Aziz oʻquvchi! Eʼtiboringizga bir parchasi havola etilayotgan “Maʼrifatnoma” (“Maorif”) asari muallifi Sulton Valad haqida Jaloliddin Rumiy bunday degan: “Bahouddin, mening bu olamga kelishim sening zuhuring uchundir. Mening soʻylaganlarim faqat soʻzlar boʻlsa, sen mening ishim, asarimsan”.
“Maʼrifatnoma”da inson mohiyati, komillik, maʼnaviyat va maʼrifat sirlari teran talqin etilgan.
Asar goʻyo mashhur “Masnaviyi maʼnaviy”ning oʻziga xos sharhi, Mavlono Rumiy fikrlarining mantiqiy davomidir.
“Maʼrifatnoma” bir oydin koʻzgudirki, unda koʻngilda kechayotgan ajoyibotlar aks etadi. Unda oʻzingizni, oʻzligingizni koʻrasiz.
Tarjimon
Sulton VALAD
Birinchi kitob
Mehribon va rahmli Tangri nomi bilan boshlayman.
Nabiylar va valiylarning har biri bir moʻjiza va karomat bilan xos va mashhur boʻldilar. Olimlar va toʻgʻri yoʻlni izlovchilar (muhaqqiqlar): “Buyuk Alloh ulardan har biriga bir narsa bagʻishladi, biriga berganini boshqasiga bermadi” deyishadi.
Sulton Valad deydi: “Paygʻambarlarning har biri har turli moʻjiza va karomatlarni tugal va mukammal koʻrsatishga qodir. Biroq ularning har biri zamonasining ehtiyoji va u zamonda yashagan insonlarning orzulariga mos darajada bir moʻjiza koʻrsatdi”.
Bu fikrga oydinlik kiritish uchun misollar keltiraylik. Masalan, zargarlik, poyabzal ustachiligi, tikuvchilik va bulardan boshqa hunarlarni ham bilgan kishi odamlarga koʻylak tiksa: “Bu odam faqat koʻylak tikishni biladi” deyishmaydi-ku. Yoxud fiqhni bilgan, hakimlikdan voqif bir olim bir kasalni davolasa, “Maʼlumoti faqat shundangina iborat”, deb boʻlmaydi. Chunki u ehtiyojga koʻra, bilganlaridan faqat bittasinigina koʻrsatdi, xolos.
Masalan, tegirmonni aylantirayotgan suv haqida aqlli inson: “Bu suv faqat shu tegirmonni aylantirishga yaraydi” deydimi? Maʼlumki, bu suv koʻp narsaga asqotadi. Ham kirlarni tozalaydi, ham dalalar va bogʻlarni yashnatadi, oʻt-oʻlanu gullarni undiradi. Ha, u bir joyda tegirmonni aylantirmoqda. Agar uni bogʻ yo dalalarga burib yuborsang, xuddi shu suv u yerda yana boshqa ishlarni ham amalga oshiradi.
Chunonchi, bir paygʻambarga Alloh barcha moʻjiza va karomatlar layoqatini beradi. Biroq u zamonasi va qavmining ehtiyoji nisbatida moʻjiza va karomatlar koʻrsatadi. Demak, hamma paygʻambarlarda mavjud boʻlgan moʻjizalar va karomatlarning hammasi ularning har birida ayri-ayri va batamom mavjuddir. Faqat har bir paygʻambar barcha moʻjizalarni koʻrsatishga qodir boʻlgani holda, bulardan faqat bittasini koʻrsatgan. Aslida u qolganlarini ham Alloh izni ila koʻrsata olardi.
Paygʻambar Allohning mazhari va uskunasidir. U Haq taolo nazdida foniy va yoʻq boʻlgandir. Alloh har narsaga qodir Zot. Har ishni qilgan (foil) Alloh taolodir. Paygʻambarlar kotib qoʻlidagi qalam kabidirlar. Qalam yozgan (chizgan) hamma narsani haqiqatda kotib yozgan (chizgan). Paygʻambarlarni inson qoʻlidagi oʻq va yoyga mengzashadi. Oʻqning uchishi yoydan emas, insondandir. Shu sabab Alloh taolo: “Ey Muhammad, u oʻqlarni sen otmayapsan. Uni otgan Bizmiz, – deya marhamat qiladi. – Bizki, Tangrimiz, qilayotganing har narsa Bizning istak va buyrugʻimiz bilandir. Bunda sening ne oʻrning boʻlishi mumkin? Chunki ishni biz yuritmoqdamiz va Bizning istagimiz amalga oshmoqda. U holda kimki sen bilan kurashsa, urushsa, (aslida) Biz bilan urushayotgan boʻladi va kimki senga ergashib, buyruqlaringni ado etsa va sen bilan doʻstona munosabatda boʻlsa, buni Biz bilan qilayotgan boʻladi”.[1]
Birinchi fasl
Kimdir birov: “Asosiysi amaldir” dedi. Bu xususda aytilajak gap faqat shundan iborat emas. Amalni haqqi-rost tushuntira olish uchun, bir kimsaning oʻrtaga chiqib, amalni qanday koʻrishi va bilishini aytishini biz ham istaymiz.
Endi soʻz ahli (odami) boʻlganing uchun sen bilan gaplashish lozim. Chunki sen amal ahli (odami) emassan. Xoʻsh, amal deganda nimani tushunasan oʻzi? Sen amal deganda namoz oʻqish, roʻza tutish, hajga borish, zakot berish va zikr qilishni, tasbeh oʻgirishni, kechalari uxlamay nola qilish va parhez tutishni tushunasan (toʻgʻrimi? – A. T). Holbuki, bulardan hech biri amal emas. Bular bor-yoʻgʻi amalning sabablaridir. Bularni bajarishing senda ijobiy taʼsir hosil qilsagina, sen ibodat qilgan va oʻzgacha holli insonga aylangan boʻlasan.
Qurʼoni karimda: “Namoz seni gunohdan, jinoyatdan, yomonlikdan, nuqson va qusurlardan va isyondan qaytaradi (himoya qiladi) va tozalaydi”[2] deyilgan. Ha, sening sanab oʻtilgan yomon ishlarni qilmasliging va poklanishing amaldir. Shuning uchun Paygʻambarimiz (alayhissalom) namoz oʻqib boʻlgan bir kimsaga: “Namoz oʻqimading, tur, namoz oʻqi” dedilar. U odam turib namoz oʻqidi. Yana: “Tur, namoz oʻqi, namoz oʻqimading” dedilar. U odam yana turdi va namozini oʻqidi. Paygʻambarimiz yana bir bor: “Namoz oʻqimading…” dedilar va: “Qalb huzuri (xotirjamligi)siz namoz oʻqish toʻgʻri (durust) emas”, deb marhamat qildilar.
Binobarin, ruku, sajda va qiyomni ado etgan bilan kishi haqiqiy amal qilgan hisoblanmaydi. Yaʼni, din buyurgan bu zohiriy xatti-harakatlarni bajarish namozni risoladagidek oʻrinlatish boʻlmaydi. Haqiqiy amal ichni (qalbni – A. T.) oʻzgartirishdir. Inchunin, inson urugʻi ona rahmida vaqt oʻtishi bilan shakldan-shaklga kiradi. Alaqa va muzgʻa boʻladi. Nihoyat, mittigina odamcha shaklini oladi, jonlanadi, dunyoga keladi, ulgʻayadi va inson boʻladi.
Ana shunday oʻzgarish, quyi darajadan yuqori darajalarga koʻtarila borish amaldir. Meʼroj ham ana shu tarzda boʻladi. Yuqorida aytilganidek, odam jismi holdan holga oʻtib rivojlanadi. Bu jarayonda yuzaga keluvchi ikkinchi hol birinchi holdan, uchinchi hol esa ikkinchi holdan yanada yaxshidir. Bu jarayon ana shu tarzda davom etaveradi. Paygʻambarimiz (alayhissalom): “Ikki kuni bir (xil) boʻlgan kimsa aldanibdi”, deya marhamat qilganlar.
Boshqa bir hadisda: “Dunyo oxiratning ekinzoridir”, deb xabar berilganiga koʻra, oxiratda savobini koʻrish maqsadida bu dunyo bozorida ishlayotgan har bandaning ikki kuni bir xil boʻlsa, yaʼni, har kuni maʼnan ilgarilamasa, bunday kishi aldanibdi. Chunki inson kundan-kunga, hatto har on sayin maʼnan ilgarilashi, yuksalishi zarur. Haqiqiy amal mana shudir. Bunday amalni insonlar koʻra olisharmidi? Buni faqat Alloh koʻrur va bilur.
Alloh taolo: “Mening doʻstlarim Mening qubbalarim ostida yashirindirlar” (qudsiy hadis), deya marhamat qilgan.
Xullas, ilm namoz, roʻza kabi badaniy ishlardan va amaldan yanada yaqindir. Ilm amaldan ayri va foydasiz boʻlishi mumkinmi? Holbuki, badan harakatlari bajarilishda bir-biridan ayri va amalga foydasiz boʻlishi mumkin. Chunki qaysar, gʻarazgoʻy, ikkiyuzlamachi va munofiq kimsa zohiran badaniy amallar qilsa ham, u aslo dinning asl hukmini bajargan, haqni isbot etgan boʻlmaydi. Agar u bularni bilganida va amalni ixlos bilan bajarganida bunday “vasflar”ga loyiq koʻrilmasdi. Demak, xalq koʻrgan ibodatlar, marosimlar, mazhablar orqali koʻrsatilayotgan narsalarning hamma-hammasi amalning asli, oʻzi emas, balki uning sabablaridir.
Barsiso chindan ham yillar davomida biror zohid eplayolmaydigan darajada (koʻp – A. T.) ibodat qildi. Yaʼni, zohiriy amallarni bajardi. Ammo oxiri kofir boʻlib oʻldi. Shu kabi iblis ham ming yillar osmonda ibodat bilan mashgʻul boʻldi. Agar bu zohiriy amallar unga taʼsir oʻtkazgan boʻlsa edi, Alloh taolodan: “Odamga sajda qil!” – amri kelgach, sajda qilardi. Iso (alayhissalom) zohiriy amallarni bajarmagan edi, lekin u amal qildi. Chunki goʻdaklikdan bir onda yetuk inson holiga oʻtdi. Yaʼni, Muhammad Mustafoga qirq yoshida berilgan vahiyni Alloh taolo unga beshikdaligidayoq inʼom etdi.
Iso (alayhissalom): “Men Allohning bir quliman. Menga osmondan bir kitob tushirildi. Alloh meni Paygʻambar qilib tanladi va meni karamli qildi” (19-sura, 31-32-oyatlar), deya marhamat etdi. Amalning haqiqati sening hozirgi holingdan har on boshqa bir holga oʻtishing va maʼnan ilgarilashingdir. Misol qilsam, iksirni (maʼdanni oltinga aylantiruvchi suyuqlik – A. T.) misning ustiga toʻkkaningda, misning oltinga aylanishi amaldir. Agar oltin boʻlmasa, minglab bolgʻa zarbi yesa, yuz martalab qaynasa, kengayib choʻzilsa ham, baribir mis boʻlib qolaveradi.
Oltinni tanimaydigan (bilmaydigan) – amalning faqat koʻrinishiga boqqanlar va buni maqsad deb qabul qilganlar: “Yer yuzida oltin degan bir narsa boʻlsa, demak, u aniq mana shudir. Chunki bolgʻadan shunchalar zarba yedi, shuncha koʻp qaynadi, choʻzildi, kengaydi” deyishadi. Holbuki, oltinni bilgan kishi bu ishlarga eʼtibor bermay, sof oltinmi yoki yoʻq, bilish uchun unga mahak (tajriba toshi)ni uradi, sof boʻlsa, qabul qiladi. Sof oltin boʻlmasa, uni bir pulga ham sotib olmaydi. Chunki Alloh taolo: “Men sizning na (tashqi) koʻrinishingizga, na ishingizga, na soʻzingizga qarayman. Faqat koʻnglingizda Menga boʻlgan sevgingiz qanday va naqadar, deya koʻnglingizga qarayman”[3] demoqda.
Aqlli insonga bir ishorat yetarli boʻladi. Bir uyda odam bor-yoʻqligini bilish uchun birgina tovush kifoyadir.
Ikkinchi fasl
Valiy zotlar Allohning xos va tanlangan bandalari, hatto Alloh taoloning sirlaridir. Allohni tanish va bilish esa Uning sirlarini bilishdan osonroqdir. Agar bunday zotni koʻrmoqchi, tanishmoqchi boʻlsang, ozgina gʻayrat bilan bunga erishasan. Biroq qanchalar gʻayrat qilsang ham, u zotning koʻnglidagi yashirin sirlarni bilmaysan va tushunmaysan.
Binobarin, bir insonning zohiri, suratini bilish uning siyrati, yashirin sirlarini bilishdan koʻra juda osondir. Bir kishi bir olimni undan ruxsat soʻrab, ziyorat qilmoqchi boʻlsa, bu orzu ozgina gʻayrat bilan amalga oshadi. Biroq ziyoratchi kimsa u olimning ilmini oʻrganishi, u zotning ilm xazinasidan bir parcha sarmoyani qoʻlga kiritishi uchun yillar davomida zahmat-mashaqqat chekish uchun chidashi, juda koʻp qiyinchiliklarni yengib oʻtishi lozim.
Deylik, bir shaharda yuz minglab xalq Alloh taologa sigʻinadi va ehtiyojlarini Undan soʻraydi. Ular Alloh taoloning har narsaga qodirligini, hammaning rizqini berishini, hammaga yoʻl koʻrsatuvchi, butun gunohlarni afv etuvchi, ayni paytda hamma narsani yoʻq qiluvchi ham Alloh taolo ekanini bilishadi. Jonu dildan, sadoqat bilan Unga toat-ibodat qilishadi. Umuman olganda, hammasi shunday. Ammo bu yuz minglab insonlar orasidan juda oz kishi yuzini bir komil shayx va avliyoga qaratgan. Bulardan ham bor-yoʻgʻi bir-ikki kishi u valiy zotni yaxshi tanib olgan, xolos. Bundan anglashiladiki, Allohga topinmoq koʻrinishda umumiydir. Bunda har kimning bir oʻrni va bir yoʻli bor. Hatto kofirlar ham Allohga sigʻinishadi.
Sheʼr:
U yagonadir, Uning sherigi yoʻq, deb kofiru dindor, hamma-hamma Uning yoʻlida yugurar.
Yetmish ikki millatga qarasa, hammasining Allohga sigʻinayotgan va turli shaklda, turli amallar bilan, boshqa-boshqa tillarda Unga ibodat qilayotganini koʻrasan (Alisher Navoiy “Hayratul abror” dostonida bu holatni hayratlanib ifoda etadi – A. T). Faqat insonlar emas, togʻu tosh, yeru osmon, yulduzlar, tuproq va havo, shamol, hattoki olov ham Allohga topinadi va barchasi sen bilmaydigan, tushunmaydigan tilda Unga hamdu sano aytadi.
“Har narsa Uni hamd ila tasbeh etadi. Faqat siz ularning tasbehlarini anglamassiz” (1-sura, 44-oyat).
Butun borliqlar (mavjudot) va keyin paydo boʻlgan narsalar (masnuot) insonlarning Haq taologa sigʻinishlariga toʻsqinlik qiluvchi bir parda, sirlar qasriga kirish yoʻl bermaydigan eshik ogʻalaridir. Shirin ovqatlar, chiroyli kiyimlar, boylik, ishrat, Chin goʻzallari ham insonlarni ibodatdan chalgʻitadi. Talabalar va soliklarning yoʻllarini kesadi. Biroq insonlardan baʼzisi kechayu kunduz duo-iltijo qilib, zikrni koʻpaytirib, “La havla…”ni koʻp takrorlash orqali bu yoʻltoʻsarlar qoʻlidan qutuladi. Ular ibodat yuklarini Allohning rizo va qabul manziliga yetkazadi. Ammo hech kim ular bilan aloqa oʻrnatmasligi, ularni tanimasligi, ular tomon yoʻl topolmasligi uchun Alloh taolo yaqini – doʻstini boshqalardan qoʻriqlaydi, sir saqlaydi.
Tangri taolo: “Mening avliyo va xos qullarim Mening rashk qubbalarim ostida yashirindilar. Ularni Mendan boshqa hech kimsa koʻrmaydi va bilmaydi” (qudsiy hadis), deb marhamat qilgan.
Bu dunyoda ham ulugʻ podshohlar adolat taxtiga oʻtirishganida xususiy va umumiy tabaqaga mansub har xil insonlarning huzurlariga kirishiga ruxsat berishadi. Ular turgan mavqe va martabaga qarab, har birining ehtiyojini taʼminlashadi. Ularga yaxshi muomala qilib, ehson etishadi. Biroq chiroyli joriyalarini hech kimga koʻrsatishmaydi. Agar kimdir podshohdan ularga mahram, ular bilan birga boʻlishni soʻrasa, podshoh shu zahotiyoq uning boshini tanasidan judo qildiradi. Biroq istasa, ishonchini qozongani, feʼl-atvori, toʻgʻriligi bois kimnidir yaqinlariga mahram qilishi ham mumkin.
Insonni ibodatdan chalgʻituvchi shayton, boshqa yaratiqlarni “La havla…” va zikr bilan daf etsa boʻladi. Biroq toʻsiq Alloh taolo boʻlsa, Uni qaysi zikr va “La havla…” bilan uzoqlashtira olsin? Shu jihatdan valiy zotlarni topish, ularni tanib olish Allohni tanishdan qiyinroq kechishi mumkin. Allohga vasiylarni tanigan bir inson, albatta, Allohni taniydi va biladi. Buning aksi boʻlishi, yaʼni, Allohni tanimoq ila avliyoni tanish mumkin emas.
Koʻp insonlar bor, Allohni tanishadi va Unga bandalik qilishadi. Biroq Allohning valiyi – doʻstini tanimaydi (tan olishmaydi – A. T.) va bilishmaydi. Hatto bir valiyni koʻrishsa, unga dushmanlik qilishadi, uni inkor etishadi.
Mansur Xallojni zamonasining Shibliy va Junayd kabi olimlari, valiylari inkor qilishdi. Uni oʻldirishga qaror berdilar. Hammasi birlashib, uni osishga fatvo chiqarishdi. Nihoyat, shunday ulugʻ, valiy bir insonni osishdi. Dor ogʻochidan tushirib, jasadini olovga otishdi. Olamda undan biror asar qolmasligi uchun alangada yoqishgach, kullarini suvga sochishdi. Nima qilsalar ham, baribir olovda ham, suvda ham “Analhaq!” soʻzi yozilganini, kuli Shatti Bagʻdod ustida toʻplanib: “Analhaq!” soʻzini naqsh qilganini koʻrishdi. Bu karomatni anglab, hammalari qilgan ishlariga pushaymon boʻlishdi. Oʻsha zamondan beri Uning ismi esga olinmasdan hech bir vaʼz majlisi ravnaq topmas va haroratlanolmas. Uni qiyomatga qadar maqtagaylar.
* * *
Musoning (alayhissalom) ahvoli ham shunday edi. Musoni Alloh paygʻambar etib xalqqa yubordi. Ulugʻ Alloh Musoni vahiyning eng oxirgi martabasi boʻlgan “kalom” ila siyladi (Qurʼoni karim, 4-sura, 164-oyat).
Muso butun buyukligi, bilimi, Alloh yaqinligiga qaramay, Xizrga (alayhissalom) shogird boʻldi. Haq taolodan Xizr bilan gaplashishni duo qilib soʻradi. Uzoq yalinib-yolvorishlardan soʻng Alloh taolo uning istagiga: “Safarga chiq va Mening u xos qulimni qidir va top”, xitobi ila javob berdi. Muso shunga binoan harakat qildi. Bir dengiz qirgʻogʻiga kelgach, u yerda Xizrni topdi.[4] Koʻzi va koʻngli uning diydoridan yorishdi va istagan koʻp narsasi u bilan bir suhbatdayoq hosil boʻldi. Bir boqish bilan koʻp xilʼatlar kiydi va ajib neʼmatlar totdi. Ularni haligacha na bir koʻz koʻrgan, na bir quloq eshitgan, na bir inson xayoliga keltirgan edi. Ha, Muso (alayhissalom) Xizrga oʻrtoqlikni va uning suhbatdoshi boʻlishni soʻradi. Hali koʻrmasidanoq unga qanchalar oshiq edi! Bularni koʻrganida va totganidagi ishqi ne hol olganini tasavvur qilaver!
Bayt:
Seni koʻrmasdanoq bunday holdamiz,
Agar koʻrinsang, holimizga voy…
Xizr (alayhissalom) aytdi: “Ey Muso! Qoʻlga kiritganing shu neʼmatlarga qanoat qil va ortga qayt. Bizning suhbatlashishimiz tahlikalidir. Alloh asrasin! Bu (safar)dan senga bir zarar kelishi mumkin”.
Muso (alayhissalom) ishqi va bogʻlanishi balandligidan yana yolvordi. Ancha payt birga aylanib yurishdi. Dengiz qirgʻogʻida chiroyli bir kemani koʻrishdi. Xizr (alayhissalom) bu goʻzal kemani xarob etdi – teshdi. Kemani batamom yaroqsiz holga keltirdi. Muso (alayhissalom):
– Qilgan bu ishing toʻgʻri emas, chunki bu hikmat va shariatga teskaridir. Adolat mezoniga, fazilat, shariat tarozisiga tortilmaydigan ish bu, – dedi.
Xizr (alayhissalom):
– Sen men bilan safar qilolmaysan demaganmidim, – degach, Muso (alayhissalom) oʻziga kelib:
– Qasamimni va ahdimni unutdim. Bu ilk gunohim, meni kechir, – dedi. Xizrga koʻp yolvordi, nihoyat, u chidayolmay, Musoning aybini kechirdi.
Oradan ancha vaqt oʻtdi. Aylanib yurishar ekan, bir vodiyga kelib qolishdi. Bu yerda oʻynab yurganlar orasida nihoyatda chiroyli bir bolakayni koʻrishdi. Ikkisi ham birdaniga hayrat bilan: “Yaratuvchi Alloh taolo naqadar goʻzaldir” (23-sura, 14-oyat) dedilar.
Xizr bu bolani boshqalardan ajratib, boshini silab, koʻnglini xushladi, qoʻlidan tutib, chetga olib chiqdi. Muso hayron boʻlib, ularni uzoqdan kuzatib turardi. “Xizr bolakayni qayerga olib borayotgan ekan?” – deya oʻyladi u. Xizr uni ovloq bir joyga olib bordi va birdan oyoqlari ostiga olib, uni oʻldirdi. Muso (alayhissalom) gʻazab bilan:
– Shunday gunohsiz va maʼsum bolani oʻldirishing toʻgʻrimi?![5] – deb baqirdi.
Xizr (alayhissalom):
– Sen menga yoʻldosh boʻlolmaysan; qilgan ishlarimga chidayolmaysan, ortingga qayt demaganmidim, – degach, Muso oʻziga kelib aytdi:
– Xato qildim, parishonxotirligim gʻolib keldi.
– Hamisha ishlarimni inkor qilyapsan, soʻng xato qildim, deysan.
Muso (alayhissalom):
– Xudo haqi, bu safar ham kechir, sunnatda (kechirish – A. T.) uch boradir. Agar yana bir bor inkor qilsam, uzrimni qabul etma, – dedi.
Sheʼr:
Agar mendan yana bir bor xilof ish koʻrsang,
ojizligimga hech marhamat etma.
Shunday qilib, Xizr (alayhissalom) ikkinchi xatoni ham boshqa bahona qabul qilmaslik sharti bilan kechirdi.
Shundan soʻng yana bir muddat birga kezishdi. Nima boʻldi-yu, bu safar yetti-sakkiz kun hech bir yegulik topolmadilar. Ochlikdan oʻlayozdilar. Maʼlumki, shariat ochdan oʻlmaslik uchun oʻlaksa goʻshtidan ham ozgina yeyishga ruxsat beradi. Shunday holda bir vodiyga, katta va gavjum shaharga kelishdi. Bu shaharda xazinalarga ega juda boy yetim bolalar yashar, hovlilarining devorlari xaroba holda, yiqilay deb qolgan edi. Xizr bu devorni tikladi, yiqilgan joylarini taʼmirladi.[6] Muso uning bu ishini koʻrib, uy egalaridan bir haq, hech qursa, yeguliklar kelishiga umid bogʻladi. Xizr Musoning qoʻlidan tutdi va bu joydan ketish kerakligini aytdi. Musoning sabri tugagan edi. Chidayolmay:
– Ey Xizr, ochlikdan sillamiz quridi, shu holingda boshqa birov taʼmirlashi mumkin boʻlmagan bir devorni tiklab qoʻyding. Uy egalari juda boy. Qilgan ishing evaziga bir necha kun ularnikida qolib, kuch toʻplashimizni, nafas rostlashimizni, hech boʻlmasa, bir burda non soʻrasang boʻlmaydimi? Bu insofdan emas, buni hech kimsa maʼqullamaydi, – dedi.
– Ey Muso, mana, uchinchi bor xato qilding. Endi uzring qabul qilinmaydi. Bu ishing ajralishimizga sabab boʻldi,[7] – dedi Xizr. – Inkor qilganing uch ishning sirini aytsam, meni maʼqullashing kerakligini anglaysan.
Kemani teshganimning boisi bunday: u kema kambagʻal, moʻminlar, yaxshi insonlarniki edi; chiroyli boʻlgani uchun kofirlar uni qoʻlga kiritib, musulmonlarning qalʼalariga bostirib borib, ularni oʻldirmoqchi, asir etmoqchi ekanini sir koʻzi ila koʻrdim. Shu bois kemani teshib, yaroqsiz holga keltirdim.[8]
Bolakayni oʻldirishimning sababi esa bunday, bolakayning ota-onasi moʻmin, solih kishilardir. Ammo bolaning javhari yomonligidan u qabih ishlarga qoʻl urar, ota-onasini din yoʻlidan qaytarardi.[9] Yomonlik va dinsizlik yer yuzida kamaysin, ota-onasi dinsizlikdan omonda boʻlsin deb uni oʻldirdim. Axir bogʻbon ham hosili koʻp yaxshi shoxlar kuchayishi uchun mayda va keraksizlarini kesmaydimi?
Yetimlarning yiqilay deb turgan devorini taʼmirlaganim, evaziga haq soʻramaganimning boisi ham u bolaning ota-onasi Tangrining xos va solih qullaridan boʻlishganidir (18-sura, 80-oyat).
Mufassirlar yetimlarning yettinchi ajdodlari solihlardan boʻlishgan degan fikrni ilgari surishadi. Baʼzi olimlar esa: “Ularning yetmishinchi ajdodi solihlardan boʻlgan” deyishadi. Xizr kabi ulugʻ zot yetim bolalarning yettinchi yoki yetmishinchi ajdodiga ham hurmat va taʼzim bajo keltirishi, ularning farzandlariga ogʻir ishlarini ado etganidan soʻng, oʻzi juda muhtoj holda boʻlaturib, xizmati uchun haq soʻramasligi Allohga yaqin, solih bandalarga, ularning zurriyotlariga nechogʻlik hurmat-ehtirom koʻrsatish zarurligidan bizga katta saboq boʻladi.
Tabriz bozorida bir kishi hushidan ketgan, yuzi, soch-soqoli va kiyimlari tuproqqa belanib yotardi. Dindor, katta bir domla yonidan oʻtarkan, soʻkinib, ijirgʻanib, yuziga tupurdi.
Shu kuni kechasi Paygʻambarimizni (alayhissalom) tushida koʻrdi. Paygʻambarimiz gʻazab bilan:
– Menga ummatlik iddao etasan va shu tufayli jannatga kirishni umid etyapsan. Meni bozorda aftoda bir holda koʻrding, nega uyingga olib bormading, boshimni silamading va soch-soqolim, yuzimga yopishgan iflosliklarni tozalamading? Mening yuzimga tupurishga qanday koʻngling bordi? – dedi.
Domla ajablanib:
– Paygʻambarimizga qachon bunday odobsizlik qildim? – deb soʻradi.
– Mening bolalarim aslida “men” ekanlarini bilmasmiding? Bizning bolalarimiz bizning jigarlarimizdir. Agar shunday boʻlmasa edi, otaning mulki oʻgʻliga meros qolarmidi? – degan javobni oldi.
Domla uygʻongach, Paygʻambarimizning (alayhissalom) haybatlaridan titrab, u haligi hushsiz yotgan odamni qidirib topdi. Oʻz saroyi, mol-mulkining yarmini unga berdi, umrining oxirigacha uning xizmatida boʻldi.
Shunday qilib, Xizr (alayhissalom) bu uch sirning hikmatini Musoga (alayhissalom) tushuntirdi va shu joyda ular xayrlashdilar.[10] Ushbu maʼnoni kuchaytirish uchun bunday hikoya qiladilar: soʻfiylik daʼvo qilgan bir kimsa bir valiyga:
– Ulugʻ Tangri menda har kun yetti marta tajalliy etmoqda, – dedi.
Valiy zot unga:
– Agar odamgarchiliging boʻlsa, Abu Yazidni bir borib koʻr, – dedi.
Oralaridagi tortishuv choʻzilib ketdi. Sodda soʻfiy:
– Men Tangrini bir kunda yetmish marta koʻryapman, – degan sayin, ikkinchisi ham:
– Odamiylik qilib, Abu Yazidni ziyorat qil, – deyaverdi.
Nihoyat, bu sodda soʻfiy Abu Yazid huzuriga borishga qaror qildi.
Abu Yazid bir oʻrmonda edi. Soʻfiy uning oldiga kelayotganini karomat ila bildi va kutib olish uchun oʻrmondan chiqdi. Ularning muloqoti oʻrmon yonida boʻlishi kerak edi. Biroq soʻfiy Abu Yazidning muborak yuzini koʻrgach, chiday olmadi. Uning ruhi tan qolipini boʻsh tashlab, bu dunyodan narigisiga koʻchdi.
Endi asosiy masalaga kelaylik: Bu hikoyada oʻrmon – Abu Yazidning koʻngli va oʻrmondagi daraxtlari uning oʻy-fikrlari, ilmi va maqomi edi. Sodda soʻfiy Abu Yazidning siri boʻlgan oʻrmonga qanday kira olardi? Shu bois Abu Yazid oʻrmondan tashqari chiqib, soʻfiyga yuzlandi.
Aqlli inson bolakay bilan gaplashar ekan, oʻz bilim va aql oʻrmonidan chiqadi, bola tomonga yaqin keladi va tushuna olishi uchun bolaning aqliga moʻljallab gapiradi. Zero, insonlarga ularning aqllari qabul qilishiga moslab soʻzlash lozim.
Sodda soʻfiy Alloh taoloning tajalliysini oʻz hafsalasi va kuchi nisbatida koʻrdi. Ammo Allohning nuri va tajalliysi Abu Yazidning qabul etgan quvvat bilan unga urilgach, bardosh berolmadi va jon taslim qildi.
Jabroilda ham Alloh taoloning tajalliysi bor edi. Balki Jabroil ilohiy tajalliy ichida yetishgandi. U bilan mashgʻul, undan boshqa ishi yoʻq edi. Dengiz ichidagi baliq kabi u doimo vuslat daryosi ichida edi. Jabroil (alayhissalom) Paygʻambarimizni Meʼrojga boshlab bordi. Ammo u ham oʻz maqomiga kelganida toʻxtadi va bir qadam ham ilgari yurolmadi. Shunda Paygʻambarimiz (alayhissalom) unga:
– Kel! Nega toʻxtading? – degach, Jabroil:
– “Bu maqomdan ilgariga ketish sengagina xosdir. Agar yana bir barmoq enicha oldinga yursam, yonaman”, – deb javob berdi (37-sura, 164-oyat).
Shundan soʻng Paygʻambarimiz (alayhissalom) yoʻlida davom etdi va Qurʼonda: “Uning koʻzi toyilmadi, aylanmadi” (53-sura, 17-oyat), deb marhamat qilinganidek, Haq taoloning jamolini hech xatosiz, “bosh-koʻzi” ila koʻrdi.
Alloh taolo tajalliysini har kimsa faqat oʻz fikr-tushunchasining quvvati nisbatida koʻra oladi. Chumolidan tortib Sulaymongacha – hammasiga Alloh taolo rizq beradi. Hammasining borligi va tirikligi tamoman Allohning tajalliysi tufaylidir. Ammo bu ikki tajalliy orasida farq bor. Sulaymonda boʻlgan tajalliy qayerda-yu, chumolida boʻlgani qayerda!
Masalan, bir xoʻjayinning, biri oʻn, biri yigirma, biri oʻttiz, biri qirq va biri ellik yoshdagi besh xizmatchisi bor. Bular hammasining aqli boshida, ammo aql-tajriba jihatidan teng emas, albatta, birida koʻp, birida oz, yoshiga qarab, ularning koʻrinishlari ham har xil. Xoʻjayin ulardan har biri bilan aqli darajasiga koʻra gaplashadi, muomala qiladi. Bulardan eng kichigi bilan xuddi eng kattasi va aqllisi bilan koʻrishib-gaplashganiday muomala qilsa, kichigi bechora hech narsa tushunmaydi, bunga chidayolmaydi.
Masal:
Ey ruhini dam oldirgan kishi!
Kiyimni inson tanasiga oʻlchab bichishadi.
Shunga oʻxshash, avliyo va moʻminlarga Haq tajalliysi ham ularning Alloh nazdidagi martabalari nisbatida boʻladi. Yaʼni Alloh nuri ular ustiga toqat eta bilganlari (koʻtarganlari – A. T.) qadarli tushadi.
Bir inson olovga toblanmoqchi va undan foydalanmoqchi boʻlsa, oʻt yoqib hammomni qizdiradi. Hammom vositasida olovning vuslatidan foydalanadi. Agar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzini olovga otsa, eti kuyishi, chidamasligi aniq. Allohning yetishgan, xos bandalari samandar kabi otash ichida va baliq kabi suv tubida yashay olishadi. Lekin boshqa moʻminlar va haqiqat toliblari hali bevosita olovdan foydalanish quvvatiga ega emaslar.
Buni aytishdan maqsadimiz Allohning kamol kasb etgan xos bandalari yuzini koʻrish bevosita Alloh tajalliysini koʻrishdan qiyin ekanini tushuntirishdir. Faqat bu gap “Avliyo Allohdan ayri, gʻayridir” degani ham emas. Bunday oʻylash mutlaqo xato va kufrdir. Bu gap “Avliyoning Tangri tajalliysini koʻrish kuch-quvvati avomda yoʻq” deganidir.
Xullas, Tangrining kamolga erishgan xos bandasini toping, uning suhbati vositasi ila siz ham Tangri tajalliysini koʻra olgaysiz.
Turkchadan Abdumurod Tilavov tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2011–1
[1] “Otganingda ham sen otmading, Uni faqat Alloh otdi” (8-sura, 17-oyat).
[2] 29-sura, 45-oyat.
[3] “Alloh bizning na suratlarimizga, na amallarimizga boqar, faqat qalblarimizga qarar” (hadis).
[4] “Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilarki, Biz unga Oʻz dargohimizdan rahmat (yaʼni paygʻambarlik) ato etgan va Oʻz huzurimizdan ilm bergan edik” (18-sura, 65-oyat).
[5] “Birovni (oʻldirmagan) bir begunoh jonni nohaq oʻldirding-a? Darhaqiqat, (sen) buzuq ish qilding!” (18 sura, 74-bet).
[6] “Soʻng oʻsha joyda yiqilay deb turgan bir devorni koʻrishgach, (Xizr) uni tiklab qoʻydi” (18-sura, 77-oyat).
[7] “U (Xizr) aytdi: “Mana shu sen bilan mening ajralishimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning taʼvili (sharhi)dan ogoh qilurman” (18-sura, 78-oyat).
[8] “Kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan (yuradigan) miskin-bechoralarniki edi” (18-sura, 79-oyat).
[9] “Haligi bolaning esa ota-onalari moʻmin kishilar edilar. Bas, biz u (bola) tugʻyon va kufr bilan ularni qiynab qoʻyishdan (yaʼni, ularning oʻz bolalarini yaxshi koʻrganlari sababli dindan chiqib ketishlaridan) qoʻrqdik” (18-sura, 80-oyat).
[10] “Endi bir-birimizdan ayriladigan payt keldi” (18-sura, 77-oyat).
https://saviya.uz/ijod/nasr/marifatnoma/