Shohrux Saidovning “Qoʻshni”sini oʻqib…
Orzuqul Ergash,
yozuvchi
Hikoya yaxshi taassurot qoldirdi.
Odam bolasi borki, muayyan bir iqtidor, qobiliyat bilan dunyoga keladi. Kimki Yaratgan ato qilgan iqtidor, isteʼdodni qadrlasa, uni takomiliga yetkazsa, eng muhimi, unga xiyonat qilmasa, baraka topadi. Hikoya qahramoni Gulsara oʻz omadsizligini isteʼdodiga, kengroq maʼnoda, Adabiyotga xiyonat qilganida deb biladi: arzimas choychaqa evaziga boyvachcha bir oʻquvchisining nomidan sheʼrlar yozib beradi. Uni mashhur qilib yuboradi, undan “shoir” yasaydi. Oʻzi esa yoʻlini yoʻqotadi. Bunday taqdir kishini sergak torttiradi…
Muallif maqsadiga erishgan, aytar gapini ayta olgan. Hikoyada “… jarangdor ovozi qulogʻimni shirin qitiqladi”, “hayratim yuzimga tepdi”… kabi topilmalar koʻp. Ayni paytda “hojatxona vannaxonaning ichida”, “Oshxonaga yetgach, bildimki, oyoq osti juda rasvo, ivirsib yotibdi”, “… oyoq osti haliyam rasvoi raddi”, “egnidagi gul-gul koʻylagi” kabi maromiga yetmagan jumlalar ham yetarlicha. Lekin menda asosiy eʼtiroz uygʻotgan tomoni – Gulsara (koʻrimsizgina boʻlsa-da) maʼnan boy, adabiyotni teran tushunadigan ayol. Lekin u yashab turgan xona muncha “ivirsigan”, “rasvoi raddi”?! Axir, bu mantiqqa zid-ku! Qolaversa, u bola tarbiyasida qattiq turadigan, fidoyi ayol, oʻgʻlini bozorga – pulga oʻrgatmoqchi emas. Lekin yakka-yolgʻiz oʻgʻlini irkit muhitga koʻniktirib qoʻyishini oʻylamaydimi? Kambagʻallik ayb emas, ammo ivirsiqlik bir paytlar muallima, shoira boʻlgan ayolga “yopishmayapti”.
Hikoya avvalida ayolning tasviri batafsil keladi: yuzidagi qator-qator boʻynigacha tushgan ajinlar, paxtani eslatadigan sochlar, nozik va ozgʻin qoʻllar, yuzi choʻzinchoq, iyakning boʻrtib chiqqani, qulogʻida katta zirak osilib turgani, koʻzlari biroz choʻkkan, bugʻdoyrang, qirra burun. Lablari quruqshab turibdi… Shuncha taʼrifdan keyin birpas oʻtmay yana deydi: “Chamasi, u yerdan bir yarim metr balandroq edi”. Boʻy birinchi galda koʻzga tashlanmaydimi?.. Menimcha, ayolning portretiga oid belgilarni hikoya davomida sochib yuborgan maʼqul edi. Vaholanki, keyinchalik paxtaday sochlar, chuqur botgan koʻzlar, qirra burun, nozik qoʻllar, quruqshagan lablar unutiladi.
Muallifning kelgusi ishlarida omad tilayman.
Islomjon YOQUBOV,
Adabiyotshunos
Aslida, qoʻshni va qoʻshnichilik masalasi yangi mavzu emas. Xalqda “Yon qoʻshni – jon qoʻshni”, “Gilam sotsang, qoʻshningga sot, bir chekkasida oʻzing oʻtirasan”, “Hovli olma, qoʻshni ol” singari koʻplab maqollar bor.
Hikoya qahramonlari hayotlari muayyan darajada izdan chiqqan qoʻshnilar. Ularning har ikkalasi ham ijarada yashashi, haminqadar kun kechirishi shundan guvohlik beradi. “Ijara uy”larni koʻngilning moddiylashgan maʼnaviy-ruhiy vaziyat-hollari tarzida ham talqin etish mumkin. Bunday yoʻsindagi anglamda ayoldagi afsus-nadomat va ertadan umidvorlik; erkakdagi oʻzining bor-yoʻgʻi bir havaskor ekanini anglash orqali fikran yangi tizimga oʻtish jarayoni, yaʼni koʻnikilgan “kulba”lar tark etilishiga umidvorlikni tushunish mumkin.
Xullas, ayol (Gulsara Mirzayeva) – sobiq pedagog, sheʼriy isteʼdodini oʻz vaqtida qadrlamagan va endilikda uslubi siyqalashgan “shoira”. Moddiyatga oʻchligi uchun hayoti oʻnglanmagan, biroq baxtiyor qizi, qoʻshaloq nevaralari, boʻy choʻzib borayotgan oʻgʻli tufayli oʻzini bebaxt sanamaydigan, ushalmagan orzularini shuginalar istiqboli bilan bogʻlay oladigan, ertadan umidvor, fidoyi ayol. Ikkinchisi arxeolog, ayni paytda u-bu narsalar qoralab, shularni “adabiy topilma” hisoblab kelayotgan havaskor qalamkash.
Shohrux Saidov hikoya qahramonlaridan birini tavba-tazarru fonida tasvirlash orqali uning fojiasi ikkinchisida takrorlanmasligining oldini olish, odam va olamdan ibratlanish yoʻlini tanlagan. Hikoya “Adabiyot va ijod koʻngilochar maydon ham, oʻyinchoq ham emas. Kim adabiyot va ijodni sidqidildan sevsa, fidoyilik va jasorat koʻrsatsa, demakki, u abadiyatga eltuvchi yoʻlni topibdi. Aks holda, yozuvchilik daʼvo qilish maqbul emas. Yaxshisi, esing borida etagingni yopgan maʼqul”, degan didaktik gʻoyani anglash va tasdiqlash uchun yozilganday taassurot uygʻotadi.
Ikki qoʻshni hayotiy zarurat tufayli muloqotga kirishadi. Anglashimcha, qoʻshnilar shunchaki masofa jihatidangina yaqin yashovchi kishilar emas. Balki, bittasi jar yoqasidan qaytgan, ikkinchisi shu jarga yaqinlashayotgan va shu jihatiga koʻra taqdirlarida oʻzaro yaqinlik, umumiylik boʻlgan kimsalar.
Binobarin, hikoyadagi taqqoslash va qiyos aynan oʻsha oʻxshashlik asosiga qurilgan. Muloqot ham zohiran qaralsa tasodifiy, aslida esa, ularni bir-biriga yaqin belgi-sifatlar uchrashtirgan. Zotan, yigit ayolning taqdiri orqali ehtimol tutilgan oʻz istiqbolini tasavvur prizmasidan oʻtkazadi.
Shohrux soʻz qoʻllash ustida ancha ter toʻkishi lozim. Jumladan u ijara uy – “kvartira”, qahramon – “geroy”, mard yigit – “jentelmen”, koʻrpa – “adyol”, kursi – “stul”, muallif – “avtor” qabilida oʻzbek tilida muqobillari boʻlgan soʻzlarning ruscha shakllarini qoʻllaydi. Taassufki, ularning aksariyati qahramonlar xarakteri, individual nutqi, ruhiy saʼjiyasini ochishga xizmat qilmaydi.
Koʻrinadiki, Shohrux Saidov yozishga “sidqidildan” kirishishi kerak. Publitsistik maqolada aytiladigan gapni adabiy qahramon ogʻziga solib qoʻyish bilan ish bitmaydi. Buning uchun soʻzga, hayotga, odamlarga muhabbat kerak. Hikoyada tilga olingan qahramon shoir boshqa bir oʻrinda odam yoʻlin yoʻqotsa, chorasiz qolsa, muhabbatga suyangay, deya iztirob, armon, oʻrtanish bilan taʼkidlaganida toʻla haq edi.
Hikoyaga mavzu va qahramon tanlash haqida tagʻin bir gapni ham aytish kerakka oʻxshaydi. Shohrux hayotiy va ishonchli yozishini eʼtirof etayotgan ustoz adib Shukur Xolmirzayevga ergashar ekan. Adibning “Ot egasi” hikoyasidagi Inod, “Ogʻir tosh koʻchsa”dagi Eson hayotiy jarayonlarni mustaqil baholay oluvchi kishilar ekanini ham anglashi kerakligi uning uchun ijodiy zaruriyatdir.
Yana bir gap. Yosh yozuvchi ukamiz: “Bugun hayot nima deyapti?”, “Odamlarning dilida, millatning tiynatida qanday bezovta oʻylar bor?” degan savollarga javob izlasa, yanada yaxshi boʻlardi.
Xullas, gap koʻp-koʻmir oz.
Shohrux Saidovni ilk qadamlaridan choʻchitib qoʻymoqchi emasman. Biroq “yozuvchilik daʼvosi” uchun hayotga, odamlar orasiga chuqurroq kirish, poetik soʻz zalvorini his etish, oʻchirib yozishdan erinmaslik suv va havoday zarurligini taʼkidlashni istardim. Ehtimol, jasorat deganlari sabru bardoshda, oʻzni ayamaslikda, oʻrganishdan charchamaslikda, yoʻlini topishga talpinishda namoyon boʻlar.
Tagʻin kim bilsin. Barini bilguvchi ulugʻ Zot bor…
Fozil FARHOD,
yozuvchi
Shohrux Saidovni tanimayman, bu ismni birinchi bora oʻqib-eshitib turishim. Hikoyasini ham dastlab oʻzimni majburlab oʻqidim. “Yolgʻiz ayolning kvartirasiga kirgan erkak nima qilar ekan”, degan hadik bilan oʻqiy boshladim. Matnning yarmiga borganimdan keyingina ichiga shoʻngʻib ketdim. Shohruxning aytmoqchi boʻlgan gapi hikoyasining yakunida ayon boʻldi: sheʼr sotib adabiyotga xiyonat qilgan ayol qismati yozganlaridan koʻngli toʻlmagan erkakning oʻzini qiynamasdan hammasini yigʻishtirib qoʻyishiga sababchi boʻladi. Hikoya qahramonining “Kompyuterimni kavlashtirib-kavlashtirib, shu paytgacha yozgan va oʻzimcha ulkan adabiy monument deb hisoblab yurgan barcha hikoyalarimni – ehtimol, hikoya soʻzini qoʻshtirnoq ichida berganim durustdir – xullas, oʻshalarning barisini oʻchirib tashladim”, degan bu iqrori yaxshi yakun boʻlolgan, meningcha.
Shohrux baʼzi oʻrinlarda ulugʻ adib Shukur Xolmirzayevga – balki bilmay, balki bilib, atay – taqlid qiladi. Bir oʻrinda: “Axir, anchadan beri shu kitobni bir oʻqiyin deb yurgandim, akasi!” yoki boshqa oʻrinda “Ishqilib, shunaqa qilib qoʻydim, akasi!” deb yozadi. Boshlovchi oʻz yoʻlini topguncha birovga ergashsa, mayli deysiz. Oʻylaymanki, hali Shohrux oʻz ustida koʻp ishlaydi. Deylik, oʻz yoʻlini topib olguncha Shukur Xolmirzayevning ijodi unga yoʻlchiroq boʻlar, ehtimol! Lekin u kelajakda soʻzni chiyratib ishlatadigan yozuvchiga aylansin deyman! Kun kelib oʻzbek adabiyoti durdonalari yoniga yozuvchi Shohrux Saidovning nodir asarlari qoʻshila olsa, bir oʻquvchi sifatida mening boshim koʻkka yetadi!
Nurilla Choriyev tayyorladi.
“Yoshlik”, 2017–6
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/muhabbatga-suyanmoq-baxti/