
Yozning gashtin surishar.
Oʻtgan yili saratonda,
Bogʻu rogʻlar soz boʻldi.
Mevalar pishib, yetilib,
Oftob sarafroz boʻldi.
Qayrilma qosh qaldirgʻochlar
Valfajr oʻqishardi,
Qargʻa, Chumchuq, Olaqanot,
Gilosni choʻqishardi.
Joʻxorilar pishib boʻlgach,
Omborga qarab shoshdi.
Sichqonlarning kuni tugʻib,
Shoʻxligi haddan oshdi.
Gazandalar bilmas tinim,
Don-dunni qitirlatib.
Gʻashga tegar tuni bilan,
Yaproqni shitirlatib,
Goho kirib oshxonaga,
Ushoqdan koʻrar tatib.
Shodmonlikni ulugʻ Tangrim,
Behuda ulashmagan.
Javohir yosh edi unda,
Royishroq, kurashmagan.
Mushuk boqay degan chogʻda
Koʻnmagan, unashmagan.
Uning soʻnggi iltimosi,
Amalga oshdi bu gal.
Zoyirjon-u, Husniddinlar,
Tabriklab uni tugal.
Javohirning ikki doʻsti,
Daraklashdi, chopishdi.
Bitta qora mushukchani
Qayoqdandir topishdi.
Oqibatli oshnalari
Sovgʻani-ku doʻndirdi.
Non, sut berib mushukchani
Sharoitga koʻndirdi.
“It vafodor” boʻlsa hamki,
Koʻp narsani uqmaydi.
Mushuk asli uyga koʻngan,
Tizzangizda uxlaydi.
Javohirbek mushukchani,
Erkaladi, qaradi.
Bir kun kelib oilaning
Xizmatiga yaradi.
Dala-hovli gavjumlashdi,
Mushukvoy oʻsdi durkun.
Sichqonlarni, kalamushni,
Dodini berdi har kun.
Modir mushuk hordiq olgach,
Hovli boʻylab kezadi.
“Shitir” etgan tovushlarni
Tez ilgʻaydi, sezadi.
Erta tongda yuzin yuvib,
Faqat ovni oʻylaydi.
Nafsi oʻpqon sichqonlarni,
Tutgach, rosa oʻynaydi.
Ancha-muncha don-dunlarni,
Yemakxoʻrlar kemirdi.
Ammo qora, sariq mushuk,
Yayrab, yashnab semirdi.
Har ikkala qiron ovchi,
Hozir hovli tomonda.
Javohirning bir armoni
Dilga choʻkkan chamamda:
– Bu mushuklar domga borib,
Turmagani yomonda.
Qora mushuk miyovlab der:
– Dala-hovli juda soz
Domlardagi sichqonlar-chi,
Ancha oriq, goʻshti oz.
Shkoflarning orasidan,
Emin-erkin oʻtolmay
Beton devor tirqishidan,
Qiynalamiz tutolmay.
Bu yerdagi tekinxoʻrlar,
Bir-biridan tasqara.
Quyruqlarin koʻrsatishib,
Bizni qilar masxara.
Domdagilar it boqadi,
Gʻashga tegar vovillab.
Biz shu yerga koʻnikkanmiz,
Mazza qishloq, ovullar.
* * *
Bahonachi mushuklarning,
Ayblari-ku yopilar.
Javohirbek orzu qilgan
Mushuklar ham topilar…
Tursunboy ADASHBOYEV
“Sharq yulduzi”, 2014–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/mushuk-hangomasi/