Maktub – qalb sadosi

Oʻzbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shukrulloning barcha asarlari, xususan, sheʼrlari va dostonlarini mehr bilan oʻqib, katta estetik zavq olib, maʼnaviy olamimni boyitganman. Bulardan tashqari Oʻzbek Milliy Davlat akademik drama teatri sahnasida “Xatarli yoʻl”, “Tabassum oʻgʻrilari”, “Oʻgʻrini qaroqchi urdi” dramalari asosida qoʻyilgan spektakllarni qiziqib koʻrganimni alohida taʼkidlashim kerak. Muqimiy nomidagi musiqali teatrda sahnalashtirilgan “Toʻydan keyin tomosha” asari menda ayniqsa chuqur taassurot qoldirgan.

Shoirning “Hayot ilhomlari”, “Umrim boricha”, “Inson va yaxshilik”, “Inson – inson uchun” singari sheʼriy toʻplamlarini birma-bir koʻzdan oʻtkazganimni hech qachon esdan chiqara olmayman. “Javohirlar sandigʻi”, “Kafansiz koʻmilganlar”, “Tirik ruhlar” kabi xotira romanlari qalbimga qanchalik taʼsir etganligini taʼriflashga ojizlik qilaman.

Yaqinda chop etilgan “Gʻoyibona muhabbat” toʻplami orqali yangi bir dunyoni kashf etganday boʻldim va Shukrullo haqida koʻp narsani bilmas ekanman, degan xulosaga keldim.

Shaksiz, mening Shukrullo asarlariga bergan baholarim bir tomonda-yu, ammo koʻpchilik kitobxonlarning ularga munosabatini bilish oʻzgachadir. Shoir asarlari xususidagi mulohazalarim turli qarashlarga mos tushadimi, yoʻqmi? Bu har bir muxlisni qiziqtiradigan masala! Shu sababdan ham “Gʻoyibona muhabbat”ni oʻqib xursand boʻlib ketdim. Sababi, menda paydo boʻlgan baholar, mulohazalar kitobdagi koʻp fikrlarga hamohang boʻlib chiqdi.

Toʻplam quyidagicha tarzda tuzilgan: “Mahbuslikda yozilgan xatlar”, “Rasmiy maktublar”, “Doʻstona maktublar”, “Telegrammalar”, “Shogirdona ehtirom”, “Gʻoyibona muhabbat” va nihoyat “Poeticheskaya tetrad” radioeshittirishlariga” kabi boʻlimlarga ajralgan va bunday kompozitsion tuzilish Shukrullo hayoti hamda ijodiy faoliyatini toʻla ochib berishga xizmat qilgan.

Eng asosiysi, maktublar boʻyalmay-chatilmay aynan keltiriladi. Bu hol Shukrullo toʻgʻrisida haqqoniy tasavvur tugʻdirishimiz uchun asos boʻlgan. Bir xarakterli xatni misol sifatida keltiray. “Men baxtliman, chunki bu dunyoda siz bor ekansiz!… Sizning “Tvoyo schastye” sheʼrlar toʻplamingiz meni “yutib” yubordi. Siz yozgan sheʼrlarning barchasi mening xayollarim va orzularimni aks ettiradi”.

Yana bir maktub: “U kishi bu kitoblar bilan kattalarni ham tarbiyalab, ham dunyoqarashlarini rivojlantiradilar”. Bu shoir ijodiga berilgan juda ham muhim baho. Ayniqsa, hozirgi davrda insonlarni istiqlol mafkurasi asosida tarbiyalash, ularni toʻgʻri yoʻlga solish, onglarini oshirish suv va havoday zarur. Demak, Shukrullo insoniylik va ijodkorlik burchini aʼlo darajada bajarganligi kuzatiladi.

Shoirga yoʻllangan koʻp xatlarning mazmuni, ruhi shu keltirilgan satrlarning ruhiga mos tushadi. Mazmun esa shaklning rang-barangligi bilan ajralib turadi. Xatlarda Shukrullo talantli ijodkor, vijdonli, haqgoʻy inson ekanligi taʼkidlab oʻtiladi.

Qolaversa, Shukrullo, faqat Oʻzbekistonda emas, balki xorijda ham maʼlum va mashhur ekanligini xatlardan bilib oldik.

Buning isboti shuki, shoir Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Navosibirsk, Sibir, Bolgariya, Polsha va yana boshqa mamlakatlardan, viloyatlar va shaharlardan koʻplab xatlar olgan. Atoqli shoir Mustay Karimning xatidan parcha keltiray: “Azizim Shukrullo! Chuqur hayajon va quvonch bilan seni, ittifoqning atoqli shoirlaridan birini, Oʻzbekistonning dono kuychisini, ajoyib doʻstni… qutlayman”.

Shukrullo Ukraina aholisi va adiblarining ham sevimli sanʼatkori boʻlib qolgan. Ulardan biri bunday yozadi: “Sizning oʻziga xos yorugʻ ijodingiz bizning vatanimiz xalqlariga juda yaxshi tanish. Ukrainada ham sizning koʻplab muxlislaringiz bor”. Ha, shunday katta mamlakatda obroʻ qozonish baxt emasmi?

Xatlari va telegrammalarida R. Hamzatov, Oʻ. Sulaymonov, V. Solouxin, Yu. Verchenko, M. Tank, B. Oleynik, S. Baruzdin, M. Karim kabi adibu shoirlar Shukrullo ijodiga yuksak baho berishadi.

“Javohirlar sandigʻi” asari xususiyatlari koʻpgina mashhur adiblarni lol qilgan ekan. Mustay Karim, Rasul Hamzatov, Qaysin Kuliyev, Mixail Dudinlar uni jiddiy badiiy asar sifatida eʼtirof etishadi. Qizigʻi shundaki, koʻp atoqli adiblar Shukrullo mahoratiga tan berishib, “Javohirlar sandigʻi” kabi asar yozishga ojiz ekanliklarini ham izhor etganlar.

Maʼlumki, xatlarni badiiy yoʻsinda yozish qiyin, mushkul ish. Shu sababdan ham koʻp xatlar bu fazilatdan mahrum boʻlib qolgan, bu tabiiy hol. Ammo, Shukrullo ayrim xatlariga badiiy libos berishga uringan va maʼlum darajada niyatiga yetgan.

Rafiqasi Munavvarxonga yozgan maktubidan olingan parchaga ahamiyat beraylik: “Munavvarxon, siz bir daqiqa koʻz oldimdan ketmaysiz! Biror bobini tugatib, oʻzimcha oʻqir ekanman, koʻz oldimda siz, sizga oʻqigandek tasavvur qilaman. Koʻz oldimda siz eshitayotgandek boʻlasiz. Xursand boʻlib eshitayotgandek koʻrinasiz”. Kitobni oʻqir ekansiz, Shukrulloning ichki olamiga kirib borasiz. Uning azoblariga ham, quvonchlariga ham sherik boʻlasiz. Yana bir xatiga diqqat qilaylik: “Hayot bir xilda kechmas ekan. Yaxshiki, hayotda umid, sadoqat, sabr, baxt degan narsalar ham bor. Axir, inson boshiga mushkul tushganda nimaga suyanardi?”.

Kitobda Shukrulloning odamgarchiligi, insonlarga koʻrsatgan gʻamxoʻrliklari, shu bilan birga, doʻstlari unga bildirgan muruvvatlar ham oʻz ifodasini topgan. Bular orqali ham shoir maʼnaviy olamining yana bir qirrasi bilan tanishishga muyassar boʻlamiz.

Shoir qoʻshnisining yashash joyi, kulbasi ogʻir ahvolda ekanligini bilib, shahar hokimidan unga kvartira ajratib berishni soʻragani naqadar diqqatga sazovordir. Ana shu dalil uning olijanob va mehribon inson ekanini isbot qiladi. Shukrullo toʻla ravishda haqli edi. Chunki kichik bir hovlida 11 jon turgan, oʻgʻil esa afgʻon urushi qatnashchisi boʻlgan.

Yana bir misol. Shukrullo doʻsti adib Chabulladan dori olib, quvonchini shoshib bildirganligiga qoyil qolasan kishi: “Ogʻalarcha gʻamxoʻrliging uchun rahmat. Chin koʻngildan tashakkur… Sening borligingga xudoga ming qatla shukur!”.

Alohida taʼkidlash lozimki, Shukrullo qayerda boʻlmasin, Sibirning izgʻirin sovugʻida yoki mashaqqatli mehnat jabhasidami, Vatanini aslo unutmadi, butun qalbi yurti bilan chambarchas bogʻlanib ketgan edi. Yaxshisi oʻzidan eshitaylik: “Bir daqiqa boʻlsa ham Vatanimning bagʻrida boʻlgandek his qildim. Tanish odamlarim bilan gaplashgan, ularning diydorlarini koʻrgandek boʻldim. Yurtimning shahar, dalalari bagʻrida boʻlgandek nafas oldim”. Bu gaplar lagerda yotib, bitta oʻzbekcha (“Qizil Oʻzbekiston”) gazetani oʻqib aytilgan. Bundan koʻngli togʻday koʻtariladi, boshi koʻkka yetganday boʻladi.

Chindan ham “Gʻoyibona muhabbat” kitobidan bir muhim gʻoya qizil ip kabi oʻtadi. U ham boʻlsa – umidvorlik, ishonch, azoblarga bardosh berish qobiliyatining talqini. Shukrullo shoʻro davrida hibsga olinganda ham, qamoqda yotganida ham, Sibirda azob chekib mehnat qilib yurganda ham umid uni hech qachon tark etmagan. U umid bilan yashagan, umid hayotga, kurashga chorlagan, balo qazolardan saqlagan, kuch-quvvat bergan, ijod qilishga undagan. Qisqa qilib aytsak, umid hamisha yoʻldoshi boʻlib qolgan.

Kitobxonlar hayotiy dalillar va mushohadalarga boy, estetik qiymati yuqori “Gʻoyibona muhabbat” asariga ega boʻlishgani eʼtiborga molikdir.

 

Hafiz ABDUSAMATOV,

professor

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/maktub-qalb-sadosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x