Millatni asrash uchun kurash

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Aprel oyiga moʻljallab qoʻygan maqolamizning bahonayu sabablarini koʻngilga tugib, mavzuni miyada aylantira boshlaganimizga ancha-muncha boʻlib qolgandi. Unda naysonda tugʻilgan Amir Temur, Abdulla Qodiriy va soʻnggi yillar voqeligimiz omillarini uygʻunlikda tahlillamoqchi edik. Biroq oraga suqilgan “tojli” ogʻu (lotinchadagi “virus” oʻzbekchada “ogʻu, zahar” deganidir) oʻlaroq tugʻilgan muhit manzarasida unga ham toʻxtalishga jazm qildik.

Ochigʻini aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev millatimiz va davlatimiz borligʻi bilan bogʻliq ayrim masalalar haqida kuyunayotib, bu tasodifmi yoki qonuniyatmi, savolini oʻrtaga tashlaganidan beri kamina oʻylarida halovat yoʻqolgan-qoʻygan. Negaki, yuki oʻta ogʻir bu soʻroqqa javob istab qilingan mushohadalarning qiynovi juda qattiq kechmoqda. Oʻylab-oʻylab topganlaringni tan olishdan tugʻilgan azob-uqubatni-ku, aytmasa ham boʻladi.
Temurbek sichqon yilida, hijriy 736-yilning 25 shaʼbon kechasi tugʻilgani yaxshi maʼlum. Zamonaviy taqvimda mazkur sana 1336-yil 8-aprelga toʻgʻri keladi. Lekin nimagadir, bizdagi barcha rasmiy, ilmiy va ommabop manbalarda 9-aprel deb kelinadi. Sohibqironning tugʻilgan qishlogʻi masalasi ham ilmda uzil-kesil yechilgan emas.
Aniqrogʻi, 1993-yilga qadar oʻzimizda ham, dunyo temurshunosligida ham Xoʻja Ilgʻor borasida hech qanday shubha yoʻq edi. Oʻtgan asr toʻqsoninchi yillari boshlarida shu choqqacha koʻpchilikning koʻzidan narida boʻlib kelgan bir tarixiy manbadan Temurbek Achigʻi qishlogʻida tugʻilganiga oid qimmatli guvohlik topildi. Mazkur qishloq bugun ham bor va Shahrisabzdan 20 — 22 km. sharqda, Tanxoz daryosining oʻng sohilida joylashgan boʻlib, uni borib koʻrganmiz.
Xoʻja Ilgʻor haqida maʼlumot qoldirgan Ibn Arabshoh oʻz asarini 1437-yili Misrda yozgan, bizning muallif — Muʼiniddin Natanziy esa “Muntaxab at-tavorix”ni 1412-1413-yillarda temuriylarning Isfahon, Hirotdagi saroylarida bitib, avval mirzo Iskandarga, soʻng Amir Temurdan keyin oʻzbek davlatini qirq ikki yil boshqargan Shohruxga taqdim etgan. Mana shu qisqa maʼlumotlarning oʻziyoq, hatto manbashunoslik ilmidan yiroqlar uchun ham vaziyatni oydinlashtirib qoʻyishi aniq…
Ilmda, umuman, barcha yoʻnalishda rostlik yaxshi. Sohibqiron bobomizning turish-turmushdagi shiori “Rosti rusti” boʻlganini barchamiz bilamiz. “Rost soʻzlading, qutulding, rostlik qutqaradi”, maʼnolarini beruvchi mazkur qoʻsh soʻzni ham nimagadir “Kuch — adolatda” deya oʻzgartirdik-qoʻydik. Oʻzgartirishga-ku oʻzgartirdik, ammo oʻgitga amal qilmadik, koʻpincha “adolat — kuchda” qoidasini qoʻlladik. Buning oʻzimiz uchun ilk isbotini 1996-yili Amir Temurning 660-yilligini toʻy qilish arafasida bobomizning tugʻilgan yeri boʻyicha muammoni koʻtarib chiqqanimizda koʻrganmiz. Matbuot orqali berilgan yengilroq “shapaloq”ni yeb boʻlgach, donishmandlar maslahati bilan bir qadam ortga tashlaganimizga ham chorak asr toʻlmoqda. Biz-ku, mayli, ammo muammo muammoligicha qolaverdi-ku?!
Amir Temurga, aslida oʻzimizga boʻlgan hurmatimiz oʻlaroq mazkur masalalarni yo u yoqlik, yo bu yoqlik qilishimiz shart. Uni yashirgan, koʻrib koʻrmaganlikka, bilib bilmaganlikka olishimizdan qatʼi nazar, chigal oʻz yerida qimir etmay turaveradi. Qaysi yoʻnalishda boʻlmasin, oʻz vaqtida yechilmagan tugun borgan sayin qattiqlashib boraveradi va vaqti-soati kelib unga qoʻl urilganda esa yechim topish ancha ogʻir kechadi. Shu maʼnoda, “Oʻtkan kunlar”dagi mana bu parchani eslab, chuqur oʻylab koʻrsak: “Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolgʻiz oʻz manfaati shaxsiyasi yoʻlida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprogʻidan yoʻqolmay turib, bizning odam boʻlishimizgʻa aqlim yetmay qoldi. …Temur Koʻragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulugʻbek va Ali Sino kabi olimlarning oʻsib-ungan va nashʼu namo qilgʻanlari bir oʻlkani halokat chuqurigʻa qarab sudragʻuchi albatta tangrining qahrigʻa sazovordir”.
Abdulla Qodiriy xuddi mana shu soʻzlari, ular otilib chiqqan yuragidagi millat qaygʻusi uchun qamalgan, qiynalgan va pirovardida oʻzini nobud qilgan. “Oʻtkan kunlar”dan muddao ham aslida Rossiya imperiyasi bosqini arafasidagi jamiyatning ichki ahvolini oʻrganish, koʻrsatish, xulosalash boʻlganiga qattiq ishonamiz. Yozuvchi “Nega bu koʻyga tushib qoldik?” deya oʻylarga tolgani aniq. Aks holda, romanchilikdagi ilk urinishini yaqin oʻtmishning “eng kirlik, qora kunlari”ga bagʻishlamagan, keyingi shoh asari “Mehrobdan chayon”da ham bu boradagi izlanishlarini davom ettirmagan boʻlar edi.
Eʼtibor berilsa, u “Temur Koʻragon kabi dohiylar…” degan. Biz esa davlat mustaqilligimizni tiklaganimizdan salkam oʻttiz yil oʻtsa-da, koʻpincha Amir Temurni hanuz buyuk sarkarda, lashkarboshi sifatida taniymiz. Undagi har tomonlama chuqur bilim, tengsiz tajriba, buyuk boshqaruvchilik, katta tashkilotchilik, keng qamrovli fikrlash, adolatparvarlik, ilm-fan va madaniyat homiysi singari nodir qobiliyatlarni koʻzimiz ilgʻamaydi. Birgina bizni emas, hech bir mubolagʻasiz butun olamni yuz ellik yil zirqiratib turgan moʻgʻul azobidan qutqargani-chi?! Oʻzbek davlati mustaqilligini tiklagani-chi? Oʻrta dengizdan Xitoy devorigacha, Moskvadan Dehligacha yastangan ulkan va madaniy saltanatni barpo etgani-chi?! XV asr Uygʻonish davrining tamal toshini qoʻyib bergani-chi?!
Abdulla Qodiriy deganda, uning oʻzbek romanchiligiga asos solganini birinchi oʻringa qoʻyish haligacha borligini yashirib oʻtirmasligimiz kerak. Toʻgʻri, mazkur omil ham yoʻq emas. Biroq u, eng avvalo, ulugʻ isteʼdod egasi, buyuk soʻz ustasi, tengsiz millatsevar, oqil va botir, halol va eʼtiqodli shaxs boʻlgan. Millati uchun kurashgan. Soʻz ketayotgan zamon yozuvchi va shoirlaridan, adashmasak, faqat Abdulla Qodiriy va Choʻlponning tili hamda qalamida Turkiston mavzusi chaqmoqdek chaqnagan, qilichdek kesgan (Choʻlponning “Ol bayrogʻingni, qalbing uygʻonsin, Qullik, asorat — barchasi yonsin. Qur yangi davlat, yovlar oʻrtansin. Oʻsib Turkiston, qaddin koʻtarsin” satrlarini eslashning oʻzi kifoya).
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: istiqlolga erishganimizdan tuzukkina muddat oʻtgan boʻlsa-da, tarixiy, adabiy va til tafakkurimiz mustamlaka zamonasinikidan koʻp ham qochib ketolmaganining sababi nimada? Bunda yana mustamlakachilarni ayblashimiz toʻgʻrimi yoki?.. Bu tasodifmi yoki qonuniyat?
Shu maʼnoda, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyga tashrifi paytida milliy yetakchimiz tomonidan koʻnadalang qoʻyilgan mana bu oʻziga xos topshiriq hanuzgacha jamiyat, ayniqsa, ziyolilar boʻynida turibdi, deb oʻylaymiz: “biz nimaga bu kunlarga kelib qoldik, degan savol hammamizni qiynashi kerak!” Vaholanki, Prezidentimiz oʻsha zahotiyoq masalaning yechimini aytgandi: “vatanparvarlik, millatparvarlik ruhini hech qachon unutmasligimiz kerak”. Amir Temurda ham, Abdulla Qodiriyda ham mana shu ruh boʻlgan.
Yuqorida tilga olingan nodir tarixiy manba — “Muntaxab at-tavorix”ning moʻgʻul hukmdori Tugʻluq Temurxonning 1360-yilgi bosqiniga bagʻishlangan boʻlagida oʻlchovi ikki ogʻizgina, biroq gʻoyaviy va amaliy ahamiyati cheksiz maʼlumot bor. Koʻpchilik jonini saqlash niyatida yurtni tashlab ketayotgan bir pallada Amir Temur amakisi Hoji barlosga murojaat qilib, shunday degan: “Agar ikkovimiz ham Vatanni tark etsak, merosiy yurtimiz shubhasiz, begonalar qoʻliga oʻtib ketadi”.
Qiziq, buyuk bobomizning yurtsevarlik va donishmandligidan dalolat mazkur voqea ham koʻklamning oʻrtalarida kechgan. Xuddi shu kundan boshlab Amir Temur Vatan va millat uchun kurashni boshlagan. Mazkur uzoq va ogʻir jarayon oradan oʻn yil oʻtib, 9-aprelda oʻzining mantiqiy yakuniga yetgan. 1370-yilning xuddi shu kunida Amir Temur oʻzbek davlati boshqaruviga rasman kirishgan. Uning oʻttiz besh yillik, temuriylarning yuz oʻttiz yillik boshqaruvi aynan shu sanadan boshlanganini juda ozchilik bilishida bizda shubha yoʻq. Holbuki, XXI asrda ham ayrim “ilgʻor” millatlar, oʻtmishdagisini qoʻya turaylik, endilikdagi shoh va malikalarining tugʻilgan kunlaridan tortib taxtga oʻtirgan sanalarigacha yoddan biladilar, ular bilan gʻururlanadilar. Bizda-chi? Sohibqiron taxtga oʻtirganiga bu yil 9-aprelda 650-yil toʻlishini necha kishi bilar ekan?!
Aprel oyida roʻy bergan va Amir Temur bobomizning ruhiyati qanchalar boy boʻlganidan dalolat beruvchi yana bir voqea sodir boʻlgan. Nonkoʻr Toʻxtamishxonning adabini berib qoʻyish maqsadida 1391-yili yoʻlga tushgan Sohibqiron 28-aprelda Ulugʻtoqqa (hozirgi Qozogʻistonning Jezqazgʻan shahridan 50 km. gʻarbdagi Qarsaqpay koni yaqinidagi Qoramoʻla togʻi yon bagʻrida) yaqinlashgan va u yerdagi tepaliklardan birining ustiga chiqib, atrofga koʻz tashlagan. Sahro koʻm-koʻk gilam toʻshalgandekligini koʻrib quvongan va shu yerda toʻxtashga qaror qilgan. Soʻng esa katta tosh keltirib minorasimon belgi qurish va asrlar osha eslab qolinishi uchun unga mana bu soʻzlarni yoʻnib-bitib qoʻyishni buyurgan: “Tarix yetti yuz toʻqson uchinda, qoʻy yili yoz (koʻklam) oyi orasi Turonning sultoni Temurbek uch yuz ming cherik bilan islom uchun Bulgʻor xoni Toʻxtamishxonga qarshi yurdi. Bu yerga yetib, belgi boʻlsin deb bu tepani qurdi. Tangri nusrat bergay, inshoollo. Tangri el kishiga rahmat qilgʻay, bizni duo bila yod qilgʻay”.
Hozirgi kunda Rossiyaning Ermitajida saqlanayotgan ushbu tosh-yodgorlik qayerda turmasin, oʻzbek millati va davlatining dovrugʻiyu kuch-qudratidan soʻylayveradi. Axir toshga bitilganni yoʻqotib boʻlmaydi-ku! Ammo mazkur, har qanday millat koʻziga toʻtiyodek tengsiz maʼnaviy va milliy boylikdan bugungi avlod, ayniqsa, yoshlarimiz toʻla bahramand deya olamizmi? Yoʻq, albatta. Xoʻsh, shunday ekan, bu tasodifmi yoki qonuniyat? Necha-necha avlodlar tinkasini bilimsizlik va ongsizlik ogʻusi bilan quritishdan muddao ne edi?
Shu maʼnoda, Prezidentimizning “Abdulla Qodiriy ijod maktabida oʻqiyotgan bu bolalar yangi Oʻzbekiston kelajagining bunyodkorlaridir. Barcha umumtaʼlim maktablari ushbu oʻquv dargohidan maʼnaviyatni, maʼrifatni oʻrganishi lozim. Chunki bu yerda tahsil olayotgan bolalar nafaqat maʼnaviyatli, balki oʻz Vatanini yurakdan sevadigan isteʼdod egalaridirlar. Biz ijod maktablarida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz. Bu maktabda millatparvar, oʻzligini anglagan avlod kamol topishiga ishonaman”, degan soʻzlarini eslamasdan boʻlmaydi. Yaʼni maʼnaviyat, millatsevarlik, yurt uchun fidoyilikni shunday fazilatlar egalaridan, ularning merosidan, ruhiyatidan oʻrganmoq kerak. Jaholat ogʻusiga qarshi kurashning eng unumli dorisi ham aslida shudir.
“Tojli” ogʻu boshqalar qatori bizning yurtimizga ham kirib kelib, jiddiy xavfga aylanishi manzarasida tugʻilgan ilk fikrimiz mana bu boʻlganini yashirmoqchi emasmiz: tagʻin ham Yaratgan bizni bir asradi.
Keyingi uch-toʻrt yil ichida esimizni yigʻib, davlat va jamiyat turmushining barcha yoʻnalishini tubdan oʻzgartirish, sifat jihatidan yangilashga, eng muhimi, ongsizlik ogʻusiga qarshi kurashga kirishilmaganida edi, bugun ahvolimiz qanday kechishi faqat Oʻzigagina ayon. Birovning it-mushuk, ilon-koʻrshapalak yeyishini qoʻya turaylik-da, yaqin-yaqingacha oʻzimizning shahar va qishloqlarimiz, hatto poytaxtimizdagi katta-kichik ariqlardagi ayanchli ahvolni, oqova, jumladan, hojatxona chiqindi suvini oqar suvlarga ulab qoʻyilgan holatlarni bir eslab qoʻyaylik. Yaxshiyam, oʻz paytida oldi olinib, tartibga solindi, teskari holda, yuqumli kasalliklar oʻzimizdan chiqib, butun dunyoga sharmanda boʻlishimiz turgan gap edi.
Keyingi yillarda sogʻliqni saqlash tizimidagi oʻzgarishlar-chi?
2020-yili sohani moliyalashtirishga 14,8 trillion soʻm, yaʼni 2016-yildagiga qaraganda 2,5-marta, dori vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilishga 1,49 trillion soʻm, yaʼni 2016-yildagiga nisbatan 6,5 barobar, shoshilinch tibbiy yordam muassasalarining dori vositalari va tibbiy buyumlar xarajatlari uchun 102,8 milliard soʻm, yaʼni 2016-yildagiga solishtirganda 6,3-marta, tez tibbiy yordam xizmati uchun har bir chaqiruvga 2020-yilda 6 700 soʻm, yaʼni 2016-yildagiga qaraganda 14 barobar koʻp mablagʻ ajratilganining oʻziyoq ancha-muncha narsaga ishoradir. Xususiy tibbiyot xizmatiga keng va oqilona yoʻl ochib berilgani-chi?
Tilga olingan omillar qatorida 2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi oʻtgan yiliyoq ishga tushib ketganini inobatga olib vijdonan xulosa qiladigan boʻlsak, mana bu haqiqat ayon boʻladi-qoladi: agar mazkur, uzoq yillardan beri qilinishi kerak boʻlgan, biroq turli vaj va bahonalar bilan paysalga solinib kelinayotgan, soha uchun chindan ham tarixiy sanalmish oʻzgarishlarga qoʻl urilmaganida bugun manaman degan davlatlarni ham shoshirib qoʻyayotgan “tojli” ogʻu balosiga qarshi turishimiz juda-juda qiyin kechishi turgan gap edi.
Shu bilan birga, butun olam boshiga tushgan yalpi va ogʻir tashvishni Oʻzbekistonimiz sharoitida iloji boricha kamroq yoʻqotishlar bilan yengib oʻtishimizga bizda zarracha ham shubha yoʻq. Nega?
Negaki, qandaydir toʻrt yil ichida erkin, masʼuliyatli, oʻz aravasini oʻzi tortadigan, oʻzi, farzandlari uchun oʻzi kurashadigan, adolatning borligiga ishonadigan, haq soʻzni aytishdan choʻchimaydigan, davlatchiligida mehr-oqibat va milliylik tuyayotgan ijtimoiy muhit shakllanib boʻldi. Millatimizning oʻq-oʻzagi esa aynan shu tuygʻu anglovidandir. Prezidentimizning hozirgi sinovli palladan kuchli, qudratli boʻlib oʻtishimiz, “tojli” ofatga qarshi kurash mohiyat eʼtibori bilan millatimizni asrash uchun kurash ekanligi haqidagi chaqiriqlarining teran maʼnosi ham xuddi shu bilan bogʻliqligiga ishonchimiz komil.
Tarix va adabiyot esa har kelgusi avlod yoʻlini yorituvchi oʻziga xos va tengsiz mayoqdir.
Azamat ZIYO, tarix fanlari doktori, professor

Manba: Xs.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x