Mehmon

Algirdas POTSYUS

 

Eshik ochilib, xonaga koʻk kamzulli bola kirib keldi. U gʻoyat biqqiligidan yurib emas, dumalab kirganday tuyuldi.

– Mening ismim Rimas. Senikiga mehmonga keldim.

Gitis xursand boʻlganidan sakrab, chapak chalib yubordi.

– Kel, oʻynaymiz. Mening ikkita poygachi moshincham bor, – deya mehmonga mulozamat qildi Gitis.

Rimas esa oʻyinchoqlarga qiyo ham boqmay, xonaga bamaylixotir koʻz yugurtirdi.

– Gilamlaring qani? – deb soʻrab qoldi u.

Gitis boshini tebratib, javob berdi:

– Biz gilamni yoqtirmaymiz. Ular chang toʻplaydi.

Rimas ishonqiramay kulimsiradi.

– Yoʻq, gilam chang toʻplamaydi, balki xonani bezaydi, – dedi u.

Gitis tortishib oʻtirmadi. U mehmonning ketidan yurib xonani aylanar, oʻynash uchun payt poylardi. Rimas boʻlsa, biror narsa axtaringan kishiday javonni ochib unga koʻz yugurtirdi.

– Bizning javonda oltita billur qadah bor.

– Bizning yogʻoch qoshiqlarimiz bor. Qoʻlda yasalgan. Yarmarkadan olganmiz.

Mehmon buni yaxshi yo yomonligining farqiga borolmagani uchun indamadi.

– Biznikiga mehmonlar kelganda, ularga ziyofat qilamiz, – deb qoldi Rimas.

– Biz ham, – boshni qimirlatdi Gitis.

– Nega unda meni mehmon qilmayapsan?

– Sen katta mehmon emassan-da. Faqat kattalargina mehmon qilinadi.

– Hech-da! Kichiklarni ham har xil shirinliklar bilan mehmon qiladilar, ular ham mehmon-da, – deya Rimas stolga yaqin bordi.

– Mayli! – degancha oshxona tomonga chopqilladi Gitis. Hech qancha vaqt oʻtmay, qulupnay toʻla taqsimcha bilan qaytdi. Qulupnaylar saralab olinganday toʻq qizil, katta-katta edi.

– Yarmi bizga, yarmi oyimga, – deya ogohlantirdi Gitis.

Bolalar bir-biriga qarama-qarshi oʻtirib oldilar. Oʻrtadagi qulupnaylar choʻgʻday, koʻzni qamashtirardi. Ikkisining ham qoʻllari xuddi musobaqalashayotganday, idishdan ogʻizga, ogʻizdan idishga borib kela boshladi. Birpasda idishning tagi koʻrinib qoldi.

Gitis yeyishdan toʻxtab, nafas rostladi – xoʻrsindi. Rimas esa oʻzini stul suyanchigʻiga tashladi-da, lablarini yalab:

– Biz qulupnay ustiga mehmon uchun shakar sepamiz! – dedi.

– Ha-ya, sepsak, sepibmiz-da! – rozi boʻldi Gitis.

U oshxonaga chopib borib, shakardonni keltirdi. Choʻgʻday qulupnaylar ustini oppoq qorday shakar qopladi.

– Boʻldi! – deya saxiy mezbonni toʻxtatdi Rimas. – Shakarning ozi yaxshi.

Mehmondorchilik yana davom etdi.

– Mana bu boshqa gap! – Gitisga minnatdorlik izhor qildi mehmon.

Idishda barmoq bilan sanarli qulupnay qolganda, Rimas tumshayib oldi: unga Gitis qulupnaylarni tanlab-tanlab katta-kattalarini yeyayotganday tuyuldi.

– Bunchalik kattalarini yema – yorilasan!

– Oʻzing-chi?

– Men?… men oʻrganib qolganman, – dedi Rimas ogʻzini qulupnayga toʻldirib.

– Men ham oʻrganib qolganman, – dedi ogʻringanini yashirmay Gitis.

Uzatgan qoʻli taqsimcha tagiga tekkach, Gitis qulupnaylarning yarmini oyisiga qoldirmoqchi boʻlganini esladi. Toʻgʻri, u mehmon kelib qolishini bilmagandi. Mehmonga esa ziyofat qilish kerak.

Boʻm-boʻsh idishdan qulupnayning xushtaʼm hidi anqir, bolalar esa jimgina oʻtirishardi.

Jimlikni Rimas buzib:

– Biz mehmonlarimiz oldiga pishiriqlar va choy qoʻyamiz, – dedi.

– Pishiriqlar bilan mehmon qilasizlarmi? – dedi angrayib Gitis.

U stuldan oʻrmalab tushdi-da, yoʻlni yana oshxona tomonga soldi. Hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilib ham istagan narsasini topa olmadi. Qaytib chiqqanida esa qoʻlida bir banka asal va ikkita qoshiqcha bor edi.

Mehmondorchilik yana davom etdi.

Endi qoʻllar bilan qoshiqlar ham avvalgi yoʻsinda harakat qila boshladi. Asal qiyomiga yetgan ekanmi, banka yarimlaganda mehmonga oʻtkirlik qilib qoldi.

– Men endi ketay, – qoʻzgʻaldi mehmon.

Gitis oʻyinchoqlarini koʻz-koʻz qilgisi kelsa-da, ularda mehmonga oʻyinchoq sovgʻa qilish odati boʻlmasin, degan oʻyga borib, Rimasni indamaygina eshikkacha kuzatib qoʻydi.

Ostonaga yetgach, Rimas mezbonga jiddiy tikildi va:

– Biz mehmonni kuzatayotganimizda, ularga esdalik uchun biror narsa sovgʻa qilamiz, – dedi.

– Aytmovdimmi! – kapalagi uchib ketdi Gitisning. Nahotki Rimas uning mashinachasini yoki samokatini olib ketib qolsa? U boshini xam qilgancha, indamay turaverdi. Shu payt birdan koʻrdiki, Rimasning botinkasi loy, hamma yoq oyoq izi edi. Bundan Gitisning jahli chiqdi.

– Biznikiga kelgan mehmonlar oyoq kiyimini almashtiradilar. Kimki xohlamasa, biz unga latta beramiz, marhamat qilib oyoq izlarini artib chiqsin, – dedi qichqirguday boʻlib.

Koʻk kamzul kiygan bu semizgina bola shundagina oʻzining loyga bulgʻangan botinkasiga qarab qoʻydi. Ammo yelkasini qisib, qoʻlini eshik tutqichiga uzatdi.

– Mezbonlik qilishni bilmas ekansan. Senikiga boshqa kelmayman! – deb eshikka ravona boʻldi.

– Kerak ham emas! Kelmasang kelma! – ostonadan qichqirib qoldi Gitis. – Kelmadi, deb yigʻlamayman ham!

Rimas avvaliga ohista qadam tashlab bordi, keyin tezlashdi, soʻng yugura boshladi. U yugurayotganda toʻpga, haqiqiy toʻpga oʻxshardi.

 

Ruschadan Chori AVAZ tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2017–6

https://saviya.uz/ijod/nasr/mehmon-3/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x