MOʻYNA SANOATI

MOʻYNA SANOATI — yengil sanoatning moʻynali hayvonlar va qoʻy terisini qayta ishlaydigan va turli moʻyna hamda poʻstin mahsulotlari ishlab chiqariladigan tarmogʻi. Oʻzbekistonda qadimdan moʻynadoʻzlik bilan shugʻullanadigan yakka hunarmandlar tulki, boʻri, boʻrsiq, quyon, suvsar terilari va oshlangan qoʻy terisidan poʻstin, telpak va b. buyumlar tikkanlar. 19-a. ning oxiriga qadar Oʻzbekistonda moʻyna terilariga oddiy, xonaki usulda, asosan, kimyoviy moddalar qoʻllanilmay, oʻsimlik boʻyoqlari, mahalliy oshlovchi moddalar b-n ishlov berilgan. 20-a. ning 20-y. lar boshidan hunarmandlar artellarga birlashtirildi. Toshkent koʻn-moʻyna va Buxoro qorakoʻl teri z-dlari Moʻyna sanoati dagi yirik korxonalardir. Toshkent koʻnmoʻyna z-di 1956-y. charmgalanteriya buyumlari k-ti nomi bilan tashkil qilingan. Ayollar va bolalar paltosi, bosh kiyimlar, astari moʻyna, avrasi gazlama boʻlgan buyumlar ishlab chiqaradi. Bu z-d Samarqand teri xom ashyosi z-didan qamda respublika goʻsht k-tlaridan keltiriladigan xom ashyodan foydalanadi. Buxoro qorakoʻl z-dida qorakoʻl terilariga ishlov beriladi. 1996-y. dan Namanganda sunʼiy moʻyna fabrikasi (OʻzbekistonGermaniya qoʻshma korxonasi) ishga tushirildi. Keyinchalik moʻynali kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqaradigan koʻplab sexlar va qoʻshma, kichik korxonalar ishga tushirildi. Oʻzbekiston qorakoʻl terilarining koʻpgina navlari jahon andozalariga mos va xalqaro bozorda yuqori baholanadi. «Oʻzbek qorakoʻli» kompaniyasi tarkibidagi xoʻjaliklar va korxonalar qorakoʻl teri yetishtirish, uni oshlash, qorakoʻldan tikilgan turli kiyimboshlar i. ch. va sotish bilan shu-gʻullanadi. Oʻzbekistonda 2002-y. da 685 ming (2000-y. da 743,5 ming) dona qorakoʻl teri tayyorlandi. Har yili 50 mingdan ortiq teri eksport qilinadi.

Respublikada moʻynali hayvonlar — ondatra, nutriya, qunduz kabi moʻynali hayvonlarni sanoat usulida boqish — darrandachilik yoʻlga qoʻyilgan. Ulardan olingan moʻynalardan ustki va bosh kiyimlar tikiladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x