(XI asr)
XI asrga kelib turkiy xalqlar madaniyati, adabiyoti va sanʼati rivojlanishining yangi pallasi boshlanadi. Bu davrda Qoraxoniylar davlati amalda ancha mustahkamlanib olgan, Buxoro, Samarqand, Shosh (Toshkent), Qashqar shaharlari yirik madaniyat markazlariga aylangan edi.
992-yilda qoraxoniylar Buxoro va Samarqand kabi poytaxt shaharlarni egallaydi. Ammo ular bu shaharlarni oʻzlariga poytaxt qilmadi. Qoraxoniylarning poytaxt shaharlari Isfijob (Sayram), Oʻtror, Shosh, Bolasogʻun, Xoʻtan boʻlib, ularning davlati Markaziy Tiyonshon, Yettisuv, Chu va Talas vodiylarini oʻz ichiga olgan edi. Qoraxoniylar davlati Xorun, Bugʻraxon, Tamgʻochxon va Ibrohim Boʻritegin davrlarida ancha kuchaygan, nisbatan iqtisodiy va madaniy yuksalishga erishgan.
Qoraxoniylar davrida Bolasogʻun, Sayram, Shosh, Taroz shaharlarida ilm-fan egalari, turli sohalarning yirik mutaxassislari, dono va fozil kishilar toʻplangan.
Mahmud Koshgʻariy Bolasogʻun shahrida dunyoga keladi. Uning toʻliq ismi Mahmud ibn Husayn ibn Muhammaddir.
Hozirgi Qirgʻizistonda Barskon nomida daryo va dovon bor. Ular Issiqkoʻl atrofida joylashgan. Xuddi shu yerda Barskon shahri boʻlgan. “Barsgʻan – Afrosiyob oʻgʻlining nomi. Barsgʻan shahrini bino qilgan shudir. Mahmudning otasi shu shahardan”, – deb yozadi “Devon” muallifi. Uning bobosi ham oʻsha yerdan boʻlgan.
Mahmudning ilk ustozlaridan biri qashqarlik Husayn xalifadir. Soʻng u Buxoro, Samarqand, Marv, Nishopur, Bagʻdoddagi maktab va madrasalarda ilmini oshirgan.
Mahmud Koshgʻariy umri davomida qilgan mashaqqatli mehnati evaziga qomuschi olim va tolmas sayyoh boʻlib tanildi. U turkiy til grammatikasini ishlab chiqqan, turkcha-arabcha lugʻatning ilk namunasini yaratgan birinchi tilshunos olimdir. “Devonu lugʻot at-turk” Mahmud Koshgʻariy qoldirgan va turkiy xalqlar uchun bebaho qumaru – merosdir.
Bu asarda olim turkiy tildagi soʻzlar maʼnosini arab tilida izohlab beradi. Misol sifatida esa xalq tilida mavjud namunalarga murojaat etadi. Muallifning: “Men bu kitobni maxsus alifbo tartibida hikmatli soʻzlar, sajʼ (qofiyali nasr)lar, maqollar, rajaz (misralari nisbatan uzunroq boʻlgan sheʼr turi) va nasr deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim… Bu ishda misol tariqasida turklarning tilida qo ʼllanib kelgan she ʼrlaridan, shodlik va motam kunlarida qoʻllanadigan hikmatli soʻzlardan, maqollardan keltirdim”, – deyishi bejiz emas.
“Devonu lugʻot at-turk” asari 1072-yilda yozila boshlagan. Ammo unga kirgan materiallar 15–20 yillar davomida toʻplangan. Mahmud Koshgʻariyning oʻzi: “Men turklar, turkmanlar, oʻgʻuzlar, chigillar, yagʻmolar, qirgʻizlarning shaharlari, qishloq va yaylovlarini ko ʼp yillar kezib chiqdim, lugʻatlarini toʻpladim”, – deb yozadi. Muallif: “Kitob hijriy 464-yil jumodul-avval boshlarida boshlandi va toʻrt karra yozilgan (koʻchirilgan)dan va tuzatilgandan soʻng 466-yil jumoduloxirning 12-kuni (1074-yil) bitirildi”, – deb koʻrsatgan. Kitobga “Devonu lugʻot at-turk” (“Turkiy tillar lugʻatlari”) deb nom berilgan. U Abulqosim Abdulloh binni Muhammad al-Muqtadoga bagʻishlangan.
Mahmud Koshgʻariy turk tilining nozik bilimdoni va tolmas targʻibotchisidir. U “arab tili bilan ikki uloqchi ot singari teng poyga qilib, oʻzib borayotgan turk tilini” koʻklarga koʻtaradi, uning oʻziga xos xususiyatlarini mahorat bilan koʻrsatib beradi.
“Devon” sahifalari orqali tanishish koʻz oldimizda Mahmud Koshgʻariyni geograf, botanik, zoolog, biolog, etnograf, tilshunos, folklorshunos, adabiyotshunos, tarixchi olim sifatida namoyon qiladi. Shuning uchun ham uni qomusiy olim deb ataymiz.
“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 11-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2018) darsligidan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mahmud-koshgariy/