Erkin akaning har oyda bir marta boʻlib turadigan “gap”i bor edi. Qirq besh yil davom etib, oxiri 2016 yilning bahorida professor Umarali Normatovning osh tortishi bilan yakun topgan bu “gap”ga Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Abdugʻafur Rasulov, Turgʻun Alimatov, Ibrohim Gʻafurov, Rahmatilla Inogʻomov, Hasanxoʻja Muhammadxoʻjayev, Karim Nazarov, Eson Lutfullayev, Neʼmatullo Ibrohimov, Oʻtkir Hoshimov singari dongʻi baland zotlar aʼzo edilar.
Ushbu tovoqdoshlik soʻnggi nuqtasiga yetishidan uch-toʻrt yil yil oldin Erkin aka: “Bugun men navbat beryapman, siz “tuyoq” boʻlaqoling”, deb meni oʻtirishga boshlab bordi. Oʻsha kuni Taxtapul sharsharasi biqinidagi restoranda boʻlgan ziyofatda kun tartibiga bir masala qoʻyilib, “gapchi”lardan bir nechasi olamdan oʻtib ketdi, endi safni toʻldirish uchun Iqbol Mirzo, Shuhrat Rizayev, Xurshid Doʻstmuhammad, Hamidulla Boltaboyev, Anvar Obidjonni ham ulfatchilikka qoʻshsak, degan taklif kiritildi.
Restoran yoki kafelarda koʻpchilikka bu qadar toʻkin dasturxon yozishga choʻntagimning doim ham qurbi yetavermasligini aytishdan iymandim-u, sizlar ziyofatga xotinlaringiz bilan kelar ekansizlar, meniki gʻirt qishloqi, bunaqa aralash oʻtirishlarga borib oʻrganmagan, degan bahonani roʻkach qilib, uzr soʻradim.
Bunday kutilmagan gapdan hamma tuyqus jimib qolgan paytda Erkin aka davraga quvnoqqina soʻz tashlab, vaziyatni yumshatdi:
– E, sodda boʻlmay keting! Bu yerda oʻtirganlarning bittasiyam xotiningizni tanimaydi. Bizniki mana shu deb birorta bazmbozroq ayolni koʻchadan yetaklab kelavermaysizmi!
Anvar OBIDJON
“Yoshlik”, 2017 yil 10-son
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/muammoning-yechimi/