Alisher NAVOIY
* * *
Otashin gul bargidin xilʼatki, jononimdadur,
Xilʼat ermas, ul bir oʻtdurkim, mening jonimdadur.
Otashin laʼlidurkim, anda muzmar boʻldi jon,
Otashin gul bargidin xilʼatki, jononimdadur.
Jon qushi xunobidin tutmish malohat naxlirang
Yo libosi lolagun sarvi xiromonimdadur.
Qatl biymidur, tarahhumning dogʻi ummidi bor,
Yo libosi olkim, ul nomusulmonimdadur.
Vasl shomi kiymagan parvona shoyad qolmagʻay,
Bu shafaqgun hullakim, shamʼi shabistonimdadur.
Tutmasun gul suhbatidin sarv oʻzin koʻp sarfaroz,
Ey saboki, ul toʻni gulgun mening yonimdadur.
Ey Navoiy, istama jon bulbulin har guldakim,
Ul toʻni gulgun labi gulbargi xandonimdadur.
* * *
Koʻkragimdur subhning pirohanidin chokrok,
Kiprikim shabnam toʻkulgan sabzadin namnokrok.
Bu koʻngul gʻamnokidin to shodmon koʻrdum seni,
Istaram har damki, boʻlgʻay xotirim gʻamnokrok.
Layli andin qoʻydi Majnun koʻngluda raxti gʻamin –
Kim, yoʻq erdi manzil ul vodiyda andin pokrok.
Oʻyla mujgon xanjarigʻa yopishibdur durri ashk –
Kim, magar ondin yatime yoʻqturur bebokrok.
Jon olurda lablaringdin barcha el quldur sanga,
Jon berurda bir quling yoʻq bandadin cholokrok.
Odamiylik tufrogʻin bersa fano yeliga charx,
Ohkim, yoʻqtur kishi ahli vafodin xokrok.
Necha oʻqlasang, Navoiy koʻnglu zaxminroq boʻlur,
Koʻrmaduk zaxmeki, tikkan soyi boʻlgʻay chokrok.
* * *
Mening firoqimu aning visoli tun bila tong,
Bu navʼ dahrda yoʻq ehtimoli tun bila tong.
Gʻarib zulfu yuz ermasmukim, jahon eliga
Koʻrunmamish bu ikining misoli tun bila tong.
Tongim yorugʻu tunum tiyradurki, chirmashadur
Koʻngul aro yuzu zulfing xayoli tun bila tong.
Ne tunda aysh nasimi, ne tongda mehr, magar –
Ki, boʻldi zulfu yuzung paymoli tun bila tong.
Tuning xujasta, tonging qutlugʻ oʻlsun, ey mahvash –
Ki, ikki banda sanga boʻldi holi tun bila tong.
Navoiy etmadi zulfu yuzung visolin kashf
Va lek erur gʻamining ittisoli tun bila tong.
* * *
Dilrabo, sendin bu gʻamkim, menda bordur, kimda bor,
Furqatingdin bu alamkim, menda bordur, kimda bor?
Mazrai ayshim koʻkarmaydur samumi ohdin,
Yoʻqsa, yoshdin muncha namkim, menda bordur, kimda bor?
Qoʻyma minnatkim, yuzumdek pok yuz hech kimda yoʻq,
Boʻyla ishqi pok hamkim, menda bordur, kimda bor?
Baxt ul oy qasrigʻa qoʻymas, yoʻqsa dudi ohdin
Bu kamandi xam-baxamkim, menda bordur, kimda bor?
Bor ekan vobastai tavfiq, yoʻqsa, ey rafiq,
Bu qadar shavqi haramki, menda bordur, kimda bor?
Ey Navoiy, garchi jurmum koʻpturur, lekin bu navʼ
Xusravi sohibkaramkim, menda bordur, kimda bor?
* * *
Koʻnglum oʻrtansun agar gʻayringgʻa parvo aylasa,
Har koʻngul hamkim, sening shavqungni paydo aylasa.
Har kishi vaslin tamanno aylasam, navmid oʻlay,
Har kishi hamkim, sening vasling tamanno aylasa.
Oʻzgalar husnin tamosho aylasam, chiqsun koʻzim,
Oʻzga bir koʻz hamki, husningni tamosho aylasa.
Gʻayr zikrin oshkoro qilsa, lol oʻlsun tilim,
Qaysi bir til hamki, zikring oshkora aylasa.
Rashkdin jonimgʻa har nargis koʻzi bir shuʼladur,
Bogʻ aro nogah xirom ul sarvi raʼno aylasa.
Yoʻq ogʻizdin nukta aytur mahvashimdek boʻlmagʻay,
Gar quyosh har zarrasidin bir Masiho aylasa.
Kelturung dafʼi jununumgʻa parixon, yoʻq tabib –
Kim, ul ansabdur pari har kimni shaydo aylasa.
Subhdek bir damda gardun qoʻymagʻay osorini,
Nogah, ahli sidq koʻnglu mehrin ifsho aylasa.
Dahr shuxigʻa, Navoiy, sayd boʻlma nechakim,
Kun uzori uzra tun zulfin mutarro aylasa.
* * *
Topmadim ahli zamon ichra bir andoq hamdame –
Kim, zamon osebidin bir-birga aytishsoq gʻame.
Kimki davron sogʻaridin dam-badam xunob ichar,
Gʻam yoʻq ar har dam gʻamin ayturgʻa topsa hamdame.
Charx uzukning halqasidur, lek, har kavkab anga
Qatl uchun ostida qilgʻon zahr pinhon xotame.
Yoʻq farogʻat dahr arokim, shomdin sochin yoyib,
Yogʻdurub ashkin, tutar holinggʻa har tun motame.
Gar budur olam, kishiga mumkin ermas anda kom,
Haq magarkim kom uchun boshtin yorotqoy olame.
Nukta nozuk boʻldi asru, boʻlgʻay erdi koshki,
Shammaye bu ramzdin zohir qilurgʻa mahrame.
Dardi zaxm oʻlmish ichu toshim, qadah quy ogʻzima,
Soqiyo, koʻksuma loyidin dogʻi yoq marhame.
Davr aro suhbat bu yangligʻdur, Navoiy, tong emas,
Nolayu faryodi birla gar tuzar zeru bame.
* * *
Kimki, oning bir malaksiymo parivash yori bor,
Odami ersa, pari birla malakdin ori bor.
Kecha ulkim chirmanur bir gul bila, ne tong, agar
Gʻunchadek har subh oʻlub xandon, nashot izhori bor.
Yoʻq ajab bulbulgʻa gul shavqidin oʻlmoq zorkim,
Pardin – oʻq jismigʻa sanchilgʻan adadsiz xori bor.
Belingu laʼling xayoloti bila koʻnglum erur
Ankabutekim, aning jon rishtasidin tori bor.
Sunbuli zulfi agar oshuftadur, ayb etmakim,
Gul yuzunda yotqan ikki nozanin bemori bor.
Aylab oʻzini mastu bexud, chiqmasun mayxonadin,
Kimki, mendek davr elidin koʻngulda ozori bor.
Ey Navoiy, yor uzar boʻlsa muhabbat rishtasin,
Kelmas oʻlsa ul sening sori, sen oning sori bor.
* * *
Na boʻldi dardima, ey bevafo, davo qilsang,
Vafogʻa vaʼda qilib, vaʼdagʻa vafo qilsang.
Tanimni qurb fizosida xoki rah etting
Boshimni vasl eshikiga oshno qilsang.
Visol avji biyik, ey koʻngul qushi, sen past,
Yetishmak anda ne mumkin, agar havo qilsang.
Zamona ahli jafosin tagʻoful aylarsen,
Alar tagʻoful etib, kosh sen jafo qilsang.
Agarchi ahli navodur, vale, ul oy boqmas,
Navoiyo, necha bulbul kibi navo qilsang.
“Sharq yulduzi”, 2017-1
https://saviya.uz/ijod/nazm/mening-firogimu-aning-visoli-tun-bila-tong/