Matnshunoslik: tajriba, intuitsiya va masʼuliyat

Umrimning qirq besh yili davomida muntazam matn tayyorlash, matn tahrir etish, matn tanqidi bilan shugʻullandim. Hayotim mazmunini mumtoz adabiyotimiz namunalari nashrining sahihligida bildim va ellikka yaqin oʻzbek mumtoz adabiyoti asarlariga masʼul muharrirlik qildim. Imkoni boricha asarlarni qoʻlyozmalarga solishtirib, nusxalarni qiyoslab matn haqiqatini yuzaga chiqarishga intildim.

Qoʻlyozma bilan ishlashda avval oʻz fahm-farosatim, aqlu idrokim, intuitsiyamni ishga solaman. Shu jarayonda ishning toʻqson foizidan koʻnglim toʻladi. Soʻngra qoʻlyozma yoki toshbosma manbalarga soʻzma-soʻz solishtirib chiqaman. Oʻn foizlik qolgan tahrir ham nihoyasiga yetgach, yengil tortib, oʻz ishimdan biroz qoniqaman. Goho izlanish jarayonida qoʻlyozma, toshbosma yoki boshqa nashrlardan mazmun sahihligida ajoyib, kutilmagan bir soʻz chiqib qoladi-yu, mening bayt boʻylab chekkan talay riyozatlarimning barchasini yoʻqqa chiqaradi-qoʻyadi. Shu choq quvonchim cheksiz boʻladi! Chunki matn asliyati va haqiqati tantana qiladi-da!

Demak, har bir tahrir davomida bilim, idrok va tajribamni shu asar orqali oʻz imtihonimdan oʻtkazib olaman. Ayniqsa, qayta nashrlarni tahrir qilayotganimda yuzlab marotaba: “Nahotki nashrga tayyorlovchi olim shu nuqsonni yoki mantiqiy ziddiyatni sezmagan boʻlsa?” deya afsuslanaman va buning sababini ham oʻzimcha topgan boʻlaman: nashrga tayyorlovchi yaxshi adabiyotshunos boʻlsa-da, tajribasiz matnchi, uning masʼul muharriri esa qoʻlyozmani oʻqimagan.

Koʻplar buni farq etishmaydi. Mumtoz adabiyotning har qanday mutaxassisi matnshunoslik bilan shugʻullanaveradi, deb hisoblashadi. Mumtoz matnni nashrga tayyorlashda yaxshi adabiyotshunosdan koʻra, menimcha, oʻrtamiyona matnchi afzaldir.

Alisher Navoiy “Toʻla asarlar toʻplami” ustida tahrir ishlari olib borgan paytimda “Mukammal asarlar toʻplami”ning oltinchi jildidagi quyidagi baytni qay taxlit tuzatganimni bayon qilay:

 

Ilm aflokida bir jis mahal,

Barcha ashkol oʻlum ollida hal (483-bet).

 

Birgina baytdagi toʻrt soʻzning xato oʻqilgani, yaʼni “bir jis, ashkol, oʻlum” soʻzlari kitobxon fikr-idrokini boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadi. Demak, nashrga tayyorlovchi ham, masʼul muharrir ham bu bayt mazmunini tushuna olmagan. Oldingi nashrdan shundoqqina koʻchirishni kompyuterchiga yuklashgan, xolos.

Endi shu xom-xatala baytni arab yozuvida tasavvur qilib, soʻzma-soʻz tuzatib oʻqishga urinib koʻramiz: birinchi boʻlib “bir” va “jis” soʻzlarini birlashtiramiz. Chunki “jis” degan soʻz yoʻq. “Birjis” soʻzi paydo boʻlgach, kalavaning uchi topiladi, yaʼni Mushtariy sayyorasi nazarda tutilganini anglaymiz. Mana, endi birinchi misra epaqaga keldi:

 

Ilm aflokida Birjis mahal

 

(Mazmuni: Ilm osmonida davr Birjisi).

Nashrga ishonsak, ikkinchi misra quyidagi mazmunni beradi:

Barcha shakllar oʻlum oldida hal boʻladi.

Afsuski, baytdagi misralar mazmunan bir-biridan juda yiroq. Demak, matn sogʻlom emas. “Hal” soʻzi menga “ashkol” soʻzini tahrir qilishga turtki beradi. Nimani hal etish kerak? “Ashkol”ni. Axir “ashkol” (shakllar)ni qanday hal etish mumkin? Demak, bu soʻz asliyatda “ishkol” (muammo) boʻlsa kerak.

 

Barcha ishkol oʻlum ollida hal.

 

Endi buni tushunsa boʻladi, harholda maʼno birmuncha tiklandi. Biroq Navoiy shunday deganmikan? Arab yozuvida “ulum” va “oʻlum” shakldoshdir. Shunga koʻra, “oʻlum”ni “ulum” (ilmlar) soʻzi bilan almashtiramiz:

 

Barcha ishkol ulum ollida hal.

 

Vaznni tuzatish uchun “barcha”ni “borcha”ga oʻzgartiramiz. Va “ishkol” bilan “ulum” soʻzlari aloqasini yoʻlga qoʻyish uchun “ishkol”ga “i” izofasini qoʻyamiz:

 

Borcha ishkoli ulum ollida hal.

 

Shunday qilib baytni sahih holatga keltirdik:

 

Ilm aflokida Birjis mahal,

Borcha ishkoli ulum ollida hal.

 

Mazmuni: U ilm osmonidagi zamona Birjisidir. Ilmlarning har qanday muammolarini u hal qila oladi.

Bu ish nihoyasiga yetgach, qoʻlyozmaga qarab, qiyoslab, urinishlarimiz samarali boʻlganiga qoniqish hosil qilamiz.

Boshqa bir misol:

 

Shahri Xay, mulku hashamni koʻrdung,

Sen dogʻi mulku hasham koʻp surdung.

 

(Alisher Navoiy, Mukammal asarlar toʻplami, 6-jild, “Fan”, 1990, 483-bet).

 

Bu bayt ham “Favoid ul-kibar” devonidan olindi. Birinchi misrada ikkita jiddiy nuqson bor. Chunki men bilgan Sharq jugʻrofiyasida Xay degan shahar yoʻq. “Layli va Majnun” dostonida qabila, joy nomi sifatida “Hay” soʻzi koʻp uchraydi. Toʻgʻri, “hay” soʻzining “tirik” degan maʼnosi ham bor-u, lekin bu bayt mazmuniga tushmaydi. “Xay” soʻzining “ter” (terlash) maʼnosi ham bayt mazmuniga tegishli emas. “Navoiy asarlari lugʻati”da “Hay” soʻzining bir necha maʼnosi izohlangan boʻlib, jumladan, qishloq va mahalla maʼnolarida ham qoʻllanilishi qayd etilgan. Shunga koʻra, “Xay”ni “hay” turdosh oti bilan almashtiramiz. “Shahri hay” birikmasi boʻlmaydi. Shuning uchun bularni “shahru hay” (shahar va qishloq) tarziga keltiramiz:

 

Shahru hay, mulku hashamni koʻrdung,

Sen dogʻi mulku hasham koʻp surdung.

 

Shunday qilib, yoʻq shahar nomini matndan olib tashlab, “hay” – “qishloq” bilan almashtirdik. Endi uyushiq boʻlaklar toʻgʻri tizimga keldi: shahar, qishloq, mulk…

Ammo bunda toʻxtash ilmga xilof. Qoʻlyozma va boshqa nashrlarga biz topgan matn “haqiqat”i mos kelmogʻi zarur. Ilmda taxminu fol bilan ish bitmaydi.

Turk olimi Oʻnal Kaya 1996 yili Anqarada nashr ettirgan nusxaga bu baytni solishtirib, angrayib qoldim. Uning matndagi bitta soʻzni toʻgʻri oʻqishi mening yuqoridagi barcha izlanishlarimni chippakka chiqardi-qoʻydi! “Shahri Xay” emas, balki “Shohruxiy” ekan!

 

Shohruxiy mulku hashamni koʻrdung.

 

(Mazmuni: Sen Shohrux davri mamlakat idorasi va hashamatini koʻrgansan).

Mana buni endi chinakam haqiqat tantanasi desa boʻladi!

Men “hayf shuncha mashaqqatlarim”, deya afsuslandimmi? Yoʻq, Oʻnal Kayaning shu soʻzni toʻgʻri oʻqiganiga qoyil qoldim, xolos. Haqiqatga tan berish olimga xos fazilat boʻlmogʻi kerak.

Uchinchi misolga murojaat etamiz:

 

Visol umidigʻa oʻzin yaqin olur oshiq,

Firoqdin necha javrinda davr bosh boʻlsa

(376-bet).

 

Baytning birinchi misrasida matn muammosi yoʻq. Ikkinchi misradan sogʻlom mazmun chiqarish imkonsizdir. “Javrinda”, “davr”, “bosh” soʻzlari oʻzaro hecham qovushmaydi. “Davr bosh” soʻzlari tahririda poetika talablaridan kelib chiqiladi. Birinchi misradagi “yaqin” soʻzining qarama-qarshi maʼnoli soʻzi “yiroq”dir. Tazod sanʼatining ushbu amaliyoti qoʻl keladi. “Yiroq”ning maʼnodoshi “dur”dir. Nashrga tayyorlovchi oʻsha soʻzni shakldoshi “davr” bilan chalkashtirgan. “Dur” soʻziga “bosh”ni qoʻshsak, “durbosh” (“Yiroqlash!”, “Nari tur!” maʼnosidagi) birikma hosil boʻladi. Ilgari shoh yoki beklar koʻchaga chiqqanida mulozimlari shunday deya hayqirib yurishgan.

Endi “javrinda” muammosi qoldi. Firoq, judolik insonning qayerini qiynaydi? Jonini. Ha, bu ham taxminan topildi:

 

Firoqdin joninda necha durbosh boʻlsa.

 

Endi baytni qoʻlyozmaga qiyoslasak, urinishlarimiz zoyeʼ ketmaganiga amin boʻlamiz.

 

Visol umidigʻa oʻzin yaqin olur oshiq,

Firoqdin joninda necha durbosh boʻlsa.

 

Mazmuni: Ayriliq uning jonida “Yiroqlash!” deb tahdid solib tursa-da, oshiq visol umidiga oʻzini yaqin tutadi.

Quyidagi bayt tahririda ham bir qancha muammoni hal qilishga toʻgʻri keldi:

 

Makridin xorij qilib, mulki dinu aylab nasib,

Qarnlar sargashtayu ovoraligʻ davron aro.

(A. Navoiy, Mukammal asarlar toʻplami, 6-jild, 1990, 8-bet ).

Birinchi misradagi toʻrtta soʻzni “isloh” qilish lozim. Nashrdagi holatiga koʻra misra mazmuni: Makridin chiqarib tashlab, din mamlakatini unga berib…

Bu misrani intuitsiya bilan tahrir qilish imkoni yoʻq. Bir ilinj – “Favoid ul-kibar” devonining boshqa nashrlarini topishdir. Chunki 1959–60 yillardagi “Xazoyin ul-maoniy” nashrida baytning holati aynan shunday.

“Tamaddun” nashriyotida 2011 yili chop etilgan devonda matn quyidagicha biroz oʻzgartirilgan:

 

Makridin xorij qilib, mulki daniy aylab nasib,

Qarnlar sargashtayu ovoraligʻ davron aro.

 

Demak, bu yerda ham bayt epaqaga kelmagan. Endi boshqa nashrlarga murojaat etamiz. Oʻnal Kaya nashrga tayyorlab, 1996 yili chop ettirgan devonning 7-sahifasi:

 

Makridin xorij qilib, mulkidin aylab benasib,

Qarnlar sargashtayu ovoraligʻ davron aro.

 

Oʻnal Kaya birinchi misraning ikkinchi yarmini toʻgʻri koʻchirgan. Ammo asosiy soʻzdagi nuqsonni (makridin) bartaraf qilolmagan. “Makridin xorij qilib” gapi mutlaqo mantiqsizdir. Kishini makridin xorij qilib boʻlmaydi, biror shahardan xorij qilish mumkin. Endi din tarixi haqidagi bilimimiz zaxirasini titkilash kerak. Chunki bu gʻazalda muallif Odam Atoning yaratilishi, Allohning unga oʻz sirini ishonib topshirgani, eʼzozlab uni jannatga kiritgani, shayton vasvasasi tufayli Odam Atoning Momo Havo bilan bugʻdoy yeb qoʻyib, jannatdan quvilganlari, Odam Atoning Sarandibga tushib, soʻng Makka shahriga borgani, u yerdan yana Hindistonga ketgani… Ie, iye… Shoshma, Vahob! Shunda toʻxta! Mabodo “Makridin” soʻzi asliyatda “Makkadin” emasmikan? Evrika! Topding!

 

Makkadin xorij qilib, mulkidin aylab benasib,

Qarnlar sargashtayu ovoraligʻ davron aro.

 

Fikr ham, vazn ham joyiga tushdi. Endi navbat Navoiy devoni qoʻlyozmasiga… Ishim jarayonini eshitib, odamlar mening ustimdan kulib yuborsalar kerak, “Avvaldanoq qoʻlyozmaga qarab qoʻyaqoling edi-da!” deb. Yoʻq, men matnshunoslik zehnimni qayrab turish uchun oʻzim oʻrgangan usuldan voz kecholmayman… Xullas, oʻylaganlarim, boshqa nashrga qiyosim Navoiy qoʻlyozmasiga muvofiq keldi…

Hozir uchtagina bayt ustidagi tahrir jarayonini aytib berdim. Bunday baytlar hozirgi imloda nashr etilgan mumtoz adabiyotimiz namunalarida koʻplab uchraydi.

Endi Atoyining butun bir gʻazali matni ustidagi tuzatishlarni koʻrib chiqamiz:

 

Ne inoyatsiz manga, jononi taqsir ayladim,

Jongʻa yetdim qaygʻudin, oyoni taqsir ayladim.

 

Baski fikr ettim gunohimni uzun tun to sahar,

Tutti koʻnglumni gʻamu savdoni taqsir ayladim.

 

Aqlu hushum, zikru fikrimda tamanno oʻzgani

Qilmadim, bir lahzayi, haqqoni taqsir ayladim.

 

Siz hamon ruxsorasi lola begimsiz, qaddi sarv,

Qullugʻungda men hamon loloni taqsir ayladim.

 

Bandaning haqqidagʻi anvoi lutfungdin burun,

Emdi yoʻqtur biri ham paydoni taqsir ayladim.

 

Xidmatingda oʻzgalar aʼlo marotibgʻa yetib,

Barchadin boʻldi bu qul adnoni taqsir ayladim.

 

Der Atoyi hasratingda har zamon yuz oh urub,

Yod qilmassen meni yoroni taqsir ayladim.

(Atoyi, Devon, “Fan”, 2007, 156-bet).

 

Ushbu gʻazalning bizning tahririmizdan keyingi holati:

 

Beinoyatsiz manga, jono, ne taqsir ayladim?

Jongʻa yetdim qaygʻudin, oyo, ne taqsir ayladim?

 

Baski fikr ettim gunohimni uzun tun to sahar,

Tutti koʻnglumni gʻamu savdo. Ne taqsir ayladim?

 

Aqlu hushum, zikru fikrimda tamanno oʻzgani –

Qilmadim, bir lahzaye. Haqqo, ne taqsir ayladim?

 

Siz hamon ruxsorasi lola begimsiz, qaddi sarv,

Qullugʻungda men hamon lolo. Ne taqsir ayladim?

 

Bandaning haqqidagʻi anvoi lutfungdin burun,

Emdi yoʻqtur biri ham paydo. Ne taqsir ayladim?

 

Xidmatingda oʻzgalar aʼlo marotibgʻa yetib,

Barchadin boʻldi bu qul adno. Ne taqsir ayladim?

 

Der Atoyi hasratingda har zamon yuz oh urub,

Yod qilmassen meni, yoro, ne taqsir ayladim?

 

Nashrga tayyorlovchining Atoyi gʻazalidagi har bir baytni koʻchirishi jarayoni mantigʻidan lolman. Axir ushbu yetti baytli gʻazalning hamma baytlari mazmuni xarob va mavhum-ku? Arab yozuvi kirill va lotin yozuvidan oʻqish usuliga koʻra farq qiladi. Zamonaviy yozuvlarimizda tizilgan harflarni bir-biriga qoʻshib soʻz va gap yasab ketaveramiz. Eski yozuv maʼno-mazmun yozuvidir. Unda harf shakli mazmunga aloqador qilib oʻqiladi. Masalan, “kavn” (olam) va “kun” shakldosh. Oʻqishda va koʻchirishda mazmun qaysi birini talab qilsa, oʻshanisi tanlanadi. “Ikki kavn” (ikki olam)ni “ikki kun” tarzida koʻchirsak, muallifning fikri aziyat chekadi.

Gʻazalning birinchi misrasi “Ne inoyatsiz manga” deb koʻchirila boshlangan. Bu nima degani? Tushunmadim. Mazmun chiqarish uchun birinchi soʻzga bir ostki nuqta qoʻshdim: “Beinoyatsiz manga” boʻldi. Bu birikmada tuppa-tuzuk mazmun bor. Oshiqona oʻpkalashni aytmaysizmi? Faqat bir narsaga eʼtibor berish zarur: jumladagi – siz qoʻshimchasi boʻlishsizlik maʼnosida emas, u ikkinchi shaxs egalik qoʻshimchasidir. “Jononi taqsir ayladim” soʻzlari maʼnosiz tizmadir. Agar zoʻraki mazmun chiqarsak, “Jononni gunohkor qildim” boʻladiki, bu gap mumtoz oshiqqa toʻgʻri kelmaydi.

Noshirning sheʼr boʻylab soʻzlar chegaralari farqiga bormagani kishini lol qoldiradi (jononi – jono ne, oyoni – oyo ne, savdoni – savdo ne, haqqoni – Haqqo ne, loloni – lolo ne, paydoni – paydo ne, adnoni – adno ne, yoroni – yoro ne). Sakkiz marotaba soʻzlar chegaralarini ilgʻay olmaslik… Hech aqlga sigʻmaydi!

Nashrga ishonsak, sheʼr boʻylab axborot, maʼlumot berilgan (ayladim deyilgan). Holbuki, aslida barcha baytlarda soʻroq, iltijoli savol bor edi…

Nuqsonlar biri biridan jiddiy, biri biridan qaltis. “Haqqoni taqsir ayladim” – Xudoni gunohkor qildim, demakdir. Vaholanki, arab yozuvidagi “Haqqo, ne taqsir ayladim?” soʻzlarida “Ey Allohim, men ne gunoh qildim?” degan iltijo bor edi…

Xullas, Atoyi – muallif bogʻdan kelsa, olim – nashrga tayyorlovchi togʻdan kelayapti.

Bizningcha, matnchida qunt, bilimdan tashqari asliyat muallifi va uning asariga nisbatan chin muhabbat boʻlishi kerak. Muallifning fikriy kashfiyotlariga – nuktalariga qiziqish bilan, mehr bilan yondashib, baytlar mazmunini chiqarishdan erinmaslik lozim. Bundan tashqari, matnchida mumtoz asar oldida, uning muallifi oldida, mumtoz soʻz oldida yuksak masʼuliyat hissi boʻlishi zarur…

 

Vahob RAHMONOV,

filologiya fanlari nomzodi

 

1940 yili tavallud topgan. Xoʻjand pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tamomlagan.

Matnshunos, munaqqid, tarjimon.

Oʻnlab ilmiy-maʼrifiy asarlar, koʻplab maqolalar muallifi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/matnshunoslik-tajriba-intuitsiya-va-masuliyat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x