Mehr daraxti

I Chol XUAN

 

Che Ok kollejni tugatgandan soʻng mehribonlik uyiga ishga kirdi. U yerda ota-onasiz bolalar umid bilan yashardi. Bir yil davomida ular bilan yashab, ota-ona mehri qanchalik muhim ekanini his etdi. Oʻziyam bolalarga qaynoq mehr berishni istardi, albatta. Ammo Che Okning oldida togʻdek bir toʻsiq turardi: ularga muhabbat ulashaman deb, koʻnglini ogʻritib qoʻyishdan qoʻrqardi. Baʼzan bu yerdan joʻnab qolishni ham oʻzicha rejalashtirar, ammo koʻzlari moʻltiragan bolalarni tashlab ketishga vijdoni yoʻl qoʻymasdi.

Sochini kalta qilib kestirgan direktor xonim bolalarga juda qattiqqoʻl edi. Che Ok esa bu qattiqqoʻllikni mehr bilan almashtirishni oʻylab yurardi. Axir, qalbi oʻksik bolalarga qatʼiy intizom emas, qaynoq muhabbat kerak.

Kunlarning birida bir qariya Yong Hening yoqasidan sudrab kirib keldi. Cholning qoʻlida bir dona banan.

– Hoy, bolalaringizga nimani oʻrgatyapsizlar?! Manavi tirrancha uyimizdan banan oʻgʻirlamoqchi boʻldi, – dedi u gʻazab bilan.

Yong He uning qoʻlida nafasi boʻgʻilib turardi. Direktor xonim kechirim soʻragach, qariya javray-javray chiqib ketdi. Direktor Yong Heni xonasiga chaqirdi.

– Nega banan oʻgʻirlading? Gapir dedim senga! Endigina oʻn yoshga kirding-ku, oʻgʻirlikni qayerdan oʻrganding? Uyalmaysanmi? – direktor soʻnggi gapini ovozini pasaytirib gapirdi.

– Juda ham banan yegim kelgandi, shuning uchun… – dedi u boshini quyi egib.

– Juda-juda yeging kelgan taqdirda ham, birovning narsasini oʻgʻirlamasliging kerak. Yo biz senga shuni oʻrgatyapmizmi? – shunday deya direktor xonim Yong Heni ayovsiz kaltakladi. Uning burni qonab, ust-boshiga qon sachradi. Ogʻriqdan ingranayotgan bolakayning ahvoli yurakni ezadigan darajada ayanchli edi.

Shu kuni kechqurun direktor xonim bozorga borib keldi. Ikki sumkani toʻldirib banan sotib olibdi. U uxlab yotgan bolalarning yostigʻi yoniga bittadan banan qoʻyib chiqdi. Direktor xonim bolalar yotogʻidan chiqib ketar ekan, koʻzlari toʻla yosh edi.

Mehribon kuz quyoshi hovliga zarrin nurlarini sochmoqda. Bir nechta ninachilar uchib yurardi. Bolalar chugʻurlashib tashqariga chiqqanida, direktor xonim gullarga suv quyayotgan edi. Che Ok kirlarni yuvib, dorga osayotgandi, direktor xonim chaqirib qoldi.

– Ustoz Kim, bu yoqqa qarang, ishtahani ochuvchi pomidorlarning pishganini qarang, – direktor xonim unga zavq bilan gapirdi.

– Xonim, doim shu pomidorga mehr bilan qaraysiz-a?

– Unchalik emas. Baʼzan erinchoqligim tutib, vaqtida suv quya olmayman. Unga qarasam, bolalarni oʻylayman. Band pomidor mevasini xuddi onaning qoʻllariga oʻxshab mahkam ushlab olgani moʻjizaning xuddi oʻzi, – direktor xonim qip-qizil boʻlib pishgan pomidorlarni ushlab koʻra boshladi. – Ustoz Kim, men bolalarga juda qattiqqoʻlman-a? Baʼzan qahr-gʻazabim haddan oshib ketadi. Shu paytgacha ularning qalbiga quloq solmabman. Boyaqishlarning ota-onasini sogʻinganini, yuraklaridagi chinqiriq ovozini eshitmabman…

Shu kuni direktorning aytgan gapi Che Okning qalbida chuqur iz qoldirdi. Kechqurun Che Ok bolalarning kiyimlarini taxlab boʻlgach, direktorning xonasiga bordi. Bu yerdan ketish uchun xonimdan ruxsat soʻramoqchi edi. Gulzor oldidan oʻtayotganda ochiq derazadan direktor xonim xonasiga koʻzi tushdi. Ichkarida Yong He boshini egib oʻtirardi. Ochiq derazadan ichkaridagi ovoz aniq-tiniq eshitildi.

– Yong He, ol, uyalmay yeyaver. Bu bananlarni senga deb atay sotib olib keldim.

– Oʻzingiz nega yemayapsiz?

– Kelishingdan sal oldin yeb olgandim. Seni kaltaklab, juda azob berdim, meni kechir.

– Ayb menda. Sizni uyaltirib qoʻyganim uchun meni kechiring.

– Banan yeging kelganda, nega menga aytmading?

– Rosti, oʻzimning yegim kelmagandi. Kyong Su qattiq betob boʻlib qoldi. Tuni bilan onasini soʻrab isitmalab, alahsirab chiqdi. Kecha Kyong Su banan yegim kelyapti, deganda nima qilishni bilmay qoldim…

– Nega shuni menga aytmading? Men bilmay seni jazolab oʻtiribman.

– Oʻgʻirlik yomon ish ekanini bilaman. Boshqa bunday qilmayman.

– Sening ham onangni qoʻmsab, yuraging ezilyapti, – direktorning soʻzlari yigʻi ovozi bilan qorishib chiqdi.

Che Ok quloqlariga ishonmasdi. Turli chalkash oʻylar iskanjasida qolganda, Yong Hening gapi xayollarini tumandek tarqatib yubordi.

– Sizni oyi, deb chaqirsam, maylimi?

– Mayli, oyi deya qol. Oyingning bagʻriga kel, Yong He.

Che Ok derazadan qarab turardi. Direktor xonim Yong Heni mahkam quchoqlagancha yigʻlardi.

– Oyingni kechir. Bilmay, qalbingga jarohat yetkazib qoʻydim. Meni oyi deb chaqirishingni boshqa bolalar bilib qolsa, notoʻgʻri tushunishlari mumkin. Ularning ham yuragi ogʻriydi, senga havas qilib, oʻzlari qiynalishadi.

– Men ham buni tushunaman. Siz hammaga birday onalik qilishingiz kerak.

Che Ok ohista qadamlar bilan gulzordan oʻtib ketdi. Uning ham koʻzlaridan yosh toʻkila boshladi. Xonasiga kirib, bolalar bilan xayrlashish uchun yozgan xatini yirtib tashladi. Shu payt bolalar yotogʻidan ingroqqa oʻxshash ovoz eshitildi. Bu besh yashar Kyong Suning ovozi edi.

– Oyi… oyijon, – alahsirardi u.

Kyong Su tush koʻrayotgan edi. Che Ok Kyong Suning oldiga keldi. Soʻng uning yuziga tikildi. Ayni shu payt bir tomchi koʻz yosh Kyong Suning yostigʻiga tomdi. Che Ok ham direktor xonim kabi mana shu qalbi oʻksik bolaga onalik qilishni oʻylayotgan edi.

 

Koreys tilidan Malohat GʻAFFOROVA tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/mehr-daraxti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x