Mevalar haqida sara she’rlarni qabul qiling.
Dovuchcha
Yusuf Shomansur
– Shoxda shig‘il dovuchcha,
Ko‘m-ko‘k yashil dovuchcha.
Kesak otib qoqaymi?
– Yo‘q!
O‘zing yerga tushasan,
Pishib hil-hil dovuchcha!
O‘rik
Erkin Vohidov
Qantak o‘rik
Otim bor,
Xo‘p mazali
Totim bor.
Mag‘zimga berkitgan
Qantim bor,
Novvotim bor.
“Shirin, chiroyli, sarxil…”
Yahyo Togʻa
Qizil qaqajonlar
Bir-biridan
Rang olgan
Ol-u
Pushti mevasi.
Har xil
Nomlanib qolgan:
Boydir
Elning shevasi.
Murabbo
Borasinda
Ikkisi ham
Tengsizdir.
Ne farq bor
Orasinda,
Bilmoq uchun
Yeng siz, bir!
Tagiga
Toʻshang sholcha,
Terish oldidan
Xolos.
Shunda ezilmas
OLCHA,
Potos bogʻlamas
GILOS!
Oʻrtahol – poʻrtaxol
Yetti iqlimdan kelgan
Mevalar naʼvi har xil.
Ular biri-biridan
Shirin, chiroyli, sarxil.
Goʻyo yovvoyi “ekin” –
KOKOS,
BANAN,
ANANAS…
Tekin emas-u,
Lekin,
Hamma qiladi havas.
APELSIN,
FUNDUK,
XURMO,
AVAKADO va
MANGO,
KIVI,
LIMON,
MANDARIN…
Bizga sal “oʻgay”,
Ammo,
“Uraveramiz” barin.
Barchasini koʻring teng,
Oʻpoq, soʻpoq, yapaloq…
Iching, shiming, soʻring, yeng,
Uvol qilish yoʻq, biroq!
Soʻradim nevaramdan:
– Qani, Bilol, aytaqol,
Sanalgan mevalarning
Qaysi biri poʻrtaxol?
– Yaxshi, bobojon, hozir.
– Bilmagan beri kelsin.
– FUNDUK,
KOKOS “yongʻoq”dir.
– POʻRTAXOL-chi?
– APELSIN!
Yetti iqlimdan kelgan
Mevalar naʼvi har xil.
Ular biri-biridan
Shirin,
Chiroyli,
Sarxil.
Puch yong‘oq
Murod Rahmon,
Bir hovuch yong‘oq tutdi
Bizlarga bir otaxon.
Tanlagan go‘yo yutdi –
Bittadan olib shodon.
Yong‘oqlar dum-dumaloq,
Bir xilda: silliq edi.
Hatto men olgan yong‘oq –
Po‘stlog‘i bo‘liq edi…
Yemoqchi bo‘lib mag‘zin,
Har kim yong‘og‘in chaqdi.
Lek ochiq qoldi og‘zim,
Chunki menda puch chiqdi…
Bilmaysiz, do‘stdan ham goh –
Sinovda qalb qaqshaydi.
U ichin etmas ogoh –
Puch yong‘oqqa o‘xshaydi.
Behi
Anvar Obidjon
Ikki yuzim burushqoq,
Dema meni urishqoq,
Ishga solib aqlimni,
Sezdirmayman jahlimni.
Agar shirin bo’lmasam,
Xushomadni bilmasam,
Meni darrov kesishar,
O’rnimga nok ekishar.
Yungli shaftoli bilan suhbat
Zulfiya Mo‘minova
-Shaftolijon shaftoli,
Nega to‘ning echmaysan?.
Issiq saratonda ham ,
Yungli to‘ndan kechmaysan.
-Bir kun echdim to‘nimni.
Aqli yo‘qlar echarkan.
Saratonda shamollash
Juda og‘ir kecharkan.
Shundan buyon yozda ham,
Issiq to‘nda yuraman.
To‘n ichida pishirib,
Shirin sharbat beraman.
Olma
Orif To‘xtash
– Tanishaylik, men – olma,
Nomimga quloq solma.
Olaver, ikkilanmay,
Ishtahang bo‘lsin karnay.
Reklamaga hojat yo‘q,
Ta’mim rosa yoqimli.
Ortganini quritsang,
Qishda eysan qoqimni.
Shaftoli
Orif To‘xtash
– Meni, derlar, shaftoli,
Ko‘p mevalar qatori
Mazaliman, totliman,
Narxi baland otliman.
Maqtanish bo‘lar, desam,
Ming bir dardga doriman.
O‘g‘irlagan siz bo‘lib,
Yаna mendan nolimang.
Maqsadim – xursand qilmoq
Siz xo‘randa do‘stimni.
Biron-bir so‘z aytdimmi,
Shilsangiz ham po‘stimni?!.