Yelena BIRYUKOVA
Moʻgʻuliston choʻlu sahrolaridagi singari musaffo va yorqin ranglar uygʻunligini boshqa joylarda uchratish mushkul. Bu qahri qattiq va toshloq yarimchoʻl hududning cheksiz kengliklari, bir qarashda, adovatli va mahzunday tuyuladi. Faqat biroz koʻnikib va kuzatibgina ularning naqadar serboʻyoq ekanligini koʻrish mumkin. Tekislik uzra koʻtarilgan baland va tik, sirti yaltiroq qora qobiq bilan qoplangan qoyalar. Oftob nuri jarliklar, qoyalar, ulardagi yoriqlarda oʻynaydi, ularning silliq yuzasida xuddi minglab qop-qora oynalar kabi koʻzni qamashtiradi va tepaliklar uzra quyosh yorugʻini toʻsadigan sadafrang-kulrang tuman hosil boʻladi.
Moʻgʻuliston – katta tarixga ega jumboqli oʻlka. Aholisining kamsonliligi va tarqoqligi oʻz vaqtida yirik hududda yoyilishiga zamin yaratgan. Moʻgʻullarning XIII-XV asrlarda qoʻshni davlatlarga koʻrsatgan taʼsiri keyingi asrlarda oʻziga bumerang misoli qaytdi: oldiniga koʻchmanchi qabilalarning jangovar feʼlini Tibetdan yoyilgan lamaizm dini yumshatgan boʻlsa, keyinchalik esa moʻgʻullar butkul Xitoy mustamlakasi ostida qoldi.
Moʻgʻullar buddaviylik dini orqali Hindiston va Himolay madaniyati bilan tanishadi, ruslar bilan yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini oʻrnatadi. XVII-XIX asrlardagi maʼnaviy taraqqiyot davomida moʻgʻullar qoʻshni mamlakatlar madaniy merosidan koʻp jihatlarni oʻzlashtirganlar. Masalan, minglab sajdagohlardagi ibodat chogʻida qoʻllash uchun Tibet yozuvi va tilini oʻrgandilar, yana Xitoy ibodatxona meʼmorchiligining ayrim unsurlarini, Rossiyadan esa texnikaga doir gʻoyaviy yangiliklarni olishdi.
1578 yilda mamlakatda Tibet buddaviylik dini rasman qabul qilindi, lekin uning shimolida yashovchi aholi hozirga qadar shomoniylik diniga eʼtiqod qiladi. Shuningdek, Moʻgʻulistonda nasroniylik va islom diniga eʼtiqod qiluvchilar ham bor.
Moʻgʻul xarakteridagi yoqim-li sifatlardan biri – xushfeʼllik. Badqovoq, doim xoʻmrayib yuradigan moʻgʻulni juda kam uchratasiz. Xafaqon kayfiyat ularga xos emas. Moʻgʻullar tez-tez jilmayadilar, hazillashadilar va boshqalar hazilini jon deb eshitadilar, qattiq gapirib, bor ovozda kuladilar, quvnoq qoʻshiqlarni juda sevadilar. Moʻgʻullar – mehmondoʻst odamlar. Oʻtoviga kelgan mehmonni moʻgʻul xush qabul qiladi, eng lazzatli taomlar bilan siylaydi. Bu mehmondoʻstlik odati sayohatchilarning ogʻirini yengil qiladi, chunki bu yerdagi har bir oʻtovda ular oʻzlari uchun kerakli hamma narsani topadi: yemak, yotoq va yoʻl uchun yegulik hozir.
1921 yilda yuz bergan xalq inqilobiga qadar Moʻgʻulistonda ibodatxona, monastir va boshqa diniy binolarni hisobga olmaganda imorat juda kam boʻlgan. Aholi oʻtovlarda yashagan, mamlakatning bepoyon kengliklari boʻylab koʻchib yurgan. Faqat oddiy odamlargina emas, aslzodalar ham oʻtovda yashashgan. Qolaversa, hozir ham, ayniqsa, qishloq joylarda aholining katta qismi oʻtovlarda kun kechiradi.
Ilgari boʻlgani kabi hozir ham erkak kishi oila boshligʻi sanaladi, ammo ayol kishi erkakdan koʻra muhimroq oʻrin tutadi. Moʻgʻulistonda ayolga hech qachon buyum yoki erining choʻrisi deb qaralmagan. U erkaklar bilan teppa-teng chorva boqishi, ot minishi mumkin. Boshqa sharq mamlakatlaridagidan farqli oʻlaroq moʻgʻul ayollari hech qachon yuzlarini yashirmaganlar, hamisha istagan odami bilan erkin, bemalol gaplashganlar, qadr-qimmatini bilib, muomala qilganlar. Muhim oilaviy masalalarni hal etishda er doimo oʻz rafiqasi bilan maslahatlashadi.
Ushbu davlat bayrogʻi va gerbini “soyombo” belgisi bezab turadi, bu alomat tarixi esa olis oʻtmishga borib taqaladi. Bu chiroyli va oʻziga xos timsolning yuqori qismi xalq eʼtiqodida kamolot, uygʻonish, koʻtarilish, shu bilan birga, oila va xalq ravnaqi, avlodlar davomiyligini anglatuvchi olov belgisi bilan oʻralgan.
Quyida esa “in-yan” belgisi: u Yaratgan bilan qarama-qarshi ijodiy birlik ramzidir. U oʻzida toʻlqinsimon chegara bilan oʻzaro ajratilgan ikkita yarimni aks ettiradi, ularning har ikkisi bir nuqtada jo boʻlgan. “In” qadimgi Xitoy dunyoqarashiga koʻra beqarorlik, oʻzgaruvchanlikni anglatadi, “yan” esa oʻzgarmaslik, aniqlik, mustahkamlikni bildiradi. Yana bu timsol buddaviylikda “koʻzlarini sira yummaydigan baliqlar va ogohlik ramzi oʻlaroq xizmat qiluvchi” belgi sifatida talqin etiladi.
Uchi pastga qaragan ikki uchburchak bir qarashda ichki va tashqi dushmanlardan ogohlantirish belgisi sanalsa, boshqa qarashga koʻra ular moʻgʻullarning oʻtmishdagi shomoniylik davridan qolgan meros. Qadimda bunday uchburchakni ayollik ibtidosi (butun olamning Ulugʻ Onasi vazifasini oʻtagan samo maʼbudalari) ramzi bilan ham bogʻlaganlar. Bu ramz odamning oʻzligini anglashi yoʻlidagi ichki rivojini anglatadi. Ishoratning ikki tomonidagi tik ikki chiziq qalʼa, uning devorlarini ifodalaydi va moʻgʻullarning “ikki inoq odam tosh devordan mustahkamroq”, degan qadimiy maqolini chizib berganday tuyuladi. Buni shunday tushunish mumkin: xalq birdam boʻlsin, shunda u qalʼaning tosh devoridan ham mustahkam, yengilmas boʻladi.
Moʻgʻuliston – petrogliflar mamlakati. Uning hududi deyarli butunlay togʻlar bilan oʻralgan va yuza qatlam imkon bergan barcha joyda eneolit davridan boshlangan yodgorliklar – oʻyib tushirilgan yoki chizilgan odamlaru jonivorlar tasvirini koʻrish mumkin. Mutaxassislar uchun bu tasvirlar koʻp maʼlumotlardan dalolat beradi, ayniqsa, bugun ular biz uchun tushunarli tilda yozilgan ochiq kitobdir. Toshqatlamlarda, qoyalarda, gʻorlar gumbazlarida va boshqa maʼlum joylarda qoldirilgan qadimiy yozuvlar bu yerdagi odamlarning maʼnaviy faoliyat bilan mashgʻul boʻlganidan darak beradi. Olimlar qoyatoshlarda yozuv qoldirgan odamlarni “paleolit davri shomonlari” deb ataydilar. Moʻgʻul togʻlari – butun bir avlodlarning yozuvlari zarb qilib borilgan va ming yillar davomida odamlar ilm oʻrganish uchun keladigan muqaddas makonlardir.
Moʻgʻul koʻchmanchilarining hayoti ohista va xayolchan oʻtadi. Ularning hayot tarzi behuda harakatga toqat qilmaydi, suhbatlar bir piyola choy ustida osuda kechadi. Koʻchmanchilar oʻz zaminlarini his etadilar, uning zarbiga mos yashaydilar. Ular hatto shamol tovushiga qarab ob-havoni bexato ayta olishadi. Moʻgʻul shomonlari esa haligacha oʻz ajdodlari sirini saqlab kelishmoqda, hatto endilikda bu bilimlar faqatgina ramziy xarakterga ega boʻlsa-da.
Yer yuzidagi eng noyob hudud ham aynan Moʻgʻulistonda joylashgan. Bu – Baydrak-Gol daryosining boshlanish joyi boʻlib, mazkur soʻz “Bitmas-tuganmas tubsiz buloq” degan maʼnoni anglatadi. Bu dunyo ob-havosining oʻziga xos “oshxonasi”dir. Aytishlaricha, bu yerda allaqayerdan toʻsatdan kub kilometrga teng suv oqimi (siklon yoki antitsiklon) paydo boʻladi va yana kutilmaganda allaqayerga gʻoyib boʻladi! Bu jarayon haqidagi qadimiy qarashlar koʻchmanchilar eʼtiqodida hozir ham barhayot. Shomonlar uchun bu – sehr-jodu, ruhlar ishi. Zamonaviy olimlar uchun boʻlsa – moddaning yuzaga kelish jarayoni…
Moʻgʻuliston – sayyoramizning javohirlaridan biri. Sirli oʻtmishga va nodir anʼanalarga ega mamlakat. U oʻz koloriti va kengliklari bilan Sharq dunyosining mozaikasini toʻldirib turadi. Moʻgʻul dashtlaridagi hur shamol oʻz qanotida haqiqiy erkinlik qoʻshigʻini keltiradi. Haqiqiy erkinlik esa inson qachonki bu olamdan va oʻz moddiy istaklaridan yuqori tura bilsa, qachonki har kun, har soat ruhining istagi bilan yashay bilsa, oʻzini ezgu ish, ezgu fikr va atrofdagilarga yordam berishga bagʻishlay olsa, inson oʻz xudbinligi va ahamiyati uchun emas, boshqa odamlar haqqi-hurmati uchun yashay olsagina baralla yangraydi.
Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/turfa-olam/moguliston-qiziqarli-tarixga-ega-ajoyib-diyor/