MANTENYA (Mantegna) Andrea (1431, Veneto — 1506.13.9, Mantuya) — ital-yan rassomi va oʻymakori, Uygʻonish davri namoyandasi, Paduya maktabi vakili. Qad. Rim haykaltaroshligi va meʼmoriy bezaklarini oʻrganishi, arxeologiya va epigrafika bilan shugʻullanishi Mantenya sanʼatining shakllanishida muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Mantenya diniy kompozitsiyalarga inson shaxsining qudrati va afzalligini taʼkidlovchi qahramonona dunyoni anglash hissini olib kirdi. Mantenya asarlari (Veronadagi San-Dzeno Majore cherkovi triptixi, 1457—59 va b.)da uning ijodiga xos boʻlgan qimmatbaho emalga qiyoslanadigan boʻyoq qatlamining metall jilosi shakllandi; manzarali zamin va atrof muhitdan muhim omilni ajratib koʻrsata olgan. 1460-y. dan Mantuyada Lodoviko Gonzago saroyida yashagan. Mantenya asarlarida meʼmorlik (real va chizilgan) bilan rangtasvir uygʻunligiga erishdi (San-Jorjo qasridagi «Del Spoza xonasi», 1447 va b.). «Sezar tantanasi» asarlar turkumi (1485—88) Qad. Rimning jiddiy ruhi bilan sugʻorilgan; maʼjoziy mifologik kompozitsiyalari, monoxrom kartinalar turkumi («Parnas», 1497; «Samson va Dalila», 1500-y.) soʻnggi davr asarlariga mansub. Mantenya gravyuralari («Dengiz xudolarining jangi», 7 ta mis gravyura va b.) obrazlarining mahobatliligi bilan uning rangtasviridan qolishmaydi, ularda kandakori nafis shakllar nozik chiziq (shtrix)lar b-n uygʻunlashgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые