MAJDIDDIN MUHAMMAD

MAJDIDDIN MUHAMMAD, Xoja Majdiddin Muhammad Xavofiy (? — 1494-y. avg.) — Husayn Boyqaro davlatining yirik mansabdor shaxslaridan biri, vazir (1487—1490). Otasi Gʻiyosiddin Pir Ahmad Xavofiy Hirotda Shohrushing vaziri (1417—47) boʻlgan. Majdiddin Muhammad Abu Said davrida oddiy mirza, soʻngra Husayn Boyqaroning jiyani Mirzo Muhammad Sultonning vaziri boʻlgan. Sulton Husayn Boyqaro undan Majdiddin Muhammadni soʻrab olib, parvonachi mansabiga oʻtqazgan (1472), M. M. saroy va mamlakatdagi ishlar xususida sultonga axborot berar, qabul qilingan qarorlarni yozib olar va oʻz muhrini sulton muhri bilan yonmayon qoʻyardi; shu tufayli hukmdorlarning noibi (oʻrin-bosari) hisoblangan. Biroq Majdiddin Muhammad bilan Alisherbekning oʻzaro munosabatlari murakkab edi. Buning ustiga saroy vazirlari Nizomulmulk va Xoja Afzaliddin Muhammadlar Majdiddin Muhammadga qarshi fitna qoʻzgʻatib, uni sultonga qoralay boshlab, Majdiddin Muhammadni 60 ming dinor toʻlashga majbur etishgan. U parvonachi mansabini saqlab qolgan, biroq devon ishlariga aralashmasligi lozim boʻlgan (1478-y.). 1487-y. Alisherbek Astrobod hokimi etib tayinlangach, Majdiddin Muhammad devon ishlariga yana aralasha boshlagan, dastlabiga u maʼlum hokimiyatga ega boʻlmagan. Xazina boʻshab qolib, sultonga 2 tuman pul zarur boʻlib qolganda Majdiddin Muhammad sultonga nafaqat 2 tuman balki 2000 tumanni ham osonlik bilan topishi mumkinligini aytadi. Ertasi kuni Majdiddin Muhammadga keng vakolatlar beriladi: unga hukmdor nomidan muhr bosish, barcha ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish huquqi beriladi. Majdiddin Muhammad «saltanat va podshohlikning ishonchli kishisi» unvoniga ega boʻlgan. Amaldorlar poraxoʻrliklari uchun javobgarlikka tortilgan va qisqa mudsat ichida ulardan 2000 tuman pul toʻplab olingan.

Alisherbek 1490-y. Hirotga qaytgach, Majdiddin Muhammadning taʼsiri zaiflasha boshlagan. Balxda Darveshali qoʻzgʻolon koʻtarganligi haqidagi xabar Hirotga yetib kelganda, sulton Husayn Boyqaro davlat manfaatlarini koʻzlab, Majdiddin Muhammadni vaktincha hokimiyatdan chetlashtiradi. Majdiddin Muhammadni barlos beklari, mashhur sufiy shoir Abdurahmon Jomiy qoʻllabquvvatlaydi.

Majdiddin Muhammad barlos beklari yordamida sulton qabuliga kirishga muvaffaq boʻladi, u hukmdorga 20 ming dinor peshkash qiladi, lekin oradan bir necha kun oʻtgach, barlos beklari va Majdiddin Muhammad hibsgaolinadi. Majdiddin Muhammad barcha gunoxlarni oʻz boʻyniga olgan. Uning mol-mulki taftish qilinganda hech kim kutmagan nodir, qimmatbaho buyumlar topilgan. Majdiddin Muhammad bir qancha toʻlov shartnomalarga imzo chekkach, ozod qilingan. Majdiddin Muhammad farangilar (yevropaliklar) karvoni bilan Kirmonga qochadi, u yerdan Makkaga, haj ziyoratiga joʻnaydi, biroq manzilga yeta olmaydi, yoʻlda, Arabistondagi Tobuk degan yerda vafot etadi.

Ad.: Bartold V. V., t. II chast II, Sochineniya, Majdiddin muhammad, 1964; Boburnoma, T., 1989.

Turgʻun Fayziyev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x