MUNSHAOT

MUNSHAOT (arab. —insho etilganlar, yaʼni yozilganlar, bitilganlar) — Sharq sheʼriyatidagi janrlardan biri, muallifning nazmda yoki nasrda yozilgan maktublar toʻplami. Bunday toʻplamlar bir yoki bir necha muallif kalamiga mansub xatlar yigʻindisidan iborat boʻlgan. Maktublar shunchaki bitilgan xatlar boʻlmay, badiiyatning oʻziga xos turi — insho sanʼati sifatida yuzaga kelgan, chuqur mazmunga va goʻzal badiiy ifodaga ega boʻlgan. Baʼzi maktublar yuksak sanʼat bilan oʻta jimjimador yozilgan. Asosan arab va fors tillarida yaratilgan. Oʻzbek adabiyoti tarixida Munshaotning shakllanishi va rivojlanishi Alisher Navoiy ijodi b-n bogʻliq. Navoiy «Munshaot» asarining muqaddimasida forscha maktublar shakllangan yuksak uslubga ega ekanini, turkiy xalqlarda bu uslubda hali hech ish qilinmaganini va oʻzi Munshaotga birinchi boʻlib koʻl urganini qayd qilgan. Navoiyning ushbu asaridagi mak-tublarning aksariyati sulton Husayn Boyqaro va uning farzandlari boʻlmish shahzodalarga yozilgan. Ularda Navoiy maktub egalariga davlatni idora etish, hukumat ishlarini bajarishga doir oʻzining qimmatli maslahat va takliflarini bayon etadi, adolat va hushyorlikka chorlaydi. Munshaot baʼzan «ruqʼaot», «maktubot» deb ham yuritilgan. Munshaot larning talaygina qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tining qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. Ularning baʼzilari, mas, «Munshaoti Mirzo Sodiq» (inv. № 302—1, 4423 — II), «Munshaoti Yusufiy» (inv № 5046—III) mualliflarning oʻzlari tomonidan, baʼzilari esa kotiblar tomonidan tartibga keltirib koʻchirilgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x