Marjon shodasi

Gi De MOPASSAN

 

Falakning gardishi bilan, bu goʻzal va maftunkor qiz Matilda Luizel xizmatkorlar oilasida tugʻilgan. U shunday qashshoq oilada tugʻilgani bilan ancha-muncha zeb-ziynatga oʻch qizlardan biri edi. Ammo yoshi oʻtib qolgan bu qizga hech bir yigit sevgi izhor qilmay qoʻygandi. Shunday boʻlgan taqdirda ham unda baribir sep-sidirgʻa yigʻishga oilaviy sharoiti yoʻq edi. Uning oʻzi ham na birovni tushunishga uringan, na sevgan. Ilojsizlikdan kichik kotibga turmushga chiqishga rozi boʻlgan.

Qashshoqlik uning joniga tekkan edi. Lekin eri ham oyligiga kun koʻradiganlar xilidan boʻlib, imkoniyati boricha Matildaning koʻngliga qarashga harakat qilardi. U faqat goʻzallik, nazokat, jozibali koʻrinish dardida yurardi. Tabiiy nafislik, xushbichimlik, aql-idrokli boʻlish oliy tabaqa belgisi hisoblanib, aslzoda xonimlardek yurishni xayol qilishdan toʻxtamasdi.

U oʻzi xohlaganidek yasholmayotganidan tinmay azob chekar, buning ustiga uyining faqironaligi, devorlarning gʻarib koʻrinishi, eskirgan stullar, pardalarning aft-angori uning nafasini boʻgʻardi. Unga oʻxshagan boshqa bir ayol bu narsalarni hattoki aqliga ham sigʻdirolmasligini oʻylab qiynalar, asablarini tarang qilardi. Kichkina Breton[1] dehqoni kabi kundalik uy yumushlari uni afsus-nadomatlar domiga tashlab, chorasiz va ushalmas orzular girdobiga uloqtirardi.

Matilda sharqona naqshlar bilan bezatilgan devoriy gilamlar, bronza qandillar, nur taratib turgan sokin xonani, katta kresloda yonboshlab olgancha etik-shim kiygan baquvvat inson haqida oʻy surganicha oshxona plitasidan anqiyotgan issiq havodan ogʻirlashib, lanj boʻldi. U ipaklar bilan bezatilgan uzun zallarni, koʻzni quvontiradigan hashamdor mebellarni, muattar atirlarga burkangancha kechki bazmlarda yaqin dugonalari bilan gurung quruvchi fransuz ayollari va taniqli odamlar bilan suhbatlashishni, barcha ayollarning hasadini qoʻzgʻab, ularning diqqat markazida boʻlish xayolida suzib yurardi.

Juvon aylana stolga yozilgan dasturxon oldiga tushlik qilish uchun oʻtirdi. Shoʻrva idishining qopqogʻini ochib qoʻygan turmush oʻrtogʻi quvonch bilan xitob qildi:

– O, mazali  rot-au-feu![2] Bundan ortigʻi boʻlmasa kerak!

Ayoli esa lazzatli tushliklar, yaraqlayotgan kumush idishlar, qadimiy odamlarning rasmi tushirilgan devoriy gilamlar, ertaksimon oʻrmon oʻrtasida parvoz qilayotgan gʻaroyib qushlarni xayol qilardi. Shuningdek, u jimjimador likopchalar, mazali taomlar, gulmohining qizgʻishrang goʻshti yoki bedana goʻshtini yeyish davomida quloqqa kulgi aralash chalinadigan muloyim shivir-shivirlarni orzu qilardi.

Ming afsuski, bu uning xayoli edi. Matilda bazmlarga chiqishga xohishi boru, ammo imkoniyati boʻlmaganidan keyin uyda qamalib oʻtirishdan oʻzga chorasi yoʻq edi. Uning koʻziga faqat rango-rang koʻylaklar, taqinchoqlardan boshqa narsa koʻrinmas edi. Matilda shulardan boshqa narsani sevmasdi, oʻzini shu matohlar uchun yaralgan deb bilardi. U  koʻngilxushlik qilish, boshqalarning hasadini keltirish, maftunkor boʻlish va hammani oʻziga qaratishni yoqtirardi.

Matildaning ayollar ibodatxonasida birga tahsil olgan sobiq sinfdosh dugonasi boʻlib, u juda boy edi. U ushbu dugonasinikiga borishni, koʻrishni yoqtirmas, sababi, doim ortiga qaytganidan soʻng azob chekardi.

Bir kuni kechqurun turmush oʻrtogʻi xursand qiyofada uyga kirib keldi va qoʻlidagi katta konvertni uzatdi.

– Bu yerda, – dedi u, – senga atalgan bir nima bor.

Ayol konvertni keskin tarzda yirtib tashladiyu quyidagi soʻzlar tushirilgan tamgʻali taklifnomani sugʻurib oldi:

Xalq taʼlimi vazirligi va madam Jorjes Ramponnau hurmatli mister va madam Luizellarni 18 yanvar, dushanba kungi bazm kechasi uchun Vazirlik saroyiga lutfan taklif qiladi”.

Ayol eri kutganidek quvonish oʻrniga, taklifnomani nafrat bilan stol ustiga irgʻitib, toʻngʻilladi:

– Bu bilan nima qilishimni istagandingiz?

– Azizam, seni xursand qilmoqchi edim. Tashqariga hech chiqmaganing uchun yaxshi imkoniyat deb oʻylagandim. Buni qoʻlga kiritish oson kechmadi. Qancha odam u yerga borishni orzu qiladi. U yerga saralab chaqirishgan. Ayniqsa, kotiblarni aytishlari gʻoyat dargumon. Bazmga faqat zodagonlar yigʻiladi.

Juvon  eriga dargʻazab tikilib, betoqatlik bilan soʻzladi:

–  Axir bazmga nima kiyib boraman?

Eri bu haqda oʻylab koʻrmagandi.

–  Nimaga, teatrga tushganda kiygan koʻylaging-chi?! Oʻsha menga juda yoqqandi, – dedi u.

Soʻngra gapirishdan toʻxtab qoldi. Xotinining yigʻlayotganini koʻrib, yomon ahvolga tushdi. Ayolning koʻz qirralaridan ikkita katta tomchi yosh sekingina lablari tomon yumaladi.

Kotib tutilib-tutilib xotiniga gapirdi:

– Nima boʻldi? Nima boʻldi?

Ayol jizzakilik bilan uning rahmini keltirgandi. Soʻng esa yonoqlarini artib, bosiq ovozda javob berdi.

– Hech narsa. Faqatgina u bazmga mos koʻylagim yoʻq, shuning uchun oʻsha kechaga borolmayman. Taklifnomani esa xotini mendan koʻra yaxshiroq kiyingan hamkasblaringizga olib borib bering.

Er ilojsiz dedi:

–  Kel, Matilda, oʻylab koʻraylik, – davom etdi u. – Bejirim va boshqa tadbirlarga ham kiysa boʻladigan yarashiqli koʻylak qancha turadi?

Juvon bir necha daqiqa chuqur oʻyga toldi, hisob-kitob qildi, miqdordan taajjublanib, tejamkor kotibning gaplaridan choʻchib, oʻzicha nimalardandir voz kechdi.

Va nihoyat, ikkilana-ikkilana javob berdi:

– Anigʻini bilmayman-u, oʻylashimcha, toʻrt yuz frank bilan nimadir qilsa boʻladi.

Erning rangi oqarib ketdi. Chunki bu miqdordagi pul bilan u qurol sotib olishni va yakshanba kuni birga toʻrgʻay ovlagan doʻstlari bilan kelasi yozda shahar chetidagi Nanterra[3] yaylovlarida ov qilib, dam olishni moʻljallagan edi.

Ammo bu haqda indamadi.

– Yaxshi, senga toʻrt yuz frank berganim boʻlsin. Chiroyli koʻylak sotib ol.

Bazm kuni tobora yaqinlashar, koʻylagi tayyor boʻlganiga qaramay, madam Luizel gʻamgin, behalovat va behuzur koʻrinardi.

Bir kuni oqshom mahali turmush oʻrtogʻi undan soʻrab qoldi:

– Nima boʻldi? Keyingi uch kun ichida gʻalatiroq boʻlib qolgansan.

Ayoli javob berdi:

– Bir dona ham taqinchogʻim, bir dona ham toshlarim, umuman taqishga hech narcam yoʻqligidan xoʻrligim kelyapti. Nihoyatda baxtsizman. Yaxshisi, bormay qoʻya qolganim maʼqul.

– Tabiiy gullarni taqishing mumkin, – dalda berdi mister Luizel. – Hozirda bu uslub juda urfga kirgan. Oʻn frank evaziga ikki yoki uchta chiroyli atirgul sotib olasan.

Matilda ishonqiramadi.

– Yoʻq, boyvachcha xonimlar orasida bechora qiyofada koʻrinib, gʻururim poymol boʻlishini xohlamayman.

Shu payt bir nima esiga tushgandek birdan chinqirib yubordi:

– Qanchalar ahmoqsan-a? Dugonang madam Forestiyerni yoʻqlab borib, taqinchoqlarini soʻrab tur. Axir u bilan juda ham qalin oʻrtoqsizlar-ku.

Xotini xursandchilikdan qiyqirdi.

– Toʻppa-toʻgʻri! Bu xayolimga ham kelmagan ekan.

Ertasi kuni u dugonasinikiga kelib, dardini bayon qildi.

Madam Forestiyer oynali eshik bilan qoplangan kiyim javonidan katta taqinchoqlar qutisini olib keldi. Uni ochib, dugonasiga dedi:

– Azizim, tanlab ol!

U dastavval bilakuzuklarni, keyin marvarid marjon shodasini, soʻng Venetsiya xochini, usta zargarning tilla va qimmatbaho toshlarini koʻzdan kechirdi. U koʻzgu oldida oʻziga oro berdi, ikkilandi, bulardan toʻla qoniqish hosil qilmagach, joyiga qaytarib qoʻydi.

–  Hammasi shumi? – soʻradi u.

–  Nega ekan, yana bor, albatta. Qarab koʻr. Nimani yoqtirishingni bilmayman-ku.

Birdaniga uning koʻzlari qora duxoba qutidagi olmosli serhasham  marjon shodasiga tushdi. Yuragi qinidan chiqayozdi. Uni ushlaganida koʻllari titrab ketdi. Taqinchoqni keng yoqali koʻylagiga moslab, boʻyni atrofiga ildi va tovlanishidan oʻzini yoʻqotdi.

Keyin esa qoʻrquv, iztirob aralash soʻradi.

– Menga xuddi shuni berib tura olasanmi, faqat shuning oʻzini?

– Ha, albatta.

U dugonasining bagʻriga oʻzini otib, xursandligidan oʻpib qoʻydi. Soʻngra xazinasi bilan joʻnab ketdi.

Bazm kuni yetib keldi. Madam Luizel katta muvaffaqiyatga erishdi. U barchadan goʻzal, xushbichim, poʻrim, quvnoq va baxtiyor edi. Barcha erkaklarning koʻzi unda, uning ismini soʻrashar, tanishishga harakat qilishardi. Vazirlar Mahkamasining barcha vakillari u bilan birga vals tushishni istashardi.  Shaxsan uning oʻzi vazirning nazariga tushdi.

U sarxushlik va ehtiros bilan raqsga tushar, ichimlik taʼsirida rohatlanib, goʻzalligi zafarida, muvaffaqiyat shohsupasida, baxt osmonida suzgancha barchasini unutib, oʻziga boʻlgan izzat-ikrom, hayrat, yoniq istaklar va mutlaqo muzaffarlik hislari  qalbini chulgʻab olgandi.

Tonggi soat toʻrtga yaqin u ketish taraddudiga tushdi. Turmush oʻrtogʻi yarim tundan buyon qarovsiz xonada, xotinlari bayramni ajoyib nishonlayotgan uch erkak bilan uxlab yotardi.

U xotinining yelkasiga bazm koʻylagining husniga dogʻ tushiradigan sharfni tashlab qoʻydi. Juvon buni sezgach, qimmatbaho moʻynaga burkangan boshqa bir ayolning nazariga tushib qolmaslik uchun uni yulqib oldi.

Luizel uni toʻxtatdi.

– Bir oz kutib tur, tashqarida shamollab qolasan. Men borib, arava ushlayman.

Lekin Matilda uni eshitmadi. Chaqqonlik bilan zinalardan pastladi. Koʻchaga chiqib, birorta ham fayton topisholmadi. Ular qidirishni boshlagach, uzoqroqdan oʻtib ketgan taksichiga koʻzlari tushib, baqirib qolaverishdi.

Chorasiz qolganicha sovuqdan qaltirab, Seine (Zayna)ga tomon yurishardi. Va nihoyat, kunduzlari umuman uchratib boʻlmaydigan, faqat yarim kechasi Parij atrofida paydo boʻladigan eski aravani (noktambulant) daryo boʻyida uchratishdi.

Ruye des Martirsdagi uyi eshigi oldida tushib, gʻamgin yurishda davom etishdi. Matilda uchun hammasi tamom boʻlgandi. Erining soat oʻnda vazirlikda boʻlishi kerakligini xayolidan oʻtkazdi.

U yana bir marta shuhrat ogʻushida koʻzgu orqali oʻziga tikilib, yelkalarini yopib turgan sharfni oldi. Biroq kutilmaganda chinqirib yubordi. Boʻynidagi marjon shodasi yoʻq edi!

Eri yarim yechingan ahvolda soʻz qotdi:

– Senga nima boʻldi?

U jinninamo oʻgirildi.

– Men… men… men madam Forestiyerning marjon shodasini yoʻqotib qoʻydim.

Luizel joyida qotib qoldi.

– Nima?!. Qanday qilib? Boʻlishi mumkinmas!

Ular koʻylakning qatlarini, plashning taxlamlariniyu choʻntagini, hamma joyni qarab chiqishdi. Ammo marjon topilmadi.

– Bazmdan chiqqaningda u aniq boʻyningda turganmidi? – soʻradi Luizel.

– Ha, saroy dahlizida turganimda u boʻynimda edi.

– Agar koʻchada tushirganingda ovozini eshitgan boʻlardik. Balki aravada qolgandir.

– Ha, ehtimol. Raqamini olganmidingiz?

– Yoʻq, sen-chi, eslolmaysanmi?

– Yoʻq.

Ular hayratomuz tikilib turishardi. Oxiri, Luizel kiyimlarini kiydi.

– Men piyoda ortga qaytaman, – dedi u. – Bosib oʻtgan yoʻnalish boʻylab yurib, topishga urinib koʻraman.

U chiqib ketdi. Matilda bazm koʻylagida kresloda oʻtirib, koʻziga uyqu kelmay, olovni ham yoqmay, xayoliga bir fikr kelmay, uni kutardi. Soat yettilar atrofida izlaganini topolmay, eri quruq qaytib keldi.

Luizel politsiya boshqarmasiga, gazeta idoralariga borib, mukofotlar eʼlon qildi. U barcha taksi kompaniyalarini umid ilinjida aylanib chiqdi.

Falokatga yoʻliqqan ayol kunboʻyi vahima ichida kutdi. Tunda Luizel siniqqan, umidsiz yuz bilan qaytdi. Hech qanday yangilik yoʻq edi.

– Dugonangga, – dedi u, – taqinchogʻining ilgagini buzib qoʻyganing, uni tuzatish uchun bir oz vaqt kerakligini yozib yubor.

U birma-bir hammasini xatga tushirdi.

Hafta oxirida ular umidini butunlay uzishdi.

Naq besh yoshga qarigan Luizel siniq ohangda soʻzladi.

– Endi taqinchoqni qanday qaytarish haqida bosh qotirishimiz lozim.

Keyingi kun ular qutini olib, dongʻi chiqqan zargarnikiga borishdi. Luizel uning kitobini qarab chiqdi.

– Madam, men marjon shodasi sotadigan sotuvchi emasman. Shunchaki, qutilarga bezak beraman, xolos.

Shundan soʻng ular zargarma-zargar yurib, oʻsha marjon shodasiga oʻxshashini izlashdi, ulardan maslahat olishdi.  Ikkalovi ham alam va iztirobda qaytishdi.

Palais Royaldagi doʻkonda ular qidirayotgan taqinchoqqa juda oʻxshash marjon shodasiga duch kelishdi. Narxi qirq ming frank turar ekan. Zargar oʻttiz olti ming frankka sotishga koʻndi. Er-xotin zargarga uch kungacha uni sotmasligini soʻrab yolvorishdi. Har ehtimolga qarshi, ular fevral oxirida yana boshqasini ham topib qoʻyishdi.

Luizelda otasi unga qoldirgan oʻn sakkiz ming frank boʻlib, qolganini qarz oldi.

Birovdan ming frank, boshqasidan besh yuz, besh luisni u yerdan, uch luisni bu yerdan soʻrab, qarz yigʻdi. U barchasini qayd etib qoʻydi. Xonavayron qiladigan vaʼdalar berdi, sudxoʻrlar va barcha qarz beruvchi zoti bilan bitim tuzdi.  U qolgan umrini xavf ostiga qoʻyib, hattoki xarajatlarni toʻlay olish yoki olmasligini bilmay turib, tavakkal imzo qoʻydi. U hali boshidan oʻtkazmagan uqubatlar, uni yiqitishi mumkin boʻlgan oʻta qashshoqlik, moddiy muhtojlikning kelajagi va unga azob beradigan ruhiy qiynoqlardan vahimada edi. U marjon shodasini olish uchun keldi va savdogarning rastasiga oʻttiz olti ming frankni tashladi.

Madam Luizel marjon shodasini qaytarish uchun kelganida, madam Forestiyer unga sovuq ohangda gapirdi.

– Buni tezroq qaytarishing lozim edi. Oʻzimga zarur boʻlib qoldi.

U qoʻrqqanidek, dugonasi qutini ochmadi. Agar taqinchoq boshqa ekanini bilib qolganida nimani oʻylagan, nimalar degan boʻlardi? Madam Luizelni oʻgʻirlikda ayblarmidi?

Madam Luizel hozir yoʻqchilikda yashashni qoʻrqinch bilan his qildi. Tasodifiy hodisada qahramonlarcha ishtirok etdi. Endi esa dahshatli qarzdorlikdan qutulmoq lozim. Ayol buni toʻlaydi. Ular xizmatkorini ishdan boʻshatishdi; turar joyini oʻzgartirishdi; tom ustidagi cherdakni ijaraga olishdi.

U uy yumushlarining naqadar ogʻirligini, oshxona tashvishlarining yoqimsizligini anglab yetib, yogʻli qozon va tovani yuvish uchun pushti tirnoqlarini ishlatardi.  U kir polotnoni, erining koʻylagini va idish artadigan sochiqlarni yuvardi. Har kuni ertalab yuvindilarni koʻchaga olib chiqib, zinapoyalarda toʻxtab nafas rostlagancha suv olib chiqardi. Odamlarning xotiniga oʻxshab kiyinar, qoʻlida savat bilan meva, baqqollik, goʻsht doʻkoniga borar, savdolashar, haqorat qilar, mayda pullarini tiyinigacha hisoblardi.

Har oy qarzning bir oz miqdorini uzishsa, qolganini uzaytirishardi.

Turmush oʻrtogʻi kechqurunlari savdogarning hisob-kitoblaridan nusxa yozar, tunga borib, varagʻi uchun 5 luis evaziga qadimiy qoʻlyozmalardan namuna koʻchirardi.

Bu turmush tarzi oʻn yil davom etdi.

Oʻn yildan soʻnggina ular hamma narsani, hamma-hammasini – sudxoʻrlarga nisbati va qoʻshma foizlari bilan toʻlab boʻlishdi.

Madam Luizel endilikda qarimsiq koʻrinardi. Kambagʻallashgan ayol kuchli, qattiqqoʻl va qoʻrs boʻlib qolgandi. Sochlari toʻzgʻigan, afti bujmaygan, qizargan qoʻllari bilan polni artib, atrofdagilarga baqirib gapirardi. Baʼzan, eri idorada boʻlgan vaqtlarda, u derazaga yaqin oʻtirgancha oʻn yillar oldingi farahbaxsh kechani, u nihoyatda latofatli va goʻzal boʻlgan bal haqida xayol surardi.

Agar u marjon shodasini yoʻqotmaganida nima boʻlardi? Kim biladi deysiz? Hayot qanchalar gʻaroyib va oʻzgaruvchan! Kichkinagina voqea baʼzan yashash yoki hayotdan umid uzishga yetarli boʻladi!

Yakshanba kuni edi. Haftalik mehnatlarning hordigʻini chiqarish maqsadida Champs Elyseesda sayr qilib yurib, toʻsatdan bola yetaklagan ayolga duch keldi. Hanuz yosh,  hanuz goʻzal, hanuz maftunkor boʻlgan madam Forestiyer edi.

Madam Luizel hayajonlandi. U bilan gaplashsinmi? Ha, albatta. Axir hammasini toʻlab boʻlgan, endi bor gapni aytaversa ham boʻladi.

U tepaga koʻtarildi.

– Xayrli kun, Tentak!

Unga tanishidek murojaat qilgan oddiy yoqimtoy juvondan taajjublandi-yu, ammo uni mutlaqo tanimadi. 

– Lekin… madam! – tutilib gapirdi u. – Sizni tanimadim… Adashgan boʻlsangiz kerak.

– Yoʻq. Men Matilda Luizelman.

Dugonasi qichqirib yubordi:

– O, bechora Matilda! Qanchalar oʻzgarib ketibsan!

– Ha, seni oxirgi bor koʻrganimdan buyon qancha ogʻir kunlarni boshdan kechirdim… qancha musibatli kunlarni… Hammasi sen tufayli boʻldi! 

– Meni deb! Qanday qilib?

– Saroydagi bazmga taqib turish uchun menga bergan  marjon shodalarini eslaysanmi?

– Ha, xoʻsh?

– Men uni yoʻqotib qoʻygandim.

– Nimani nazarda tutyapsan? Uni keltirib berganding-ku.

– Senga xuddi oʻxshashini olib kelib bergandim.Soʻngra buning toʻlovini oʻn yil davomida uzdik. Tushunyapsanmi, hech vaqosi yoʻq kimsa uchun bu qanchalar mushkul edi. Va nihoyat, hammasi tugadi. Bundan juda xursandman.

Madam Forestiyer yurishdan toʻxtadi.

– Aytmoqchisanki, menikini oʻrniga qaytarish uchun yangi marjon shodasini sotib olgansan?

– Ha! Sen buni sezmading ham! Ular juda oʻxshash edi.

Matilda mamnun kuldi.

Madam Forestiyer qattiq titrab ketdi, uning qoʻllarini ushlab, dedi:

– O, bechoraginam Matilda! Nima uchun, mening taqinchogʻim oddiy toshlardan yasalgan edi-ku!

 

Ingliz tilidan

Gulnoza MAMARASULOVA tarjimasi,

Respublika “Kelajak ovozi”  tanlovi gʻolibi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son

 

 


[1]Breton – quyi Normondiyadagi gʻarbiy Fransiyaning yarim oroli.

[2] Pot-au-feu – qaynatma shoʻrva.

[3]  Nanterra – Parijning gʻarbiy chekkasi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/marjon-shodasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x