Milliy alifbo: yoshlarni ortga sudramaylik!

Soʻnggi bir yil ichida jamiyatimizda qanday ulkan oʻzgarishlar, yangilanishlar boʻlayotganiga barchamiz birday guvohmiz: eng muhimi, yurtdoshlarimiz jonlanib, oʻzlarini oʻylantirayotgan masalalar boʻyicha ochiq-oydin fikr almashyapti, oʻz mulohazalarini oʻrtaga tashlab, jamoatchilik xulosasi shakllanishiga hissa qoʻshyapti. Fikr almashishga, yechim axtarishga arzigulik masalalar esa oz emas. Shulardan biri – milliy yozuvimiz masalasidir.

Garchi mustaqillikning ilk yillarida, aniq aytadigan boʻlsak, 1993 yilning 2 sentyabr kuni Oliy Kengashning oʻn ikkinchi chaqiriq XIII sessiyasida bu masala qonunan hal qilingan, yaʼni Oʻzbekistonda lotin grafikasiga asoslangan oʻzbek alifbosi milliy yozuv sifatida rasman belgilangan boʻlsa-da, hali-hanuz bu qonun ijrosi hayotimizda toʻla-toʻkis aks etmayapti. Tabiiyki, “Nima uchun?” degan savol tugʻiladi. Bu savolning javobi bir necha omillarga borib taqaladi. Shulardan biri – bugun amalda boʻlgan oʻzbek lotin alifbosidagi ayrim noqisliklardir. Bu noqisliklar haqida, mana, yigirma yildan oshdiki, turli davralarda gapirib kelyapmiz. Oxirgi yillarda esa koʻplab maqolalar ham paydo boʻlyapti. Ularda yangi alifbomizni takomillashtirish boʻyicha turli-tuman takliflar, mulohazalar oʻrtaga tashlanyapti. Zero, bu vazifa Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 13 maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmonida ham aniq belgilab berilgan edi. Jumladan, farmonda universitetning asosiy vazifalaridan biri sifatida “oʻzbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini toʻla aks ettiradigan mukammal akademik va oʻquv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash…” masalasi qayd etilgan edi. Mazkur vazifani bajarish maqsadida Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida taniqli mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Ushbu guruh oʻtgan vaqt mobaynida lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek yozuvi va imlo qoidalarini takomillashtirish boʻyicha ish olib boryapti. Albatta, bu ishchi guruh shu paytgacha qanday ishlarni amalga oshirganini sarhisob qilish – alohida maqola mavzusi. Ammo, muhimi, milliy alifbomizdagi nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha ilmiy asosda ish ketyapti. Ishchi guruh oʻzining soʻnggi xulosasini rasman taqdim qilsa, shubhasiz, u keng jamoatchilik tomonidan obdon muhokama etilib, tilimiz uchun eng qulay alifboga ega boʻlamiz, degan umiddamiz.

Ammo… soʻnggi paytlarda yangi alifbomizdagi ayrim tuzatsa boʻladigan jihatlarni dastak qilib, lotin alifbosi biz uchun umuman yaroqsiz, degan oʻta asossiz daʼvolarni eshitib taajjubga tushyapmiz. Davlat tili darajasiga koʻtarilgan turkiy tillarning aksariyatiga juda mos kelayotgan lotin yozuvi nega endi oʻzbek tili uchun muvofiq emas ekan?! Agar ayrim muammolar boʻlsa, gap alifbodami yoki bizning oʻzimizdami?

Taniqli adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinovni zukko, haqgoʻy olim sifatida bilamiz. U kishini tanigan kattalar ham, yoshlar ham birday hurmat qiladi. Jumladan, ustoz olimimizga shaxsan mening ham hurmatim baland. Televizor, radiodagi chiqishlarini jon qulogʻim bilan tinglab, maqolayu suhbatlarini qiziqib oʻqib boraman. Ammo ustozning “Yoshlar” telekanalida efirga uzatilgan, lotin va kirill alifbolari tahliliga bagʻishlangan koʻrsatuvdagi fikr-mulohazalarini eshitib, ochigʻi, ajablandim. U kishining “Masalaga siyosiy emas, ilmiy jihatdan yondashaylik. Agar ilmiy jihatdan qaraydigan boʻlsak, biz uchun eng maqbul yozuv – kirill alifbosi” degan mazmundagi xulosasini eshitarkanman, bu borada qanday ilmiy asoslar bor ekan, deb oʻyga toldim. Televideniye ishidan uncha-muncha xabarim boʻlgani uchun koʻnglimdan “Bu, axir, tok-shou, unda albatta qarama-qarshi fikrlar boʻlishi shart. Balki Zuhriddin aka ataylab tarafdori kam boʻlgan tomonning qarashlarini himoya qilib, koʻrsatuvning qiziqarli boʻlishiga yordam bergandir”, degan oʻy ham oʻtdi. Biroq hurmatli olimimizning el-yurt taqdiriga daxldor boʻlgan masala – milliy yozuv haqida gap ketayotgan paytda bunday yoʻl tutmasligini oʻylab, xayolim chuvalashdi. Keyin esa, bahs-munozara olovi pasayib, koʻngillar xotirjam tortgach, toʻzgʻigan xayollarimni yigʻishtirib qoʻya qoldim. Ammo domlaning yaqinda internetda eʼlon qilingan “Lotin yozuvi: yechimdan keyingi muammolar” nomli maqolasini oʻqib, u kishi ilgari surgan ilmiy dalillar bilan tanisharkanman, nazarimda, ular omonat, zaif tuyuldi va yana xayolim parishon boʻldi.

Zuhriddin aka Isomiddinov maqolasining kirish qismida oʻz milliy yozuviga ega boʻlgan hind, xitoy, arab, arman va boshqa yevropalik xalqlarga toleʼ kulib boqqanini aytib, alamli havasini bayon qiladi. Garchi muallif na “alam”, na “havas” soʻzini ishlatgan boʻlsa-da, ataylab tashlangan koʻp nuqtalarda bu hissiyot yaqqol sezilib turadi. Ha, bu his-tuygʻu qaysi oʻzbek ziyolisiga notanish?! Biz kabi qattol imperiya tarkibida yashagan boʻlsa-da, oʻz yozuvini yoʻqotmagan gurji, arman xalqlariga havas qilishimiz, ularga nisbatan ham hududiy, ham aholi soni jihatidan bir necha barobar oshiq boʻlsak-da, nega oʻz yozuvimiz yoʻq va borini ham nima uchun asray olmaganmiz, deb ichimizni tirnashimiz rost-ku. Maqolada taʼkidlanganidek, bir asr ichida milliy yozuvimizni toʻrt marta yangilashimiz, oʻzimizni ayab gapiradigan boʻlsak, uyatdan boshqa narsa emas. Eng qizigʻi, maqola muallifi shu haqda gapirib turib, milliy alifbomizni rasman beshinchi marta oʻzgartirishga – kirill alifbosiga qaytishga chaqiradi va bu qarorni ilmiy asoslashga harakat qiladi.

Garchi alifbo tanlashda eng muhim faktor, domla aytganlariday, tarixiy emas, siyosiy emas, moddiy-moliyaviy emas, texnikaviy emas… ILMIY faktor ekanini eʼtirof etsak-da, milliy alifbo masalasini hech qachon ijtimoiy-siyosiy oʻzandan tashqarida koʻrib boʻlmasligini ham tan olishimiz kerak. Negaki, har qanday alifbo muayyan millatning dunyoqarashi shakllanishida, borliq va oʻzligini idrok etishida, jahon sahnasiga chiqishida tengsiz ahamiyatga ega ekan, yaʼni milliy yozuv xalqning yuzi hisoblanarkan, u siyosiy-ijtimoiy masala boʻlmasligi mumkin emas. Boʻlmasa, biz havas qilib turgan juda koʻplab xos alifboli xalqlar bugun ilmiy asoslarga tayanib, koʻhna yozuvlaridan voz kechishlari ham mumkin edi. Ularni bunday qilmaslikka undab turgan kuch, ehtimol, tarixiy, ijtimoiy-siyosiy masʼuliyat hissi boʻlsa ajab emas. Mayli, shunday boʻlsa-da, ehtiroslarga berilmay, siyosiy va boshqa omillarni roʻkach qilmasdan, Zuhriddin aka ilgari surgan dalillarni tahlil qilamiz.

Birinchi fikr – koʻp asrlik madaniy merosimiz bitilgan arab yozuvining bugungi kunda tilimiz tabiatiga toʻgʻri kelmasligi haqidagi mulohazaga eʼtirozimiz yoʻq. Nazarimizda, keng jamoatchilik ham bu yozuvga qaytishni sira oʻylayotgani yoʻq.

Ikkinchi fikr – lotin yozuvining tilimizga toʻgʻri kelmasligi haqidagi mushohadaga esa umuman qoʻshilib boʻlmaydi. Domla lotin yozuvining eng katta illati sifatida muayyan bir harfning har joyda har xil tovushni anglatishini koʻrsatadi. Bu, axir, yozuvning emas, har bir tilning talabidan kelib chiqadi-ku! Toʻgʻri, ingliz tilida “Tea” deb yozilsa, “Ti” deb oʻqiladi. Ammo, aytaylik, yer yuzida 500 milliondan ortiq kishi soʻzlashadigan, roman tillari ichida eng koʻp tarqalgan ispan tilida yozuv bilan talaffuz oʻrtasida deyarli farq yoʻq. Har bir harfi oʻz oʻrnida talaffuz etiladigan boshqa koʻpgina lotin alifboli tillar borligi – oddiy haqiqat. Zuhriddin aka taʼkidlagan O‘, G‘, Sh, Ch, ng harflariga doir noqulayliklarni esa hammamiz bilamiz – Ishchi guruh tomonidan yechim axtarilayotgan asosiy harflar ham shular, aslida (shu oʻrinda yoshlarimizning aksariyati alifboni hozirgi holatida ham juda oʻngʻay va maʼqul deb hisoblashini aytib oʻtish lozim). Bu harflar qulaylashtirilsa, Ch harfiga asos boʻluvchi C belgisiga mos tovush yuklansa, ayrim tovushlarimiz alifboda aks etsa, eʼtirozu shikoyatlarga oʻrin qolmaydi. Ana shunda, domla aytgani kabi cho‘g‘ soʻzini yozish uchun klaviaturani olti marta emas, uch marta bossak kifoya. Masalan: čŏğ, ĉõĝ, ćóġ, çöğ kabi. Shuningdek, maqolada misol keltirilgan Qo‘qon, bog‘cha kabi soʻzlar ham oʻz-oʻzidan koʻrkam koʻrinishga kelib qoladi. “Poytaxt” soʻzini inglizlar “Poʻytekst” deb oʻqishini oʻylab, tashvish chekmasak ham boʻladi. Bugun qoʻlida zamonaviy smartfoni bor sayyoh internetga kirib, oʻzbek alifbosi haqida soʻrov bersa, qaysi harflar qanday tovushlarni ifodalashi haqida bir zumda maʼlumot olishi mumkin. Albatta, bu unga qiziq boʻlsa. Qolaversa, bunday holat boshqa tillarga ham begona emas. Masalan, sof rus tilida va kirill alifbosida yozilgan “Saxar” degan soʻzni ham inglizlar oʻzlaricha Seksep yoki Keksep deb oʻqishlari, talaffuz qilishlari mumkin. Chunki bu soʻzdagi barcha belgilar har ikkala alifboda ham bor. Ammo bu hol kirill alifbosining nufuziga aslo taʼsir qilayotgani yoʻq. Albatta, umuman kamchiliksiz, oʻta mukammal alifbo tuzish – murakkab masala. Biroq tilning eng asosiy talablariga javob beradigan yozuvni yaratish mumkin va bu borada lotin alifbosi ona tilimiz uchun bemalol javob beradi deb oʻylaymiz. Xususan, ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 28 yil toʻlishi arafasida – 2017 yilning 20 oktyabr kuni Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida boʻlib oʻtadigan “Oʻzbek tilshunosligining dolzarb masalalari” (til, alifbo va imlo) mavzusidagi respublika ilmiy-nazariy konferensiyasida bu muammolar yechimida siljish boʻladi deb umid qilamiz.

Endi hurmatli olimimizning yozuvlarni qiyoslab, tuzgan jadvaliga eʼtibor qaratamiz. Toʻgʻri taʼkidlanganidek, lotin alifbosida hech qanday qoʻshimcha belgisiz, “toza” 26 ta harf bor. Ularning oʻzbek tili tovushlarini aks ettirish imkoniyati, jadvaldagi natija toʻgʻri boʻlsa, 72 foiz ekan. Kirill oʻzbek alifbosida 35 ta harf bor va, u kishi uqtirganidek, bu harflarning oltitasi (Ye, Yo, Yu, Ya, S, ) ona tilimiz uchun keraksiz. “Qolgan 29 harf oʻzbek tovushlarining 81% i demak” deydi muallif. Shu yerda ozgina xatolik ketmadimikan?! Axir, alifbolarni qiyoslayotganda hech qanday belgisiz, oʻzak harflar hisob-kitob qilinishi kerak emasmidi? Yaʼni, haqli ravishda U, K, G, X harflariga qoʻshimcha belgi qoʻyish orqali yasalgan Oʻ, Q, Gʻ, H harflarini ham sondan chiqarishimiz lozim emasmi? Axir, ilmiy yondashuv shuni talab etadi-ku. Yoʻqsa, lotin alifbosida ham qoʻshimcha belgili harflar istagancha, hatto kirill alifbosiga nisbatan bir necha barobar koʻp topiladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun turli alifbolarning asosiy va qoʻshimcha harflari, belgilari, ifoda imkoniyatlari aks etgan Yunikod jadvaliga bir qur nazar tashlash kifoya. Xullas, yuqoridagi toʻrt yasama harfni ham ayirsak, oʻzbek kirillitsasida 25 ta oʻzak harf qoladi. Bu endi necha foizni tashkil qiladi, aniqlash uchun qoʻshimcha hisob-kitob qilishimizga toʻgʻri keladi.

Maqolada ancha mukammal deyilgan qozoq va ozarboyjon kirill alifbolariga qaraydigan boʻlsak, turkiy tovushlarni toʻla ifodalashning imkoni boʻlmagani uchun ayrim harflar aynan lotin alifbosidan “qarz”ga olinganini koʻramiz. Jumladan, j, i, h harflari kirill harflari safida, xuddi begona uyga adashib kirib qolgan musofirday, xijolatomuz turishibdi.

Endi IJTIMOIY jihatlarga eʼtibor qaratamiz.

Birinchi jihat – 1940 yildan buyon kirill alifbosida nihoyatda koʻp kitob chop etildi, lotin yozuvida savod chiqargan avlod ulardan bahramand boʻlolmaydi, degan fikr ilgari suriladi maqolada. Holbuki, maqola soʻngiga borib muallif oʻz fikriga qarshi boradi. Yaʼni: “kiril yozuviga qaytish maʼqul topilsa… lotin yozuvida savod chiqarayotgan bolalarga nima deymiz? Ular qiynalib qolishmasmikan? Yoʻq. Hozir oʻrta maktabda lotin yozuvini oʻrganayotgan koʻp farzandlarimiz kirill yozuvida ham ravon oʻqib, yoza oladi, chunki ikkinchi sinfdan boshlab rus tilini oʻrganadi, rus adabiyotini oʻqiydi, qolaversa, deyarli barcha kitoblar, gazetayu jurnallar shu yozuvda chiqib turibdi…”. Toʻgʻri gap. Chorak asr mobaynida lotin yozuvida savod chiqargan avlod kirill yozuvidagi kitoblarni ham oʻqiyapti. Agar oʻsha kitob chindan zarur va foydali boʻlsa, bu boshqa alifboda yozilgan, oʻqimayman, deb yuz oʻgirayotgani yoʻq. Toʻgʻri, kirill yozuvi oʻzlari oʻrgangan lotin alifbosi qadar ularga qadrdon emas, lekin maʼnaviyatni, tafakkurni boyitish yoʻlida ozgina noqulaychilikni pisand qilishayotgani yoʻq. Garchi nooʻngʻay boʻlsa ham aytay, oʻzbek maktabida oʻqib, lotin yozuvida taʼlim olayotgan oʻz farzandlarim ham koʻp badiiy va ilmiy kitoblarni kirill yozuvida oʻqiydi. Demak, lotin yozuviga toʻliq oʻtsak, kirilldagi merosdan bebahra qolamiz, degan tashvishga oʻrin yoʻq. Qolaversa, avval kirill alifbosida chop etilgan kitoblarning juda koʻpchiligi soʻnggi yillarda yangi alifbomizda qayta nashr etildi. Quvonarlisi, bu xazina borgan sari boyib boryapti. Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrda eʼlon qilingan kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirishga qaratilgan qarorining alohida bandida: “lotin yozuviga asoslangan yangi oʻzbek alifbosidagi ilmiy-texnik, adabiy-badiiy va ensiklopedik adabiyotlarni yanada koʻpaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish” boʻyicha qatʼiy koʻrsatma berilgan.

Ikkinchi jihat – kirill yozuvida bitirgan dastlabki avlodning yoshi saksonga borib qolgani aytilib, demak, butun xalqning savodi kirill xatida chiqqan, deb xulosa qilinadi. Iya, unda, 30 yoshgacha boʻlgan necha millionlab yoshlar BUTUN XALQ tarkibiga kirmas ekan-da!? Muallif fikrini davom ettirar ekan, lotin yozuvi ish yuritishga toʻliq joriy qilinsa, koʻp yoshi ulugʻ professor-ustozlar pensiyaga chiqadi, bundan millat qancha yutadi-yu, qancha yutqazadi, deb savol qoʻyadi. Avvalo, toʻgʻrisini aytish kerak, lotin yozuvi mamlakatimizda ertagayoq joriy etilishiga va keksa avlodning koʻchada qolishiga Zuhriddin akaning oʻzlari ham ishonmasa kerak. Negaki, ayni paytdagi holatimizdan kelib chiqib mushohada yuritadigan boʻlsak, avvalo, yangi milliy yozuvimizdagi ayrim nuqsonlarni isloh qilib, uni tasdiqlatib olishimiz kerak. Keyin esa aniq reja asosida, bosqichma-bosqich, ammo koʻp choʻzmasdan oʻtish loyihasi – yoʻl xaritasini ishlab chiqishimiz lozim. Bu jarayonda har qanday mutaxassis, yoshidan qatʼi nazar, lotinchani oʻzlashtirib oladi, deb oʻylayman. Jiddu jahd qilinsa, tez oʻqish koʻnikmasi ham paydo boʻladi. Axir, bugun zamon bilan hamnafas yashayotgan, ilgʻor dunyoqarashli otaxonu onaxonlarimiz ham lugʻat titkilab ingliz va boshqa chet tillarni oʻrganyapti. Buning oldida milliy alifboni oʻzlashtirish nima boʻpti!

Mabodo yangi alifbomizga juda tez oʻtib ketilgan taqdirda ham nihoyatda kerakli, oʻz ishining ustasi boʻlgan, oʻrnini boshqa hech kim bosolmaydigan mutaxassislarga istisno tarzida imtiyoz – yangi alifboni oʻzlashtirish uchun bir martalik muayyan muhlat berish mumkin. Axir, ilmdagi eng murakkab masalalarga yechim topib, qilni qirq yorayotgan mutaxassislarning 30 ta harfni yod olmasliklariga ishonib boʻlmaydi. Holbuki, aslida bunga hech ham hojat yoʻq – bugun lotin yozuvini bilmaydigan yetuk mutaxassis tugul, oddiy odamni ham topib boʻlmasa kerak.

Shu oʻrinda bir mulohaza: biz azal-azaldan oʻzini emas, avvalo, farzandlarini, kelajak avlodni oʻylaydigan millatmiz. Oʻgʻil-qizlar manfaati turganda, oʻzimizga qulaylik yaratish fikri xayolimizga ham kelmaydi. Ayrim Gʻarb davlatlaridan farqimiz ham shunda: oʻzim qiynalsam – qiynalay, bolam qiynalmasin, deymiz. Bugun ayrim yoshi kattalarning lotin alifbosini oʻqishga qiynalaman, kirill alifbosiga oʻtsak yaxshi boʻlardi, degan mulohazalarini eshitganimda, nahotki ular oʻgʻil-qizlariyu nabiralarining qonuniy, mantiqiy xohish-irodasini nazar-pisand qilmasa, qon-qonimizga singib ketgan ming yillik fazilatimiz nahotki shu yerda kelganda oqsasa, deb hayron qolaman. Achchiq haqiqat shu: biz – qirq yoshdan oʻtgan avlod oʻzimizning shaxsiy manfaatimizni millat manfaatidan, kelajak avlod iqbolidan ustun qoʻyishga haqqimiz yoʻq. Alifbo almashtiraverish tufayli chekkan maʼnaviy iztiroblarimizni, ogʻriqlarimizni bolalarimizga ravo koʻrmasligimiz kerak. Lotin alifbosini oʻqishga qiynalamiz, deyishimiz esa bolalarcha (yoki keksalarcha) injiqliqdan boshqa narsa emas.

Ha, butun xalqimizning katta qismini aynan yoshlar tashkil qiladi. Lotin yozuvi asosidagi oʻzbek alifbosi 1993 yildan buyon amalda ekanini inobatga olsak, bugungi kunda bu alifboda taʼlim olgan avlodning old qatori 30 ni urib qoʻydi. Shunday, adashayotganimiz yoʻq, Yangi alifbo joriy etilgandan buyon oʻtgan yillarga oʻshanda birinchi sinfga borgan bolalarning yoshini qoʻshing – 30 dan kam chiqmaydi. Oʻttizdan oshayotgan insonga endi yosh boladay qarab boʻlmaydi. U bu yoshda oila qurgan, kasb egallagan, hayotda oʻz oʻrnini topgan va kelajagini ham oʻzi belgilaydigan darajada boʻladi. Yurtimiz aholisining 30 yoshgacha boʻlgan qismi necha million kishini tashkil etadi – aniq raqam keltirolmasak-da, harholda, tarozining pallasini bossa kerak, deb oʻylaymiz. Qolaversa, ularning gʻayrat-shijoatga toʻlib, shu yurtning egasi menman, deya olgʻa intilishi posangiga qoʻshimcha zalvor yuklaydi va ularga xayrixoh boʻlishimizni taqozo qiladi.

Uchinchi jihat – “tekis asfalt yoʻlda oʻqday uchib borayotgan mashina toʻxtasa-yu, dala tomon burilib, shudgordan yangi yoʻl ochib yura boshlasa, boyagi shiddatdan nom-nishon qoladimi?” Juda oʻrinli oʻxshatish! Lekin buni faqat katta avlodga emas, koʻproq yosh avlodga nisbatan ishlatsak, toʻgʻriroq boʻlardi. Negaki, bugun yosh avlod aynan shu tashbehda keltirilganidek, tekis, ravon asfalt yoʻlda shitob bilan ketayotgan uchqur mashinaga oʻxshaydi. Ular mustaqil davlatda tugʻilib, yangi alifboda taʼlim olib, ulkan orzu-niyatlar bilan jamiyatimizga kirib kelishmoqda. Ular milliy yozuvimizni bizga oʻxshab LOTIN YOZUVI demaydi – faxr bilan OʻZBEK YOZUVI deydi! Sizu biz kirillcha matnda qanday erkin suzsak, ular lotin yozuvida ana shunday miriqib, yayrab, quloch otib suzadi. Agar, xudo koʻrsatmasin, kirill yozuviga qaytiladigan boʻlsa, Zuhriddin aka taʼkidlaganiday, ularning yorqin kelajakni koʻzlab shiddat bilan ketayotgan mashinalari bexosdan dala tomon burilib, shudgorzorga botib qolishi aniq! Sababi, bir necha oy oldin lotin-kirill mojarosi internetda, matbuotu televideniyeda avj olgan lahzalarda koʻplab yoshlarning koʻnglini chuqur xavotir chulgʻab olganini, nahotki bizni oʻz yozuvimizdan ayirishsa, deb chor tarafdan madad izlab qolganlarini koʻrdik. Eng yomoni, ular oldilariga qoʻygan katta maqsadu loyihalardan ham chalgʻib, jonsarak boʻlib qolishdi. Yaxshiyamki, koʻplab jonkuyar ziyolilar oʻrtaga tushib, milliy alifboni, uning timsolida kelajakni himoya qilib, yoshlarga dalda berishdi. Ayniqsa, Oʻzbekiston xalq taʼlimi vaziri Ulugʻbek Inoyatov va Oʻzbekiston Oliy Majlisi senati aʼzosi, xalq shoiri Iqbol Mirzo oʻz chiqishlarida kirillga qaytilmasligini, faqat milliy alifbomizdagi ayrim jihatlarni takomillashtirishga ehtiyoj borligini aytishgach, yoshlarimiz, keng jamoatchilik yengil nafas olib, xotirjam tortdi. Ha, bugun yoshlarga davlatimiz tomonidan ulkan eʼtibor berilayotgan bir pallada ularning shashtini zarracha ham pasaytirmasligimiz kerak.

Toʻrtinchi jihat – bugun idoralarda oʻzbekcha emas, ruscha ish yuritilayotganiga lotin yozuvi aybdor sifatida koʻrsatilgan. Bechora milliy yozuv! Shuncha malomatlar ustiga endi shu ayb ham uning chekiga tushyapti. Xuddi kirill yozuviga qaytilsa, birdan hamma idora oʻzbekcha ish yuritib ketadiganday. Qaytanga, bu bemalol ruscha ish yuritishga yoʻl ochmaydimi?! Hozir-ku, lotin yozuvi tufayli juda koʻp rasmiy blankalar, idora peshtoqidagi lavhalar va boshqa yozuvlar oʻzbek tilida yozilyapti. Lotin yozuvidan voz kechilsa, oʻshalar ham ruschaga aylanmasligiga kim kafolat beradi?! Hozir milliy yozuvning yosh avlod qiyofasida millionlab tarafdorlari bor, ular ulgʻayib, kuchaygan sari, shak-shabhasiz, milliy alifbo va tilni qatʼiy himoya qilishga oʻtadi.

“Avval ona tilimizning maqomini oʻrniga qoʻyib, nomiga emas, chin davlat tili qilib olaylik, u yogʻiga xudo poshsho”. Bu fikr xuddi ostona hatlamasdan turib, toʻrga oʻtib olaylik, deganday gap-ku. Axir, ona tilimizning maqomini oʻrniga qoʻyish uchun, avvalo, milliy alifbomizni toʻla-toʻkis joriy qilishimiz kerak emasmi?!

Beshinchi jihat – Oʻzbekistonda lotin alifbosiga oʻtilsa, bu yozuvga koʻchishi belgilanmagan boshqa tillar yozuvi qanday boʻladi, degan mulohaza. Hammamiz yaxshi bilamiz: Oʻzbekistonda lotin yozuvi faqat oʻzbek tili uchun joriy qilinyapti. Ruscha yoki boshqa yozuvdagi soʻzlarni hech kim lotin alifbosi asosidagi oʻzbek yozuvida yozishga majbur qilayotgani yoʻq. Har bir til oʻz yozuvi orqali oʻrganiladi, yoziladi. Bu qonunan kafolatlangan. Agar kimdir imij yoki reklama tariqasida lotincha yozishni xohlasa – nima ham derdik. Ammo shu yerda bir mulohaza: koʻcha-koʻydagi yozuvlarning toʻgʻriligini, mantiqqa mosligini tekshiradigan, nazorat qiladigan, tavsiya beradigan kengashmi, markazmi boʻlishi shart. Toki uning tavsiyasi, hukmi qonuniy, yuridik kuchga ega boʻlsin! Ana shunda, maqolada oʻrinli taʼkidlanganidek, “U tryox druzey”ga oʻxshash, hatto bundan-da tumtaroq bitiklarga duch kelmaymiz.

Oltinchi jihat – lotin yozuviga oʻtishga shuncha vaqt berildi, ammo oʻquv dargohlaridan boshqa hech qayerda bu yozuvda ish koʻrilayotgani yoʻq, shu bois yangi oʻzbek alifbosiga rostakam oʻtiladigan boʻlsa, real savodxonlik 15-20 foizga tushib qoladi, degan xavotir. Avvalo, savodxonlik darajasi boʻyicha xulosa chiqarishimizdan oldin, 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarimiz aholining necha foizini tashkil qiladi, degan savolga aniq javob topishimiz kerak. Qolaversa, 30 yoshdan to pensiya yoshigacha boʻlgan hamyurtlarimizni ham lotin yozuvini bilmaydi, deyish juda katta xato. Masalan, bizning avloddoshlar, yaʼni qirq yosh atrofidagi kishilar ham lotin yozuvida bemalol oʻqib, yoza olamiz. Bunday gapni yana ellik yosh atrofidagilar, hatto Zuhriddin akaning tengdoshlari orasida ham tasdiqlovchilar koʻp. Hamma gap ixlosda: agar chindan ham toʻla-toʻkis lotin yozuviga oʻtishni istasak, erinchoqligu hafsalasizlik qilmasak, yoshimizdan qatʼi nazar, qisqa muddatda qoʻllarimiz, koʻzlarimiz yangi alifbomizga koʻnikadi. Chunki bugun ish yuritish jarayonida toʻla foydalanmayotgan boʻlsak-da, yangi alifbomiz hayotimizga tobora chuqurroq kirib boryapti. Bugun ishga kirayotgan yigit-qizlarning arizani oʻzbek lotin alifbosida yozishi tabiiy holga aylanyapti. Va yaqinda taniqli shoirimizni soʻnggi yoʻlga kuzatish jarayonida beixtiyor qabristondagi bitiktoshlarga eʼtibor qildim: ulardagi yozuvlarning koʻpchiligi yangi alifbomizda bitilgan ekan…

Yettinchi jihat – lotin yozuviga toʻla oʻtsak, yurtimizga chegaradosh davlatlarda yashab kelayotgan toʻrt millionga yaqin oʻzbeklar ne qiladi, axir, ular yetti yot begona emas, jon jigarlarimiz-ku, degan qondoshlarcha tashvish bilan aytilgan fikr. Avvalo, bu jonkuyarlikni faqat olqishlashimiz kerak. Biz chindan ham nafaqat Oʻzbekistondagi, balki butun yer yuzidagi oʻzbeklarning maʼnaviyati haqida qaygʻurishimiz lozim. Chunki, shoir yozganidek: Oʻzbek koʻp butun yer yuzida, ammo // Olamda boshqa hech Oʻzbekiston yoʻq! Lekin bu jarayonda nigohimiz chegara hatlab toʻxtab qolmasligi, butun yer yuzini qamrab olishi shart. Garchi muallif “MDH doirasidagi koʻp mamlakatlarda oʻzbeklar kirillchada oʻqitilyapti va undan voz kechish xayollariga ham kelmayapti”, desa-da, Ozarboyjon va Turkmaniston lotin yozuviga allaqachon toʻliq va rasman oʻtib ketgani barchaga maʼlum. Eng katta qoʻshnimiz Qozogʻiston ham 2017 yilning oxirigacha qozoq lotin yozuvini rasman ishlab chiqib, 2025 yildan eʼtiboran uzil-kesil yangi alifboga oʻtishini eʼlon qildi. Ayni paytda qozogʻistonlik rasmiylar, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan yangi alifbo loyihasini qizgʻin muhokama qilyaptilar. Hozircha kirill alifbosida qolayotgan Qirgʻizistondagi siyosatchilaru ziyolilar orasida ham, boshqa turkiy xalqlar izidan biz ham lotin alifbosiga oʻtishimiz kerak, degan chaqiriqlar borgan sari kuchliroq eshitilmoqda. Toʻgʻri, ular hozircha iqtisodiy sharoit tufayli lotin alifbosiga oʻtishimiz qiyin kechadi, lekin 2030 yilga borib oʻtsak boʻladi, degan fikrlarni aytishmoqda. Hatto, mustaqil davlat boʻlmasa-da, Tatariston Respublikasida ham tatar tilining buguni va kelajagini oʻylab, lotin yozuviga oʻtish boʻyicha soʻnggi yillarda koʻp saʼy-harakatlar boʻldi va garchi bunga toʻla erishilmagan boʻlsa ham, 2012 yilning oxiridan eʼtiboran fuqarolarga rasmiy murojaatlarini lotin alifbosi asosidagi tatar yozuvida yozish huquqi berildi.

Albatta, Zuhriddin akaning Qirgʻiziston, umuman, yaqin chegara ortidagi millatdoshlarimizga qaygʻurishini toʻgʻri tushunsak boʻladi, lekin biz lotin alifbosiga toʻla oʻtib ketsak, ular bizdan ajralib qoladi, degan fikr toʻgʻrimas, nazarimizda. Chunki qoʻshni mamlakatlarda yashayotgan millatdoshlarimiz ham, boshqa millat vakillari ham bugun lotin yozuvining asosini tashkil etuvchi 26 ta harfni yaxshi taniydi. Qoʻshimcha toʻrt-beshta harfni oʻzlashtirish astoydil xohlagan kishiga hech qanday muammo tugʻdirmaydi. Va yana bir narsa aniq: agar biz lotin yozuviga oʻtishni paysalga solmasdan, aniq reja asosida jarayonni tezroq yakunlasak, qoʻshni mamlakatlarda yashayotgan millatdoshlarimiz ham ora yoʻlda sarson boʻlmasdan, yagona oʻzbek yozuvi atrofida birlashadi. Qolaversa, xorijdagi oʻzbeklar deganda, faqat yon atrofimizdagi qondoshlarimizni emas, arab dunyosi va Yevropa, AQSHda yashayotgan millatdoshlarimizni ham unutmasligimiz kerak. Yon-atrofimizdagi oʻzbeklarning aksariyati ham lotin, ham kirill yozuvini biladi, ammo olis mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizning koʻpchiligi kirill yozuvini bilmaydi – lotin yozuvi ularni Vatanga bogʻlab turgan hayotbaxsh rishta hisoblanadi. Xorijda yashovchi millatdoshlarimizning kirillga qaytmaslikni soʻrab, davlatimiz rahbariga yozgan maktubini oʻqigan kishi bunga yana bir karra ishonch hosil qiladi. Qolaversa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yaqinda AQSHga qilgan safari mobaynida oʻsha yerda yashayotgan oʻzbeklar bilan uchrasharkan, olis qitʼalarda ham qondoshlarimiz koʻpligini va ular bilan mustahkam xalqa qurishda lotin alifbosi qanchalik katta imkoniyatga ega ekanini yanada chuqurroq his qildik.

Yana bir jihat – alifbolarning texnik-dasturiy qulayligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya moslamalariga mutanosibligi. Bu haqda juda koʻp mulohazalar bayon qilingani va bu borada qaysi alifbo ustun ekani barchaga maʼlum boʻlgani bois ortiqcha izoh berib oʻtirmaymiz.

Navbatdagi jihat – masalaning iqtisodiy tomoni. Men ham Zuhriddin aka kabi moliyachi emasman. Shu bois chorak asr mobaynida mamlakatni lotin yozuviga oʻtkazish jarayonida qancha mablagʻ sarflanganini va agar kirillga qaytilsa, havoga uchgan shuncha mablagʻni nima deb oqlash mumkinligini bilmayman. Va yana bolalarimiz lotin yozuvida oʻqiyotgan kitoblaru dasturlarni, oʻquv dargohlaridagi koʻrgazmali qurollarni, idorayu koʻchalardagi turli bannerlarni va boshqa koʻplab maʼlumotlarni kirillchaga oʻtkazish qancha mablagʻ talab qiladi – aytolmayman. Harholda, bilganim shuki, oldinga yurish uchun qancha mablagʻ sarf qilinsa ham, oʻzini oqlaydi, ortga yurish uchun xarjlangan har qanday chaqa uvol hisoblanadi.

Va yana bir xato xulosa – lotin yozuvimizda qoʻshaloq harflar mavjud boʻlgani bois kirill yozuvidagi oʻn sahifalik matn oʻn bir sahifaga aylanadi, bu esa har oʻn tonna qogʻoz sarfiga yana bir tonna qoʻshiladi, degan fikr. Tajriba uchun istagan kishi bir xil matnni, bir xil shrift va kattalikda har ikki imloda yozib koʻrsin: hatto hozirgi qoʻshoq harflarga ega alifbomizda yozilgan matn ham kirill alifbosida yozilgan “egizag”iga nisbatan bir muncha kam joy egallaydi. Jumladan, ushbu fikr bayon etilayotgan abzats kirill alifbosida sakkiz yarim qator boʻlsa, joriy oʻzbek lotin alifbosida sakkiz misra ham chiqmaydi. Mabodo qoʻsh belgili harflarni isloh qiladigan boʻlsak, matn yanada ixchamlashadi va qogʻoz xarajati jiddiy kamayadi.

Tajriba uchun Vord dasturida, A4 formatda, 1,0 intervalda, 14 pt hajmda, Times New Roman shriftida yozilgan kirill alifbosidagi 77 sahifalik matn xuddi shu oʻlchovlar asosida oʻzbek-lotin alifbosiga oʻgirilganda 72 sahifani egalladi. Besh bet qogʻoz tejalishi maʼlum boʻldi.

Va nihoyat, maqolada huquqiy jihatga eʼtibor qaratilib, lotin yozuviga oʻtish umumxalq referendumida koʻrib chiqilmagan, deyiladi. Toʻgʻri. Lekin Oliy Kengash deputatlari xalq vakillari emasmi? Tilshunos olimlar, ziyolilar, mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan alifboni xalq bergan vakolat doirasida koʻrib chiqib, tasdiqlashlari qonuniy jarayon hisoblanmaydimi? Qolaversa, bu hujjatga xalq tomonidan saylangan Prezident imzo chekkan! Bugun bizdan chorak asr keyin lotin alifbosiga oʻtayotgan qardosh Qozogʻistonda ham referendum oʻtkazilayotgani yoʻq. Ammo bu hol ularni noqonuniy yoʻl tutyapti, deyishimizga asos boʻlolmaydi.

Eng muhim masala shundaki, bugun mamlakatimizda ulkan yangilanish jarayoni ketyapti. Oldimizda nihoyatda ulkan vazifalar, marralar turibdi. Bunday pallada butun xalqimizning – yoshu qarining birligi, jipsligi har qachongidan ham muhimroq. Shu bois millatni qarama-qarshi qutblarga boʻladigan har qanday tashabbuslardan ehtiyot boʻlishimiz darkor. Xususan, kirill alifbosiga qaytish haqida gapni qoʻzgʻash – yosh avlod qalbida sarosima, gʻulgʻula uygʻotib, ularni katta avlodga zid pozitsiya egallashga majbur qiladi. Bu esa bizning tarix oldidagi, kelajak oldidagi eng katta xatomiz boʻladi. Zuhriddin aka maqolasi xulosasida “Albatta, farzandlarimiz oldida uzrxohmiz. Ammo oʻgʻil-qizlarimiz buning uchun bizdan ginalab yurmaslar”, deya hazrat Navoiyning:

 

Otadan kelsa xato, bilma xato,

Savob bil dagʻi xato qilsa ato, –

 

degan misralarini qalqon sifatida keltiradi. Toʻgʻri, farzandlarimiz bizning – otalarining xatosini ham savob bilib boshiga koʻtarishi mumkin, ammo biz oqil ota boʻlsak, ularni ataylab notoʻgʻri yoʻlga boshlamasligimiz, oʻngʻaysiz holatga tushirmasligimiz kerak. Shu oʻrinda ulugʻ yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romanidagi yoshu qari yoddan biladigan lavha esga tushadi. Farzandi taqdirini uning raʼyiga qaramasdan hal qilib qoʻygan Yusufbek hoji oʻgʻliga yuzlanadi:

 

“ – Oʻgʻlim, hali san eshitdingmi-yoʻqmi, haytovur, biz saning ustingdan bir ish qilib qoʻydiq…

Otabek, maʼlumki, ularning “qilib qoʻygan yoki qilmoqchi boʻlgʻan ishlarini” albatta bilar edi. Shundoq ham boʻlsa bilmaganga solindi:

Aqllik kishilarning oʻgʻullari ustidan qilgʻan ishlari albatta nomaʼqul boʻlmas, – dedi. Hoji oʻgʻlining bu javobidan yerga qaradi va nima deb davom qilishni bilmay qoldi”.

 

Ha, bugun farzandlarimiz bizni tushunadi, deb, amaldagi yozuvni kirill yozuviga oʻgartirishni orzu qilayotgan otalarga yoshlarning javobi aniq. Bu javobni eshitib, Yusufbek hoji kabi mulzam tortib, boshimizni egishdan boshqa choramiz qolmaydi. Chunki ular zohiran taqdirga tan bersalar-da, koʻngillarida hech qachon qarorimizni qabul qilishmaydi. Ehtimol, shoʻro davridagi xatolarimizni tushunib, bizni malomat qilmasliklari mumkin, ammo ozod davlatda yashab turib, oʻz gʻoyamizga ega boʻlaturib yigirma besh yil davomida amal qilgan milliy alifbomizdan oʻz ixtiyorimiz bilan voz kechishimizni hech qachon tushunmaydi, hazm qila olmaydi. Shu bois bu gina farzandlar koʻksida ildiz otib, pinhoniy norozilikka aylanadi. Va kelajak avlod oldidagi masʼuliyatni anglab, koʻp emas, oradan oʻn besh, yigirma yil oʻtib, ular hal qiluvchi kuchga aylangach, oʻtgan kunlardagi xatoni toʻgʻrilash maqsadida dunyo ahli oldida xijolat teriga botganlaricha oltinchi marta alifboni oʻzgartirishga, oʻzlariga qadrdon boʻlib qolgan, koʻz ochib koʻrgan, ongu shuuriga, qalbiga maʼrifat ziyosini olib kirgan va insoniyatning asosiy qismiga tushunarli boʻlgan alifboga qaytishga jazm qilishadi. Ana shunda, Zuhriddin aka Isomiddinov aytganlaridek, biz alifbosini eng koʻp oʻzgartirgan xalq sifatida chindan ham Ginnesning rekordlar kitobiga kirsak, ajabmas. Nazarimda, bunday rekord bizga hecham kerakmas.

Zuhriddin akaning maqolasi soʻngida kirill yozuvida ham takomillashtirilishi lozim boʻlgan oʻrinlar, ortiqcha harflar, oʻzbek tovushlarini aks ettirishdagi kamchiliklar borligi aytilgan. Ammo, qizigʻi, bu hol “koʻp ham mushkul ish emas” deb baholangan. Bizningcha, ana shu koʻp ham mushkul boʻlmagan ishga ketadigan kuch-quvvatimizni amaldagi yangi alifbomizni takomillashtirishga sarflaganimiz maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz…

 

Nodir JONUZOQ,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir

https://saviya.uz/hayot/nigoh/milliy-alifbo-yoshlarni-ortga-sudramaylik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x