Post Views:
36
1918 yil 30 aprelda Turkiston ishchi, soldat va dehqon deputatlarining V s’ezdida RSFSR tarkibida Turkiston Avtonom Sovet Sosialistik Respublikasi (ba’zi manbalarda Turkiston Sovet Respublikasi) tuzilganligi e’lon qilindi. Sovet hokimiyati Turkistonda yashovchi mahalliy xalqlarga go‘yoki sovet avtonomiyasi boshqaruvidagi “milliy davlatchilik” va “muxtoriyat”ni berdi. Shu munosabat bilan 1918 yil may oyining boshlarida amnistiya e’lon qilinib, Turkiston Muxtoriyati hukumati a’zolaridan tirik qolgan ayrimlari qamoqxonadan chiqarildi hamda vaqtinchalik avf etildi.
Turkiston Muxtoriyati hukumati a’zolarining hayoti va faoliyati hamda keyingi taqdiri to‘g‘risida endi batafsil to‘xtalib o‘tamiz. Muxtoriyat hukumatining birinchi tarkibiga saylangan 8 nafar kishi haqida qisqacha ma’lumotlar quyidagicha:
Muhammadjon Tinishboev – davlat va jamoat arbobi, tarixchi olim. 1879 yil 12 mayda Yettisuv viloyati Lepsinsk uezdi Sadir volostining Echkiolmas tog‘i etagida tug‘ilgan. Millati – qozoq. U 1889 – 1900 yillarda Verniy erkaklar gimnaziyasi, 1900 – 1906 yillarda Sankt–Peterburg Imperatorlik instituti – Aleksandr I nomidagi temir yo‘l transporti injenerlar institutida o‘qidi. 1907 yili II chaqiriq Rossiya Davlat dumasi deputati qilib saylandi. 1917 yil aprelda tuzilgan Muvaqqat hukumatning Turkiston komiteti a’zosi. Ayni paytda Muvaqqat hukumatning Yettisuv viloyati komissari. Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyati hukumati 1917 yil 27 noyabrda tashkil topgach, hukumatning Bosh vaziri (1917 yil noyabr’ – dekabr’) va ichki ishlar vaziri (1917 yil noyabr’ – 1918 yil fevral’). 1917 yil 5 – 13 dekabrda Orenburgda o‘tkazilgan II Butunqozoq s’ezdida qatnashdi. Bu s’ezdda Alixon Bukeyxonov (1866 – 1937) boshchiligida Alash avtonomiyasi [Alash O‘rda hukumati] tashkil topdi. U Alash O‘rda hukumatida ichki ishlar vaziri (1917 yil dekabr’ – 1920 yil mart) va keyinchalik Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.
M. Tinishboev keyinchalik Turkiston ASSR va Qozog‘iston ASSRda turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. Turkiy xalqlar tarixi va etnografiyasiga oid turli asarlar yozgan hamda ular rus tilida Toshkentda nashr qilingan.
Sovet hokimiyati tomonidan M. Tinishboev birinchi marta 1930 yil 3 avgustda qamoqqa olindi va besh yilga RSFSRning Markaziy qoratuproq hududi (hozirgi Voronej oblasti)ga surgun qilindi (1930 – 1935). Keyinchalik Toshkentda NKVD tomonidan 1937 yil 21 noyabrda qayta qamoqqa olindi hamda Toshkent turmasida 1938 yil 20 aprelda otib tashlandi.
M. Tinishboevning tanlangan asarlari Almatida nashr etildi. SSSR tarqalgach, Qozog‘istonda uning xotirasi sharafiga ko‘plab haykallari o‘rnatildi.
Islom Sulton Shoahmedov – musulmon jamoat va siyosat arbobi. 1882 yil 21 noyabrda Orenburgda tug‘ilgan. Millati – tatar. Orenburg erkaklar gimnaziyasini tugatgach (1905), Sankt–Peterburg universitetining avval sharqshunoslik, so‘ngra yuridik fakul’tetida o‘qiydi (1905 – 1909). Petrogradda 1917 yil yozda tashkil qilingan Butunrossiya musulmonlari Sho‘rosi Ijroiya Komiteti a’zosi.
I. Shoahmedov 1917 yil kuzida Toshkentga kelib, Turkistondagi muxtoriyatchilik harakatida faol qatnashdi. “Turkestanskiy kray” (Toshkent, 1917) gazetasi muharriri va noshiri. Turkiston musulmonlari Markaziy Sho‘rosi a’zosi. Turkiston Muxtoriyati hukumatida Bosh vazir o‘rinbosari, keyinchalik moliya vaziri bo‘ldi. Turkiston Muxtoriyati Konstitusiyasi loyihasi muallifi. Muxtoriyat hukumati tugatilgan paytda Qo‘qon qo‘rg‘oni ichida bol’sheviklar tomonidan qo‘lga olingan (1918 yil fevral’). “Ulug‘ Turkiston” gazetasida 1918 yil bahorida yozilishicha, u qamoqxonada qiynoqlar natijasida aqldan ozgan va turma lazaretiga ko‘chirilgan. Keyinchalik qamoqdan chiqqan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda 1920 yili Hindistonga jo‘nab ketgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay kasallangan va yurtiga qarindoshlari huzuriga qaytgan. U taxminan 1921 yilda vafot etgan.
Mustafo Cho‘qay – taniqli davlat va jamoat arbobi hamda Turkiston xalqlari mustaqilligi uchun izchil kurashchi. 1890 yil 25 dekabrda Sirdaryo oblasti Perovsk uezdi Jopek volostidagi Avliyotarang‘il ovulida (ba’zi manbalarda Narshoki qishlovida) tug‘ilgan. Otasi Cho‘kaybey To‘rg‘ay dodxoh o‘g‘li bo‘lis (volost’) boshlig‘i, qozoqlarning qipchoq urug‘i aslzodalaridan bo‘lgan, onasining ajdodlari Xiva xonlariga borib taqalgan. Millati – qozoq.
Mustafo Cho‘qay boshlang‘ich ma’lumotni Oqmachitda olgach, Toshkentdagi erkaklar gimnaziyasida o‘qidi (1902 – 1910). Sankt–Peterburg universitetining yuridik fakul’tetini tugatgan (1914). Aynan ushbu o‘quv yurtlarini 1899 va 1904 yillarda keyinchalik Rossiyadagi Muvaqqat hukumatning Bosh vaziri bo‘lgan Aleksandr Kerenskiy (1881 – 1970) ham tugatgan edi. Mustafo Cho‘qay 1916 – 1917 yillarda Rossiya IV Davlat dumasining musulmonlar fraksiyasida kotib va tarjimon bo‘lib ishlaydi. Turkistonda 1916 yili ko‘tarilgan qo‘zg‘olon shafqatsiz bostirilgandan keyin Davlat dumasining A. Kerenskiy boshchilik qilgan maxsus komissiyasi tarkibida o‘sha yili avgust oyida Turkiston o‘lkasida, jumladan, Jizzaxda bo‘lib vayronaga aylangan shahar xarobalarini ko‘rgan.
1917 yil aprelda Mustafo Cho‘qay Petrograddan Toshkentga qaytdi va Turkistondagi siyosiy jarayonlar markazida turdi. U Toshkentda 1917 yil bahoridan boshlab “Birlik tug‘i” va «Svobodniy Turkestan» gazetalarini chop eta boshladi. 1917 yil 16 – 23 aprelda Toshkentda o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining I qurultoyida Mustafo Cho‘qay raisligida Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘rosi [Kraymussovet], ya’ni Milliy Markaz tashkil qilindi. Orenburgda 21 – 28 iyulda o‘tgan Butunqirg‘iz [Butunqozoq] I s’ezdida faol qatnashdi. Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti a’zosi (1917 yil avgustdan). Toshkentda bol’sheviklar tomonidan zo‘ravonlik bilan hokimiyat bosib olingach, Mustafo Cho‘qay boshchiligidagi Milliy Markaz noyabr’ oyi boshlarida Qo‘qonga ko‘chib bordi.
1917 yil 27 noyabrda Qo‘qon shahrida tashkil qilingan Turkiston Muxtoriyati hukumatining tashqi ishlar vaziri (1917 yil noyabr’ – 1918 yil fevral’), keyinchalik Bosh vazir (1917 yil dekabrdan). Ayni paytda Orenburgda 1917 yil 5 – 13 dekabrda bo‘lib o‘tgan Butunqozoq II s’ezdida qatnashdi hamda Alash O‘rda hukumatida ham tashqi ishlar vaziri lavozimiga saylandi.
Muxtoriyat hukumati bol’sheviklarning harbiy kuchlari tomonidan tugatilgach, 1918 yil fevral’ oxirida Qo‘qondan chiqib ketdi hamda yashirin ravishda mart oyida Toshkentga keldi va bu yerda 2 oy yashadi. U 1918 yil 16 aprelda eski tanishi aktrisa Mariya Yakovlevna Gorina (1888 – 1969) bilan Toshkentdagi masjidda nikohdan o‘tib, turmush quradi. Yosh oila 1918 yil 1 mayda Toshkentdan poezdda Moskvaga jo‘naydi. Biroq poezd Volgadagi jangovar harakatlar sababli Aktyubinskkacha boradi, xolos. 1918 yil 8 iyunda Samarada bol’sheviklarga qarshi Ta’sis majlisi a’zolari komiteti (Komuch) hukumati tuzildi. Iyul’ oyida Alash O‘rda rahbarlari Alixon Bukeyxanov va Mustafo Cho‘qay Samaraga kelib, Komuch hukumati bilan bol’sheviklarga qarshi harbiy–siyosiy ittifoq tuzdi. Bu paytda Mustafo Cho‘qay Samara, Ufa, Omskda faoliyat ko‘rsatdi. 1918 yil 18 noyabrda o‘z safdoshlari bilan qamoqqa olingan Mustafo Cho‘qay turkistonlik eser Vadim Chaykin va tatar Ilyos Alkin bilan Chelyabinskda qamoqdan qochadi. 1918 yil 1 dekabrda Orenburgdagi Karvonsaroyda (Boshqirdiston hukumati qarorgohida) u bilan Boshqirdiston hukumati raisi Ahmad Zaki Validiy o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Mustafo Cho‘qay qisqa muddat Komuch hukumatida faoliyat ko‘rsatdi.
Mustafo Cho‘qay 1919 yil fevralda Yevropa davlatlariga maxsus memorandum bilan murojaat qilib, Turkistondagi istiqlolchilarning bol’sheviklarga qarshi kurashini qo‘llab–quvvatlashga, sovet rejimini ag‘darib tashlashga chaqirdi.
Mustafo Cho‘qay qozoq dashtlari va Kaspiy dengizi orqali 1919 yil bahorida avval Boku so‘ngra Tiflis [Tbilisi] shahriga boradi. U Tiflisda 2 yil yashaydi. Bu yerda u musulmonlar uchun “Yeni Dünya” va “Şafak” gazetalarini tashkil qilib, “Na rubeje” jurnaliga muharrirlik qildi. Qizil armiya Tiflisni bosib olgach, 1921 yil fevral’ oyida Mustafo Cho‘qay muhojirlikka jo‘nab ketishga majbur bo‘ldi hamda Istanbulga yetib keldi. Mustafo Cho‘qay xotini bilan 1921 yil yozida Parijga keldi. Mustafo Cho‘qay muhojirlikda 20 yil yashab, turli xalqaro anjumanlarda ishtirok etdi hamda matbuotda ingliz, fransuz, polyak, rus, turk tillarida o‘tkir publisistik maqolalar bilan muntazam qatnashib turdi. Parijda uning rus tilida “Markaziy Osiyodagi Sovetlar” (1928) hamda “Turkiston sovet hokimiyati ostida” (1935) hamda turk tilida Parij – Berlinda “1917 yil xotiralari parchalari” (1937) kitoblari nashr etildi.
Mustafo Cho‘qay 1929 yildan boshlab Turkiston Milliy Birligi Markaziy Qo‘mitasining raisi bo‘ldi. 1929 – 1939 yillarda chiqqan “Yaş Türkistan” jurnaliga muharrirlik qildi. Jurnal Parijda tayyorlanib, Berlinda chop etilgan (uning 117 ta nomeri chop etilgan).
Germaniya SSSRga hujum qilgan 1941 yil 22 iyun’ kuni nasistlar Parij atrofidagi Nojan shaharchasida yashayotgan Mustafo Cho‘qayni qamoqqa olishdi hamda u 13 iyulgacha Komp’en xarbiy lagerida tutqunlikda saqlandi. So‘ngra Mustafo Cho‘qay Berlinda bo‘ldi (15 iyuldan 26 avgustgacha). U 1941 yil sentyabr’ – dekabr’ oylarida sovet harbiy asirlari saqlanayotgan Suvalki, Vustrau va Chenstoxova konslagerlarida bo‘lib, asir olingan turkistonliklarni omon saqlash yo‘llarini izladi. Mustafo Cho‘qay va toshkentlik o‘zbek Vali Qayumxon (1904 – 1993) asir olingan turkistonliklardan Turkiston legioni tuzishni rejalashtirdilar. Biroq Mustafo Cho‘qay konslagerlarda yuqumli kasallikka chalindi hamda Berlindagi “Viktoriya” kasalxonasida tepkili terlama (tif)dan 1941 yil 27 dekabrda vafot etdi. U Berlindagi turk musulmonlar Tempel’xof qabristonida 1942 yil 2 yanvarda dafn etildi.
SSSR tarqalgach, Qozog‘iston va O‘zbekistonda Mustafo Cho‘qayning asarlari chop etildi. Taniqli tarixchi olim professor Kushim Yesmag‘ambetov (1938 – 2016) boshchiligida 2012 – 2014 yillarda Almatida Mustafo Cho‘qayning 12 jildlik asarlar to‘plami nashrdan chiqdi. Qozog‘istonda Mustafo Cho‘qay haqida badiiy asarlar yaratildi, kinofil’mlar suratga olindi, uning xotirasiga atab ko‘plab haykallari o‘rnatildi. Qozog‘istonda muntazam ravishda Mustafo Cho‘qayga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazib turiladi.
Qahramon RAJABOV
t.f.d., prof.,
O‘zbekiston FA Tarix instituti bo‘lim mudiri
“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr’