MUNCHOQTEPA YODGORLIKLARI — qad. arxeologik yodgorliklar majmuasi. Namangan viloyati, Pop sh. dan 2 km jan. da, Sirdaryo boʻyida joylashgan. Munchoqtepa, Balandtepa, Temirqasmoqtepalardan iborat. Arxeologik qazishmalarga koʻra, Balandtepa (1—8-a), Temirqasmoqtepa shahar xarobalari, Munchoqtepa esa shahar qabristoni (1—8-a.) hisoblanadi. Munchoqtepa yodgorliklari guruhida 1988-y. jahonshumul ahamiyatga molik arxeologik kashfiyot qilindi. Munchoqtepa I yodgorligida yakka tartibdagi qabrlar, Munchoqtepa II da esa, 5—8a. larga oid yer osti xilxonalari kavlab ochildi. Ularni bunyod etishda loy, gʻisht, yogoch kabi qurilish materiallaridan foydalanilmagan. Xilxona tuzilishi 4 qismdan iborat:
1) kirish qismi oldidagi maxsus tekislangan maydon;
2) kirish qismidagi in-shoot (peshayvon);
3) yer osti yoʻlagi va uning oxirida pastga (jasadxonaga) tushiladigan zinapoya;
4) jasadxona. Keyingi 2 qism: yoʻlak (zinapoya b-n) va jasadxona yer ostida gilloy qatlamlarda oʻyib yasalgan. Jasadxona xuddi uyga oʻxshab shiftlari arksimon qilinib, devorlari va poliga juda ustalik bilan jilo berilgan. Xilxonalar seysmik jihatdan juda mustahkam qilib qurilgan, ularga kuchli yer silkinishlari ham taʼsir eta olmagan.
Xilxona ichiga qamish tobutlarda marhumlar jasadi qoʻyilgan. Tobutlar — saralangan qamish poyalari yumaloqlanib yogʻoch ponalar yordamida bir-biriga biriktirilib, ularga oʻziga xos quti (tobut) shakli berilgan. Hamma tayyorlangan tobutlar qamishdan qilingan qopqoq b-n berkitilib, ustidan yana qamishdan belbogʻ (qilib) bogʻlab qoʻyilgan. Qamish tobutlar xilxona poli ustiga qatormaqator qilib, bir qator toʻlgach ustiga keyingisi qoʻyilib joylashtirilgan. Xilxonalarning 8 tasi ochilgan.
Marhumlar tobutlariga ustboshlari, qurol-yarogʻlari, zebziynatlari, idishtovoqlari va asbob-uskunalari b-n dafn etilgan. Bulardan tashqari, koʻpchilik marhumlar yoniga har xil taom va mevalar ham qoʻyilgan. Qoʻy va parranda goʻshti, mevalardan: shaftoli, oʻrik, gilos, yongʻoq, xandon lista va yer yongʻoq (xotin yongʻoq) danaklari topilgan. Topilmalar orasida paxta koʻsaklari diqqatni tortadi, ular hoz. ipak paxta koʻsagiga juda oʻxshaydi.
Yer osti xilxonalaridan chiqqan topilmalar orasida kulolchilik, temirchilik, toʻqimachilik, zargarlik, koʻnchilik mahsulotlari koʻplab uchraydi. Marhumlar yonida aniqlangan zebziynat va taqinchoklar soni salkam 10000 ga, mehnat va jangovar qurol-yarogʻlar esa 3000 ga boradi. Kiygan libosi va yonidagi buyumlarga qarab marhumlarning hayotligidagi kasb-hunarlarini aniqlash mumkin. Mac, musiqachi tobuti ichidan musiqa asboblari, etikdoʻznikidan yogʻoch qolip va maxsus pichoq, ovchinikidan oʻq-yoy topilgan. Xilxonalardan topilgan eng qiziqarli buyumlar ichida kiyim qoldiqlari ahamiyatga ega. Xususan, ipakli, ipli, junli matolar nafaqat Oʻzbekiston, balki Oʻrta Osiyo xalqlari kiyimlari tarixining shu vaqtgacha maʼlum boʻlmagan sahifalarini toʻldirishga yordam beradi. Bundan tashqari, oyoq kiyim namunalari, peshonaband, roʻmol qoldikdari ham qayd etildi. Bular barchasi, yaʼni matodan tayyorlangan kiyimlar, charm va oyoq kiyim qrldiqlari ajdodlarimizni kundalik kiyim-bosh tayyorlashga alohida eʼtibor berganligini koʻrsatadi. Topilmalar orasida yana maxsus yogʻoch gʻilofga solingan musiqa asboblarini keltirish mumkin. Ulardan biri soʻzsiz hoz. qoʻshnayning oʻzginasidir. Bundan kelib chiqadiki, qoʻshnay kamida 1500-y. lik tarixga ega.
Demak, Munchoqtepa yodgorliklaridan topilgan buyumlar koʻhna fargʻonaliklarning xoʻjalik yuritish, turmush tarzi va eng asosiysi islomga qadar mavjud boʻlgan dafn marosimlari xususida muhim maʼlumotlar beradi.
Boqijon Matboboyev.