“Manas” maʼnosini inkishof etib…

Qirgʻizlarning dongʻil “Manas” eposi hajman dunyoda eng yirik doston. Bir variantining oʻzi 450 ming misra chiqqan. Hozirga qadar uning 60dan ortiq varianti bor. Shuning uchun ham u faqat qisqartirilgan holda chop etib kelingan.

Buncha hajmiga yarasha, “Manas” koʻp qatlamli, koʻlamdor doston. Qirgʻiz oʻtmishiga xos deyarli barcha narsa tasvirlangan bu asarni tadqiqotchilar elning oʻtmishdagi ensiklopediyasi, deb atashadi. Unda Uzoq Sharq va Oltoy, bu yogʻi Xiva hamda Qrim… shuncha geografik kengliklar yastanib yotadi.

Boshqa turkiy ellarning qahramonlik dostonlaridan oʻzgachaligi shundaki, uning matnida nasriy parchalar – “qora soʻz”lar yoʻq, boshidan oxirigacha sheʼriy yoʻsinda. Yana “Manas” musiqa joʻrligisiz, mimika, jestikulyasiya va rechitativ yordamida ijro etiladi. Bu esa, nazarimizda, ayni dostonning epik muhit bagʻridan hali uzoqlashmaganini koʻrsatadi, chunki kuy-qoʻshiqqa qanchalik omuxta boʻlsa, qahramonlik eposi asl epik xossalarini boy berib, muayyan darajada “liriklashib” boradi. Oʻtmishning ulugʻ obidasi, qirgʻiz soʻz sanʼatining eng ulkan asari boʻlgan “Manas” eposi shu jihatdan oʻta noyob.

Xoʻsh, hozirgi oʻquvchi “Alpomish”, “Manas”, “Goʻroʻgʻli” kabi dostonlar yoki sehrli ertaklardan oʻzi uchun nima topadi? Hozirgi texnologiya asrida ogʻir gurzilarni, bir quloch keladigan shop va qilichlarni, uchiga temir qadalgan nayzalarni koʻtarib ot chopgan, kamondan oʻq otib gʻaddor yovini yaralagan sodda va doʻlvor qahramonlar bizga nima bera oladi? Umuman, hayotni kengroq mushohada qiladigan boʻlsak, bir qadar ertakka, choʻpchakka oʻxshab ketadigan bu dostonlarga bugun zarurat bormi oʻzi?

Albatta bor. Gap shundaki, soʻz ixlosmandi badiiy asardan ilm yoki texnologiya yutuqlarini emas, his-tuygʻularni, insoniy olijanobliklarni qidiradi va topadi ham. Bu sohada esa, aynan ogʻzaki ijod namunalari hatto? ancha-muncha yozma adabiy asarlarni ham ortda qoldirishi tayin. Chunki ularda xalq ruhi butun manzaralari bilan, yayrab-yoyilib aks etadi. Texnika, texnologiya-ku har zamonda yangilanib turadi, lekin his va tuygʻular ming yilda ham eskirmaydi, bilʼaks hissiyotlar, tuygʻular qancha “qadimgi”, qancha “eski” boʻlsa, shunchalik noyoblashib, qadri ortib boraveradi.

Qirgʻiz “Manas” eposining tarjimasi ham bizga shuning uchun kerak. Chingiz Aytmatov bekorga uni “qadimgi qirgʻiz ruhining sarbaland choʻqqisi” demagan. Bu asar bilan tanishib, biz qardosh va qoʻshni el – qirgʻizlarning milliy ruhini, oʻziga xosliklarini koʻproq anglaymiz.

“Manas” eposi “qisqartirib biriktirilgan variant” tarzida 1958 yilda ilk bor uch jild(toʻrt kitob)da nashr etilgan. Uning I boʻlim birinchi qismi yanada katta qisqartirishlar bilan 1964 yilda Mirtemir domla tarjimasida chop etildi. Oradan oʻttiz yil oʻtib, 1995 yilda uning ikkinchi qismini Sulton Akbariy tarjima qildi, bolalar uchun tayyorlangan variantini esa Tursunboy Adashboyev oʻzbekchalashtirdi.

Bizning tarjima Qirgʻiziston xalq yozuvchisi, Qirgʻiziston Qahramoni, professor Beksultan Jakiyev tayyorlagan va ilmiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilib, xrestomatik nusxa sifatida maktablar, oliy oʻquv yurtlari uchun oʻquv qoʻllanmasi sifatida katta adadda chop etilgan variantiga asoslanib amalga oshirilgan. Qolaversa, avvalgi tarjimalarda hajmni tejash, shu bilan birga, oʻquvchiga yanada yaqinlashtirish maqsadida oʻzbek dostonlari ruhiga moslab, ayrim parchalar nasrda – “qora soʻz” bilan berilgan edi; biz esa asliyat ruhini toʻliqroq berishni koʻzlab, boshdan-oyoq sheʼriy tarzda oʻgirishga harakat qildik.

Badiha tarzida aytilgan doston matnidan yuksak badiiy sanʼatlarni, shakliy mukammalliklarni qidirish oʻrinsiz ekani muhtaram kitobxonlarga ayon. Biz esa tarjimaning ham shunga muvofiq boʻlishiga intildik.

Quyida “Manas” eposidan parchani eʼtiboringizga havola qilamiz.

Botir Manas koʻzining

Qirin solib qarasa,

Osmonda juft yulduzday

Qoʻsh boʻlishib qolibdi –

Almambet, Chuboq ikki sher

Doʻst boʻlishib olibdi.

Oq bugʻdoyning uniday

Yoʻgʻrilishib qolibdi.

Bir-biridan aylanib,

Oʻrgilishib qolibdi.

Koʻrgach buni Er Manas,

Oppoq durday qashqa tish,

Xaloyiqdan boshqa tish

Yaraqlab chiqib qolibdi.

Qoplon oykoʻl botiring

Qahqahani solibdi.

 

Qoʻldoshi Chuboq botirni,

Yoʻldoshi Sirgʻaq shotirni

Yoʻlga boshlab oxiri,

Eranlar otga minishdi.

Shamolli dovondan oshib,

Erinmay toʻrtov enishdi.

Kechga qadar yoʻl yurib,

Hech toʻxtamay moʻl yurib

Tol choʻqqiga chiqqanda,

Choʻqqisida qori bor,

Etak yogʻi keng yaylov,

Ulkan oʻrmon, toli bor.

Usti keng yer, oʻngu soʻl,

Aylanasi xoʻp goʻzal,

Ifor anqir, chechak moʻl.

 

Koʻk tiragan Tol choʻqqi,

Dovoni baland koʻk aro,

Ikki yoqda koʻp xalqning

Oʻrtasida chegara.

Tolchoʻqqining ustidan

Tuman, bulut sochilib,

Osmoni ketdi ochilib…

…Onam meni tuqqan yer,

Yoʻrgagim yechib, yuvgan yer.

Huv anov sharq tomonda

Yuksalib turar qora togʻ,

Oltin qazilar kondir,

Esonxonga makondir.

Qancha yov bosib kelsa,

Yengmoqligʻi osondir.

Uning beri yogʻida

Qirra burun, qizil koʻz

Aloke oʻgʻli Qoʻngʻirboy,

Olamni buzar pahlavon.

Oltin qoziq tomonda

Xotindan chiqqan Oʻroʻngʻu,

Oʻroʻngʻu xonning yeri oʻsha.

Uning beri yogʻida

Manjuularning yeri oʻsha.

Nesqoraning eli oʻsha.

Undan ham beriroqda

Solonlarning eli bor,

Boʻronchi xonning yeri bor.

Undan biroz berida

Tirgʻovut, shibe eli bor,

Oʻroqqir bilan Boʻzkertik

Degan xonlar yeri bor.

Qaspan togʻning ortida

Koʻkanoor koʻli bor,

Koʻkanoorni boʻylagan

Choʻngʻ Joʻlayning eli bor.

Koʻkanoor naryogʻi

Qirq kun yoʻllik choʻli bor

Oʻshal choʻldan oʻtganda,

Tub qangʻayning eli bor.

Turtishay degan dushmanning

Tutunin chiqarar yeri bor.

Tub Bejinda Qarixon,

Xonlar ichra zoʻri xon.

Toʻfon suvi kirmagan,

Sulaymon farmon bermagan,

Rustam-doston, Iskandar,

U ham kelib koʻrmagan,

Bitib yotgan Bejinga

Hazrat Ali bormagan.

Mol-dunyosi behisob

Boyning koʻpi Xitoyda.

Yerda oʻsgan koʻkatday

Choyning koʻpi Xitoyda.

Oʻchakishgan yovlarni

Yotqizuvchi el oʻsha.

Rahmdil, insonga naf

Yetkazuvchi el oʻsha.

Biz Xitoyga yetmaymiz,

Qangʻayni koʻzlab betlaymiz…

– Botir, unsin yoʻling! – deb, –

Amalga oshsin oʻying! – deb,

Quchoqlashib, xoʻshlashib,

Qoʻllarini ushlashib,

Arslon Manas, er Chuboq

Ortga qaytdi oʻshal chogʻ.

 

Almambet arslon siyogʻi

Yonida Sirgʻaq qarogʻi,

Oʻzi bilgan yoʻl bilan,

Oqqan daryo, koʻl bilan,

Dovoni baland togʻ bilan,

Tubsiz chuqur zov bilan,

Oʻsgan biror koʻkat yoʻq,

Suv yigʻilgan boʻgat yoʻq,

Toshidan issiq ketmagan,

Tepasidan aylanib

Biron qush uchib oʻtmagan

Oʻr-qirlardan yoʻl yurdi,

Yoʻl yurganda moʻl yurdi.

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV

tayyorladi.

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/manas-manosini-inkishof-etib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x