Abu Rayhon Beruniy Sharq uygʻonish davrining buyuk qomusiy olimlaridan biridir. U astronomiya, falsafa, matematika, fizika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, tarix, adabiyotshunoslik, tarjimonlik, lugʻatshunoslik kabi sohalarga oid koʻplab tadqiqotlar olib borgan, 150 dan ziyod bebaho asarlar yozib qoldirgan. Shu bilan birgalikda, Beruniyning odob–axloq, mehnat, ilm, adolat, insoniylik haqidagi qarashlari ifoda etilgan hikmatlari ham avlodlar tarbiyasida katta mazmun va mohiyatga ega boʻlib kelmoqda. Quyida allomaning ana shunday hikmatlaridan bir nechtasini saraladik.
* * *
Bilimlilik orqali nodonlik koʻtariladi, azob-uqubat boʻlgan shak-shubha oʻrniga ilm natijasida aniqlik kiradi.
* * *
Bugunning chorasini koʻrib, ertaga ehtiyoji qolmagan kishi aqllidir.
* * *
Neʼmatning qadri u yoʻqolgandagina bilinadi.
* * *
Ilm dargohiga kirar ekansan, qalbing kishini ozdiruvchi illatlardan, odamni koʻr qilib qoʻyadigan holatlardan, chunonchi, qotib qolgan urf-odatlardan, hirsdan, raqobatdan, ochkoʻzlikning quli boʻlishdan ozod boʻlmogʻi darkor.
* * *
Asalarilar ham oʻz jinsidan boʻlaturib ishlamay, uyadagi asalni bekorga yeb yotadiganlarini oʻldirib tashlaydilar.
* * *
Minnat berilgan ehsonni yoʻqqa chiqaradi.
* * *
Ikkala daʼvogar rozi boʻlishibdi-yu, qozi rozi boʻlmabdi.
* * *
Har bir kun uchun haq va haqiqat hozir narsa.
* * *
Tenglik hukm surgan joyda sotqin, aldamchi ehtiroslar, gʻam-gʻussa boʻlmaydi.
* * *
Odamlar oʻrgangan, odatlangan va koʻpchilikka maʼqul boʻlgan narsaga (koʻr-koʻrona) qarshilik koʻrsatma.
* * *
Oʻz istagiga erishishga taqdir yordam bermagan kishiga malomat qilinmaydi.
* * *
Odamlar yoqtirgan kishilari tarafini olib, yomon koʻrgan kishilarini taʼna qilishadi.
* * *
Komil narsa ortiqchalikni ham, kamchilikni ham qabul etmaydi.
* * *
Yolgʻonchilikdan chetlanib, rostgoʻylikka yopishgan kishini boshqa odam u yoqda tursin, yolgʻonchining oʻzi ham sevib maqtaydi.
* * *
Tillarning turlicha boʻlishiga sabab — odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida bir-biriga ehtiyoj tugʻilishidir.
* * *
Hayvonlarning tabiatlarida kushandalaridan nafratlanish, dushmandan oʻzini qoʻriqlash bor.
* * *
Hasad bilan gʻazab ikki qanot boʻlib harakatga kelsa, toza va chiroyli hayotlarni xira va kuduratli qilib yuboradi.
* * *
Haddan ortiq gʻazab vahshiylik keltiradi va bevaqt qilingan lutf obroʻni ketkazadi.
JAHONGIR toʻpladi.
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/minnat-berilgan-ehsonni-yoqqa-chiqaradi/