Adabiyot – milliy maʼnaviyatning darajasini koʻrsatuvchi oʻziga xos mezon. Chunki unda millatning soʻnmas ruhi, umrboqiy qadriyatlari goʻzal badiiy shaklda aks etadi. Odamlar qalbida yuksak maʼnaviyat, vatanparvarlik, xalqparvarlik tuygʻulari, birinchi navbatda, adabiyot vositasida shakllanadi. Shuning uchun ham muhtaram Yurtboshimiz mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq milliy adabiyotimiz rivojiga alohida eʼtibor koʻrsatib keladi. Prezident I. A. Karimovning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asaridagi adabiyotga oid qarashlari ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Asardagi adabiyotga oid qarashlarni quyidagicha tasnif etish mumkin:
- Xalq ogʻzaki ijodiga doir fikrlar.
- Alisher Navoiy va milliy maʼnaviyat.
- Milliy uygʻonish davri oʻzbek adiblari qarashlariga munosabat.
- Zamonaviy adabiyot va yosh ijodkorlar tarbiyasi.
- Maʼnaviy jasorat sohibi boʻlgan ijodkorlarga berilgan yuksak baho.
Asarning “Maʼnaviyat – insonning ulgʻayish va kuch-qudrat manbaidir” deb nomlangan birinchi bobida “… xalq ogʻzaki ijodining noyob durdonasi boʻlmish “Alpomish” dostoni millatimizning oʻzligini namoyon etadigan, avlodlardan-avlodlarga oʻtib kelayotgan qahramonlik qoʻshigʻi” ekaniga urgʻu beriladi.
Muallif dostonning bugungi kundagi ahamiyatiga alohida toʻxtaladi. Bu, birinchi navbatda, dostonda el-yurtimizning bagʻrikenglik, matonat, olijanoblik, vafo va sadoqat kabi ezgu fazilatlari oʻz ifodasini topganida namoyon boʻladi. Zero, biz yoshlar dostonni oʻqir ekanmiz, undan vatanparvarlik sabogʻini olamiz. Odil va haqgoʻy boʻlishni oʻrganamiz. Qalbimizda oʻz yurtimiz, oilamiz qoʻrgʻonini yot nazarlardan asrash tuygʻusi shakllanadi. Or-nomusni har narsadan baland bilgan ulugʻ siymolar avlodi ekanimizni his etamiz. Ikkinchidan, “Alpomish”dek xalq maʼnaviyatining koʻzgusi boʻlgan dostonga millatchilik ruhidagi asar tamgʻasi bosilganini oʻqib, shoʻrolar siyosatining naqadar insoniylikka zid boʻlganini anglaymiz. Uni saqlab qolish uchun jonlarini xatarga qoʻygan jasur ziyolilarimizdan iftixor qilamiz.
Dostondagi oʻq-yoy ramzi misolida Yurtboshimiz bildirgan fikrlar “Alpomish” haqidagi tasavvurimizni, ayniqsa, tiniqlashtiradi. Undagi har bir soʻz, har bir ramz va timsol zamirida olam-olam maʼno borligini anglaymiz: “Ota-bobolarimizning qadimiy tasavvuriga koʻra, oʻq-yoy – hokimiyat nishoni hisoblangan. Alpomish yetti yoshida oʻn toʻrt botmon birinchidan – bronzadan yasalgan yoydan oʻq otib, “alp” degan unvonga ega boʻladi. Alp degani – hokimiyat egasi ekanini inobatga olsak, bu doston koʻp asrlik milliy davlatchiligimizning badiiy ifodasi ekaniga ham ishonch hosil qilamiz”.
Bu fikrlar dostonni qayta-qayta oʻqib, uni qalbimizga, shuurimizga jo etishimiz zarurligini koʻrsatadi. Undan ibratlanish koʻngillarda xalqimizning asl qadriyatlariga yuksak ehtirom hissini uygʻotadi, kimlarning avlodi ekanimiz haqidagi tasavvurlarimizni yanada oydinlashtiradi.
Kitobda milliy adabiyotimizning buyuk namoyandasi hazrat Alisher Navoiy asarlarining oʻzbek xalqi maʼnaviy dunyosini boyitishga boʻlgan kuchli va samarali taʼsiri masalasiga ham alohida toʻxtalingan. Prezidentimiz buyuk mutafakkir faoliyatiga mana bu tarzda yuksak baho beradi: “Agar bu ulugʻ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”.
Davlatimiz rahbari hazrat Alisher Navoiy ijodining zamonamiz uchun ahamiyatiga alohida diqqat qaratgan. Bu, birinchidan, inson qalbining quvonchu qaygʻusini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topilishi haqidagi fikr. Ikkinchidan, ona tiliga muhabbat, uning ifoda imkoniyati nechogʻlik kengligi, dunyodagi eng boy tillardan ekani haqidagi tuygʻu ongu shuurimiz, yuragimizga Navoiy asarlari bilan kirib kelishi. Uchinchidan, buyuk mutafakkir asarlarining milliy maʼnaviyatimizni yuksaltirishda, yoshlarimizda komil insonga xos fazilatlarni shakllantirishda qudratli maʼrifiy qurol ekani. Bu borada asarda bildirilgan fikrlar Alisher Navoiyning buyuk shaxsi va bebaho adabiy merosiga oid bilimlarimizni boyitishi barobarida, ulugʻ shoir asarlarini yanada chuqurroq oʻrganishimiz zarurligini anglatishi jihatidan ham katta ahamiyatga ega.
Asarda milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining yorqin siymolari Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Choʻlponning oʻz shaxsiy manfaati, huzur-halovatidan kechib, el-ulus manfaati, yurtimizni taraqqiy toptirish maqsadida amalga oshirgan ezgu ishlariga yuksak baho berilgan.
Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan fikrini keltirar ekan, Yurtboshimiz: “Buyuk maʼrifatparvar bobomizning bu soʻzlari asrimiz boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb boʻlgan boʻlsa, hozirgi vaqtda ham biz uchun shunchalik, balki undan ham koʻra muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi”, degan xulosaga keladi.
Umumbashariy taraqqiyot yutuqlarini har tomonlama chuqur va puxta egallash zarurati haqida yozar ekan, Prezidentimiz yana bir buyuk maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur”, degan taʼsirchan fikrini keltiradi. Bu oʻtkir fikrlar bilan tanishar ekanmiz, oʻz sohamiz boʻyicha dunyo olimlari erishgan eng soʻnggi yutuqlardan ham xabardor boʻlishimiz zarurligi haqidagi xulosaga kelamiz. Shundagina muhtaram Yurtboshimiz biz yoshlardan nimalarni kutayotganini yaqqolroq his etamiz, taraqqiyotning bugungi shiddatidan ortda qolmay, u bilan hamqadam yurishimiz mumkin boʻladi.
Kitobning “Vatanimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori” deb nomlangan toʻrtinchi bobida zamonaviy adabiyot va yosh ijodkorlar tarbiyasi masalasi alohida tahlil etilgan. Adabiyotning “insonni, uning maʼnaviy olamini kashf etadigan qudratli vosita” ekaniga urgʻu bergan Prezidentimiz bugungi kunda badiiy ijod sohasida erishilgan eng asosiy yutuqlarga eʼtibor qaratadi. Shuning barobarida, soʻz ahli oldida turgan dolzarb vazifalarni koʻrsatib oʻtadi. Bular quyidagilardir:
– bugungi avlodlarning fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyati, zamondoshlarimizning maʼnaviy-ruhiy dunyosi, yoshlarning pok orzu-intilishi oʻzining teran badiiy ifodasini topgan yangi asarlar ijod qilish;
– milliy adabiyotimizning eng yaxshi namunalarini chet tillarga tarjima qilish va shu asosda xalqimizning hayot tarzi va insoniy fazilatlarini keng namoyish etish borasida koʻzga koʻrinadigan amaliy natijalarga erishish;
– adabiyotimizning eng yetuk asarlarini bevosita ona tilimizdan Gʻarb va Sharq tillariga tarjima qilishga qaratilgan ishlarni kuchaytirish. Chet ellik mohir tarjimonlar bilan birga mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan isteʼdodli yoshlarni mana shu mashaqqatli, ayni paytda, olijanob ishga jalb etish.
Prezidentimizning mana bu fikrlari, ayniqsa, diqqatga sazovordir: “Agar biz Oʻzbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorugʻ kelajagini ulugʻlamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi boʻlsak, avvalambor, buyuk yozuvchilarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak”.
Yurtboshimiz maʼnaviy jasoratni eng buyuk jasorat sifatida taʼriflaydi. Asarda zamonaviy adabiyotimizning ikki ulugʻ siymosi – atoqli shoira Zulfiya va ustoz olim, ulkan jamoat arbobi Ozod Sharafiddinov ana shunday jasorat sohiblari sifatida eʼtirof etilgani biz filolog yoshlarni, ayniqsa, ruhlantiradi.
Prezidentimiz Zulfiyani nafaqat sheʼrlari, butun hayoti bilan oʻzbek ayolining maʼnaviy qiyofasini namoyon etgan fidoyi inson sifatida tavsif etadi: “Uning jahon minbarlaridan yangragan sheʼrlari, – deya taʼkidlanadi asarda, – Sharq ayolining aqlu zakosi, fazlu kamolining yorqin ifodasi sifatida millionlab sheʼriyat muxlislariga odamiylik, muhabbat va sadoqatdan saboq bergan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi”. Kitobda shoiraning ayriliq va hijron azobini, gʻam-anduh va hasratlarni matonat bilan yengib, togʻdek bardoshi bilan vafo va sadoqat ramziga aylangani aytiladi.
Atoqli olim Ozod Sharafiddinov haqidagi fikrlar Yurtboshimizning bu ulugʻ ustoz timsolida adabiyotshunosligimizga koʻrsatgan yuksak eʼtibori namunasidir. Qand kasalligi bois oyogʻidan ajragan boʻlishiga qaramay, olimning “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri sifatida oʻz burchiga, eʼtiqodiga sodiq qolib, lupa yordamida jurnal materiallarini tahrir qilib borishi bilan birga, qirqdan ortiq yirik roman va qissalarni oʻzbek tiliga tarjima qilgani, oʻnga yaqin salmoqli kitoblar yozgani hayratga loyiq ekani eʼtirof etiladi. Maʼnaviy jasorat timsoli sifatida odamlarga namuna boʻla olishi taʼkidlanadi.
Muhtaram Yurtboshimiz adabiyotga boʻlgan eʼtiborni maʼnaviyatga, kelajakka boʻlgan eʼtibor sifatida baholadilar. “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarini shu nuqtai nazardan qayta-qayta mutolaa qilish, asardagi zamonlar oʻtsa-da eskirmaydigan gʻoyalar magʻzini chaqish, adabiy jarayonni yuksaltirishda undan foydalanish hayotiy zaruratdir. Zero, asardagi adabiyotga oid qarashlar, birinchidan, milliy adabiyotimizga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor namunasi boʻlsa, ikkinchidan, yosh avlod orasidan yetuk shoiru adiblar, adabiyotshunoslaru tarjimonlar yetishib chiqishi uchun, adabiyotimizning yangi asrdagi rivoji uchun dasturilamal vazifasini oʻtaydi.
Oybarchin ABDULHAKIMOVA
“Sharq yulduzi”, 2014–5
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/milliy-manaviyat-kozgusi/