Mening acha xolam

Oyim odamsiz turolmasdi. Qoʻshni kelinchaklar, yetti mahalla narida turadigan kampirlar – hammasi yigʻilishib gangir-gungir suhbatlashib oʻtirishardi. Shuncha gap qayoqdan topilishiga baʼzan hayron qolaman. Har kuni ertalab gazeta olib keladigan pochtachi – tatar xotin eshikdan qayta qolmaydi. Albatta oyimning oldiga kiradi.

 – Isanmisiz? – deb soʻrashadi-yu, hasratini toʻkib soladi. – Kitti, svolish! Yana uynashigʻa kitti, parazit.

Oyim har galgidek uni yupatadi:

 – Qoʻying, jon bolam, sabr qiling. Eringiz yomon bolamas.

 – Razvodgʻa biram! Alimentgʻa dabitsa itam!

 – Unaqa demang, oʻrgilay, bolangizni tirik yetim qilmang.

 – Ay, ni boʻlsa boʻlar! Sudgʻa biram.

Oyim ishonch bilan tushuntirdi:

 – Mana, meni aytdi dersiz. Eringiz sizni jonidan yaxshi koʻradi. Koʻnglim sezib turibdi. Bugun-erta apoq-chapoq boʻlib ketasizlar.

Pochtachi ketishi bilan oqsoqlanib qoʻshni kampir kirib keladi.

 – Jigar-jigar, digar-digar ekan, oʻrgilay, – deydi yigʻlamsirab. – Rahmatullaga aytuvdim-a togʻangning qizini ol, ot tepkisi otga oʻtmaydi deb. Yoʻq, quloq solmadi. Oʻlaman sattor, mana shu qirchangʻini olaman, deb turib oldi. Mana, oxiri nima boʻldi… Kecha itni kunini boshimga soldi, aylanay! Xotin olgandan keyin ona kerak boʻlmay qolarkan. Shuni oldi-yu oʻgʻlim ham aynidi-qoldi, qoqindiq.

 – Unaqa demang, ovsinjon. – Oyim osoyishta ohangda yupatadi. – Keliningiz yomon bolamas, qaysi kuni koʻchada koʻrib qoldim. Ogʻzidan bol tomib sizni maqtadi boyoqish.

 – Voy, tilyogʻlama boʻlmay tillari kesilsin. Siz uning tilini bilmaysiz, oʻrgilay!

 – Mana, meni aytdi dersiz, – oyim qandaydir ichki ishonch bilan tushuntiradi. – Keliningiz sizni oʻz onam deb etagingizdan tutgan. Koʻnglim sezib turibdi…

Oyimning “sezgir koʻngli” qiziq. Hamisha yaxshilikni “karomat” qiladi.

Har gal shunaqa gaplarni eshitganimda bolaligimda roʻy bergan voqeani eslayman.

Urush tugagan paytlar edi. Oʻshanda goʻdak tasavvurimga sigʻmagan narsani keyin tushunganman: urush bitib odamlarning yarasi yangilangan damlar ekan. Birovning eshigida surnay, birovnikida aza tovushi eshitilardi…

Bir kuni akam eshikdan baqirib kirdi.

 – Oyi! Loʻli kelyapti, loʻli!

Turgan joyimda tirrakdek qotib qoldim. Loʻlilar haqida shunaqa gaplar eshitgan edikki, nomi qulogʻimizga chalinishi bilan sichqonning ini ming tanga boʻlib ketar edi. Loʻli koʻchada yurgan bolani qopiga solib ketarmish. Uyda kattalar boʻlmasa, bolalarni boʻgʻib oʻldirarmish-da, hamma narsani ship-shiydon qilib gʻoyib boʻlarmish.

Akam bilan ketma-ket xuddi quvlagandek, qop-qora loʻli xotin kirib keldi. Uzun, isqirt koʻylagining ustidan nimcha kiygan, shokilasi osilib yotgan qoʻsh koʻzli xurjunini yelkasidan oshirib tashlab olgan, sochlarining uchiga soʻlkavoy taqqan, oyogʻida eski qizil etik… Dahshat ichida oyimning pinjiga tiqildim. Uyda dadam yoʻq-ku, endi nima qilamiz? Hovlining allaqaysi burchagida yotgan mushukdekkina gurji kuchugimiz gʻazab bilan akillagancha loʻliga qarab yugurdi. Loʻli xotin bir lahza toʻxtadi-yu, qiyshiq tayogʻini itga oʻqtaldi. Sarosima ichida oyimga qaradim: tezroq haydab yuborsa-chi!

Oyim loʻliga diqqat bilan qarab turdi-da, birdan yuzi yorishdi.

 – Voy, Acha xola-ku! – dedi eski qadrdonini koʻrgandek quvonib. – Keling, aylanay.

U loʻli tomon yura boshlagan edi, qoʻlidan ushlab jonholatda orqaga tortdim.

 – Bormang! – dedim yigʻlamsirab.

 – Qoʻrqma, jinnivoy, Acha xolang-ku bu! – Oyim ayvondan ildam tushdi. Hovlining oʻrtasiga kelib qolgan loʻli bilan aylanib-oʻrgilib koʻrishdi.

Gurji kuchugimiz hamon toʻxtovsiz akillar, loʻlining atrofida gir aylanar edi.

 – Qani, kela qoling, – dedi oyim ayvon tomonga yurib.

 – Yoʻq, mango shu yer yaxshi! – Loʻli xurjunini yerga – bodom soyasiga tashladi-da, ustida oʻtirdi. Issiqlab ketganidan keng koʻylagining yoqasini gʻijimlab yelpingan edi, boʻynidagi ikki shoda munchoq marjon koʻrinib ketdi. Qulogʻidagi tilla oybaldogʻini koʻrdimu, negadir “oʻgʻirlab olgan” degan xayolga bordim. Tagʻin qoʻrqib ketdim. Hozir boshlaydi. Akalarim qulogʻimga quygandek, “poli keldi-poli keldi”, deb fol ocha boshlaydi-da, avrab-avrab hammamizni oʻldirib ketadi.

 – Oyi-i-i! – dedim chinqirib.

Loʻli menga qayrilib ham qaramadi. Qop-qora qoʻllarini keng yoydi.

 – Ovmin! Qadam yettu balo yetmasun! Pirlar madadkor boʻlsun. Dushmaning xoru zor boʻlsun, bacham!

Oyim ham yerga choʻkkalagancha unga qoʻshilib fotiha oʻqidi.

Akam xabar bergan boʻlsa kerak, bir zumda hovliga Hoji buvi, uch hovli narida turadigan kelinchak Xayri opa kirib kelishdi.

 – Uyingda amol bo-or! – dedi loʻli choʻzib. – Gʻaniming bo-or!

Vujudimni yana qoʻrquv bosdi. Ammo nima uchundir oyim xotirjam edi.

 – Amal nima qiladi, xolajon, – dedi sekin. – Akamdan xavotirdaman. Ming yerimga pichoq ursa bir yerimdan qon chiqmaydi. Hamma qaytyapti, akam bechoradan darak yoʻq.

Oyim urushga ketgan togʻamni koʻp gapirardi. Dadamni kasalligi tufayli urushga olishmagan, ammo oyim har ikki gapning birida akasini eslab yigʻlardi. Hozir ham shuni gapirdi. Tushundim, fol ochirmoqchi.

 – Bor, bolam, oʻynab kel, – dedi oyim mening hamon qoʻrqib turganimni koʻrib. Biroq men sehrlangandek oʻrnimdan jilolmay qoldim.

Loʻli shoshilmasdan xurjuniga qoʻl suqdi. Kirligidan guli bilinmay ketgan tuguncha oldi. Hoji buvi bilan Xayri opa ham oyimning ikki tomoniga jimgina choʻkkalashdi.

 – Acha xolamning romi doim toʻgʻri chiqadi, – dedi oyim qoʻshnilarga maqtanib. – Koʻp sinaganman.

Acha xola parvo ham qilmadi. Qop-qora barmoqlari bilan tugunchasini yechgan edi, bir hovuch tosh chiqdi. Qoʻshni qizaloqlar sopalak oʻynaydigan mayda toshlarning oʻzi. Faqat rangi har xil: oq, qora, koʻkimtir… U toshlarni toʻda-toʻda qilib qoʻydi-da, koʻzlarini yumib allanimalarni pichirlay boshladi. Uning yumuq kipriklari pirpirab-pirpirab qoʻyar, shunda yuzidagi koʻkimtir xoligacha qimirlab ketganga oʻxshar edi. Endi qoʻrquv oʻrnini allaqanday qiziqish egalladiyu angrayib qoldim. Hammamiz xuddi moʻjiza kutgandek qotib qolgandik. Hozir allanima boʻlishi, nimadir roʻy berishi kerakdek edi.

 – Akang tirek! – dedi loʻli toʻsatdan. Kaftining orqasi bilan bir turtgan edi, toʻdalanib turgan toshlar har yoqqa sochilib ketdi. Oppoq bir tosh dumalab oyimning oyogʻi oldiga keldi.

 – Akang keladu! – dedi oyimning koʻziga tik qarab. – Yoʻlga chiqq-o-on!

 – Ogʻzingizdan aylanay, xolajon! – oyim dik etib oʻrnidan turdi-da, uyga yugurdi. Bisotimizda bitta yaltiroq qoshiq bor edi. Oyim uni kumush qoshiq, deb maqtardi. – Mana, oz boʻlsa, koʻp oʻrnida koʻrasiz. Akam eson-omon kelsa bosh-oyoq kiyim qilib beraman. – U qoshiqni Acha xolaga uzatdi. Loʻli qoshiqni shosha-pisha xurjuniga yashirishini kutib turardim. Ammo u shoshilmadi. Qoshiqni bir chekkaga qoʻyib, Hoji buviga yuzlandi.

 – Bolaginamni koʻrarmikinman? – dedi Hoji buvi ovozi titrab. – Yolgʻizginamni koʻrib oʻlsam, armonim yoʻq edi.

Bu safar loʻli nimchasining choʻntagini uzoq kavlashtirdi. Keyin yongʻoqdek keladigan olti qirrali tosh oldi.

 – Muhra bilan ocharkanlar, – dedi oyim pichirlab.

Loʻli hech nimani eshitmagandek, toshning u yogʻini aylantirdi, bu yogʻini aylantirdi. Uning qop-qora qoʻli bilinar-bilinmas titrar, allaqanday chiziqlar tortilgan toshga tikilib toʻxtovsiz pichirlar edi.

 – Bachangni yoʻli toʻsulgon! – dedi u nihoyat.

Hoji buvining koʻzlarida, hamisha maʼyus boquvchi koʻzlarida choʻgʻ yaraqlab ketgandek boʻldi.

 – Oʻzi tirikmi axir? – u ingragudek ohangda loʻli tomon talpindi. – Uch yildan buyon na oʻligini bilaman, na tirigini. Joni omonmi ishqilib?

 – Amon! Bachang amon. Kutasan. Ancho kutasan.

Boyadan beri nafasini ichiga yutib oʻtirgan Xayri opa endi chidab turolmadi shekilli, hayqirib yubordi:

 – Asqar akam-chi? Asqar akam qachon keladi? Jon xola, bir koʻring! Asqar akamga nima boʻlgan? Gospitaldan bir xat keldi-yu, daraksiz ketdi. Jon xola, bir koʻring…

Loʻli unga sinovchan qarab qoʻydi-da, tagʻin shoshilmasdan hurjunini kavlashtirib, kaftdek koʻzgu oldi.

 – Ushla bune! – dedi oynani Xayri opaning qoʻliga tutqazib. – Qarab oʻter!

Xayri opa oynaga tikilib choʻkkalagancha qotib qoldi. Loʻli boshqa bir oynacha oldi.

 – Yoshini ayt! – dedi qatʼiy ohangda.

 – Asqar akammi? – Xayri opa toʻsatdan uygʻonib ketgandek choʻchib loʻliga qaradi. – Yigirma ikkida. Agar… agar… – U nimadir demoqchi boʻldi-yu, tutilib qoldi. – Yigirma ikkida, – dedi shoshilib. – Hozir yigirma ikkiga kirgan. – U bir zum jimib qoldi-da, ohista qoʻshib qoʻydi. – Chillamiz chiqmasidan ketgan.

Loʻli oʻzining qoʻlidagi koʻzguga tikilib pichirlagancha boshini bir maromda tebrata boshladi. Xayri opa koʻzguga qarab qotib qolgan, goʻyo qimir etsa fojia roʻy beradigandek edi. Nihoyat, Acha xola oʻzi tutib turgan koʻzguni etagiga artib xurjuniga tiqdi.

 – Nima? – dedi Xayri opa pichirlab. – Nima? Asqar akam…

 – Kuyoving amon… – Acha xola uning yuziga qaramasdan qoʻlidan koʻzguni oldi. – Koʻzimga koʻrinde. Kuyoving kasal boʻlgon.

 – Qachon, qachon koʻraman? – Xayri opa Acha xolaning qoʻliga yopishdi. – Ayting, nima koʻrdingiz? Qachon koʻraman?

Acha xola oʻylanib qoldi:

 – Yoʻl koʻrdem, yoʻl! Kuyoving keladu. Oy toʻlganda, uxlamay osmonga qaro. Koʻrason!

 – Nafasingizdan aylanay, xolajon! – dedi Xayri opa iltijo qilib. – Tilingizdan aylanay. Kuyovingiz kelsa, mana shu bilaguzugim sizniki. – U gapining rostligiga ishontirmoqchi boʻlgandek tilla bilaguzugini qoʻlidan yechib koʻrsatdi. – Asqar akam menga boshqasini olib beradilar.

Oʻsha kuni uyimizda bayram boʻldi. Toʻrt xotin oʻtirishib olma choy ichishdi. Oyim ertalab yopgan zogʻora nonini, Xayri opa tolqonini, Hoji buvi bir hovuch tut mayizini oʻrtaga qoʻydi.

Oʻsha kuni yana bir sirni bilib oldim. Bir haftadan keyin oy toʻladi. Uch qoʻshni oyga tikilib xolaning romini amalda sinab koʻrishadi.

Kutilgan kechada Hoji buvi bilan Xayri opa biznikiga chiqishdi. Dadam ishda edi. Anchagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirishdi. Keyin bolalarga supaga joy solib berishdi. Akalarim uxlab qolishdi. Men esa nima boʻlishini kutib poylab yotar edim.

Nihoyat, uch ayol bodom tagidan yaydoq joyga borib, tizilishib oʻtirishdi. Chigirtkalar chirillar, osoyishta osmonda toʻlin oy sutdek mayin, sutdek iliq nur sochar edi. Oyim, Hoji buvi, Xayri opa oyga tikilgancha qotib qolishgan, hech qaysisi churq etmas, chamasi har biri oʻzi izlagan odamni oydan topgisi kelar, oydan topishiga umid qilar, ishonar edi. Oradan ancha vaqt oʻtdi. Hamon chigirtkalar chirillar, allaqayerda kaltakesak chirqillab qolar, hovli burchagida ora-chora echki maʼrab qoʻyar, faqat oy, sehrli oy jimgina nur sochar, uch ayol esa unsiz qotib qolishgan, oʻzi ham, soyasi ham qilt etmas, uchovi ham shu oʻtirishda oyga tikilgancha haykalga aylanib qolgandek edi. Yotib-yotib zerikdim. Boshimni koʻtaray desam oyimdan qoʻrqaman. Endi koʻzim ilinayotgan ekan hayajonli hayqiriqdan choʻchib ketdim.

 – Ana! Ana! Koʻrdim!

Boshimni koʻtardimu ikki qoʻlini oy tomonga choʻzgancha iltijo qilayotgan Xayri opaga koʻzim tushdi.

 – Ana! Asqar akam! Asqar akam! – Xayri opa nafasi qaytgandek sapchib oʻrnidan turdi. – Ana qaranglar, boshini bogʻlab olibdi. Doka bilan boshini bogʻlab olibdi!

Boshini bogʻlab olgan Asqar akani koʻrish umidida jonholatda oyga qaradim. Yoʻq, oymomo hamon muallaq qotib turar, nim-qora dogʻlardan boshqa narsa koʻrinmas edi.

 – Voy, qani, qani? – oyim bilan Hoji buvi ham turib ketishdi. – Qani, biz koʻrmayapmiz-ku?

 – Voy, ana-ku! Kulib turibdilar. – Xayri opa holdan toygandek koʻksini changalladi. – Xudoga shukur, tirik ekansiz. – U birdan hiqillab yigʻlab yubordi. – Voy koʻrdim-a, aniq-taniq koʻrdim-a…

 – Aytmadimmi? – dedi oyim quvonib. – Acha xolaning foli toʻgʻri chiqadi demaganmidim. Nasib etsa, Asqarjon kelsa, shunaqa toʻylar qilingki.

Xayri opaning oʻsma tortilgan qoshlari, rangsiz chehrasi chiroyli, juda chiroyli ekanini birinchi marta payqadim. U nuqul kular, yigʻlab turib kular, hadeb bir gapni qaytarar edi.

 – Voy koʻrdim-a! Aniq-taniq koʻrdim-a.

…Uch ayol yangitdan choy qoʻyishdi. Acha xolani maqtab-maqtab gangur-gungur suhbatlashishdi.

Chindan ham Acha xolaning foli toʻgʻri chiqdi. Bittasi toʻgʻri chiqdi. Qor tushgan kuni togʻam keldi. Qoʻltiqtayogʻini doʻqillatib kirib keldi…

Hoji buvi Acha xola aytganidek oʻgʻlini kutdi. Yigirma yilcha kutdi. Ancha oydin kechalar oʻtdi. Keyin… uni mahalla koʻmdi. Oydin kechada Xayri opa aniq-tiniq koʻrgan Asqar aka ham kelmadi… Lekin nima uchundir Acha xolani hech kim ayblamadi. Togʻam eson-omon kelganida oyim bosh-oyoq sarpo qilolmagani uchun Acha xola ham ogʻrinmadi. U onda-sonda xurjunini koʻtarib kelib qolar, oyim aylanib-oʻrgilib kutib olar edi. Negaki, oyimning oʻzi odamsiz turolmas, har doim xonasi gavjum boʻlar edi. Eshikdan kim kirib kelmasin, uning koʻngli doim yaxshilikni sezib turgan boʻlardi.

Bir galgisi ayniqsa oshib tushdi. Oʻzim bilan bir sinfda oʻqigan bola prorab boʻlib mahallaning boyvachchasiga aylandi-qoldi. Shayton yoʻldan ozdirdimi, boshqami, ishqilib, bosar-tusarini bilolmay qoldi. Qoʻsha-qoʻsha imoratlar soldi. Oxiri lop etib qamalib ketdi. Bir kuni ishga ketayotsam, shu yigitning onasi oyimning oldida oʻtirib hasrat qilyapti.

 – Toʻxtavoyim tuhmatga uchradi, oʻrgilay. Bolaginamning xusumatga yoʻliqqaniga qandoq chidayman! Oʻzimning qon bosimim bor. Erta-indin oʻlib ketsam, tepkilab koʻmadiganimdan ayrilib qoldim, aylanay.

 – Voy unaqa demang, ovsinjon. – Oyim uni ohista yupatdi. – Yaxshi gapgayam, yomon gapgayam farishta omin deydi. Nasib etsa hali hech nima koʻrmagandek boʻlib ketasiz. – U ovozini birdan pasaytirdi. – Koʻnglim sezib turibdi. Toʻxtavoy erta-indin kelib qoladi. Toʻxtavoyingiz qandoq yaxshi bolaki! Mana, meni aytdi dersiz. Erta-indin eshikdan kirib keladi.

 – Voy, ogʻzingizdan oʻrgilay, ovsinjon! Koshkiy-di-ya! – Toʻxtavoyning onasi yigʻlamsirab fotiha tortdi. – Iloyo aytganingiz kelsin!

Oyimning hamma “karomat”lariga chidasam ham, bunisiga chidolmadim. Kechqurun ishdan kelganimda shundan gap ochilgan edi, koyib berdim.

 – Sizga ham Acha xoladan yuqqan shekilli, – dedim yarim hazil, yarim kinoya qilib. – Nima, fol ochyapsizmi? Koʻpchilikning haqiga xiyonat qilgan qallobni maqtab oʻtiribsiz.

Oyim koʻzimga diqqat bilan tikilib qoldi.

 – Qahring shunaqa qattiqmi? – dedi anchadan keyin.

 – Qahrning nima daxli bor? – dedim qaysarlik bilan. – Qilgʻilikni qilgandan keyin jazosini olsin-da. Qadamini oʻylab bosadigan boʻladi.

 – Albatta, senlar oʻqimishlisan, hamma narsani bilasan… – Oyim bir zum jimib qoldi-da, oʻziga-oʻzi gapirayotgandek sekin qoʻshib qoʻydi. – Onasida nima gunoh? Qon bosimi boʻlsa, ertaga puf etib dumalab ketsa, shunga suyunasanmi? Ona-ku bu… Shunaqa qahring qattiqmi?

Oraga noqulay sukunat choʻkdi. Negadir Acha xolani, oʻsha oydin kechani, oʻsha olma choyni esladim…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

https://saviya.uz/ijod/nasr/mening-acha-xolam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x