Isteʼdodli yozuvchi Isajon Sultonning dastlabki qissasi “Munojot”ni bundan oʻn besh yillar ilgari talabalik paytimda oʻqigandim. Qissadagi tabiat manzaralarining goʻzal tasviri, ularga yuklangan maʼno-mazmun juda maʼqul kelgandi. Goʻyo tabiat manzarasini chizayotganda, yozuvchi koʻzi oʻrnida narsalarni kattalashtirib koʻrsatadigan oyina paydo boʻlar, koʻnglida esa qadim donishmandlarning ruhi uygʻonardi. Mana bu tasvirga eʼtibor bering-a:
“Yerning shoʻri bor-ku, shuyam yuradi. U ayyor, yomon, nuqul odamlarni poylaydi.
– Balki devor ham yurar? – dedi ona, achchigʻi chiqib.
– Yoʻq, u yurmaydi. Shoʻr yuradi. Kecha Ulfat xolaning uyining orqasidagi shoʻr bor-ku, oʻsha yerda oʻtirsam, yugurib kelib devorga chiqib oldi. Shoʻralar ham uning orqasidan yetib kelishibdi. Hademay Ulfat xolaning uyiga ham kirib olishsa kerak…”
Shu birgina epizoddanoq Ulfat xolaning keksayganda yolgʻiz, bir mehribonsiz qolganligi va tez orada vafot etishini anglash mumkin…
Mazkur qaydni keltirganimning boisi, Isajon Sultonning ijodiy dunyosi goʻzalliklari, nafosatidan bahra olmoqchi boʻlgan oʻquvchi, birinchi boʻlib, “Munojot” qissasini oʻqishi va chuqur his qilishi lozim. Uning boshqa asarlarida dunyoqarashi, tafakkur koʻlami kengayib, butun olam miqyosida tiriklik sir-sinoatini tushunmoqchi boʻlayotgan Gʻaribning turli nom va koʻrinishdagi qiyofasi namoyon boʻladi. Aytmoqchimanki, Isajon Sultonning barcha asarlarining bosh qahramoni “Munojot” qissasidagi Gʻaribdir. Faqat nom va muhit oʻzga.
“Balogʻat yoshiga yetganimizda bolalik xotiralarimizning aksari oʻchib ketadi”, – deydi mashhur olim Freyd. Ulgʻaygan paytimiz bizda jinsiy tuygʻu – nafsning kattasi uygʻonadi va natijada, bolalik degan sirli donishmandlik tuygʻusi tugaydi. Toki, munkillab qolgan cholga aylanib, nafsimiz hech narsa tilamay qoʻyganida, yana bolalik olamiga qaytib atrofdagilarga tomosha boʻlamiz.
“Yoz oxirlab bormoqda edi, tevarak-atrof sezdirmasdan tanazzul fasliga tayyorgarlik koʻrar, yalpizning sargʻaya boshlagan bandi, suvning, endilikda, toʻq zangor tusga kirishi, jiyda barglarining birma-bir toʻkilishi va, nihoyat, haddan tashqari tiniq, zangori osmondan kuzning sokin nafasi ufurib turardi. Bolakay bir zumga chumolidan nigohini uzib, yalpizning ham juda qariligini koʻrdi, shoʻrlikning tanasi yoʻgʻonlashib-semirib, koʻpdan-koʻp bachki shoxchalar chiqarib yuborgan va isi ham avvalgi singari nozik-nafis emas, quyuq hamda achqimtirroq edi. Hatto, salom-alik oʻtining urugʻida oʻsimlikning qariganini, shuning uchun ham urugʻini yerga sochib yuborganini taʼkidlab turardi. Chumoli tinmay chiranaverdi va, pirovardida, tuyqusdan sip-silliq orqasi yorildi, yoriqlaridan oqish-sargʻish suyuqlik otilib chiqa boshladi, havoni chumoli zahrining oʻtkir isi tutib ketdi. Shunda ham urugʻni tortib olmoqqa tirishar edi. Birdan bolaning onggida nimadir yarqillab ochilib ketganday boʻldi, tomirlari boʻylab allanima oqa boshladi. Tevarak-atrof juda keksa, haddan tashqari keksa edi, olam xuddi munkillab, qarib qolgan cholga oʻxshardi. Bahorda yerdan unib chiqqan maysa ham, aslida, millionlab yillar avval tugʻilib boʻlgan edi. Unda… unda nima boqiy? Azal-abad yosh va navqiron nima bor bu garduni dunda? Abad yoshlik xuddi abad qarilik singari mazmunsiz emasmi? Bolaning dilini avvalgisidan ham kuchliroq boʻlgan dahshat egallab oldi va tura solib, hoʻngrab yigʻlagancha onasining yoniga chopib ketdi”.
Ushbu iqtibosda Gʻarib dunyoning haddan ziyod keksa va oʻtkinchiligini tuyqus anglab yetib, oʻkrab yigʻlab yuboradi. Yozuvchining Gʻaribi misolida yosh bola qalbining moʻjizalari haqida soatlab gʻaroyib gaplarni gapirish mumkin. Kun boʻyi bedapoyaning seroʻt qirgʻogʻiga molni boylab qoʻyib, kun botgunicha tollar va tutlarning tepasida, pasti jagʻalaq bilan shir oʻralgan tutlarning tagida oʻynab, maysalarda yumalab, ninachining orqasidan quvlab, kechqurun esa uxlash oldidan koʻrpaga boshingizgacha oʻranvolib kunduzi oʻynagan joylaringizni oʻylaysiz, hozir u yerlarda jin-ajinalar bazm qilyapti, deb qattiq ishonasiz.
Yuqorida “Munojot” qissasidan keltirganim iqtibosda mana bu fikr ham bor edi: “Abad yoshlik xuddi abad qarilik singari mazmunsiz emasmi?”
Bu fikr Isajon Sultonning ijod dunyosidagi ildizi chuqur bir nihol edi, bu nihol kattarib, daraxtga aylandi. Aytmoqchimanki, yozuvchi keyinchalik yozgan asarlari, xususan, “Boqiy darbadar” romanida abadiy yoshlik, abadiy qarilik mavzusiga keng koʻlamda toʻxtalgan.
Isajon Sulton “Boqiy darbadar” romanini yuragida juda uzoq olib yurib, nihoyat oʻtgan yili yozib tugatdi.
Men bu oʻrinda, “Boqiy darbadar”ning janri toʻgʻrisida toʻxtalmoqchi emasman. Chunki hozirga kelib roman janri shu darajada takomillashib ketganki, “Oʻtgan kunlar” yoki “Urush va tinchlik” kabi voqea va personajlarga boy, mantiqli va oʻzaro bogʻlangan voqealar tizimidan iborat asarlarni roman deb oʻylovchi oʻquvchi, masalan, Kafkaning deyarli hech qanday voqea sodir boʻlmaydigan va aytarli aniqroq personaji boʻlmagan “Jarayon” asarini roman deyilishini tushunmasligi mumkin. Ayniqsa, roman janri keyingi yuz yil ichida tezlikda oʻzgarib, takomillashib borayotir. Bu janrda sodir boʻlayotgan evrilishlarni kuzatib bormaydigan oʻquvchi yoki adabiyotshunos “Boqiy darbadar” kabi bir-biriga zohiran bogʻlanmaydigan voqealar jamlangan asarni oʻqiganda, fikr aytishda ikkilanib qolishi hech gap emas.
Ikkinchidan, “Boqiy darbadar”ning bosh qahramoni kim? Bir qarashda asarda qahramon yoʻqdek koʻrinadi. Jam ichdagi har bir voqeaning oʻz qahramoni bor. Bu jamlangan voqealar uchun umumiy qahramon kim?
Romanni diqqat bilan oʻqigan ayrim adabiyotchi doʻstlarimiz uning bosh qahramoni darbadar, yaʼni, muborak kishi tomonidan qargʻalgan etikdoʻz, u turli davrlarda turli xalqlarda, turli koʻrinishda namoyon boʻlmoqda, deyishdi. Balki bu gapda ham jon bordir, albatta. Deylik, masalan, Gobbi sahrosidagi inson takomili markazida har turli genetik kombinatsiyalar yordamida mukammal, boqiy odamni yaratishni maqsad qilib olganlarning bari ming yillar ilgari qargʻalgan etikdoʻzning avlodlari deyish mumkin…
Qiziq-da, devoriga suyangani uchun muborak zotni turtib yuborgan etikdoʻzni ul zot duoibad qildi:
“… Turgin va ravona boʻlgin!
( “… Endi sen to qiyomatga qadar betinim daydishga mahkum etilding”, – deyildi unga.
“Hamda endi sening qiladigan ishing – hech narsa, hech narsa, faqat hech narsa”, – deyildi unga)”.
Oradan ming yillar oʻtib esa, etikdoʻzning qiyomatgacha oʻlmay daydib yurish qismati insoniyatning idealiga aylanyapti, ular bu dunyodagi umrboqiylik, aslida, yaratganning dahshatli jazosi ekanligini, bu dunyodan oʻz vaqtida ketish tengsiz baxtligini butunlay unutib, million-million pullarni sarflab, umrboqiylik genini topib, qiyomatgacha oʻlmaydigan odam yaratishga boshi bilan shoʻngʻib ketyapti. Darbadarlik degani yaratgan koʻrsatib qoʻygan yoʻldan ozish, uning azaliy qonunlarini buzishga urinish, qisqasi, yaratganga ehtiyojim yoʻq deyishlik deb tushunsak, roman mazmunini toʻgʻri anglab yetamiz. Asarda loʻlilar qavmi haqida ham gap boradi. Aytilishicha, loʻlilar bir mahallar katta maqsadni koʻzlab yoʻlga chiqishgan. Safar davomida paydo boʻlgan oziq-ovqat muammosini hal qilish uchun osongina tilanchilik yoʻliga oʻtishgan. Keyinchalik tilanchilikni bosh maqsad qilib, katta maqsadlarini unutib yuborishgan. Loʻlilar – ajdodlari vasiyat qilib ketgan ulugʻ maqsadni unutib, darbadarlik yoʻliga kirib ketganlar ramzi. Asar oxirrogʻida darbadarlik yoʻliga kirgan insonlarni qum ostiga koʻmib tashlagan ulkan boʻron, Gobbi choʻlidagi inson takomili markaziga qoʻshib loʻlilar qavmini ham halok qilyapti. “Boqiy darbadar”ni oʻqiyotib bir qator afsona-rivoyatlar yodga tushadi. Bobil minorasi haqidagi rivoyatni eslaylik. Oʻshanda butun dunyo kishilari bir tilda gaplashishardi. Ular oʻzaro kelishib, xudoning dargohiga yetish uchun baland minora qurishadi. Bundan xudoning qahri kelib, minorani buzib tashlaydi va xalqlarning tillarini boʻlaklab, hammasiga alohida-alohida til beradi. Bu narsa orqali xudo oʻzi bilan tenglashmoqchi boʻlgan insonlarning shashtini qaytarib qoʻyapti. Yoki erkak va ayol toʻgʻrisidagi qadimgi Gretsiya rivoyatini eslaylik. Aytishlaricha, dastlab erkak va ayolning jismi bitta boʻlgan. Yumaloqroq shaklda boʻlgan bu jismda ikkita bosh, toʻrtta qoʻl, shuncha oyoq boʻlgan. Erkak va ayolning jismi bitta boʻlib ketishi ularning xudoga ehtiyojini yoʻqotib tashlaydi. Yaʼni, ular Zevsni unutib, unga ibodat qilmay qoʻyadi. Bundan gʻazablangan Zevs ularni oʻrtasidan kesib, boʻlib tashlaydi, shundan ayol va erkakning hozirgi koʻrinishi paydo boʻladi. Har ikkala rivoyatda ham muhim bir jihat bor, yaʼni, muayyan sharoitda kishilar xudoga tenglashmoqchi boʻlishyapti va oʻzlarida kuch-qudrat sezib yaratganga ehtiyoj sezmay qolyapti. Aslida, “Boqiy darbadar”da tilga olingan boqiy inson yaratish gʻoyasi, bu yoʻldagi harakatlar ham xudoga tenglashmoqchi boʻlishga urinish, uning azaliy qonunlarini oʻzgartiraman deb osiylik qilishdir…
Kuchli dramatizm bilan yoʻgʻrilgan asar voqealari, nazarimda professor Ziyoning, yaʼni, gen texnologiyasi yordamida mukammal, juda uzoq yashaydigan va tafakkur qilish qobiliyatiga ega boʻlgan jonzot yaratishga yoʻl ochgan olimning qalbida kechayotir. Oʻgʻli yozgan maktub timsolida professorning qalbida imon kuchi uygʻonib, yaratganning qudrati va moʻjizasi cheksiz ekanligini, inson darbadarlikka yoʻliqmaslik uchun oʻz egasini tanib olishi kerakligini eslatib sadolana boshlaydi. Shahri Xaybarni koʻz bilan koʻrib, u yerdagi boqiylikka erishgan odamlarning yashashdan toʻyib, hayotdan bezib ulgurganliklarini esdaliklar qilib yozgan sayyoh ham professor Ziyodir. Asarning mohiyatiga teranroq nazar solingani sayin, bundagi hamma voqealar, adashishlar, darbadarliklar, insoniy mehr-muhabbatni ulugʻlashlar bitta odamning yuragida sodir boʻlgan ruhiy portlash ekanligi tushuniladi. Yuzaki qaralganda esa, professor Ziyo asardagi oddiy bir personaj, xolos. Professor Ziyoni asar qahramoni deyishim yozuvchining oʻziga ham andak erish tuyulishi mumkindir. Lekin bir gapni ham aytay, qogʻozga tushib, oʻquvchi qoʻliga yetib borgan asar bundan buyogʻiga yozuvchidan tashqaridagi mavjudlik, endi, u oʻz egasiga bogʻliq boʻlmagan oʻz umrini oʻtkazadi. Yana bir gap. Nima uchun yozuvchi yaratganning har bir jonzot tabiatiga joylagan mukammal nizomini buzib, goʻyo eng mukammal jonzot yaratish formulasini topgan olimning ismini Ziyo deb atayapti… Bu toʻgʻrida ham oʻylab koʻrsa boʻladi. Asarda yaratganning azaliy qonunlarini buzish darbadarlikka yoʻl ochishini, bu kabi buzilishlar oxir-oqibat insoniyatga fojia keltirishini va inson hech qachon mukammal jonzot yarata olmasligini anglash, yaʼni, imonning kuchlanib, isyon koʻtarishi ham Ziyoning yuragida sodir boʻlyapti. Professor dunyoga keltirgan umrboqiy va kuchli tafakkur egasi boʻlgan jonzot nima maqsadda yaratilganligini anglay olmay, miyasi garang boʻlib, duch kelgan tomonga qochib ketyapti…
Inson chalayotgan hayot degan kuyda darbadarlik ohanglari ustun ekanligini yozuvchi chuqur his etadi. Isajon Sulton asaridagi muhim bir xulosa shuki, insonning biologik va ijtimoiy tabiatiga zid qonunlarning hayotga tadbiq etilishi muqarrar ravishda halokatga olib keladi.
Isajon Sulton tarixiy rivoyatlar va hozircha keng jamoatchilik onggiga yetib bormagan eng zamonaviy ilmiy kashfiyotlar koʻmagida insonning yer yuzidagi hayotini badiiy idrok etyapti. Va, insoniyat qismatida darbadarlik borligiga ishora qilayapti. Darbadar – yoʻldan adashgan, borar manzilini yoʻqotgan kimsa. Mumtoz adabiyotimizda insoniyat taqdiriga nisbatan gʻarib degan taʼrif beriladi. “Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish”, deydi Navoiy. Gʻarib – yer yuziga qayerdan va nima sababdan kelib qolganini, oʻzining yaratuvchisi borligini sezadi. Gʻariblik – azobi kamroq qismat. Gʻarib boqiy dunyo bu dunyoda emas, alloh huzurida, u dunyoda ekanligini biladi. Darbadar esa, asl vatani va yaratuvchisini butunlay unutgan va shuning uchun oʻz tabiati va xudoning oʻzgarmas qonunlarini oʻzgartirmoqchi boʻladi. Gʻarib oʻlimni, qiyomatni sabr bilan kutadi. Darbadar esa, kelgan va borar yoʻlini yoʻqotgani uchun oʻzi sezmagan holda, qiyomatni tezlatib yuboradi, oʻlimni inkor etish dahshatli oʻlim ekanligini bilmaydi. Axir, hozirgi kunda zamonaviy ilm degan nom bilan atalayotgan shayton oʻsimliklar, hayvonlar va insonlarning geni – javharini oʻzgartirishga boshladi, zarralarning alohida sifatlaridagi qobiliyat (nanatexnologiya) yordamida butun insoniyatning miyasi, tafakkuriga egalik qilishga urinyapti…
Albatta, Isajon Sulton bir ziyoli ijodkor sifatida nanotexnologiya va gen texnologiyasida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar va ularning salbiy oqibati haqida aytilayotgan gaplardan yaxshi xabardor. Gʻoyani gʻoya bilan yengish lozim deymiz. “Boqiy darbadar”da maʼnaviy-ruhiy qadriyatlarni inkor etguvchilarga nisbatan yaratganning qudratini anglash, unga shukronalik, ota-onaga ehtirom, vatan va millatga muhabbat inson uchun eng oliy qadriyatlar ekanligi muqobil kelyapti.
Maktub ona nomini tilga olish bilan boshlanyapti:
“… Bugun onamning xokisor va aziz qadamlarining izi qolgan hovlimizda ekanman, parvardigori olamga imon keltirgan barcha kishilarning, avvalo, sizning va onaizorimning haqqiga koʻzlarimda yosh bilan duo qilgach, ushbu maktubni bitmoqdaman”.
Oʻgʻil maktubida bejiz millat va vatan qard-qimmatini bu darajada yuksakka koʻtarayotgani yoʻq. Yangi inson yaratishga urinayotganlarning aytishicha, ularning ilmiy izlanishlari nihoyasiga yetib, oʻzlari xohlagandek umrboqiy va goʻyo oliy tafakkurga ega boʻlgan inson yaralgach, ota-ona, vatan, millat kabi boqiy maʼnaviy qadriyatlar oʻz-oʻzidan nursizlanib, yer yuzidan supurilib yoʻq boʻlib ketadi. Qayerda toʻkinchilik, bemalolchilik boʻlsa, dunyoning qay burchagida iqtisodiy yuksaklik boʻlsa, moddiy boylik va rohat-farogʻatni ilohga aylantirgan yangi tur odamlar oʻsha tomonga suvday oqa boshlaydi. Insonni inson qilib turgan tushunchalar – yaratganga itoat etish, uning cheksiz qudratini anglash, vatan va millatga muhabbat, ota-onaga ehtirom tuygʻulari barbod boʻlgach inson rostdan darbadarga aylanadi. Yozuvchi aytmoqchi, xudo yaratgan azaliy va oʻzgarmas nizom-qoidalarni buzish insoniyatni darbadarlik choʻlida to qiyomatgacha daydib yurishga giriftor etadi.
Insonning qalbidagi barcha oliy qadriyatlar esa vatan degan yuksak tushuncha atrofida birlashib turadi. Aytish lozim boʻlsa, vatan deganlari inson ruhiy olamining ustunidir. Vatandan ayrilish, iymondan ayrilish ekanligini boshqa millatlardan koʻra bizlar, uzoq yillar qizil imperiyadan zulm koʻrganlar chuqurroq his qilamiz. Shu bois, Isajon Sultonning oʻz asarida vatan va millat degan tushunchalarni oliy qadriyat sifatida madh etishi shunchaki balandparvoz gap emas.
Mana, nima uchun professorning oʻgʻli yuksak va samimiy ehtiros bilan vatan va iymon faqat birgalikda mavjud boʻlishini madh etyapti:
“Menga yurt shu imonimni himoya qilishim, uni yot taʼsirlardan saqlay olishim, shoyadki, tangrim farzand ato etsa, uni aynan shu ruhda, aynan shu haqiqatlar bilan tarbiyalashim uchun kerak. Shu joyda imon bilan vatan degan narsalarning birlashganini koʻraman. Zotan, ruh tanasiz bu dunyoda mavjud boʻla olmaganiday, imon ham vatansiz mavjud boʻla olmasligini koʻraman”.
Bugungi kunda dunyoning boshi buzuq darbadarlar toʻplangan allaqaysi burchaklarida yaratuvchisi kim ekanligini butunlay unutgan, ota-ona, vatan, millat kabi oliy qadriyatlarni oyoq osti qilib, moddiy toʻkinchilikni oʻzlarining sajdagohiga aylantirganlar iblisona gʻoyalarini olamga yoyishga urinyapti. Shunday bir sharoitda yoshlarimizga vatan, millat, ota-ona inson uchun tengsiz boylik ekanligini eslatib qoʻyish har bir ziyolining vatan va millat oldidagi buyuk vazifasidir. Shu maʼnoda, Isajon Sultonning tilga olayotganimiz asarini har xil rivoyatlar va kundalik turmushimga aloqasi boʻlmagan ilmiy laboratoriyalar toʻgʻrisida yozilgan oddiy bir asar deyish notoʻgʻridir.
Aytdikki, professor Ziyo asarning bosh qahramoni deb. Mana, oʻgʻilning maktubi ham professorga yuborilgan va shu bahonada, biz ham uning mazmunidan voqif boʻldik. Professorning koʻnglida yana bir iymon hayqirigʻi borki, bu saraton kasaliga chalinib oʻlim toʻshagida yotgan buyuk yozuvchi Garsiya Markesning vido maktubidir. Barchamiz bilamizki, dor ostida, yaʼni, oʻlimga roʻbaroʻ turgan paytda qalbining tubida asrab yurilgan gaplar aytiladi. Xoʻsh, hayot hikmatini anglab yetgan mutafakkir bu yorugʻ dunyoni tark etish arafasida qanday insoniy qadriyatlarni muhim deb hisoblab, insoniyatga xitob qilyapti:
“… Ey qodir egam! Agar yana bir parchagina hayot boʻlagi tanimda qolsaydi, bir kunimni ham tevaragimdagi oʻzim suygan insonlarga ularni sevishimni aytmasdan oʻtkazmasdim. Men uchun qimmatli boʻlgan har bir kishini muhabbatimga ishontirgan, muhabbatni sevib yashagan boʻlardim.
…Eshikdan qanday chiqayotganingni oxirgi bor koʻrayotganimni bilsam, bagʻrimga qattiq bosib oʻpgan va yanada koʻproq mehrimni berish uchun yana qaytadan oʻzimga chorlagan boʻlardim. Ovozingni soʻnggi bor eshitayotganimni bilsam, men hamma gapirgan gaplaringni qayta-qayta, benihoya eshitish uchun yozib olgan boʻlardim. Agar seni koʻrib turganimning soʻnggi daqiqalari ekanini bilsam, shunday degan boʻlardim: “Men seni yaxshi koʻraman, ammo buni shusiz ham bilishing men ahmoqning xayolimga ham kelmabdi”.
Hayot haqiqatini, inson umri mazmunini anglab yetgan mutafakkir oʻlimi oldidan hammamizga tanish tuygʻular toʻgʻrisida gapiryapti, mehr-muhabbat inson hayoti uchun tengsiz qimmatga ega ekanligini aytib bong uryapti.
Men shunday derdim: Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asari xatodan boshlagan inson hayotining ibtido va intihosining moʻjazgina badiiy tarixiga oʻxshaydi.
Asarni oʻqib tugatgan ayrim oʻquvchilar qalbida romanning bosh qahramoni kim degan savol paydo boʻlishi, shubhasiz. Biz yuqorida romanning bosh qahramoni professor Ziyo ekanligini, asardagi goʻyo oʻzaro bogʻlanmagandek koʻringan hodisalar Ziyoning qalbidagi kechinmalar ekanligini gapirdik.
Shu oʻrinda, ijodkorning, umuman, har qanday insonning tafakkurida obrazlar qanday paydo boʻlishi jarayoni toʻgʻrisida toʻxtalsak.
Tafakkurimizda uygʻonayotgan obrazlar ahvol-ruhiyamiz, kayfiyatimiz, dilimizdagi pinhon fikrning oʻziga xos yorqin ifodasidir. Majnun Layli ishqida kuyib, sahroga chiqib ketdi, deyiladi. Aslida, Majnun ishq azobiga chiday olmay sahroga, vahshiy hayvonlar orasiga ketmagan boʻlishi mumkin. Lekin uning koʻnglidagi kayfiyatni, yuragiga oʻrnashib qolgan dard – azobni koʻrsatish, anglatish uchun Majnun sahroga bosh olib ketdi deyiladi. Yaʼni, Majnun yashayotgan muhit uning koʻngil kayfiyatiga mos. Nega u vahshiy hayvonlar orasidan makon topdi. Vahshiy hayvonlar bilan Majnun orasidagi bogʻliqlik bormi? Albatta, bor. Majnun odamlar yashayotgan ijtimoiy hayotdagi hamma qadriyatlarni inkor etyapti: na hunar oʻrganadi, na bilimini oshiradi, na xalqqa foydasi tegadigan katta ishlar qiladi. Farhod esa togʻlarga chiqib, tosh yoʻnib, elga suv olib kelyapti. Demak, Majnun deyilganda, sahro va hayvonlar, Farhod deyilganda, togʻ va el uchun foydali mehnat tushuniladi.
Ijodkor ketma-ket bir-birini toʻldirib keladigan assotsativ obrazlar yordamida koʻnglida yetilib turgan gʻoyasini asar holiga keltiradi. Deylik, kichikroq gʻoyani soddaroq obraz-ramz vositasida oʻquvchiga anglatish mumkindir. Lekin anchayin koʻlamli va katta gʻoyalarni qogʻozga tushirish uchun oʻquvchi juda koʻp va xilma-xil obraz-ramzlarga murojaat qiladi. “Boqiy dardabadar”da professor Ziyo mukammal genoma formulasini yaratib boʻlganidan keyin, uning yuragida evrilishlar boshlanib ketdi. Genoma yaratishga katta koʻmak berganligi uchun yuragida oʻzi kutmagan hodisalar paydo boʻldi. Yaʼni, professor onggida koʻnglidagi holatning tarjimasi oʻlaroq, voqea-hodisalar uygʻona boshlaydi. Yaʼni, u bir boshdan ichidagi gʻalayonga mos hodisalarni eslayapti. Va, bu hodisalarning bari ketma-ket professorning miyasiga toshdek urilib, ilmiy kashfiyoti xudoning azaliy nizomlarini buzish ekanligini taʼkidlayapti. Balki, paygʻambarlardan biri tomonidan qargʻalib, darbadarlikka duchor etilgan etikdoʻz, Shahri Haybar gʻoridagi avliyo, gʻaroyib toshbaqa, sahrodagi karvon, mutafakkir maktubi, oʻgʻlidan kelgan xat – bularning bari professorning ong-shuuri, qalbidagi favqulodda jarayonlardir. Eslanayotgan har bir hodisa zamirida esa yozuvchi oʻquvchiga yetkazmoqchi boʻlgan katta haqiqatning alohida bir boʻlagi pinhon. Isajon Sulton oʻquvchiga oson boʻlsin uchun asar syujetidagi hodisalarni atay bir-biriga mantiqiy bogʻlashi mumkin edi, lekin bu holda roman ozgina oʻz qimmatini va sirliligini yoʻqotgan boʻlardi. Har bir asarning oʻz oʻquvchisi boʻlishini ham unutmaylik. Sizga maʼqul kelgan asarni boshqa birov maʼqul koʻrmasligi mumkin. Yana bir gap. Shunday asarlar borki, ular osonlikcha koʻnglini ochmaydi, juda injiqlik bilan tanlaydi oʻz oʻquvchisini. Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani shunday siradagi asarlardan hisoblanadi.
Rahimjon RAHMAT
“Sharq yulduzi”, 2011–2
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/munojot-aylayotgan-ziyo/