Mahmud Toir 1952 yil 31 avgustda Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi Parkent qishlogʻida tavallud topdi.
Nizomiy nomidagi oʻrta maktabni bitirgach (1959–1969), Toshkent davlat universiteti filologiya fakultetining kechki boʻlimiga oʻqishga kirdi. Ayni paytda talabalar shaharchasidagi qurilish tashkilotida duradgor boʻlib ishladi.
Harbiy xizmatdan soʻng oʻqishni davom ettirdi. Respublika radiosining bolalar va oʻsmirlar uchun eshittirishlar bosh tahririyatida ishladi. “Parkent tongi” gazetasiga muharrir etib tayinlandi (1984). 1999 yildan eʼtiboran Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimini boshqarib keladi.
Shoirning birinchi sheʼri oʻrta maktabning 7-sinfida oʻqib yurgan kezlari “Tannoz kelur” nomi bilan Parkent tumani gazetasida eʼlon qilindi. “Ayt endi yuragim” nomli ilk toʻplami 1991 yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etildi. Shundan soʻng shoirning “Biz nechun uchrashdik” (1992), “Muhabbat shevasi” (1995), “Oqib ketgan armonlar” (1996), “Barmoqlar bodasi” (1998), “Haqni tanib” (1999), “Yuz toʻrtlik” (2002) toʻplamlari, “Saylanma” (2002), “Ogoh boʻl, dunyo” (2005), “Otamning oʻkinchi” (2006), “Sheʼriy hikmat” (2008), “Yangi Toshkentnoma” (2012), “Bedorlarga bering dunyoni” (2012) majmualari nashr qilindi va oʻz samimiyati bilan oʻquvchilar eʼtiborini qozondi. Bir qator sheʼrlari respublikamizning taniqli xonandalari ijrosida kuylanib kelinmoqda.
Mahmud Toirning ijodi hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, unga 2001 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2005 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berilgan.
Foydalanilgan adabiyot
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Maqola yoqdimi! Uni tezroq do’stlaringizga ma’lum qiling: