Maqsadlarni to‘g‘ri qo‘yish va ularga erishish baxtli hayot garovidir. Biroq har doim ham intilayotgan narsalarimizni to‘g‘ri ifodalay olmaymiz. Bu esa orzularning orzuligicha qolib ketishiga olib keladi. Maqsadlarga erishish siri nimada?
Faqat o‘zingiz va o‘z imkoniyatlaringizga tayaning
Oldingizga biror maqsad qo‘yishdan avval uni amalga oshirish bo‘yicha barcha javobgarlik o‘z zimmangizda ekanligini esdan chiqarmang. Muvaffaqiyatsizlikda boshqa kishini ayblamaslik uchun boshqalarning yordamisiz erishish mumkin bo‘lgan maqsadlarni o‘z oldingizga qo‘ying.
Maqsadlarni to‘g‘ri shakllantiring
Maqsadlarni xuddi g‘oyalar kabi qog‘ozga (yon daftar, kundalik) yozib qo‘yish kerak. Batafsil yozib chiqilgan maqsadning amalga oshish ehtimoli ko‘proqdir. Agar maqsadlaringizni qog‘ozga yozmasdan ham xotirangizda saqlashga ishonsangiz, ularga erishishga ham katta umid qilmang. Ularni orzular safiga kiritib qo‘yishingiz mumkin.
Inkor shaklidan foydalanmang
Maqsadni to‘g‘ri qo‘yish va shakllantirish uchun u ijobiy quvvat ulashishi lozim. Shuning uchun nimani istamasligingiz emas, nimalarni xohlayotganligingizni aniqlab oling.
To‘g‘ri maqsad — “Boy bo‘lish”, “Xushbichim qomatga ega bo‘lish”. Noto‘g‘ri maqsad — “Kambag‘al bo‘lmaslik”, “Ortiqcha vazndan qutulish”.
Katta maqsadlarni qismlarga ajrating
Har qanday katta maqsad uni qismlarga ajratguningizga qadar chiqish qiyin bo‘lgan tog‘dek ko‘rinadi. Masalan, chet eldan ko‘chmas mulk xarid qilish bir qarashda amalga oshirish imkonsiz istakdek ko‘rinadi. Biroq maqsadni bosqichlarga bo‘lib, unga tomon muntazam qadamlar bilan harakat qilinsa, unga erishish osonlashadi. Dastlab oyiga muayyan mablag‘ni ishlab topish maqsadini qo‘yish mumkin. So‘ngra mazkur mablag‘ning o‘n foizi, keyinroq 20 foizini chetga olib qo‘yishni rejalashtirish mumkin. Ertami-kechmi siz zarur mablag‘ni to‘plashga erishasiz.
Manba: Daryo.uz
Maqola yoqdimi! Uni tezroq do’stlaringizga ma’lum qiling: