Jomiy “Xamsa” yozganmi?

Baʼzi adabiyotlarda xamsanavis shoirlar qatorida Navoiyning piri, tasavvuf nazariyasini chuqur anglab yetishda unga ustozlik qilgan ulugʻ fors-tojik shoiri Abdurahmon Jomiy nomi ham tilga olib oʻtiladi. Shu masalaga biroz aniqlik kiritish, bahonada Navoiy va Jomiy ijodidagi umumiy va farqli tomonlarga dastlabki darajada eʼtibor qaratish maqsadida ushbu mavzuni qalamga oldik.

Ustoz – shogird munosabatlari hech qachon oddiy boʻlmagan. Ayniqsa, ijod masalasida. Ahmad Yassaviy – pir, Sulaymon Boqirgʻoniy – murid. Gʻoyaviy yoʻnalish bir xil! Ammo bu ikki shaxs sheʼriyat olamida har biri oʻz ovoziga ega. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning badiiy olami ham har biri – oʻzga bir ruh, oʻzga bir kayfiyat ifodasidir.

Maʼlumki, Alisher Navoiy “Xamsa” dostonlarining har birida Nizomiy Ganjaviy va Amir Xusrav Dehlaviy haqida bahs yuritgach, Jomiyga ham alohida bob bagʻishlaydi. Ammo oldingi ikki salafidan farqli oʻlaroq Jomiyning “Xamsa” yaratganligi haqida aniq maʼlumot bermaydi.

Agar birinchi doston – “Hayrat ul-abror” muqaddimasida “Maxzan ul-asror” va “Matlaʼ ul-anvor” bilan bir qatorda “Tuhfat ul-ahror”ni ham tilga olib oʻtsa-da(XIII bob), “Xamsa”ning ikkinchi dostoni – “Farhod va Shirin”dagi Jomiyga bagʻishlangan VII bobda uni juda koʻtarinki ruhda madh etganligiga qaramay, biror asarini aniq tilga olmaydi. “Layli va Majnun” debochasida esa:

 

Gar “Xamsa”ni etmay(in) murattab…

 

(yaʼni, “garchi “Xamsa” yozmagan boʻlsang-da”), deb qayd etadi va “Panj ganj” hisobida “Silsilat uz-zahab”, “Tuhfat ul-ahror”, “Subhat ul-abror”, “Yusuf va Zulayxo” (“Ahsan ul-qisas”) va “Devon”ni (soʻz birinchi devon – “Fotihat ush-shabob” ustida ketgan boʻlsa kerak) sanab oʻtadi. Demak, Navoiy “Layli va Majnun”ni boshlaganda Jomiy hali boshqa dostonlarini yozib tugatmagan ekan. “Sabʼai sayyor” ibtidosida Jomiyning “Sharhi Ruboiyot”, “Lavomeʼ”, “Lavoyih”, “Ashiʼat ul-lamaot”, “Nafahot ul-uns” kabi bir qancha nasriy asarlari hamda “Tuhfat ul-ahror”, “Subhat ul-abror”, “Silsilat uz-zahab”, “Oshiqu maʼshuq” (“Yusuf va Zulayxo” dostonining yana bir nomlanishi) dostonlari, qasidalari, gʻazaliyoti tilga olinadi. “Xamsa” xususida soʻz yoʻq. Oxirgi – “Saddi Iskandariy” dostoni muqaddimasida (VII bob) Jomiy yaratgan masnaviylar xususida Navoiy shunday deydi:

 

Boʻlib jilvagar tabʼi koʻzgusida,

Ki sabt ayladi “Xamsa” oʻtrusida.

Erur andin ortuqki, oʻksuk emas,

El andin der ortuqki, oʻksuk demas.

 

Demak, yana Jomiyning “Xamsa” yaratgani xususida emas, balki “Xamsa oʻtrusida” (yaʼni, unga muqobil ravishda) yaratgan masnaviylari 5tadan oshiq, ammo kam emas, deb taʼkidlaydi; “Tuhfat ul-ahror”, “Subhat ul-abror”, “Yusuf va Zulayxo”ga qoʻshimcha qilib “Layli va Majnun” dostoni yaratilgani va “Xiradnomayi Iskandariy” dostoni esa, yozilish jarayonida ekanligidan xabar beradi.

Alisher Navoiyning Jomiy vafotidan keyin, uning xotirasiga bagʻishlab maxsus yozgan “Xamsat ul-mutahayyirin” risolasi “Uchinchi maqolat”ida ulugʻ shoir va allomaning barcha asarlari birma-bir sanab oʻtiladi. Unda, jumladan, shunday satrlar bitilgan:

 

“yana: “Haft avrang”ki mushtamildur

etti kitobgʻa;

avval:

“Silsilat uz-zahhab”ki,

uch daftardur;

ikkinchi: “Salomon va Absol”;

uchunchi: “Tuhfat ul-ahror”;

toʻrtunchi: “Subhat ul-abror”;

beshinchi: “Yusuf va Zulayxo”kim

“Oshiqu maʼshuq”gʻa mavsumdur;

oltinchi: “Layli va Majnun”;

ettinchi: “Xiradnomayi Iskandariy”.

 

Shunday qilib, Jomiyning “Xamsa” yozganligi xususida Alisher Navoiy aniq guvohlik bermaydi. Savol tugʻiladi: nega Navoiy ikki salafi(Nizomiy va Amir Xusrav)ga oʻz asari bilan javob bergan, ammo Jomiyga alohida ehtirom izhor etgani holda, uni xamsanavis sifatida tilga olmagan?

Buning birinchi sababi – oddiy, yaʼni Jomiy oʻz epik masnaviylarini Navoiy bilan hamnafaslikda, yaʼni oldinma-ketin(birini oldin, birini – keyin) yozib borgan. Ammo, bizning nazarimizda, buning ikkinchi – gʻoyaviy va mazmuniy yoʻnalishlarga oid jihati ham bor.

Jomiy dostonlari ichida Navoiy “Xamsa”sidan oldin Nizomiy va Dehlaviy dostonlariga tatabbuʼ yoʻsinida yozilgan asar yuqorida koʻp eslab oʻtilgan “Tuhfat ul-ahror”dir. Naqshbandiya pirlari sharafiga bagʻishlangan ushbu doston ham “Maxzan ul-asror” va “Matla ul-anvor” singari asosiy qismida 20 maqolani (“maqolat” emas) oʻz ichiga oladi.

Ulardan birinchisi Olamning yaratilishi, ikkinchisi – Odamning yaratilishi mavzularida boʻlib, navbatdagi 5 maqola(3–7-maqolalar) birma-bir islom arkonlariga(kalimai shahodat, namoz, roʻza, zakot, haj amallari) bagʻishlangan. Keyin 2 maqola xomushlik (sukut) va tunda bedor boʻlishning hikmatlari haqida. Undan keyingi maqolalarda pir-shoir jamiyatdagi turli toifa va amal egalari – soʻfiylar, ulamolar, sultonlar, vazir va dabirlar(saroy mirzolari) toʻgʻrisida oʻz qarashlarini bayon qiladi. 15–16-maqolalar qarib quyilmagan keksalarga tanbeh va magʻrur yoshlarga nasihat boʻlib, 17–18-maqolalar goʻzallar husn-jamoli va ishq borasidadir. 19-maqola shoirlar toifasiga oid boʻlib, oxirgi maqola shoirning oʻz farzandiga nasihatidan iborat. Har maqola soʻngida uning mazmuniga aloqador bir hikoyat keltirilgan.

Koʻrib turganimizdek, asar tatabbuʼ qoidalariga toʻla muvofiq yozilgan. Shu jihatdan, Jomiy “Xamsa” turkumini boshlagandek koʻrinadi. Ammo shunga qaramay, baʼzi oʻziga xos prinsiplarni ham kuzatish mumkin. Masalan, islom arkonlari haqida Nizomiyda alohida maqolat yoʻq. Dehlaviy dostonida ushbu mavzuga birgina maqolat(4-maqolat) ajratilgan. Jomiy esa, oʻz dostonida bu mavzuni ancha batafsil yoritadi. Albatta, Nizomiy va Dehlaviy dostonlaridagi maqolatlar mundarijasi ham bir-biridan sezilarli farq qilishini nazarda tutsak, bunday farqlanishlarga alohida eʼtibor bermaslik ham mumkin. Ammo Jomiy dostonchiligining keyingi rivoji bunday prinsiplar bejiz emasligini koʻrsatdi. Nizomiy va Dehlaviy izidan borib Navoiy ikkinchi dostonida shohlik va oshiqlik nisbati mavzuini tilga olgan bir paytda, Jomiy ijtimoiy masalalardan butkul chetlanib, sof tasavvufiy mavzuga yuzlandi. Uning “Subhat ul-abror” dostoni 40 iqddan(Jomiy dostonning asosiy boblarini shunday ataydi) iborat boʻlib, uning 4–6-iqdlari “vahdati vujud” taʼlimoti haqida, 7-iqd tasavvuf sharhida, 8–30-iqdlar – irodat, tavba, varaʼ, zuhd, faqr, sabr, shukr, xavfu rijo, tavakkul, rizo, muhabbat, shavq, gʻayrat, qurb, hayo, hurriyat, futuvvat, sidq, ixlos, saxovat(bazl), qanoat, tavozu kabi soʻfiylik maqom va hollarining tavsifiga bagʻishlangan. Keyingi iqdlar ham sufiylik odoblari xususida boʻlib, faqat 33–va 34-iqdlarda Olloh yaratgan maxluqotlarga shafqat va muhabbat, sultonlar va arkoni davlatga xayrixohlik bilan nasihat mavzulari tilga olingan. Bu doston mundarijasi oʻz yoʻnalishiga koʻra “Tuhfat ul-ahror” mundarijasini izchil davom ettirib, pir va shogird(Jomiy va Navoiy) oʻz dostonchilik anʼanalarida butkul boshqa-boshqa prinsiplarni tanlaganliklariga yaqqol guvohlik beradi.

Navoiy birinchi dostonidayoq ijtimoiy tahlil yoʻlini tanlaganligi undagi maqolat mavzularidan ham ochiq koʻrinib turadi. “Hayrat ul-abror”ning birinchi maqolati “Imon haqida”, ikkinchisi “Islom haqida” boʻlib, uchinchi maqolat hukmdorlarning salbiy xatti-harakatlarining keskin tanqidiga va toʻrtinchi maqolat soxta soʻfiylarni ayovsiz fosh etishga qaratilgan. Keyingi bir qancha maqolatlar islom axloqiga oid boʻlib, uning karam, qanoat, vafo, ishq, rostliq, ilm kabi umuminsoniy qoidalariga bagʻishlangan. Ayniqsa, dostonning oʻn uchinchi maqolatida oʻziga xos mavzu tanlangan boʻlib, salaflardan birortasida bunday mavzuga alohida bob ajratilgan emas. “Nafʼrasonlar haqida” deb atalgan ushbu maqolatda Alisher Navoiy oʻz ijtimoiy qarashlarining bosh qoidasini ifoda etgan:

 

Nafʼing agar xalqqa beshak durur,

Bilki bu nafʼ oʻzungga koʻprak durur.

 

Albatta, pir va shogird qarashlari orasida umumiy tomonlar koʻp. Masalan, Navoiy “Islom haqida” maqolatida tahorat, namoz, roʻza, haj haqida mukammal toʻxtalib, ularning har birini ham ahli sunna talqinida, ham tasavvufiy talqinda bayon qiladi. Imon masalasiga, yuqorida eslab oʻtganimizdek, alohida bob ajratadi.

“Mahbub ul-qulub” risolasining “Nazm gulistonining xushovoz bulbullari” bobida Alisher Navoiy shoirlarni adabiy yoʻnalish nuqtai nazaridan “haqiqat tariqi” va “majoz tariqi” namoyandalariga ajratar ekan, Jomiy haqida gapirib uni har ikki yoʻnalishda ham “vofir va shomil” deb taʼriflaydi. Bunday maqtov asossiz emas. Jomiy oʻz gʻazallarida ham, dostonlarida ham faqat ishqi ilohiy(“ishqi haqiqiy”)ni kuylash bilan cheklanmagan. Uning sof insoniy sevgi(“ishqi majoziy”)ni zavq-shavq bilan tarannum etgan gʻazallari devonlarida kam uchramaydi. Shu bilan birga piri murshidning “Yusuf va Zulayho”(“Oshiq va maʼshuq”), “Layli va Majnun”, “Salomon va Absol” dostonlari bir paytning oʻzida ham majoziy ishqni, ham haq ishqining sirru asrorini kashf etuvchi murakkab mazmunli asarlardir.

Ammo ular ichida Navoiyning shu mavzudagi asaridan keyin yaratilgan “Layli va Majnun” dostonigina “Xamsa” turkumi dostonlari bilan ham mavzu, ham gʻoyaviy yoʻnalish jihatidan uygʻunlashadi. Qolgan ikki dostonning syujeti ham, gʻoyalar olami ham butkul oʻziga xos boʻlib, ularni na “Farhod va Shirin”, na “Sabʼai sayyor” bilan bevosita qiyoslab boʻladi. Jomiyning “Xamsa” turkumi mavzulariga bevosita aloqador boʻlgan uchinchi dostoni – “Xiradnomayi Iskandariy”dir.

Nizomiy oʻz davrida Iskandari Maqduniy bilan bogʻliq ikki alohida doston yaratgan boʻlib, ularning birinchisi “Sharafnoma”da mashhur sarkarda va hukmdorning turli mamlakatlarni fath etish uchun olib borgan jangu jadallari tasvirlangan edi. Ikkinchi doston – “Iqbolnoma” deb nomlangan boʻlib, unda asosan Iskandarning buyuk yunon hakimlari bilan olib borgan falsafiy suhbatlari bayon qilingan. Bu ikki asar har biri alohida anʼanaviy muqaddima boblar bilan taʼminlangan va yaxlit kompozitsion sistemaga ega boʻlib, ularni shoir qayta ishlab bir doston holiga keltirgan emas. Demak, aslida Nizomiy “Xamsa” (yoki “Panj ganj” – Besh xazina) yozishni rejalashtirmagan va ijodiy hayoti davomida 6 mustaqil epik asar yaratgan. Ammo keyinchalik kotiblar tomonidan oxirgi ikki doston “Iskandarnoma” unvoni bilan hech qanday oʻzgarishsiz(har ikkisining alohida anʼanaviy boblari ham saqlangan holda) birlashtirilgan va shoirning 30 yillik ijodiy faoliyati samaralari turkum holiga keltirilib, unga “Xamsa”(Beshlik) nomi berilgan.

Nizomiy vafotidan deyarli bir asr oʻtib, Amir Xusrav Dehlaviy Nizomiy turkumiga javoban “Xamsa” yaratganda uning oxirgi ikki dostoni mundarijasiga bir doston bilan javob bergan. Buning uchun u asar kompozitsiyasini murakkablashtirib, har bir qismda avval bir bob – Iskandar sarguzashtlariga oid lavha, keyin bir bob muayayn axloqiy-falsafiy mavzuda mulohazalar, oxirida bir hikoyat shaklida berib borgan. (Nizomiy dostonlarida epik prinsip izchil saqlangan boʻlib, “Iqbolnoma”da ham Iskandarning hayotiy sarguzashtlari qisman bayon etilgan.)

Navoiy Dehlaviy anʼanasini rivojlantirib, 1-bob Iskandar hayotidan, 2-bob muayyan axloqiy-ijtimoiy mavzuda mulohazalar, 3-bob – ibratli hikoyat, 4-bob Iskandar va bir donishmandning savol-javobi shaklida 4 bobdan iborat yaxlit boʻlimlar tuzgan.

Jomiy oʻz asarida bu yoʻldan bormagan. Aslida, “Xiradnomayi Iskandariy” Nizomiyning mashhur fotih haqidagi ikkinchi dostoni “Iqbolnoma”ga javobdir. Bu holat dostonning nomlanishidayoq oʻz aksini topgan. “Iqbolnoma”da “Xiradnomayi Arastu”, “Xiradnomayi Aflotun”, “Xiradnomayi Suqrot” deb nomlangan alohida boblar mavjud (1746–2077-baytlar – jami 302 bayt). Jomiy ayni shu bob sarlavhalariga tatabbuʼ qilib dostoniga nom bergan.

Piri murshid dostonning asosiy qismini boshlagach, 6 bob (410–618-baytlar – jami 218 bayt) oʻtkazib turib, “Xiradnomayi Aristotelis”ga kirishadi. Oldingi 6 bobning ham uchtasi alohida hikoyatlar boʻlib, Iskandar sarguzashtlariga aslida bori-yoʻgʻi 136 bayt (410–455-, 477–529-, 563–599-baytlar) ajratilgan, xolos. Keyingi boblar mashhur (haqiqiy va afsonaviy) yunon hakimlari – Aflotun, Suqrot, Buqrot, Faysogʻurs, Isqalinus, Hermes xiradnomalaridan iborat boʻlib, har bob oxirida alohida ibratli hikoyatlar berilgan. Ushbu 7 “Xiradnoma” (hikoyatlari bilan) 579 baytni (619–1197-baytlar) tashkil etgan. Keyingi bob – “Dostoni jahongiriyi Iskandar va imorati shahrho va ixtiroyi korhoyi vey bar sabili ijmol”(Iskandarning jahongirligi, shaharlar qurishi va ixtirolari) deb atalgan boʻlib, juda katta mavzuni qamrab olsa-da, hajmi juda ixcham – 45 baytdan (1198–1242-baytlar) iborat. Shoirning oʻzi ham buni eʼtirof etib “bar sabili ijmol”, yaʼni “qisqacha sanab oʻtildi”, deb maxsus izoh bergan. Keyingi 50 baytli (1262–1311-baytlar) bob – “Xiradnomayi Iskandar” deb nomlangan. Qolgan boblar ham Nizomiyning “Iqbolnoma”si mazmuni bilan gʻoyat hamohang va toʻligʻicha ularga tatabbuʼ yoʻsinida yozilgan. Ularda Iskandar bilan bir qancha donishmandlarning suhbatlari, ibratli misollar, Iskandar oʻlimi va shu munosabat bilan hakimlarning taʼziyalari bayonidan tashkil topgan. Shoir Dehlaviy va Navoiy asarlaridagi murakkab kompozitsiyadan voz kechib, har bob soʻngida bir ibratli hikoyat keltirish bilan kifoyalangan.

Xulosa qilib aytganda, Jomiy muayyan muddat “Xamsa” yaratish fikrida boʻlganligidan qatʼi nazar(“Xiradnomayi Iskandariy” dostoni muqaddimasida shunday istak seziladi), dostonlar turkumini shakllantirishda ham oʻz hayot yoʻlida tanlagan prinsiplariga sodiq qolgan va “Haft avrang” asarini faqat irfoniy-axloqiy hamda ishqiy mavzular bilan cheklab, ijtimoiy-siyosiy mavzularga chuqur kirib borishdan saqlangan. Shu sababli “Yetti taxt”ning toʻrt dostoni irfoniy-axloqiy mavzulardagi “Xiradnoma”lar va qolgan uchtasi ham majoziy, ham irfoniy ruhda talqin etilgan ishqiy dostonlardan tashkil topgan.

Nizomiy, Dehlaviy va Navoiy yaratgan “Besh xazina” turkumlari esa, oʻz zamonasining axloqiy – ijtimoiy – siyosiy muammolarini yaxlit va mukammal aks ettirib, chuqur tahlil qilgan asarlar boʻlib, bunday yondashuv islom maʼnaviyati takomilida yangi yoʻnalish, haqli ravishda aytish mumkinki, eng oliy bosqichni bildirar edi.

 

Muhammadjon IMOMNAZAROV,

filologiya fanlari doktori

 

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2005 yil 51-sonidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/jomiy-xamsa-yozganmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x