Mashrab Boboyev (1941–2003)

Mashrab Boboyev 1941 yilda Samarqand viloyatining Chelak tumanida tugʻildi. 1956 yilda oʻrta maktabni tugatib, kolxozda traktorchilik qildi, kutubxonada ishladi. Toshkent Madaniyat texnikumida (1958–1960), Sanʼat institutining aktyorlik fakulteti kechki boʻlimida (1960–1965) tahsil oldi. Tahsil davomida zavodlarda, shuningdek, respublika Xalq ijodi uyida ishladi. 1965 yilda Samarqandga qaytib, viloyat Xalq ijodi uyida, viloyat gazetasida xizmat qildi.

1967 yilda yana Toshkentga qaytib, “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida, “Sharq yulduzi” jurnalida, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, Yozuvchilar uyushmasida, Madaniyat ishlari vazirligida, Hamza nomidagi teatrda, Yosh tomoshabinlar teatrida, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida faoliyat yuritdi.

Mashrab Boboyevning “Onamga xat” nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1971 yilda nashr etildi. Shundan soʻng “Bahor kayfiyati” (1974), “Gurung”, “Paxtam mening – baxtim mening” (1975), “Kechki trolleybus” (1977), “Bagʻishlov” (1978), “Olisdagi chiroq” (1980), “Soʻz” (1982), “Men bilgan sir” (1990), “Qani mening yulduzim”, “Nomsiz yulduzlar” (1991) kabi sheʼriy, nasriy kitoblari dunyoga keldi. “Oʻttiz yoshlilar”, “Yer tomiri”, “Toshkentdan kelgan mehmon”, “Gurung”, “Tunis prezidenti” (“Mushkul savdo”), “Bizning hovli” (“Onaizor”), “Oʻz uyingdasan”, “Qani mening yulduzim?”, “Suyanch togʻlari” kabi sahna asarlari poytaxt va viloyat teatrlarida namoyish etildi.

Mashrab Boboyev, shuningdek, “Iroda”, “Sevgi nidosi” (A. Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostoni asosida milliy balet) nomli televizion badiiy filmlar hamda oltmish qismli birinchi oʻzbek milliy teleseriali – “Koʻngil koʻchalari” muallifi hamdir.

Serqirra ijodkor Mashrab Boboyev tarjimon sifatida V. Katayevning “Xayol chechaklari” romanini, Muin Bsisuning “Tashrif qogʻozi”, Otar Chiladzening “Rangli dunyo” sheʼriy kitobini va yigirmadan ortiq xorij dramaturglari asarlarini ona tilimizga oʻgirdi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/mashrab-boboyev-1941-2003/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x