Ma’lumot uchun. Shahar hokimi


Post Views:
251

SHAHAR HOKIMI – ma’muriy lavozim; shahar o‘zini-o‘zi idora qilish boshlig‘i, Turkistonda o‘rta asrlarda, xususan xonliklar davrida muayyan shahar va uning atrofidagi qishloqlarni xon nomidan boshqarish uchun tayinlanadigan (ayrim hollarda saylanadigan) amaldor.

Toshkent 18-asrning 2-yarmida 4 dahadan iborat bo‘lib, har bir dahaning o‘z hokimi bo‘lgan. Bu davrda har bir daha va uning hokimi mustaqil edi. 1784 yilda Shayxontohur dahasining hokimi Yunusxo‘ja shaharning boshqa dahalari bilan bo‘lgan nizolarda g‘alaba qozonib, butun shahar va viloyatga hokim bo‘ldi. Shundan so‘ng chorhokimlikka chek qo‘yilib, Toshkentda Yunusxo‘ja boshchiligida markazlashgan davlat idorasi barpo etildi. Yunusxo‘ja hukmronligining so‘nggi davrida u «xon» deb ham ataldi. Toshkent davlati Qo‘qon xonligi tasarrufiga o‘tgach, shahar va viloyatni beklarbegi boshqargan.

Toshkent Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan (1865 yildan) 1917 yilgacha Toshkentda Shahar hokimi ma’muriy lavozimi joriy bo‘ldi. Bu davrda Shahar hokimi Shahar dumasi tomonidan 4 yil muddatga saylangan, Turkiston general-gubernatorining tavsiyasi bilan harbiy ministr tomonidan tasdiqlangan. Duma majlislarini boshqarib, uning qarorlari bajarilishini nazorat qilib turgan. Ikki muovini bo‘lgan. Shahar hokimi lavozimi Shahar dumasi bilan bir vaqtda (1917) bekor qilingan.

SHo‘rolar tuzumi davrida Shahar hokimi vazifasini, asosan, Toshkent shahar ijroiya komiteti raisi bajarishi kerak bo‘lsa-da, amalda shaharga rahbarlikni Toshkent shahar partiya komiteti olib borgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng shahar boshqaruvining tarixiy va milliy shakli – hokimlik yangi mazmun bilan boyitilib tiklandi: 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining «O‘zbekiston Respublikasi poytaxti – Toshkent shahri maqomi va tuzilmasi to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Toshkentda hokimlik lavozimi joriy etildi.

Shahar hokimi vakillik (xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi) va ijroiya hokimiyat (Toshkent shahar hokimligi)ni boshqaradi. Toshkent shahar kengashiga hisobot beradi. Hokim O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Prezidentining shahardagi rasmiy vakili hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida o‘ziga berib qo‘yilgan vakolatlar doirasida qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

Hokimning o‘z vakolatlari doirasida chiqargan qarorlari va farmoyishlari shahar hududidagi barcha korxona, muassasa, tashkilot, jamiyat va birlashmalar, shuningdek, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir. Shahar tumanlari hokimlari Shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Shahar hokimi Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, yuqori turuvchi organlar va tegishli xalq deputatlari kengashi qaror va hujjatlarining ijrosini ta’minlaydi, jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va salomatligini muhofaza etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘radi, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda tegishli ishlarni tashkil etadi. Shaharni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, shahar byudjetining asosiy ko‘rsatkichlarini va ularning ijrosiga doir hisobotlarni xalq deputatlari shahar kengashining tasdig‘iga taqdim etadi, quyi turuvchi hokimlar qarorlarini, agar ular O‘zbekiston Konstitutsiyasiga, qonunlariga va boshqalarga zid bo‘lsa, bekor qiladi, xalq deputatlari shahar kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan bo‘linmalar rahbarlari ishini nazorat qiladi, davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi va takliflar kiritadi, respublika va xorijda shaharning rasmiy vakili sifatida ish ko‘radi, aholini qabul qiladi, fuqarolar shikoyat, ariza va takliflarini ko‘rib chiqadi.

Hokim rejalashtirish, byudjet, moliya, hisob-kitob, shahar mulkini boshqarish, mulkchilikning turli shakliga mansub korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan hamjihatlik qilish, qishloq xo‘jaligi, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, qurilish, transport, yo‘l xo‘jaligi va aloqa, aholiga kommunal, savdo va ijtimoiy-madaniy xizmat ko‘rsatish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qonuniylik, huquq-tartibot, xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish va shu kabilarni o‘z vakolati doirasida hal etadi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/ma-lumot-uchun-shahar-hokimi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x