Mayda hikoyalar ustasi Chexov soʻz toʻgʻrisiga kelganda haddan tashqari xasis, ortiqcha soʻzlar sarf qilish u yoqda tursin, kerakliklaridan ham mumkin qadar yulishga harakat qiladi. Oʻzi aytadi: Mayda hikoyalar yozganda soʻzni ortiqcha isrof qilgandan koʻra kerakliklarini ham mumkin qadar ozroq ishlatish kerak”. Uning hikoyalarida soʻz isrofgarchiligiga sabab boʻladigan ortiqcha detallar ham boʻlmaydi. U butun detallarni oʻzi aytgan asosda ishlatadi. “Birinchi koʻrinishda miltiq boʻlsa, shu miltiq uchinchi yoki toʻrtinchi koʻrinishda albatta otilishi kerak, yoʻqsa miltiq toʻgʻrisida soʻzlashning hojati yoʻqdir”.
Uning “Buqalamun” hikoyasi ham boshqa hikoyalariday gʻoyat siqiq, quyuq yozilgandir.
Uning soʻzga xasisligi oʻquvchiga malol kelmaydi. Yani, aytmoqchi boʻlgan fikrining tushunilishini ogʻirlashtirmaydi. “Buqalamun”da voqea yilning qaysi faslida boʻlayotgani aytilmaydi, ammo bundagi soʻzlardan faslni aniqlash mumkin (Albatta, bu soʻzlar yilning faslini bildirish uchungina keltirilmaydi). “Paltomni yech-chi, Yeldirin… Kun juda isib ketdi… yomgʻir yogʻsa ham ajab emas”.
Quyidagi soʻzlardan voqea tushki ovqatdan keyin boʻlayotganini ham bilib boʻladi:
“Tevarak jim. Maydonchada hech kim koʻrinmaydi. Doʻkon va qovoqxonalarning eshiklari ochiq. Huvillab turadilar. Bu eshiklar yonida gadoy u yoqda tursin, bir zogʻ ham koʻrinmaydi”.
Mana bular ikki maqsad koʻzda tutilib aytilgan soʻzlar boʻlib, ikkinchi maqsad mantiqiy ravishda birinchisidan kelib chiqadi.
Detallar (voqeani tashkil etgan voqeachalar) ham yolgʻiz qolib, keraksiz soʻz boʻlib qolmaydi. Masalan, hikoyaning boshida “Ochumelov yangi shinel kiygan”, deyilgan ekan, bu nariroqqa borib, shinelning yechilishi, yana kiyilishi bilan bogʻlanadi.
Xryukinning oʻng qoʻlini yuqoriga koʻtarib, xaloyiqqa qonagan barmogʻini koʻrsatishi, uning: “Endi, shu majruh barmogʻim bilan ehtimolki bir hafta ishga yaramasman”, degan arzi Ochumelovning: “Sen ahmoq, qoʻlingni tushir! Ayb oʻzingda!”, deb qichqirishi bilan bogʻlangan.
Hikoyani “sersuv” (koʻp suvli) qiladigan narsalardan biri koʻrsatish oʻrniga soʻzlab berishdir. Agar Ochumelovning “Buqalamun” ekanini uning soʻzlari orqali koʻrsatilmasa, avtor tomonidan taʼriflansa, dunyo-dunyo soʻz ketar edi. Chexov buni oʻzi aytib bermasdan, Ochumelovning oʻz soʻzi bilan koʻrsatadi.
Ochumelovning dastlabki fikri:
– “Itni oʻldirish kerak, quturgan boʻlsa ham ajab emas”.
It generalga qarashli, deyilgandan keyin:
– “It nozik, sen hoʻkizday, boʻyingga qara!” Yana, it generalniki emas, deyilgandan keyin:
– “Generalning itlari qimmatbaho narsalar edi. Bu boʻlsa, egasiz daydi itga oʻxshaydi. Epaqalik yungi ham yoʻq. Shunday bemaʼni itni ham saqlaydimi kishi!”
Yana, it generalniki, deyilgandan keyin:
– “Balki qimmatbaho zotli itdir”.
Oshpaz, it generalniki emas, degandan keyin:
– “Bu egasiz daydi it”.
It generalning ukasiga qarashli ekani maʼlum boʻlganda:
– “Yaxshigina it koʻrinadi. Ulguncha yugurdak koʻrinadi”.
Mana bu dialoglarga avtorning hech qanday izohi kerak emas. Bu dialoglar ham voqeani siljitadi, ham hikoya qahramoni Ochumelovni xarakterlaydi.
Chexov uslubidagi ayrim xususiyatni sezgan L. Tolstoy bunday degan edi: “Chexovning impressionistlarga oʻxshagan oʻziga xos formasi bor… Yaqindan qarasak, xuddi har bir toʻgʻri kelgan va bir-biriga aloqasi boʻlmagan boʻyoqlarni farq qilmasdan ishlatganga oʻxshaydi, ammo uzoqroqdan qarasang, bu boʻyoqlardan ajoyib bir manzara vujudga kelganini koʻrasan”.
Tolstoyiing bu soʻzi Chexovning oʻz soʻziga juda mos keladi. U deydi: “Tabiatni tasvir qilishda mayda boʻlaklar olish va bularga shunday tartib berish kerakki. oʻqib koʻzingni yumganingda koʻz oldingga bir manzara kelsin”.
“Buqalamun” hikoyasining biron soʻzini chiqarib tashlash yoki biron soʻzni qoʻshish mumkin boʻlmaganligi, soʻzga naqadar diqqat qilinganligini koʻrsatadi.
Abdulla QODIRIY
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mayda-hikoyalar-yozganda-sozni-qanday-tejash-kerak/