“Mufradot”ning fransuzcha talqini

Fransiyalik olim va noshirlar yirik qomuslarda Alisher Navoiyni targʻib qilishga keng oʻrin bermoqdalar. Lui Bazen, Jan-Pol Ru, Bakye-Grammon singari turkiy tillar boʻyicha yirik tadqiqotlar yaratgan olimlar qatorida Remi Dorning ham bu boradagi xizmatini alohida taʼkidlab oʻtmoq lozim. Uning Vatanimizda yashab, oʻzbek tili va madaniyati tarixiga bagʻishlab tadqiqotlar yaratayotgani diqqatga sazovor. Olim rahbarligida fransuzcha-oʻzbekcha va oʻzbekcha-fransuzcha lugʻatlar nashr qilindi. U hazrat Navoiy merosini, jumladan, “Mufradot” risolasini tahlil qilib, muammo janriga doir “Alisher Navoiy muammolari” (Parij, 2006) tadqiqotini nashr ettirdi.

“L’enigme du nom propre” (“Ism yashiringan muammo”) deb nomlangan tarjima toʻplami esa 151 betdan iborat boʻlib, 99 ta oʻzbekcha ismga yozilgan muammo tarjimasini oʻz ichiga oladi. Toʻplam muqaddimasida muammo janrining Sharq va Gʻarb adabiyotida tutgan oʻrni, rivojlanish tarixi, Navoiy hayoti va ijodi, uning mazkur janrga oid asarlariga toʻxtalib oʻtilgan. Muallif oʻzbek sheʼriyatini puxta tushunish uchun zarur adabiyotlar va ularning mualliflari roʻyxati, muammo yozish qonun-qoidalari, bu janrga xos badiiy sanʼat turlari, muammoni yechish kaliti – arab alifbosiga asoslangan eski oʻzbek yozuvi, abjad hisobiga doir maʼlumotlarga ham toʻxtalib, fransuz kitobxoniga bu janr mohiyatini ochib beradi.

Muammo janri dunyo adabiyotida turli nom va turli shakllarda rivojlangan. Fransiyada bunday harfiy oʻyinlar XV asrgacha qoʻllanilgan. Ularda shoir ismidagi harflar sheʼr misralariga yashirilgani bois “yashiringan imzo” deb nomlangan. XV asrda yashagan Fransua Viyonning deyarli barcha asarlari anagramma nomi ostida ushbu janrda yozilgan. XVII–XVIII asrga kelib mazkur sanʼat Fransiyada biroz unutilgan boʻlsa-da, biroq Rossiya va Italiyada anagramma, akrostix va boshqa harfiy oʻyinlar shaklida rivojlandi. Hozirda ham bu mamlakatlarda ayni ilmni oʻrganuvchi koʻplab uyushma va jamiyatlar bor.

Tarjimon muammoning dunyo adabiyotida ikki toifaga boʻlinishi va ular alohida oʻrganilishini taʼkidlaydi. Topishmoqlar birinchi toifaga mansub boʻlib, ularda biror soʻz yashiringan boʻlsa, ikkinchi toifadagi asarlarda harflar yashiriladi va ular oʻzbek adabiyotidagi muammo sanʼatiga mos keladi. Fransuz olimi M. Bernassoni yashiringan soʻzni topishga asoslangan yetti janr borligini aytadi (M. Bernasconi, “Histoire des enigmes”, Paris: PUF, 1964). Ular bir soʻzning boshqasi bilan aloqasi, ohangdoshligi, etimologiyasi, harflar va tovushlar soni bilan bogʻliq. Bu soʻz oʻyini fransuz tilida “griphos” – harf soʻzidan olingan logogrif (le logogriphe) deb nomlanadi. Logogrif qadimdan maʼlum adabiy oʻyin boʻlib, bir soʻzga harf qoʻshish yoki undan harf ayirish orqali yangi soʻz yasaladi.

Tarjimon italiyalik bir kishining doʻstiga yozgan xatidagi logogrifni keltiradi: “mitto tibi navem prora puppique carentem” – “men senga tumshuqsiz va quyruqsiz kema yuboryapman”. Lotin tilida kema “navem” deyiladi. Uning tumshugʻi – p harfini va quyrugʻi – t harfini olib tashlasak, ave – salom soʻzi hosil boʻladi.

Muammolarni fransuz tiliga oʻgirish jarayonida Remi Dor uchun L. Zohidovning “Alisher Navoiy ijodida muammo janri” nomli qoʻllanmasi asosiy manba boʻlgan. Muammmolar esa Navoiyning “Devoni Foniy”, “Risola-i Mufradot”, “Navodir ush-shabob” asarlaridan olingan. Bu uch asarda muammolar soni 500dan ziyod boʻlib, 121tasi “Risola-i Mufradot”da qayd qilingan.

Fransuz mutarjimi Navoiyning forsiy muammolarida L. Zohidovning oʻzbek tiliga tarjimalaridan foydalangan boʻlsa ham, koʻproq asliyatga tayanib ish koʻrgan. “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati”, “Oʻzbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lugʻat”, E. Fozilovning “Starouzbekskiy yaziʼk”, “Xorezmskiye pamyatniki XIV veka”, fransuz tilshunosi Jilber Lazarning forscha-fransuzcha lugʻati (“Dictionnaire persan-franzais”, Teheran, 1996) muammolarni fransuzchaga oʻgirishda yordamchi manba boʻlib xizmat qilgan. Muallif XV asr oʻzbek sheʼriyatiga xos muhim xususiyatlarni tushunish uchun E. Rustamovning “Oʻzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka” nomli asariga murojaat qilishni tavsiya etadi.

Muallif tarjimaga kirishishdan avval boshqa xalqlar adabiyotidan ham muammoga doir maʼlumotlarni toʻplaydi. Fransuz olimi Garsin de Tassining “Sharq musulmonlari tilining prosodiya va ritorikasi” (“Rhetorique et prosodie des langues de l’Orient musulman”, Paris, 1873) asarining 3-bobi logogrif va unga oʻxshash turlarga bagʻishlanganini aytib oʻtadi. Chunonchi, Garsin de Tassi XVIII asrda ijod qilgan fors shoiri Faqir Dehlaviyning “Hadoyiq ul-balogʻat” asarini fransuz tiliga oʻgirish munosabati bilan muammo sanʼatiga doir quyidagicha maʼlumot beradi: “Hindiston musulmonlari sheʼriyatida, rosti, muammo sanʼati kam rivojlangan. Mazkur janrning murakkabligi bois uni fransuzchaga tarjima qilish imkoniyati boʻlmadi. Oqibatda misol sifatida keltirilgan muammolarni baholash qiyin kechdi”.

Remi Dor muammoni murakkab, mavhum, noaniq bir olamga qiyos etgan. Uning soʻqmoqlari koʻp-u, biroq koʻzga gʻira-shira koʻrinadi. Bu janrda shoir oʻz gʻoyalarini shunchalar qisqa, loʻnda ifodalaydiki, dabdurustdan biror maʼnoni anglab boʻlmaydi. Muallif koʻproq muammo yechimini koʻrsatadi-yu, yechish usullarini sir tutadi. Bunda oʻquvchiga ham, tarjimoniga ham puxta bilim va keng dunyoqarash qoʻl keladi. Shuning uchun Navoiy davrida muammo shoirlar mahoratini baholash mezoni sanalgan, jamiyat aʼzolari uchun esa aqlni charxlash, fikrni takomillashtirish vositasi boʻlgan.

Remi Dor fikricha, oʻzbek sheʼrlari asarlarini fransuz sillabikasida asliyat vazniga bir boʻgʻin qoʻshish orqali oʻgirish mumkin. Bunda ayrim istisno hollar ham boʻlishi oʻz-oʻzidan ayon, albatta. Tarjimada bayt aniq va chiroyli oʻqilishi uchun, doim urgʻu qator oxiriga tushirilgan. Bunda tarjimonga fransuz tilining hozirgi zamon lugʻati qoʻl kelgan. Ushbu lugʻatda aksini topmagan soʻzlarga esa izoh berib oʻtilgan.

Remi Dor baytlarda qofiyani saqlashga harakat qilgan, baʼzan esa faqat assonans – hamohanglik bilan kifoyalangan. Oʻzbek tilidagi qisqa tovushlarni ifodalashda elliziyadan (oxirgi harfi unli boʻlgan soʻz birinchi harfi unli boʻlgan soʻz oldidan kelganda yoki unli tovushlar ketma-ket kelganda bir unlining talaffuzda tushib qolishi) foydalangan. Bu vaznni, oʻlchovni saqlab qolishga yordam beradi.

Toʻplam har jihatdan puxta tuzilgan. Dastlab muammoning tarjimasi, soʻng oʻzbekcha asliyati berilgan. Agar muammo forsiyda bitilgan boʻlsa, avval oʻzbek tiliga oʻgirilgan shakli, keyin esa asliyat keltirilgan.

Muammolar fransuz alifbosiga asosan joylashtirilgan. Yechimga jadval koʻrinishida ochqich berilgan. Birinchi qatorda muammo yechimiga yoʻnaltiruvchi soʻzlar, ikkinchi qatorda muammo turi, uchinchi qatorda esa muammoni yechish usuli koʻrsatiladi.

Ilova qismida yechimdagi ismlar maʼnosi, ularning etimologiyasiga doir axborot berilgan. Bunda E. Begmatovning “Oʻzbek ismlari maʼnosi”, F. Sumerning “Turk devletlari tarihinde shahis adlari” (Istanbul, 1999,2-jild), R. El-Hayatning “Le Livre des prenoms du Maghreb et du Moyen-Orient” (Casablanca, 2004) kabi qoʻllanmalaridan foydalangan.

Navoiy bir ismga bir necha muammo bitgan. Remi Dor misol tariqasida ulardan birini tarjima qiladi. Muammolar manbalarining indeks koʻrsatkichi majmuaning soʻnggi sahifalarida keltirilgan.

Muallif ushbu toʻplam ilmiy yoki pedagogik ahamiyatga ega emasligini qayd etib, yagona maqsadi Alisher Navoiydek buyuk shoirning nazmiy duru javohirlari bilan fransuz kitobxonini tanishtirishdan iborat ekanini taʼkidlaydi.

 

Yorqinoy NASIRDINOVA,

Andijon davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mufradot-ning-fransuzcha-talqini/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x