May oyida tugʻilgan madaniyat va sanʼat namoyandalari

1 may

 

1924 yil. Viktor Astafyev, atoqli rus yozuvchisi. Uning “Oʻgʻrilik”, “Choʻpon yigit va choʻpon qiz”, “Shoh-balik”, “Soʻnggi taʼzim”, “Gʻamgin sarguzasht” kabi qator asarlari XX asr jahon adabiyoti xazinasidan munosib oʻrin olgan.

 

2 may

 

1859 yil. Jerom Klapka Jerom, ingliz yozuvchisi, jurnalist. “Yangi utopiya”, “Pojer amaki poyezdga shoshiladi”, “Uch kishilik qayiqda behisob itlar”, “Velosipeddagi uch kishi” kabi asarlari bilan tanilgan.

 

3 may

 

1469 yil. Nikkolo Makiavelli, italyan yozuvchisi, tarixchi va siyosatshunos. “Davlat”, “Harbiy sanʼat haqida risola”, “Florensiya tarixi”, “Taqiqlangan kitoblar” kabi ilmiy-siyosiy, badiiy asarlar muallifi.

 

5 may

 

1846 yil. Genrik Senkevich, polyak yozuvchisi. Uning “Otash va shamshir”, “Toʻfon”, “Pan Volodiyevskiy” romanlaridan iborat tarixiy trilogiyasi, “Aqidasizlik”, “Polonetskiy oilasi”, “Salib yurishi ishtirokchilari” kabi asarlari polyak adabiyoti durdonalaridan hisoblanadi. Yozuvchining “Tepalikdagi kulba” epopeyasi dunyoning 40 dan ortiq tiliga tarjima qilingan. Nobel mukofoti laureati (1905).

 

7 may

 

1812 yil. Robert Brouning, ingliz shoiri, dramaturg. “Pippo koʻrmasdan oʻtib ketdi”, “Paulina”, “Sardello”, “Galuppi tokattasi” kabi pyesa va poemalar muallifi. Shoirning “Erkaklar va ayollar”, “Aristofan madhi”, “Uzuk va kitob” singari sheʼriy asarlari katta muvaffaqiyat qozongan.

 

1840 yil. Pyotr Ilich Chaykovskiy, buyuk rus bastakori, dirijyor. 10 ta opera, 3 ta balet, 6 ta simfoniya, shuningdek, koʻplab uvertyura va syuitalar yaratgan. Uning “Franchesko da Rimini”, “Romeo va Julyetta”, “Yevgeniy Onegin”, operalari, “Oqqush koʻli”, “Uyqudagi goʻzal” baletlari jahon musiqa sanʼati durdonalaridan sanaladi.

 

1861 yil. Robindranat Tagor, buyuk hind yozuvchisi, shoir. “Halokat”, “Xonadon va jahon”, “Gourmahon” kabi 12 ta romani, 200 dan ortiq hikoyani, “Gitanjali”, “Lahza”, “Oltin qayiq” kabi qator sheʼriy toʻplamlari dovrugʻ qozongan. Nobel mukofoti laureati (1913).

 

1929yil. Toʻlepbergen Qayipbergenov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi. Oʻzbekiston Qahramoni. “Rahmat, oʻqituvchi”, “Qoraqalpoq qizi”, “Baxtsizlar”, “Sovuq bir tomchi”, “Gumrohlar” kabi asarlar muallifi. Adibning “Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasi (“Mamanbiy qissasi”, “Baxtsizlar”, “Gumrohlar”) katta muvaffaqiyat qozongan.

 

8 may

 

1668 yil. Alen Rene Lesaj, fransiyalik yozuvchi. Uning “Oqsoq shayton”, “Santilyanlik Jil Blaza qissasi” asarlari mashhur.

 

9 may

 

1908 yil. Krishnaray, hind yozuvchisi, dramaturg. 100 dan ortiq roman va hikoyalar, 20 ga yaqin pyesa yaratgan. “Bogema” va “Oqshom ohangi” kitoblari adibning eng mashhur asarlari sanaladi.

 

1924 yil. Bulat Okudjava, rossiyalik shoir, yozuvchi, ssenariynavis. “Ishqibozlar sayohati”, “Bonapart bilan uchrashuv”, “Tugatilgan teatr”, “Omon boʻlgin, oʻquvchi” kabi romanlar muallifi. Okudjava oʻz sheʼrlariga musiqa bastalab, ijro etgan qoʻshiqlari bilan ham mashhur.

 

11 may

 

1864 yil. Etel Lilian Voynich, irland hamda ingliz adibasi, kompozitor. “Soʻna”, “Jek Reymond” kabi romanlar, “Vavilon” va boshqa qator musiqiy asarlar muallifi. N. Gogol, M. Lermontov, D. Dostoyevskiy kabi mashhur rus yozuvchilarining asarlari uning tarjimasida ingliz tilida chop etilgan.

 

12 may

 

1930 yil. Aleksey Savrasov, mashhur rus musavviri. “Qargʻalar uchib keldi”, “Oy yogʻdusidagi Moskva Kremli”, “Qishloqdagi uy”, “Boʻrondan oldin. Qoʻrgʻonchada”, “Qrim koʻprigidan yomgʻirli Kreml manzarasi” “Oʻrmondagi qabrtosh” va boshqa koʻplab kartinalari bilan tanilgan.

 

1904 yil. Salvador Dali, ispaniyalik mashhur rassom, haykaltarosh, ssenariynavis. “Oʻtirgan Don Kixot”, “Kosmik fil” kabi haykallari, “Sirli oqshom”, “Gitler jumbogʻi”, “Quyoshli stolcha” kabi syurrealistik kartinalari unga katta shuhrat keltirgan.

 

13 may

 

1840 yil. Alfons Dode, fransuz yozuvchisi, dramaturg. “Hayot uchun kurash” pyesasi, “Safo”, “Abadiy tirik”, “Port Taraskon”, “Injilxon”, “Numa Rumestan”, “Nabob”, “Jek” kabi asarlari adibni jahonga tanitdi. “Kichkintoy” avtobiografik romani bilan ijodida burilish yasagan.

 

15 may

 

1848 yil. Viktor Vasnetsov, mashhur rus rassomi va meʼmori. U “Alyonushka”, “Boʻri mingan shahzoda Ivan”, “Bahodirlar”, “Shoh Ivan Vasilyevich Grozniy”, “Mariya Magdalina”, “Vatanga mansublik”, “Qorqiz” singari asarlari bilan rus va jahon tasviriy sanʼatiga katta hissa qoʻshgan.

 

16 may

 

1910 yil. Olga Berggols, mashhur rus shoirasi. Uning otashin sheʼriyati “Tugun”, “Sadoqat”, “Sinov”, “Sheʼrlar” nomli toʻplamlarida oʻz aksini topgan. “Leningrad qissasi”, “Fevral kundaligi”, “Xotira” poemalari, “Yillar hujumi”, “Yangi dunyo oqshomi” kabi hikoyalar toʻplamlari chop etilgan.

 

1917 yil. Rulfo Xuan, meksikalik yozuvchi, ssenariynavis, aktyor. “Oltin xoʻroz”, “Imperiya taqdiri”, “Akonia”, “Ruben Jaramillo”, “Xoʻroz jangi”, “Pedro Paramo” kabi qissa va hikoyalar muallifi.

 

22 may

 

1859 yil. Artur Konan Doyl, mashhur ingliz yozuvchisi. “Badargʻa qilinganlar”, “Sardor Jerar jasorati”, “Rodney Ston” tarixiy romanlari, shuningdek, “Yoʻqolgan dunyo”, “Marakot jarligi” kabi ilmiy-fantastik asarlar muallifi. Bosh qahramoni Sherlok Xolms boʻlgan “Toʻrtlar belgisi”, “Baskervillar iti”, “Dahshat vodiysi”, “Sherlok Xolms sarguzashtlari” kabi turkum asarlari unga olamshumul shuhrat keltirgan.

 

1924yil. Sharl Aznavur, fransiyalik xonanda, aktyor. Bu ijodkor 1000 ga yaqin qoʻshiq ijro etib, 60 dan ortiq filmda turli obrazlar yaratgan. Uning “Ona”, “Abadiy muhabbat”, “Yana oqshom”, “Chunki…”, “Yoshlik” kabi qoʻshiqlari jahonga mashhur. “Reyndan oʻtish”, “Iblis va oʻn qoʻriqchi”, “Xitoy”, “Tunuka nogʻora”, “Parij” kabi film va seriallarda rollar ijro etgan.

 

24 may

 

1903 yil. Son Yon, koreys yozuvchisi, dramaturg. “Hind askari”, “Xvan Gimsan” kabi hikoyalar, “Uchrashuvlar bekor qilindi”, “Vatanni xalq asraydi”, “Vatanparvar”, “Feniks” nomli dramatik asarlari bilan eʼtibor qozongan.

 

1940 yil. Iosif Brodskiy, rus shoiri. “Sahrodagi bekat”, “Koʻrkam davr intihosi”, “Uraniya”, “Oʻgit” nomli sheʼriy kitoblari bilan mashhur. Nobel mukofoti laureati (1987).

28 may

 

1908 yil. Yan Lankaster Fleming, ingliz yozuvchisi, jurnalist. Adib josus Jeyms Bond haqidagi “Yashamoq va jon bermoq”, “Royal qimorxonasi”, “Oydagi poygachi”, “Josus meni sevadi”, “Oltin toʻpponchali odam” kabi oʻndan ortiq romanlari bilan shuhrat qozongan.

 

31 may

 

1892 yil. Konstantin Paustovskiy, rus yozuvchisi. “Romantiklar”, “Tovlangan bulutlar” romanlari, “Kolxida”, “Qora boʻgʻoz”, “Oltin gul”, “Isaak Levitan”, “Taras Shevchenko” va boshqa qator qissalar muallifi. Yozuvchining 6 jilddan iborat “Hayot haqida qissa” epopeyasi, ayniqsa, mashhur.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

https://saviya.uz/hayot/nigoh/may-oyida-tugilgan-madaniyat-va-sanat-namoyandalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x