MIRZACHOʻL TUMANI

MIRZACHOʻL TUMANIJizzax viloyatidagi tuman. 1967-y. 9 yanv. da tashkil etilgan. Shim. dan Qozogʻiston, shim.sharqdan Sirdaryo viloyati, jan. dan Jizzax viloyatining Doʻstlik, gʻarbdan Forish, Arnasoy tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 0,42 ming km2. Aholisi 49 ming kishi (2002). Mirzachoʻl tumanida 1 shahar (Gagarin),7 qishloq fuqarolari yigʻini (Bogʻbon, Ipakyoʻli, Mirzadala, Paxtazor, Toshkent, Yangidala, Oʻzbekiston) bor. Markazi Gagarin sh.

Tabiati. Mirzachoʻl tumani relyefi pastgekislikdan iborat. Iklimi keskin kontinental, quruq, qishda sovuq, yozi issiq. Oʻrtacha t-ra yanv. da —1,5°, iyulda 30°; minimal t-ra —30° (yanv. da), maksimal t-ra 42° (iyulda). Vegetatsiya davri 224 kun. Yiliga oʻrtacha 240 mm yogʻin yogʻadi. Tuprogʻi och boʻz va shoʻrxok tuproq. Yovvoyi oʻsimliklardan qoʻngʻir-bosh, shuvoq, yantoq, shoʻra, rang, iloq, qiyoq, qamish, ituzum, qushqoʻnmas, shamak, yulgʻun, yovvoyi jiyda, terak, tol va b. oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan quyon, tuvaloq, tulki, chiyaboʻri; kemiruvchilardan kalamush, yumronqoziq, dala sichqoni; sudraluvchilardan toshbaqa, ilon, kaltakesak, qushlardan choʻl bur-guti, yovvoyi oʻrdak bor.

Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligi, asosan, q. x. ga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa, qurilish korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, chorvachilik b-n shugʻullaniladi. Tumanda kichik, xususiy korxonalar mavjud. Mirzachoʻl tumanining jami ekin mayd. 28,2 ming ga, shundan 13,8 ming ga paxta, 11 ming ga boshoqli don, 1,2 ming ga dukkakli ekinlar, 321 ga maydonga poliz ekinlari ekiladi. Dehqonfermer, jamoa, boʻrdoqichilik hamda 9 shirkat xoʻjaligi bor. Tuman hududidan magistral t. y. oʻtgan. Sirdaryo — Jizzax, Qozogʻistonning Yettisoy tumani — Paxtakor, Guliston — Gagarin avtomobil yoʻllari mavjud. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, parranda boqiladi.

Mirzachoʻl tumanida avtokorxona, paxta tozalash z-di, ijara korxonasi, aksiyadorlik jamiyatlar, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. 18 umumiy taʼlim maktabi (4200 ga yaqin oʻquvchi), litsey, kollej, 11 klub, 11 kutubxona, 4 madaniyat va istirohat bogʻi, 7 stadion, yodgorlik monumentlari mavjud. 4 kasalxona, 3 nodavlat tibbiy muassasa, 5 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 2 feldsher-akusherlik punkti, 10 dorixona faoliyat koʻrsatmoqda.

1968-y. dan «Mirzachoʻl ovozi» (avvalgi «Doʻstlik») gaz. chiqariladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x