Xorijda oʻzbek mumtoz adabiyotini oʻrganish boshlanganiga ancha boʻldi. Xususan, Alisher Navoiy va uning ijodi Gʻarb olimlari diqqat markaziga tushganidan beri bir necha asr oʻtdi. Afsuski, XX asrda shoʻro tuzumi siyosati oqibatida maʼnaviy va ilmiy aloqalar uzilib qolgani bois xorijdagi oʻzbek adabiyoti tadqiqotchilarining izlanishlaridan, koʻp jihatdan, bexabar va bebahra qoldik. Endilikda Gʻarb olimlari va ular yaratgan ilmiy asarlar bilan tanishish imkoni kengayib bormoqda. Quyida, asosan, Alisher Navoiy ijodi boʻyicha shugʻullangan ayrim zamondosh gʻarblik tadqiqotchilar va ularning ishlari bilan tanishtirmoqchimiz.
Mumtoz adabiyotimiz tadqiqotchilarining keyingi yuz yildagi taniqli vakillari sifatida kanadalik Mariya Sabtelni va Elizar Birnbaum, germaniyalik Ingeborg Baldauf va Zigrid Klaynmihel, Vengriyadan Benedek Peri va Ferench Chirkes, fransiyalik Mark Toutant, turkiyalik Fuod Koʻprulzoda, Zaki Validi Toʻgʻon, Kamol Eraslan, Osman Sertkaya, Tanju Seyhan, ozarboyjonlik Hamid Orasli, Jannat Nagʻiyeva singari olimlarni koʻrsatish mumkin.
Ulardan ayrimlarining ilmiy faoliyati toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot beramiz.
Zigrid KlaynmiHel. Germaniya sharqshunosligida Oʻrta Osiyoni oʻrganish XIX asr avvallaridan boshlangan. Bundan roppa-rosa 200 yil muqaddam – 1818 yili nemis olimi Xammer Purgshtall “Navoiyga oid bitiklar” asarini yaratib, unda Alisher Navoiyning nasl-nasabi, ijodi, davlat arbobi sifatidagi faoliyati va bunyodkorlik ishlariga toʻxtaladi. Islomshunos olim Martin Hartmann (1851–1918) XX asr boshida Turkistonga kelib ketgan. Bu yerda toshbosma kitoblar nashri va tarqalishi haqida oʻz kuzatishlari asosida yozgan tadqiqotini 1904 yili Berlinda chop ettirgan.
Umuman, germaniyalik olimlar turkiy tillar tarixi va grammatikasini oʻrganishga koʻproq eʼtibor qaratishgan. Adabiyotshunoslik sohasida esa, professor Ingeborg Baldaufni eslashning oʻzi kifoya. Berlindagi Humboldt universiteti qoshidagi Oʻrta Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari sifatida salkam oʻttiz yildan beri ishlab kelayotgan I. Baldauf nomi oʻzbek jadid adabiyotini oʻrganish bilan chambarchas bogʻliq.
Doktor Zigrid Klaynmihel yarim asrdan beri oʻzbek adabiyoti bilan shugʻullanib kelmoqda. Oʻzbek tilida juda ravon soʻzlasha olishidan tashqari, eski oʻzbek tilidagi qoʻlyozmalar ustida ham ishlaydi. U Oʻzbekistondagi kitobxonlik masalalariga qiziqadi. Keyingi bir yarim asr davomida Fargʻona vodiysi va Xorazmdagi oʻzbek ayollari marosimlarida oʻqilgan qoʻlyozma asarlar tahliliga bagʻishlangan kitobi nashr qilingan.
Hozirgi paytda u oʻzbek adabiyotini tadqiq etayotgan faol olimlardan biri. Bu yoʻnalishdagi ilmiy faoliyatini 1901–1934 yillardagi oʻzbek adabiyotini oʻrganishdan boshlagan va shu davr soʻz sanʼatimizga oid kitobini nemis tilida chop ettirgan. 1990–2000 yillarda Z. Klaynmihel Alisher Navoiy ijodi boʻyicha maqolalar yozdi. Jumladan, “Alisher Navoiy va Ahmad Posho” nomli bir yuz oʻttiz besh sahifadan iborat tadqiqotini eʼlon qilgan. Bundan tashqari, Uning “Alisher Navoiy va usmonli shoirlari” nomli maqolasi ham chop etilgan. Bu maqolalarda Alisher Navoiy ijodining usmonli turk adabiyotiga taʼsiri, Navoiy asarlarining soʻnggi besh yuz yil mobaynida usmonli turk tiliga qilingan tarjimalari haqida soʻz yuritiladi. Olima oʻzbek adabiyotiga doir tadqiqotlarini davom ettiryapti.
Tanju Seyhan. Oʻz tadqiqotlarini Alisher Navoiy ijodini oʻrganishga bagʻishlagan olima, professor Tanju Seyhan turkiy tillar, xususan, eski oʻzbek tili tarixi boʻyicha tadqiqotlar olib boradi. 1991 yili “Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarining chigʻatoycha tarjimasi” mavzusida doktorlik ishini yoqlagan. Shu ishi doirasida mazkur asarning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorladi. Boburning “Mubayyin” asari yigʻma matnini tayyorlab, soʻzboshi bilan 2004 yili Turkiyada nashr ettirdi. 2013 yili esa unga “Poshshoxojaning “Miftoh ul-adl” asari” nomli tadqiqoti uchun professorlik unvoni berilgan. “Oʻrta Osiyo turkiy tili manbalari”, “Turkiyadagi Bobur haqidagi tadqiqotlar”, “Alisher Navoiy va uning “Hayrat ul-abror” asari” singari mavzularda maʼruzalar oʻqiydi.
Olima 2015 yili Istanbulda Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asari matni boʻyicha ikki jildli kitob chiqargan. Birinchi jildda ushbu dostonning qiyosiy matni berilgan. Ikkinchi jildda esa dostonda qoʻllanilgan barcha soʻzlarga izohli lugʻat taqdim etilgan. Har bir jild 800 sahifadan iborat. Bundan tashqari, Tanju Seyhan 2005 yilda Navoiyning “Siroj ul-muslimin” asari matnini, 2010 yilda esa Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”idan ayrim qismlarni Istanbulda nashr ettirgan.
Tanju Seyhan Poshshoxojaning “Miftoh ul-adl”, “Gulzor” va “Maqsad ul-atvor” asarlarining eski oʻzbek va oʻgʻuz turkchasidagi qoʻlyozma nusxalarini, eski oʻzbek tilidagi “Meʼrojnoma”lar hamda Navoiyning “Oqqoʻyunli muxlislar devoni”dagi sheʼrlari tilini qiyosiy tadqiq etmoqda. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, olima turkiy, xususan, eski oʻzbek tili boʻyicha tadqiqotlarini qoʻlyozmalardagi matnlar asosida olib boradi. Ayni paytda, ana shu matnlarni nashrga tayyorlab, chop ettiradi.
Benedek Peri. Venger turkiyshunosligi uzoq tarixga ega. Oʻz vaqtida Yanosh Ekman (1905–1971) eski oʻzbek tili hamda oʻzbek mumtoz adabiyoti, jumladan, Gadoiy va Navoiy ijodi haqida maqolalar eʼlon qilgan edi. AQSHda yashagan mojor turkiyshunoslik maktabi vakili boʻlgan Andras Bodrogligeti (1925–2017) esa Ahmad Yassaviyga oid tadqiqotlar yaratdi. Yangi davr mojor tadqiqotchilaridan doktor Ferench Chirkes “Gul va Navroʻz” dostoni ustida izlanish olib borgan. U Sodiq Kitobdorning eski oʻzbek tilidagi “Majma ul-xavos” tazkirasini tadqiq qilmoqda. Shu bilan birga, Benedek Peri bilan hamkorlikda Navoiyning forscha sheʼrlari majmuasi – “Devoni Foniy”ning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlamoqda.
Professor Benedek Peri Budapesht shahrida yashaydi. Sharqshunoslik instituti direktori, ayni paytda Etosh Lorand universiteti turkiyshunoslik kafedrasi mudiri, shu universitetda ingliz, fors va turkiy tillarni oʻrgangan. Universitetni 1992 yili tamomlab, turkiy adabiy matnlar boʻyicha mutaxassis boʻlib yetishgan. Mazkur turkiyshunoslik kafedrasi Oʻrta Osiyo turkiy matnlarini oʻrganish boʻyicha boy anʼanaga ega. Kafedraga 1870 yili Arminius (Armin) Vamberi (1832–1913) asos solgan. Eski oʻzbek tilini oʻrganish anʼanasini keyinchalik taniqli venger olimi Yanosh Ekman davom ettirdi. U 1966 yili ingliz tilida “Chigʻatoy tili grammatikasi” kitobini yozdi. Andras Bodrogligeti esa Yanosh Ekman ishini davom ettirib, 2001 yili ikki jildli “Chigʻatoy tili grammatikasi”ni ingliz tilida chop qildi.
Venger turkiyshunosligi maktabiga mansub Benedek Peri talabalik davridan boshlab oʻzbek adabiyotini oʻrganishga qiziqqan. Shayboniy, Sakkokiy, Turdi, Uvaysiy, Izzat Sulton, Uygʻun, Zulfiya, Nazir Safarov, Said Ahmad kabi adabiyotimiz namoyandalari ijodi boʻyicha tadqiqotlar olib borgan.
Olim ilmiy qiziqishlarining katta qismini oʻzbek mumtoz adabiyoti masalasiga oid izlanishlar egallaydi. U ushbu yoʻnalishda ishlab, bir qancha vaqt Hindistonda ilmiy safarda boʻlgan. Turkiy tilli adabiy manbalar, jumladan, Bobur va boburiylar eski oʻzbek tilida yaratgan asarlar va ularning qoʻlyozmalarini oʻrganish bilan shugʻullangan. Izlanishlari samarasi oʻlaroq eski oʻzbek tilini boburiylar saroyida, sulola oilalarida oʻzaro muloqot tili sifatida asrlar davomida saqlanib qolganini aniqlagan. Ayni paytda turkiy tilda sheʼr yozish anʼanasi boburiylar muhiti shoirlari ichida XIX asrda ham davom etganini oydinlashtirgan.
Soʻnggi yillari Benedek Peri koʻproq Alisher Navoiy ijodi bilan mashgʻul boʻldi va maqolalar eʼlon qildi. Masalan, Oʻzbekistonda uning usmonli turklar sultoni Salim Ining (1512–1520) fors tilidagi gʻazallari haqida inglizcha maqolasi chiqdi. Olimning kuzatishlari qiziqarli: Navoiydan keyin yashagan sulton Salim fors tilida devon tuzgan va gʻazallarida fors adabiyoti klassiklariga ergashgan. Ayni paytda, Navoiyning “Devoni Foniy”dagi yigirmata gʻazali taʼsirida sheʼrlar yaratgan. Benedek Perining asosiy xulosasi muhim: sulton Salim va Navoiy forsiy devonlari sheʼrlaridagi oʻxshashlik shuni koʻrsatadiki, XVI asr boshidan Navoiy forsiy lirikasi fors mumtoz adabiyotining bir qismi deb tan olingan.
2017 yili olim Toshkentga Alisher Navoiy tavalludining 576 yilligiga bagʻishlangan anjumanga kelganida Navoiy haykali poyida maʼruza qilgan edi.
Bugungi kunda Benedek Peri “Boburnoma”ning mojor tiliga tarjimasi ustida ishlamoqda.
Mark Toutant. Fransiyada oʻzbek mumtoz adabiyoti, ayniqsa, Navoiy ijodiga qiziqish ancha barvaqt boshlangan. Fransuz olimi Artoleme d’Yerbelo 1697 yili “Sharq kutubxonasi” qomusida Navoiy tarjimai holi va asarlari nomini qayd etgan edi. Fransiyalik olimlardan Silvestr de Sasi (1758–1838), Katrmer, Pave de Kurteylning Navoiy asarlari tadqiqi va tarjimasi boʻyicha qilgan ishlari bizga yaxshi maʼlum. Ana shu anʼanalarni XXI asrda Mark Totuant davom ettirishga bel bogʻladi. U olti yil Toshkentda oʻqituvchi boʻlib ishlab, oʻzbek tili hamda eski oʻzbek tilini qoʻlyozmada oʻqish malakasini egallagan. 2013 yili Parijda Alisher Navoiy ijodi boʻyicha fransuz tilida “Soʻnggi temuriylar madaniyati: Alisher Navoiy (1441–1501) “Xamsa”si misolida naziragoʻylik amaliyoti tadqiqi” nomli ilmiy ishini yoqlagan. 2016 yili Mark Toutant dissertatsiyadagi qarashlarini toʻldirib, “Soʻz imperiyasi: soʻnggi temuriylar davri qudrati, madaniyati va tasavvuf – Alisher Navoiy “Xamsa”si inʼikosida” nomli 700 sahifali kitobini chop ettirgan. Mazkur kitob hozircha Gʻarbda yaratilgan va Alisher Navoiy ijodi yaxlit oʻrganilgan yagona monografiya.
Mark Toutant fikricha, Gʻarbda Navoiydan koʻra Boburni koʻproq bilishadi. Chunki “Boburnoma” jahon tamadduni tarixida hukmdor shaxs kuzatishlari asosida yaratilgan kamyob tarixiy va memuar asarlar sirasiga kiradi. Bobur XVI asr boshidagi Oʻrta Osiyodan Hindistongacha boʻlgan hudud va davrga oid noyob qarashlarini yozib qoldirgani tufayli mashhur boʻlib ketgan. Bundan tashqari, “Boburnoma” Gʻarb va Sharq tillariga bir necha marta tarjima qilingan. Ammo Navoiy asarlari tarjimalari kamroq. “Men, – deydi olim, – Alisher Navoiyni Gʻarbda yanada chuqurroq tanishlarini istadim va fransuz tilida Navoiyga bagʻishlangan kitobimni yozdim”.
Olimning oʻzbek mumtoz adabiyoti bilan bogʻliq tadqiqotlari Nizomiy Ganjaviy va Navoiy, Navoiy va Jomiy ijodiy izdoshliklari hamda munosabatlari, Oʻrta Osiyo adabiyotidagi turkiy-forsiy ikkitillilik kabi masalalarga bagʻishlangan. U Navoiy ijodiga nazar tashlar ekan, uning tarixiy kontekstda baholanishi va oʻrganilishiga jiddiy ahamiyat qaratadi.
Aftondil ERKINOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi yetakchi ilmiy xodimi,
filologiya fanlari doktori
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mumtoz-adabiyotimiz-garb-olimlari-nigohida/