Allomalarni maftun etgan qishloq

Nurobod tumanida togʻ va qirlar bagʻrida joylashgan soʻlim Tim qishlogʻi bor. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, qishloq IX asrlarda gullab-yashnagan, ilmu maʼrifat, madaniyat rivojlangan, yetuk allomalar yashagan maskan boʻlgan.

Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy oʻzining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Tim togʻlari atrofida yashab oʻtgan allomalar haqida qimmatli maʼlumotlar qoldirgan. Ulardan biri murshid Ilyos ibn Muhammaddir. Alisher Navoiy Ilyos shayxning tarjimai holi, sifatlari, arab tilini yaxshi bilib, shu tilda erkin gapirishi, hatto goʻzal sheʼrlar bitganini qayd etadi. Ilyos shayx Tim togʻida yashagani, qabri ham oʻsha yerdaligi, oʻgʻli Shayxzoda Abulhasan Hirotga borib, u yerda Abdurahmon Jomiydan iltifotlar koʻrganini yozadi.
XIII asrda yashab oʻtgan arab sayyohi Yoqut Hamoviy “Moʻjamil boʻldo” asarida Tim qishlogʻining boshqa qirralari haqida yozadi. Tim Buyuk ipak yoʻlida karvonlar uchun qoʻnalgʻa boʻlganini aytadi.

IX, X asrlarda Tim qishlogʻi oʻzining shifobaxsh buloqlari, past-baland togʻlari, xushmanzara tabiati bilan somoniylar sulolasi hukmdori Nuh ibn Mansurni, sayyohlar, savdogarlarni maftun etgan. Keyinchalik Tim qishlogʻida saqlanib qolgan tabiiy yodgorliklar, Sharq meʼmorchilik sanʼati namunalari tarixchi, arxeolog olimlar H.Abdullayev, S.Olimov, P.Zohidov, N.Leonov, M.Masson tomonidan oʻrganilgan.

1960 yilda Timga kelgan akademik M.Masson Arabota maqbarasi peshtoqidagi kufiy yozuvni oʻqib, uning hijriy 367 yil rabi ul-soniy, yaʼni milodiy 977-978 yillar oraligʻida bunyod etilganini aniqlagan. Sal pastda, uning sharq tomonida Timsoy boʻyida meʼmorchilik sanʼati jihatidan Arabota maqbarasidan qolishmaydigan Oqmasjid obidasi bor.
Ming yillar ilgari savdo-sotiq, madaniyat, islom dini ravnaq topgan Tim qishlogʻiga kelib-ketuvchi sayyohlar, ziyoratchilarning qadami uzilmagan. Bunga mahalliy aholi hozir ham guvoh boʻlmoqda. Istiqlol quyoshidan taralayotgan nur Timda turizmni, jumladan, ekoturizmni rivojlantirish ufqlari yorqinligidan dalolat bermoqda. Timdagi qadimiy yodgorliklar – Arabota, Timota, Oqmasjid, Tuproqqoʻrgʻon, tabiiy yodgorliklar, ming yoshli archalar bu soʻlim qishloqqa tashrif buyurgan sayyohu ziyoratchilarni maftun etmasdan qolmaydi.
Timliklar ayni paytda tarixiy-madaniy yodgorliklari atrofini obodonlashtirib, gavjum ziyoratgohga aylantirmoqdalar. Bu ishda ularga turistik tashkilotlar, homiylar yaqindan yordam bersalar, Tim uzoq-yaqindan tashrif buyuradigan ziyoratchilar uchun manzur qadamjoga aylanishiga shubha yoʻq.

 

Solijon XUDOYOROV,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi

 

Manba: zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/allomalarni-maftun-etgan-qishloq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x