Ertaklarda tush va tush motivi

Butunni bilish uchun uni yuzaga keltiruvchi qismlarni bilish kerak boʻladi. Shu maʼnoda epik asarlarning syujet asosini tashkil etuvchi motivlarni bilmasdan ularning mohiyatini anglash mushkul. Demak, dastlab “motiv oʻzi nima”, degan savolga javob berish lozim.

“Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati”da “Motiv syujet tarkibidagi halqalardan biri”, deyilgan.[1] Syujet asar mazmunini tashkil etgan voqealar tizimi boʻlsa, motiv shu voqelikni yuzaga keltiruvchi asosiy unsur hisoblanadi. Yaʼni epik asar qurilma-strukturasini motivlarsiz tasavvur etish mumkin emas.

Epik asarlarning syujet va motivi haqida mutaxassis olimlarning qarashlari turlicha. Biroq koʻpchilik olimlar rus olimi A. N. Veselovskiyning bu boradagi fikrlariga asos sifatida tayanishadi. Mazkur olim motivlarning syujetni yuzaga keltiruvchi eng asosiy boʻgʻin ekanini taʼkidlab, “Motivlar birlashib, syujet halqasini yuzaga keltiradi”, – deydi.[2] U motivlarni syujetning eng kichik bir boʻlinmas boʻlagi sifatida tahlil etadi.

V. Propp va B. Putilovlar esa A. N. Veselovskiyning qarashlarini rivojlantirib, motivlarning hamisha oʻzgaruvchan ekanligiga, ular syujetning kichik bir boʻlagi boʻlgan holatda uning oʻzi ham boʻlaklardan, qismlardan tashkil topishiga eʼtibor qaratadilar.

“Motiv syujetning magʻzidir”, deydi B. Putilov.[3] Bu oʻrinda olim motivlarning tabiiy evolyusion jarayonini nazarda tutadi.

Syujetning yuzaga kelishi motiv bilan chambarchas bogʻliq ekan, motiv birlamchi ekanligiga hech shak-shubha yoʻq. Eng muhimi esa har bir motivning syujet halqasida qanday oʻrin tutishini, qanday mazmun va mohiyat kashf etishini aniqlash folklorshunoslikning dolzarb vazifalaridan biridir. Oʻzbek xalq ertak va dostonlari tahliliga bagʻishlangan fundamental tadqiqotlar mavjud. Bular orasida H. Zarifov, M. Saidov, M. Afzalov, T. Mirzayev, K. Imomov, X. Egamov, Gʻ. Jalolov, B. Sarimsoqov, A. Musaqulov, M. Joʻrayev, Sh. Turdimov kabi olimlarning ishlarini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.[4] Epik asarlarning syujeti, versiya va variantlari, tarixiy asoslari va badiiyati borasida bu olimlarimizning izlanishlari nazariy manba boʻlib xizmat qilishiga hech shak-shubha yoʻq. Biroq, shunday boʻlsa-da, birgina N. Doʻstxoʻjayevaning oʻzbek ertaklari tahliliga bagʻishlangan ilmiy ishini istisno qilganda, epik asarlar strukturasi bizda haligacha yetarlicha oʻrganilgan emas.

Har qanday epik ijod, birinchi navbatda, ertak va dostonlar ham oʻz qurilmasiga ega. Motiv esa ana shu qurilmada asosiy oʻrin tutadi. Shunday ekan, folklor asarlari tahlili motivlar tahlili orqali amalga oshmogʻi kerak. Epik asarlardagi motivlarni aniqlash, har bir motivning boshqa motivlar bilan bogʻliq jihatlarini, ichki harakat va xususiyatlarini, badiiy-estetik vazifalarini tahlil etish folklorshunoslikdagi muhim masalalardan biridir.

Maʼlumki, epik asar syujeti albatta biror makon va zamonda kechar ekan, bu harakat, shubhasiz, motivlar harakati orqali amalga oshiriladi. Bizning maqsadimiz esa ana shu motivlar, xususan, tush motivining epik asardagi oʻrni, boshqa motivlar bilan munosabati, voqelikni yuzaga keltirishdagi tadrijiy rivojini tahlil etishdan iborat. Zero, tush va tush motivi epik asarlarda muhim oʻrin tutadi.

Oʻzbek folklorida, xususan, xalq ertak va dostonlarida tushning muayyan asar tarkibida tutgan oʻrni, badiiy-estetik vazifasi va boshqa jihatlarini tadqiq etish uchun, avvalo, tush motivi mavjud boʻlgan asarlarni jamlab olib, ularni oʻzaro muqoyasa qilib, maʼlum yetakchi xossalariga koʻra tasniflab, soʻngra turli yoʻnalishlar boʻyicha tadqiq etish talab etiladi. Biz ushbu maqsadda nashr etilgan mavjud ertak va dostonlardagi tush ishtirok etgan asarlarni ajratib olib, ularni muayyan janr doirasida saralab chiqdik. Ommaviy nashr etilgan 160 ertakdan 19 tasida, 60 ta dostonning 16 tasida bevosita tush motivi mavjudligi aniqlandi. Ayni holat ertak va dostonlarda tush motivining kelishi xususiy hodisa boʻlmay, anʼanaviy koʻrinish olganligini va maxsus tadqiq qilish yetarlicha material bera olishini namoyon etmoqda.

Ertak va dostonlar tarkibidagi tushning har bir asar kompozitsiyasi, syujet qurilmasidagi oʻrni, badiiy vazifasi va ushbu motivning tub asoslari, undagi timsol, ramzlarning semantik koʻlamini atroflicha tahlil va tadqiq etish umumfolklordagi tush hodisasining tabiati, badiiy-estetik qimmatini yoritish imkonini beradi. Shunday ekan, dastlab tush motivi ishtirok etgan ertak va dostonlarni alohida-alohida har bir janr qamrovida qarab chiqaylik.

Ertak syujetida tush motivining tutgan oʻrni, badiiy yuki va umuman, ertaklardagi tushlar oʻzaro qiyoslanib tahlil qilinganda, birinchi galda, quyidagi jihatlar yaqqol koʻzga tashlanadi. Bu oʻrinda tush motivining syujet tizimidagi vazifasi, yaʼni syujetdagi boshqa halqalarning tush motiviga qay darajada bogʻlanganligi, aksincha, tush motivining, oʻz navbatida, bu motivlarga qanchalik aloqadorligi masalasiga eʼtibor qaratish zarur boʻladi.

 

Syujet oʻzagini tashkil etuvchi namunalar
 
Ayni tipdagi ertaklar nisbatan kam sonli boʻlsa-da, ularda tush voqea asosini tashkil etuvchi tayanch – oʻzak motiv vazifasini bajarishi bilan ajralib turadi. “Musofirbek” (varianti “Sotilgan tush”), “Xosiyatli tush”, “Sirli tush”, “Ibratli tush”, “Davlatmirza”, “Xon bilan kambagʻal”, “Qiron aka”, “Malikai Birmisqol” kabi ertaklarni ayni guruhga kiritish mumkin.[5] Ushbu asarlardan bir qanchasining nomlanishi (“Sotilgan tush”, “Xosiyatli tush”, “Sirli tush”, “Ibratli tush”) ham ularda tushning yetakchi oʻrin egallashini koʻrsatib turibdi.

“Xosiyatli tush” va uning versiyasi boʻlmish “Musofirbek” ertagini bu guruhning mukammal namunasi sifatida keltirish mumkin. “Xosiyatli tush” ertagining qisqacha mazmuni quyidagicha: “Kambagʻal ayolning yolgʻiz kal oʻgʻli oʻtinchilik bilan umr kechirardi. Bir kuni u gʻaroyib tush koʻribdi. Tushida kalning oʻng tomonida quyosh, chap tomonida oy balqib turganmish, kal goh quyoshni, goh oyni quchib, bagʻriga bosarmish. Kal onasining maslahati bilan bu tushining taʼbirini dono malikaga aytadi. Malika kalni urishib, haydaydi. Kal darvoza oldida poylab, bu tushning taʼbirini oʻz oshigʻiga aytgan payti bilib oladi. Taʼbirga koʻra, kal malikaga va yana bir goʻzal pariga uylanishi kerak ekan.

Malika va oshigʻi taqdirga qarshi tadbir koʻrib, bu yurtdan ketishga ahdlashadi. Kal yana onasining maslahatiga koʻra uxlab qolgan oshiq yigit oʻrniga borib, malika bilan birga oʻzga yurtga ketadi. Kal malikaning sinovidan oʻtib, unga uylanadi. Ular oʻzga podsholikda yashay boshlaydi. Shu mamlakat vaziri kalning xotinini koʻrib, husniga mahliyo boʻlib, podshoga aytadi. Podshoning ham malikaga ishqi tushib, halovatini yoʻqotadi. Podsho malikaga yetishish uchun vazirining maslahati bilan kalga shartlar qoʻyadi. Kal malika xotini yordamida bu shartlar (yoʻlbars suti, Guliqahqahni olib kelish)ni bajaradi va zolim podshodan qutulib, yurtga podsho boʻladi”.[6]

“Musofirbek” ertagi “Xosiyatli tush”dan birgina choʻpon yigit Qoʻldoshning mardikor doʻsti Yoʻldosh koʻrgan tushni sotib olishi bilan farqlanadi. Aslida, Yoʻldoshning tushida “… osmonda ikkita juda katta yulduz va bitta yulduz tushib” qoʻyniga kirishi ham mohiyatan “Xosiyatli tush”dagi kal koʻrgan tushga uygʻun keladi. Ertaklardagi syujet rivoji va yetakchi motivlar ham bir-biriga deyarli mos. Yaʼni:

– Qoʻldoshning tasodifan qizga sherik boʻlib safarga chiqishi;

– qizning Qoʻldoshni sinashi;

– Qoʻldoshning qiz bilan oila qurib, oʻzga mamlakatda yashashlari;

  • mamlakat podshosining qizga oshiq boʻlib, shartlar qoʻyishi (1.

Yoʻlbars suti. 2. Tilla gʻisht);

– ushbu shartlarni bajarish barobarida Qoʻldoshning ikkinchi singlisini ham oʻzi bilan olib kelishi;

– oʻlib ketgan otasi bilan bogʻliq uchinchi shartning bajarilishi davomida shohning halok boʻlib, qahramonning mamlakat taxtiga egalik qilishi.

Oʻrni bilan shuni aytish kerakki, “Xosiyatli tush”da har bir motiv epik mantiq mezonlariga mos ravishda hech bir shubhaga oʻrin qoldirmaydigan darajada badiiy asosga ega. Lekin “Musofirbek”dagi ikkinchi shartni bajarish barobarida pari qizning kelishi tush taʼbiri hamda “Xosiyatli tush”dagi muqobilga toʻgʻri kelsa-da, qizga Qoʻldoshning doʻsti Yoʻldoshga berilishi soʻnggi davrdagi tahrir sifatida baholanishi oʻrinli. Chunki tush taʼbiriga koʻra, ikki yorugʻ yulduz tush koʻruvchining (“Xosiyatli tush”da kun va oy) qoʻyniga kiradi. Oʻz navbatida, bu yulduzlar tushni sotib olgan kishiga nasib etishi kerak edi (“Xosiyatli tush”da voqea shu tartibda yechimga ega).

“Musofirbek” ertagida qahramonning “qizga sherik boʻlib safarga chiqishi” motivi ham “Xosiyatli tush”dagidek mantiqiy asosga ega emas. Ayni paytda, “Musofirbek”dagi sinov motivi va bu oʻrinda keltirilgan kiritma hikoyat ertak badiiyatini yanada mukammal maqomga koʻtaradi. Ayni voqealar “Xosiyatli tush”da uchramaydi.

Bir soʻz bilan aytilsa, qiyos natijasi bu ertaklarni versiya sifatida baholashga toʻla imkon beradi. Koʻrinib turibdiki, ertaklar syujeti tush tizimiga mos ravishda rivoj topib, yakunlanmoqda. Mabodo ertak tarkibidan tush motivi olinsa, asarlar sochilib, oʻz qiyofasini yoʻqotadi.

Ushbu ertaklar xalqning tush – inson taqdiri va kelajagi toʻgʻrisida sirli xabar va shiorlar ekanligi haqidagi tasavvurlarini oʻziga xos ravishda badiiy ifoda etmoqda. Xususan, kimki tush koʻrsatmalariga binoan tadbir yuritsa, albatta amalga oshishi “Xosiyatli tush” orqali, mabodo ayni imkon oʻzgaga berilsa, bu azaliy “yuk” boshqa oʻzanga oʻtib, roʻyobga chiqishi “Musofirbek” misolida tasvirlab berilmoqda. Taqdiri azalning amalga oshuvi bevosita inson xatti-harakati va intilishlariga bogʻliqligi haqida ushbu qarashlar xalqimizning tush hodisasi bilan bogʻliq sakral tasavvurlarining mukammal tizimga ega ekanligini yana bir bor isbot etadi.

Maʼlumki, nafaqat oʻzbek, balki, umuman, dunyo xalqlari ertaklarida maʼlum miqdordagi motivlar va sanoqli syujet tiplari mavjud boʻlib, barcha ertaklar ana shu motivlarning biror bir syujet tipi doirasida u yoki bu darajada kombinatsion yangilanishi natijasida paydo boʻladi. Ushbu syujet tizilmasida koʻpincha biror bir motiv yetakchi oʻrin egallaydi. Qolganlari esa ushbu tayanch motiv atrofida birlashadi. “Xosiyatli tush”, “Musofirbek”, “Sirli tush”, “Ibratli tush”, “Davlatmirza”, “Xon bilan kambagʻal dehqon” kabi ertaklarda tush motivi ana shunday birlashtiruvchi oʻzak vazifasini oʻtamoqda.

Ushbu guruhga mansub “Ibratli tush”, “Xon bilan kambagʻal dehqon” ertaklariga solishtirilsa, ularda tush va taʼbir bevosita asar syujetining asosiy qismini tashkil etishini koʻramiz.

“Ibratli tush” ertagini namuna sifatida keltirib, tahlil etaylik.

“Bir zamonda bir podsho kechasi yotib tush koʻrgan ekan. Tushida aylanib yurib, bir bogʻni koʻrgan ekan, bogʻda bir togʻni koʻrgan ekan, oʻrtasida ikkita tentak bilan sogʻni koʻrgan ekan. Ul bogʻning oʻrtasida bir tup mevali daraxt bor ekan, u daraxtning mevasi pishgan ekan, toʻkilib tagiga tushgan ekan. Mevani terib olgan ekan, doʻppisiga solgan ekan, yeyman deb yeya olmay qolgan ekan. Shunda bu koʻrgan tushiga oʻzidan-oʻzi taajjub – hayron qolgan ekan.

Podshoning toʻrtta munajjim folchisi bor ekan. Toʻrtovini aravaga solib kelib, roʻparaga olib kelib:

– Men bugun tush koʻrdim, tushimni joʻyinglar, taʼbirini aytib beringlar, – degan ekan. Munajjimlar:

– Koʻrgan tushingizni bizga aytasiz, unga biz taʼbir aytamiz, –

deyishibdi. Podsho:

– Men tushimda bir bogʻni koʻrdim, bogʻda aylanib yurib togʻni koʻrdim, oʻrtasida bir tentak bilan sogʻni koʻrdim. Bogʻning oʻrtasiga borsam: bir mevali daraxt, mevasi pishgan, toʻkilib tagiga tushgan. Mevasidan terib olibman, doʻppimga solibman, yeyman deb turib uygʻonib qolibman. Shu koʻrgan tushimni qay xilda qilib taʼbirini joʻyasizlar? – debdi. Munajjimlar:

– Kishining tushiga har qanday narsa kiradi. Uni joʻysa ham boʻladi, joʻymasa ham boʻladi, – deyishibdi. Podsho:

– Koʻrgan tushni joʻya olmagandan keyin, sizlarning munajjimliklaringizning nima keragi bor? – debdi. Munajjimlar:

– Boʻlmasa, koʻrgan tushingizdagi mevali daraxt mevasining monandi

nimaga oʻxshaydi? – debdi. Podsho:

  • Mevasi tillaga monand, bargi kumushga monand, shoxi temirga

monand, – debdi. Munajjimlar:

– Siz tushingizda koʻrgan u daraxt yer yuzida yoʻq narsa, – debdi. Podsho:

– Yoʻq narsa mening tushimga kirmaydi. Topib bermasanglar,

munajjimligingizni hisobga olmayman, sizlarga jazo buyuraman, – debdi. Shunda munajjimlar koʻzidan yosh toʻkib, bir-biriga hayron qarashib turgan vaqtda, podshoning otboqar xizmatkori bu gapni eshitib qolib, podshoga taʼzim qilibdi. Podsho:

– Ha, nima arzing bor, – debdi. Otboqar:

– Siz aytgan mevali daraxt bor. Bular munajjim boʻlgani bilan bilmaydilar. Bularni xoʻrlamang, topib bering, deb zoʻrlamang. U mevali daraxt bor boʻlgani bilan hozir mevasi pishgani yoʻq. Mevasi toʻkilib, tagiga tushadi. Mevasini terib olib, etagimga solib, tanasi temirga oʻxshagan, bargi kumushga oʻxshagan, mevasi tillaga oʻxshagan daraxtni olib kelib koʻrsataman. Har qancha jazo buyursangiz, men gardanimga olaman, bularni qiynamang, deb umid qilaman, – debdi. Podsho xoʻp deb munajjimlarni beozor ketkazibdi. Oʻzining yegan ovqatining sarqitini otboqarga yegizib yurganda qirq kun boʻlibdi. Otboqar yigit haligi mevali daraxtning bir shoxini kesib, mevasini halviratib, yelkasiga solib shalviratib, podshoning darvozasiga kelibdi. Eshik oldidagilar: – Buni nimaga olib kelding, – desa.

– Podshoga mening koʻrsatadigan dalil – vajim bor debdi. Ular podshoning oldiga olib borishibdi. Podshoning oldiga mevali daraxtni tashlab, taʼzim qilib turibdi. Podsho:

– Nimaga buni olib kelding, – debdi. Otboqar:

– Buni olib kelmay, nimani olib kelaman, – debdi. Podsho:

– Buning menga nima darkori bor? – debdi. Otboqar yigit:

– Nima darkori bor deysiz, buning mevasidan yeysiz, qaysi kungi munajjimlarga nima deysiz. Buni siz koʻring, sizning tushingizda koʻrgan daraxtning yoʻrigʻidan yoʻriqlab, oʻzingizning oʻzingiz aqlingizni qoʻriqlab, shunga qarang-chi, tushingizda koʻrgan daraxtga oʻxshaydimi, yoʻqmi? – deganidan keyin podsho qoyil boʻlib, ozgina sarpo berib ketkazib, nariroqqa yetkazib, u daraxtning mevasidan yeb, unday-bunday deb, u mevali daraxt nima ekan desam, jiyda ekan…”[7]

Ertakda toʻrt munajjim taʼbir etolmagan podsho tushini oddiy otboqar yigit yechadi. “Ibratli tush”ning ibratli jihati tush taʼbirining voqeaga, taʼbirchi xatti-harakati, tadbiriga singdirib yuborilganligida. Yaʼni bu hayot – “bogʻ”da oʻzini dono ataganlarning hammasi bilimli boʻlmay, aqli, idroki, kamolini koʻz-koʻz qilmay, boshqalar nazdida “telbasifat” yurgan kishilar ham dono boʻlishi mumkinligi, har kim bajargan ishiga koʻra baholansa, adolat tantana qilishi haqidagi fikr badiiy ifodalangan.

“Podsho va kambagʻal dehqon” ertagida esa bevosita hayotda ham shunday holat, hodisa roʻy berishi haqida tasavvur aks etishi barobarida tushning kishi ruhiy holati va oʻy-kechinmalarining ifodasi sifatida voqe boʻlishi ham oʻta obrazli tasvirlarda bayon qilingan.

Ertakda dehqonning bir xumcha oltin topib olib, huzur-halovatini yoʻqotishi, yoʻlda oʻtayotgan mahram buni koʻrdi deb gumonga borib, uni turli bahonalar bilan tergashi, kampirining oltinlarni toshga aylantirib qoʻyganidan bexabar tosh toʻla xumni xonga olib borishi va nihoyat oʻzini ovsarlikka solib, zindondan qutulishi, oxir-oqibatda xum toʻla oltinga bogʻliq uchta tush syujet asosini tashkil etadi.

Bir asarda ikki yoki undan ortiq tushlarning kelishi oʻzbek xalq ertaklarida yagona hodisa emas. Jumladan, “Musofirbek”, “Gʻulombachcha”, “Malikai Husnobod”, “Qiron aka”, “Murqumom”, “Davlatmirza” ertaklarida ham ikkitadan tush uchraydi. Yuqorida sanab oʻtilgan ertaklardagi tushlardan “Xon bilan kambagʻal dehqon” ertagidagi tushlarning bir-biri bilan oʻzaro yaxlit tizimda turishini nisbatan yagona holat sifatida koʻrsatish mumkin. Yaʼni chol koʻrgan birinchi tush: “Bobo uyiga qaytib kelib nihoyatda charchaganidan yotib uxlab qolibdi. Tushida u qirqta dovuchcha yegan emish”. Kampiri uning bu tushini: “Dovuchcha achchiq narsa-ku, endi siz xondan qirq tayoq yeysiz”, – deb taʼbir qiladi. Chol bu taʼbirdan koʻngli toʻlmay eshonga boradi. Eshon: “Sen hech vaqt tushingni xotiningga ayta koʻrma, uning yoʻygani notoʻgʻri boʻladi. Endi qirq tayoq olasan”, – deb aytadi. Chindan ham kampirning aybi bilan chol xondan qirq tayoq jazo oladi.

Ikkinchi tush: “Bobo holdan ketib uxlabdi va yana tush koʻribdi. Bu gal u tushida saksonta dovuchcha yebdi. Chol tushini xotiniga aytmay, eshonga borib: – Ey taqsir, bugun men yana tush koʻrdim, tushimda oʻn besh dona dovuchcha yedim. – debdi. Eshon: Sen qancha dovuchcha yeganingni toʻgʻrisini ayt, debdi. Bobo: – Taqsir, qirq, ellikta dovuchcha yedim! – debdi. Eshon aytibdi: Bu aytganlaring ham toʻgʻrisi emas, toʻgʻrisini soʻzla, – debdi. Har bir dovuchcha uchun endi bittadan tayoq yesam kerak, deb oʻylab: – Bugun men tushimda sakson dovuchcha yedim, debdi. – Agar unday boʻlsa, – debdi eshon, – bugun sen ming tilla mukofot olasan, – debdi”.

Keltirilgan har ikkala tush tasvirida xalqning tush hodisasi bilan oʻta muhim qarashlari oʻz ifodasini topganligini taʼkidlab oʻtish lozim. Bular quyidagilar:

  • “Tushning boshi qil” maqolida obrazli aytilgan eʼtiqod mavjud. Bunda tush dastlab qanday taʼbir qilinsa, oʻsha holatda roʻy beradi, deb qaraladi.

– Har qanday tushni yaxshilikka yoʻyish va tushni asosan taʼbirni biladigan oqil kishiga aytish.

Cholning bu tushini beoʻrin taʼbir qilgan kampir yaxshilikning yomonlikka aylanishiga sabab boʻladi. Eshon shu sababli ham cholga: “hech vaqt oʻz tushingni xotiningga aytma”, – deb maslahat beradi.

– Tush koʻruvchi taʼbirchiga oʻz tushini imkon qadar batafsil, buzmasdan bayon etishining muhimligi. Chunki har bir koʻrilgan tush qatorida toʻqilgan tush ham amalda roʻy berishi mumkin, degan qatʼiy ishonch mavjud. Jumladan, islom olamida keng tarqalgan Yusuf alayhissalom hayoti bilan bogʻliq qissalarda ham novvoy toʻqigan tushda ayni hodisa aks etgan. Eshonning cholni tushini aniq aytishga majbur etishi ana shu talabdan kelib chiqqadi.

“Xon bilan kambagʻal dehqon” ertagidagi tushlar xalqning tush haqidagi eʼtiqodiy qarashlar tizimini oʻzida mukammal aks ettirishi bilan ham ahamiyatlidir. Ertakdagi xon koʻrgan uchinchi tush ham yuqoridagi tush va oltin bilan chambarchas bogʻliq.

“Oʻsha kuni tunda xon ham tush koʻribdi. Tushda qiyomat-qoyim boʻlgan emish. Farishtalar hamma odamlarni, shular qatorida xonni ham Sirot koʻprikka haydab borganmish. U bir yarim ming chaqirim yoʻl bosgandan soʻng Murod boboga duch kelibdi. Bobo xonga: “Sen biz kabi begunohlarni u dunyoda urding, qiynading, bir semiz oting hurkib seni yiqitgani uchun meni qattiq jazolading, endi seni bu yerda shunday uradilarki, bu dunyoga kelganingga ham pushaymon yeysan, – debdi”.

Ertakda podshoning Murod boboni chaqirtirib kelib, rozi-rizoligini olish uchun koʻp tilla vaʼda qilgani, lekin chol qoʻyib yuborsangiz boʻldi, roziman, deb pul-mol olmay, oʻzi topgan oltinlarni sarflab, murod-maqsadiga yetganligi aytiladi.

Tush taʼbiriga koʻra, chol podshodan ming tilla olishi kerak edi. Lekin bu oʻrinda ertakchi qandaydir sabablarga koʻra voqeaning ushbu oʻrniga tahrir kiritgan. Aslida, tush ishtirok etgan ertaklar, xususan, asar syujeti bevosita tush bilan bogʻliq asarlarda aytuvchilar tomonidan kiritilgan yangilik yoki oʻzgartirishlar, unutilgan detal va oʻrinlar aniq sezilib turadi. Misol tariqasida yuqorida koʻrib chiqilgan “Musofirbek” va “Xon bilan kambagʻal dehqon” ertaklarini eslash kifoya.

Biz birinchi guruh sifatida saralagan ertaklar kompozitsiyasiga diqqat qilinsa, ularda tush motivining asar avvalida kelishini kuzatamiz (birgina “Xon bilan kambagʻal dehqon “ertagi bundan mustasno).

“Malikai Birmisqol”, “Qiron aka”, “Vospiroxun” (soʻnggi qismi), ertaklarida syujet tuguni tush bilan boshlanishiga koʻra birinchi guruhga mansub boʻlsa-da, bu namunalardagi tush motivi toʻlaligicha syujetning boshqa halqalarini oʻz qaramogʻida tutib turmaydi. Masalan: “Malikai Birmisqol” ertagida podshoning yakkayu yagona Ahmadbek oʻgʻli goʻzal malikani tushida koʻrib, oshiq boʻlib qoladi. Ayni holatni “Qiron aka” ertagida ham koʻramiz.

Har ikki ertakda ham tushning tafsiloti uchramaydi. “Ahmadbek gʻam-hasratdan uzoqda voyaga yetibdi. Kunlardan bir kuni tushida goʻzal malikani koʻrib, unga gʻoyibona oshiq boʻlib qolibdi. Shu kundan boshlab Ahmadbek birovga gapirmaydigan, biron taomga qoʻl oʻrmaydigan boʻlibdi”[8] tarzida statik axborot berilgan. Bu holat “Qiron aka” ertagida ham deyarli shunday. Ertaklarda shahzodalar sirini bir xilda keksa kampirlar aniqlab, ularning oshiqligi oshkor boʻladi. Ahmadbekka gʻayritabiiy koʻmakchilar, “Qironxon”dagi shahzodaga esa Qironxon yordam berib, oshiqlar maʼshuqasiga yetishadi.

Ushbu ertaklardagi tush motivi boshqa bir xabar bilan almashtirilsa, ertaklar syujetiga deyarli putur yetmaydi. Ayni holatni “Vospiroxun” ertagining uchinchi qismida, yaʼni Sohibqurolning uch oʻgʻil koʻrib, otasidan qolgan meros mulk orasidagi oynai jahonnomaga qarab uxlab, tushida koʻrgan qizga oshiq boʻlib, unga oʻgʻillarini joʻnatishi va kenja oʻgʻilning qiyinchiliklarni yengib, ushbu qizni olib kelishida ham kuzatamiz.

“Qiron aka”, “Malikai Birmisqol”, “Vospiroxun” (soʻnggi qismi) ertaklarida syujetning koʻrilgan tush bilan bogʻliq boshlanib, yakun topishi bu ertaklarning birinchi guruhga mansub ekanligini bildirsa-da, qiz haqida maʼlumot beruvchi tushning boshqa biror “xabarchi” motiv bilan almashishi syujet tizimiga deyarli oʻzgartirish kiritmasligi bu namunalarni ertaklardagi biz alohida ajratilgan ikkinchi guruhga uygʻunlashtiradi.

 

SYUJYeTNING MAʼLUM HALQALARINI BOGʻLOVCHI NAMUNALAR

 

Ushbu guruhga kiruvchi namunalarda tush motivi ertak syujet tizimidagi halqalarning maʼlum bir boʻgʻinlarini oʻzaro bir-biriga bogʻlab turadi. Eng eʼtiborli jihatlardan yana biri shundaki, bu guruhdagi tushlar ertak voqealari bayonining rivojida yoki soʻnggida uchraydi.

Ayni guruhga kiruvchi tushlarni biror bir ertak syujetidagi oʻrni va mohiyatiga koʻra quyidagicha ichki qismlarga ajratib tasnif etish mumkin.

A) Qahramonning tushiga kirgan biror bir gʻayritabiiy kuch yoki homiy ruh unga xavf-xatardan qutulish yoʻlini, chorasini oʻrgatadi: “Gʻulombachcha” (birinchi tush), “Besh qiz”, “Odilbek bilan Xurrambek”, “Hakim baliqchi”, “Erkenja” va hokazolar.

Misol uchun, “Gʻulombachcha” ertagidagi birinchi tushni keltirishimiz mumkin. “Gʻulombachcha gʻaladon ichida yotib tush koʻribdi. Tushida bir odam: “Ey yigit, shu qishloqning narigi chekkasida bir tepalik bor. Shu tepalikda ajdarning makoni bor. Bu ajdar kunduzi uxlaydi, kechasi chiqib hamma qishloqlarni aylanib, nima toʻgʻri kelsa, tutib yeydi. Bu qishloqning xarob boʻlishiga shu ajdar sababchi. Sen ertaga oʻrmonga borib, bir qancha yogʻochlarni yigʻib, shu ajdar ustiga koʻmma qilib, ichki tomonini bir-biriga matashtirib qoʻy. Yogʻochlarning xar qaysi uchini ip bilan bogʻla, oʻrtasiga tosh qoʻy. Ilon chiqadigan vaqtda haligi iplarni birdaniga kesib yubor. Yogʻochlar tegib, ajdarning boshi yarador boʻladi, oʻlsa ham ajab emas”, – debdi. Gʻulombachcha uygʻonib qarasa, oldida hech kim yoʻq, tong otib qolibdi”.[9] Gʻulombachcha ushbu maslahatga amal qilib ajdarni yengadi.

Qahramonga “Besh qiz” ertagida – Xizr, “Odilbek bilan Xurrambek”da – kampir, “Hakim baliqchi”da – chol, “Erkenja”da – bir odam ayni shu tartibda maslahat beradi. Qahramonga gʻayritabiiy kuchlarning tushida beruvchi maslahatlari deyarli aniq tarzda aytilib, boshqa tushlar kabi maxsus taʼbir, talqin talab etmaydi. Misol tariqasida yana bir namuna keltirib oʻtish mumkin. “Odilbek bilan Xurrambek”dan koʻchirma: “Odilbek yoʻl yurib, nihoyat togʻ oraligʻidagi gʻorga yetib kelibdi. Tushida bir nuroniy kampirni koʻribdi. Kampir “ha, bolam, bu borsa kelmas yurtda nima qilib yuribsan? – deb soʻrabdi. Odilbek boshidan oʻtganlarni gapirib beribdi. – Ishing ogʻir ekan, bolam, – debdi kampir. – Mayli, senga bir maslahat beray, baxting yor boʻlsa, maqsadingga yetarsan, – debdi. Qanday maslahat ekan, – deb soʻrabdi Odilbek. Kampir aytibdi: – Sen mana shu gʻorga kirib boraverasan, koʻp yurganingdan keyin ajoyib bir gulzorga yetasan. Shunda sen yuqoriga qara. Baland togʻning choʻqqisida koʻk bilan oʻpishib turgan bir qasrni koʻrasan. Gulparizod ana shu qasrda turadi. U qasrga chiqish odam bolasining qoʻlidan kelmaydi. Agar baxting boʻlib, chiqa olsang, qasrning birinchi darvozasida bahaybat bir dev qorovul boʻlib yotibdi. Shu devni oʻldirib, jigʻildonidan qirq darvozaning kalitini olsang bas. Undan u yogʻi darvozalarni ochganingdan keyin maʼlum boʻladi. Odilbek uygʻonib koʻzini ochsa, tushi ekan”.[10]

Odatda, tushga kiruvchi gʻayb odam qahramonga kerakli maʼlumot, yoʻl-yoʻriq va taʼbu sirgacha aytadi.

B) Qahramon tushiga kirgan shaxs yoki boshqa ishorat beruvchi vosita sababli safarga otlanadi. “Ozodchehra”, “Gʻulombachcha” (ikkinchi tush), “Susambil”, “Bulbuligoʻyo”, “Qiron aka” (ikkinchi tush) ertaklarida kelgan tushlarni ushbu guruhga kiritish mumkin. Ayni ertaklardagi tushlar tafsilotiga eʼtiborimizni qarataylik:

“Ozodchehra bir kuni kechasi tushida otasini koʻrib, choʻchib uygʻonibdi va chuqur bir oh tortibdi…”[11] Shundan keyin u otasini koʻrish uchun yoʻlga chiqadi.

“Gʻulombachcha tushida podshohning qizini koʻribdi. Qiz Gʻulombachchaga: – Otashinlik vaqtida alvaʼdayn degan gaplar bor. Vaʼdaga vafo qilmading-ku, – deb koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. Gʻulombachcha choʻchib uygʻonib qarasa, tushi, yonida hech kim yoʻq, azon vaqti boʻlgan ekan”.[12] Gʻulombachcha ham shu tush tufayli yoʻlga chiqadi.

“Podshoning kenja oʻgʻli tush koʻribdi. Tushida bir parcha bulut uzilib, qoʻyniga tushibdi. Choʻchib uygʻonib, podshoning yoniga kelib:

– Ey otajon! Menga ham safar yoʻli tushdi. Tush koʻrdim, tushimda safarga chiqishni xush koʻrdim. Yaxshilik bilan javob bersangiz ham, yoʻq desangiz ham ketaman, – debdi”.[13] Kenja oʻgʻil ham tush yoʻrigʻi bilan safarga otlanadi.

“Susambil”da hoʻkiz tushida boshqa hoʻkizni suzayapman, deb xoʻjayinini suzgani uchun uydan haydalib, boshqa hayvonlarga qoʻshilib, Susambilni izlashga tushadi.

Keltirilgan tushlar bayoni ham bu xildagi tushlarning qisqachaligi deyarli ortiqcha timsollarsiz qahramonning safarga chiqishiga turtki uygʻotishi bilan ajralib turishini bildirmoqda.

V) Ertak syujetining maʼlum bir halqasida roʻy berajak voqea qahramon tushida ayon boʻladi. “Malikai Husnobod”, “Rustam va Sherzod”, “Murqumom” (ikkinchi tush) ertaklaridagi tushlar ushbu xususiyati bilan eʼtiborga molik. Masalan:

“Qizning otasi kechasi tush koʻribdi. Qarasa, osmondan bir burgut kelib, podshoni koʻtarib uchibdi. Olib keta turib: “Menga qulluq qilasanmi, yo boshingni uzib tashlaymi? – debdi. Podshoh: “Yurtimni va xazinayu dafinalarimning hammasini senga beray, lekin omon qoldir”, – debdi. Shunda qush: “Menga dunyo kerak emas, sen zolimdan Husnobodning hokini talab qilaman”, debdi. Podshoh qizining ismini eshitib, yigʻlab turgan vaqtida Husnobod qizi bir togʻning orasidan chiqib kela boshlabdi. Bir qoʻlida yalangʻochlangan qilich, bir qoʻlida gʻoz kabobi bor emish. Qizi yetib kelib, oʻsha qushni bir uribdi. Qush ikki boʻlakka boʻlinibdi. Podshohni yerga qoʻyib, qoʻlidagi kabobni uzatib: “Ota, mendan oʻtgan boʻlsa, maʼzur tuting”, debdi. Podshoh “dod” deb uygʻonibdi. Qarasa, yon-atrofida hech kim yoʻq, qorongʻuda bir oʻzi yotgan ekan”.[14]

Podshoh tushini vaziri sizga dushman daf qilsa, qizingiz kelib qutqarib olar ekan, podshohlik boshqa odamga oʻtar ekan, deb taʼbir qilgani uchun zindonband boʻladi. Ertak voqealari esa ushbu tush xabar berganidek oʻz yechimini topadi.

“Rustamzod va Sherzod” ertagida ham oʻzi va bolalari taqdirida roʻy berajak voqea cholning tushida ayon boʻladi. “Bir kuni boboy charchab, oʻylab yotgan edi, mudroq bosib, koʻzini uyqu oldi. Tushida koʻrsa, oʻz hovlisida oʻtiribdi. Shu vaqtida bir shoqol kelib, murgʻni tutib oldi. Boboy yugurib kelib, murgʻni qutqarish uchun koʻp jahdu jadal qildi, boʻlmadi. Axiri shoqol murgʻni olib ketdi. Boboy uygʻonib qolib, tush koʻrganini angladi”.[15]

Ushbu ertakdagi tush bevosita taʼbir qilinmagan boʻlsa-da, voqealar rivoji tush timsollari talqiniga mos davom etadi. Ayni holat “Murqumom” (ikkinchi tush)da ham toʻlaligicha aks etgan.

Keltirilgan misollarni oʻzaro va boshqa tush ishtirok etgan namunalarga muqoyasa qilib koʻrilsa, ayni guruhdagi tushlar toʻlaligicha timsollar vositasida bayon etilishini kuzatamiz.

G) Voqelikni tush sifatida bayon etish. Qahramon mushkul shartni bajarish davomida oʻz koʻrganlarini tush sifatida aytadi (“Mohistara”). Qahramonga qoʻyiluvchi shartga sabab sifatida tush toʻqiladi (“Musofirbek”dagi ikkinchi tush). Har ikki holatda ham toʻqiluvchi tushlar shart motivi bilan aloqador kelmoqda. Ertaklar tarkibida tush motivi syujetining maʼlum halqalarini bogʻlab kelgan namunalar, asosan, biz yuqorida tasnif etgan toʻrt xil koʻrinishda namoyon boʻlmoqda.

Oʻz navbatida, ertaklarda keluvchi tushlarning ikki katta guruhi oʻzaro qiyoslansa, ular oʻrtasidagi farq yanada aniqroq namoyon boʻladi.

Har ikki guruh oʻrtasidagi asosiy farqlar:

– Birinchi guruhga mansub ertaklarda tush motivi, asosan, voqea avvalida keladi va syujetning asosiy boʻgʻinlari: tugun, kulminatsiya, yechimlar ushbu motiv bilan chambarchas bogʻlangan holatda voqe boʻladi;

– ikkinchi guruhdagi tushlar voqea rivoji yoki voqea soʻnggida keladi. Ularda birinchi guruhdagi kabi keng qamrov yoʻq;

– birinchi guruh namunalaridagi tush motivini ikkinchi guruhdan farqli boshqa motiv bilan almashtirish yoki tushirib qoldirishning imkoni yoʻq. Aks holda ertak butunlay oʻzgarib ketadi. Ikkinchi guruhdagi tush mohiyatan shu motiv oʻrnini bosuvchi boshqasiga almashtirilsa ham, umumsyujet tartibi deyarli oʻzgarmaydi;

– birinchi guruhdagi tushlarning asosiy qismi taʼbiri bilan birgalikda aytilsa, ikkinchi guruhda bu holga hamma vaqt ham amal qilinmaydi. Bu guruhga mansub koʻpchilik tushlar toʻgʻridan-toʻgʻri xabar, axborot shaklida keladi.

Ertak syujetida tush motivi halqasining joylashuv oʻrni masalasiga keladigan boʻlsak, u asosan quyidagi oʻrinlarda joylashgan:

  1. Voqea boshida.
  2. Voqea rivojida.
  3. Voqea soʻnggida.

Tush motivi uchrovchi ertaklar va ularda ushbu motivning syujet qurilmasidagi oʻrni, vazifasi inobatga olinib, ular alohida jadvalga jamlandi. Ayni paytda, jadval (1-jadval)da tushda keluvchi timsollar, taʼbir, tushning boshqa motivlar bilan aloqasi va keltirilgan ertakning mavjud versiya, variantlari ham oʻz aksini topgan.

Biz yuqorida tushning ertak syujetida tutgan oʻrni va uning syujetni tashkil etishdagi vazifalari xususida atroflicha toʻxtaldik va qilingan xulosalar, tasniflar jadvalda ham oʻz aksini topgan.

Navbatdagi masala tushning boshqa motivlar bilan oʻzaro bogʻliqlik darajasini aniqlash. Keltirilgan jadval natijalariga tayanib, quyidagi koʻrsatkichni chiqaramiz.

 

1-jadval.

Oʻzbek xalq ertaklarida tush bilan bogʻliq motivlar

 

Tush bilan bogʻliq motivlar nomi

Umumiy hisobi

1.

2.

3.

4.

5.

6.

Sinov

Safar

Uylanish

Homiy

Xatar

Oʻlim

8

7

5

3

3

1

 

Oʻshbu jadval ertak tarkibidagi tushlar, asosan, sinov (8), safar (7), uylanish (5) motivlari bilan faol, qisman homiy va xatar (3 tadan) va bir oʻrinda oʻlim motivi bilan bogʻliq kelishini koʻrsatmoqda. Demak, ertak syujeti oʻzagini tashkil etuvchi qahramonning yor uchun (uylanish) safarga otlanishi va sinovlarni yengib, unga yetishuvida tush asosiy bogʻlovchi vazifasini oʻtamoqda.

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.


 

[1] Hotamov N., Sarimsoqov B. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1979. – B.190 –191.

[2] Veselovskiy A.N. Istoricheskaya poetika. – L.: Viʼsshaya shkola, 1940. – S.494.

[3] Putilov B. Motiv kak syujetoobrazuyushey element // Tipologicheskiye issledovaniye po folkloru. – M.: Nauka, 1975. – S.142.

[4] Jirmunskiy V.M., Zarifov. X. Uzbekskiy geroicheskiy epos. – M.: Nauka, 1947; Zarifov X. Osnovniʼe motiviʼ eposa «Alpamiʼsh» // Ob epose «Alpamish». – Tashkent: Fan, 1959. –S.6 – 25; Mirzayev T. «Alpomish» qahramonlik eposi va oʻzbek dostonlari // «Alpomish». – Toshkent: Fan, 1999. – S.7 – 49.

[5] Qarang: Oʻzbek xalq ertaklari. Ikki jildlik / Tuzuvchilar M.I.Afzalov, H.Rasulov, Z.Husainova. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1995. I jild; Oʻzbek xalq ertaklari. Ikki jildlik / Tuzuvchilar: M.I.Afzalov, H.Rasulov, Z.Husainova. –Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1996. II jild; Oltin beshik. Ertaklar / Nashrga tayyorlovchilar M. Afzalov, K.Imomov. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1985; Suv qizi. Fantastik ertaklar / Nashrga tayyorlovchilar M.Afzalov, Z.Husainova, N.Saburov. – Toshkent: Badiiy adabiyot, 1966.

[6] Musofirbek // Oʻzbek xalq ertaklari. II jild. – B.293 – 307.

[7] Ibratli tush // Luqmoni Hakim / Aytuvchi Nurali Nurmat oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchilar T.Mirzayev va Z.Husainova. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1990. – B.174 – 176.

[8] Malikai Birmisqol // Oltin beshik. – B.82 – 85.

[9] Gʻulombachcha // Oʻzbek xalq ertaklari. Ikki jildlik. II jild. – B.310 – 318.

[10] Odilbek bilan Xurrambek // Oltin beshik. – B.119 – 125.  

[11] Ozodchehra // Oʻzbek xalq ertaklari. Ikki jildlik. I jild. – B.87 – 98.

[12] Gʻulombachcha // Oʻzbek xalq ertaklari. Ikki jildlik. II jild. – B.310 – 318.

[13] Bulbuligoʻyo // Oltin beshik. – B.31– 44.

[14] Malikai Husnobod // Oʻzbek xalq ertaklari. Ikki jildlik. II jild. – B.105.

[15] Rustamzod va Sherzod // Oʻzbek xalq ertaklari. Ikki jildlik. II jild. – B.59 – 73.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ertaklarda-tush-va-tush-motivi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x