Maktabga ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi kerakmi?

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

2021 yil 1 yanvardan boshlab maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etilyapti.

Bu haqda 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilangan.
Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar fanlar kafedralari professor va o‘qituvchilari jalb qilinadi. Ushbu lavozimga har bir maktabda 0,25 stavka ish haqi ajratiladi. Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi 4 ta maktabga biriktirilib, 1 shtat birligida maosh oladi.
Prezident farmoniga asosan, 2020 yil 28 dekabrda xalq ta’limi vazirligi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining qo‘shma qarori tasdiqlandi.
– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limining tavsiyasi bilan hozirgi kunda 692 maktabga 173 nafar shoir, yozuvchi, jurnalistlar ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi sifatida ishga olindi, – dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassisi Jahongir Yo‘ldoshev. – Viloyatda jami maktablar soni 1255 ta bo‘lib, qolganlariga oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari biriktirildi.
Qo‘shma qarorda shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlarning mehnatiga umumta’lim muassasalaridagi yoshlar yetakchisi lavozimining 0,25 shtat birligi hisobida haq to‘lanishi belgilangandi.
Prezidentimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda yangi kiritilayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimlariga yoshlar yetakchilaridan 0,25 stavka qisqartirish hisobiga emas, balki qo‘shimcha mablag‘ ajratish bo‘yicha aniq topshiriq bo‘ldi.
Oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedralari professor va o‘qituvchilarining mehnatiga mazkur muassasalarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadi.
Mayli, bu masala o‘z yo‘liga. Biroq, maktablarga tavsiya etilayotgan shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar haqiqatan ham o‘quvchilar bilan shug‘ullanadimi? Bunga ularning vaqti bormi? Bolalar bilan ijodiy kechalar, mushoiralar tashkil etadimi? Masalaning mana shu tomonini o‘ylab ko‘rish kerak.
– Meni maktabga ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi vazifasiga taklif qilishgandi, – deydi ismi sir qolishni istagan ijodkor. – Haftada bir kun vaqtim bor. O‘sha kunga to‘g‘rilab bersanglar boraman, dedim. Keyin bilsam to‘rtta maktabga biriktirishibdi.
Ijodkorning haftada bir kunlik bo‘sh vaqtini ham band qilyapmiz. Endi u bu vazifani qanday uddalaydi – bizga qorong‘i. Qo‘shma qarorga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchiga bir qator vazifalar belgilangan. Masalan, u ijodiy qobiliyatga ega bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlash va saralash bilan shug‘ullanadi, o‘quvchilarning ijodiy ishlari bilan tanishib boradi, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, ijodiy to‘garaklar tashkil etadi va reja asosida mahorat saboqlarini olib boradi.
Shuningdek, ular o‘quvchilar o‘rtasida turli adabiy, ijodiy tanlovlar, festival va boshqa tadbirlarni ham tashkil etadi. Xo‘sh, haftada to‘rtta maktabga bir kunda boradigan xodim shuncha vazifani qanday uddalaydi? Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari-chi? O‘z ishidan ortib, olis tuman maktablariga har hafta qatnay oladimi? Biriktirilayotgan maktablar yaqin bo‘lsa mayli, ammo olis tumanlardagi maktablar-chi? Ularga kim boradi?
– Shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlarning qaysi hududda istiqomat qilishiga qarab, o‘sha tumandagi yaqin maktablarga tavsiya qilyapmiz, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi boshlig‘i Toshpo‘lat Tugalov. – Albatta, ijodkorlar barcha maktablarga yetmaydi, qolganiga oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari biriktiriladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, olis maktablarga oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari jalb etiladi. Ularning ish haqi OTMlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘lanishi belgilangan. Savol tug‘iladi: bugun oliy ta’lim muassasalarida o‘quv xonalari va yotoqxonalar yetishmayotgan bir paytda muassasa maktablarga qatnaydigan o‘qituvchilar uchun maosh ajrata oladimi? Ajratmasa-chi?..
Aslida maktablarda ochilayotgan yangi lavozim jiddiy va mas’uliyatlidir. Bu vazifada shunchaki ishlab bo‘lmaydi. Asosiy ish joyiga ega shoir, yozuvchi, jurnalist va OTM professor-o‘qituvchilari bolalarning iqtidorini namoyish etishga qay darajada harakat qiladi?
Bu bilan ijodkorlarni ayblamoqchi emasmiz, aslo. Shunchaki maktab direktori kelmaydigan xodim uchun 0,25 stavka ish haqi yozib, o‘zlashtirmaydimi, degan savol tug‘ilmoqda.
Yaqin kunlargacha o‘qituvchilar ustama olish uchun rosa maqola “yozdi”, kimdir o‘qituvchi opasiga maqola yozib berdi, kimdir o‘qituvchi rafiqasining yozmagan maqolasini chiqarish uchun tahririyatga pul ko‘tarib keldi, xullas bunday usul kutilgan samarani bermadi. Natijada maqola yozish o‘qituvchilar zimmasidan olib tashlandi. Maktablarda yangi ta’sis etilayotgan ushbu vazifa ham o‘zini oqlaydimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biz o‘z fikrimizni aytdik, xolos.
Xurshida Ernazarova,
«Zarafshon» muxbiri.

Manba: Zarnews.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x