Mening qoʻl soatim

Mark TVEN

 

Mening chiroyli, yangigina qoʻl soatim oʻn sakkiz oy davomida na oldga chopib, na ortda qolib ishlaydi. Biron marta toʻxtab qolgani yoʻq. Goʻyo, uning mexanizmi abadiy.

Nihoyat, soatim toʻxtab qoldi. Aybdor oʻzim. Bu qandaydir katta baxtsizlikdan dalolat deya kuyina boshladim. Eng yaxshi ustaxona tomon yoʻl oldim. Usta mening soatimni olib, tuzatishga kirishib ketdi.

“Soatingiz toʻrt daqiqaga ortda qolmoqda, uning murvatini biroz tezlatish kerak”, – dedi u birozdan soʻng.

Men oʻzimcha qarshilik koʻrsatdim. Millar vaqtni aniq koʻrsatib turganiga ustani ishontirishga tirishdim. Ammo nodon usta oʻz bilganidan qolmadi. Oqibatda soatim tez yuradigan boʻlib qoldi. Nazarimda, u kun sayin tezlashib borardi.

Ikki oydan soʻng shahar soatlari menikidan ancha ortda qolib ketdi. Mening soatim oʻn uch kun oldinga oʻtib ketgan ekan! Qoʻl soatim hali endigina kech kuz barglari toʻkilayotgan bir paytda dekabr qorlaridan bahra olayotgan edi. U menga hamma mayda-chuyda toʻlovlarni, alalxusus, ijara haqini toʻlashni ham tavsiya qilayotgandi. Bunga ortiq chiday olmadim. Yana uni taʼmirlashga otlandim. Soatsoz matohimni avval ham tuzatishga bergan-bermaganligimni soʻradi. Men esa uni hali usta koʻrmagan, deb javob berdim.

Shundan soʻng usta betoqatlarcha soatimni ochdi va koʻziga zarrabinini tutib, uning mexanizmini diqqat bilan kuzata boshladi. Soʻngra menga bir haftadan soʻng kelishimni aytdi.

Men aytilgan vaqtda keldim.

Afsus, shuncha mashaqqatli mehnatdan soʻng mening baxtsiz soatim endi ortda qola boshladi. U goʻyo maʼyus va horgʻin dafn qoʻngʻiroqlarining zarbi kabi sekinlashib borardi. Men poyezdlarga kechika boshladim, belgilangan uchrashuvlarimni oʻtkazib yubordim. Hattoki tushlik qilishni unutib qoʻydim. Soatim avvaliga uch kun, keyin dabdurustdan toʻrt kunga ortda qola boshladi. Alam va gʻazabimning cheki yoʻq. Men kechagi, undan avvalgi kun bilan yashay boshladim. Xullas, yana ustaga borishga toʻgʻri keldi. U hash-pash deguncha soatimni boʻlaklarga boʻlib tashladi va keyin uch kun ichida tuzatib berishini aytdi.

Shundan soʻng qoʻl soatim yaxshi ishlab ketdi. Ammo kun yarmidan soʻng shoʻxlik qila boshlaydi: goh yoʻtalga, goh hansirashga, baʼzan pishqiriqqa oʻxshash saslar chiqaradi. Borib-borib men oʻz ovozimni eshitolmay qoldim.

Xullas bu yaramasni uchinchi bor ustaga koʻrsatish majburiyati paydo boʻldi.

U soatimning sterjeni singanini aytdi. Bu qusur nazarimda unchalik jiddiy emasdek tuyuldi. Quvondim. Ochigʻi, oʻsha sterjen deganlari aslida neligini ham bilmayman. Ammo bilmasligimni birov bilib qolishini ham istamayman.

Nihoyat sterjen ham tuzaldi. Lekin xursandchiligim uzoqqa choʻzilmadi. Soatim ishlab turib, birdaniga toʻxtab qolardi. Keyin biroz vaqt oʻtib yana ishlab ketardi. U qachon ishlash va qachon ishlamaslikni oʻzi hal qiladigan boʻlib qoldi. Har doim ishlashidan avval oʻq ovozidek qarsillagan tovush chiqaradi.

Hattoki bir necha kun koʻkragim ustiga yumshoq narsa qoʻyib yotishimga toʻgʻri keldi. Oxir-oqibat soatimni yana ustaxonaga olib bordim. Yana har doimgidek soatim bir necha boʻlaklarga boʻlib tashlandi. Soatsoz ularni birma-bir koʻzdan kechirib chiqqach, soatimning qil prujinasi lat yeganini aytdi. Soʻng uni tuzatib, mexanizmni ishga tushirdi.

Soatim yaxshi ishlay boshladi. Faqat har oʻn daqiqada ikkita soat millari bir-biriga yopishib, birga aylanishini aytmaganda, albatta. Dunyoda hech bir donishmand mening qimmatbaho soatim qaysi vaqtni koʻrsatayotganini aytib berolmas edi. Va men yana taʼmirlashga otlandim.

Bu safar endi soatimning kichik billur parchasi biroz qiyshaygani, harakatlantiruvchi prujinasi ham qayrilib qolganini aytishdi.

Hammasi taʼmirlanib, sozlandi. Soatim yaxshi ishlay boshladi. Lekin soatim bor-yoʻgʻi sakkiz soat yaxshi ishlagach, mexanizm ishdan chiqdi va ariga oʻxshab gʻizillay boshlardi. Soat millari esa shunchalik tez aylanardi-ki, tez orada ularni koʻrib boʻlmay qolardi. Goʻyo, siferblat oʻrgimchak toʻri bilan qoplangandek edi. Besh-olti daqiqada bir sutka oʻtib ketar edi. Va nihoyat, soatim “shaqir-shuqir” qilib toʻxtadi. Qalbimda alam bilan yana navbatdagi ustaxona sari yoʻl oldim.

Biroz vaqt ustaning ishini kuzatib turdim. Soatim yana turli boʻlaklarga boʻlindi. Bu safar endi men ustani qattiqqoʻllik bilan imtihon qildim. Chunki ish borgan sari jiddiylashib borayotgan edi. Oʻzi soatimni ikki yuz dollarga sotib olganman, uni sozlash uchun esa ikki-uch ming dollar atrofida pul sarflabman. Ustaning ishni tugatishini kutib turib, uning bir vaqtlar paroxod mexanikigi boʻlgan eski tanishim ekanligini esladim. Uning yaxshi soatsoz emasligini ham juda yaxshi bilardim.

U mexanizmning hamma boʻlaklarini oldingi ustalar kabi ehtiyotkorona tekshirib chiqdi va ishonchli ovoz bilan: “Par haddan ziyod koʻpayib ketgan, saqlovchi klapanga yana bitta gayka qoʻshish kerak”, – dedi. Men soatimni olib mayda-mayda qilib tashladim. Dafn marosimi ham oʻz hisobimdan.

 

Ingliz tilidan Charosxon SAMADOVA tarjimasi.

 

“Yoshlik”, 2014 yil 8-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/mening-qol-soatim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x