Madaniyatlar mushtarakligi – maqsadlar mushtarakligi

Keyingi bir yarim yil mobaynida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Markaziy Osiyoda joylashgan qoʻshni mamlakatlar bilan munosabatlarning faollashtirilgani, chegara va toʻsiqlarning ochilishi, davlat rahbarlarining muntazam rasmiy tashriflari, qolaversa, iqtisodiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy sohalardagi hamkorliklar barcha mintaqa ahlini bab-baravar quvontirmoqda. Darhaqiqat, ushbu mintaqada ming yillardan buyon devor-darmiyon boʻlib yashab kelgan xalqlarni taʼbir joiz boʻlsa, bir daraxtning gurkiragan novdalari deyish mumkin.

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida” va “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilindi. Aynan mana shu ikki qaror misolida ham Chingiz Aytmatovning “buyuk bobolarimizning ijodiy meroslari ham Oʻrta Osiyo xalqlari uchun umumiy boʻlishi kerak” degan fikrlari bugun oʻz tasdigʻini topayotganiga guvoh boʻlamiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida taʼkidlanganidek, buyuk maʼrifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va doʻstlik kuychisi Abay Qoʻnonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, oʻzbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda. Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilayotgan bugungi kunda Abay Qoʻnonboyev singari ulugʻ allomalarning oʻlmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim maʼno va ahamiyat kasb etadi.

Jumladan, Abay oʻzining “Nasihatlar”ida shunday yozadi “Hozirda koʻrmoqdamanki – oʻzbek dehqoni yetishtirmagan oʻsimlikning oʻzi yoʻq, oʻzbek savdogari qadami yetmagan joy yoʻq, ular yasamagan buyum yoʻq. Ahillikda yashashadi, adovat qoʻzgʻashmaydi. Rus savdogarlari yoʻqligida qozoqlarga kiyim-kechak va marhumlariga kafanlik keltirib berishdi… Ruslar zamoniga kelib esa yangiliklarni boshqalardan oldinroq oʻzlashtirishmoqda. Taniqli boylari, bilimdon mullalari, hunarmandchilik va moʻl-koʻllik deysizmi, boadablik deysizmi – hammasi ularda bor…”

Xuddi shuningdek, Chingiz Aytmatovning mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yoʻlida fidokorona faoliyat olib borganini yaxshi bilamiz.

Oʻtgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “oʻzbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chogʻida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning shaʼni va obroʻ-eʼtiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurtimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi. Chingiz Aytmatov oʻzbeklar borasida hamisha iliq gaplarni aytgan. 80-yillarda markaziy matbuotda xalqimiz shaʼniga quruq tuhmatlar aytilayotgan bir vaqtda “Pravda” gazetasida Chingiz Aytmatovning ijobiy maqolasi chiqishi koʻnglimizni togʻdek koʻtargani sir emas.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning oʻlmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik gʻoyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatimizda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda. Oʻzbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” doimiy ekspozitsiyasi faoliyat koʻrsatmoqda.

1998 yilda davrimizning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlari natijasi oʻlaroq dunyoga kelgan “Choʻqqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobida “Koʻzadan chiqqan bosh chanoq yoki turkiylarning tarixiga bir nazar” bobida qiziqarli mulohazalar bildirilgan. Adib, kamtarlik bilan malakali tarixchi emasligini, arxivlardan hujjatli dalil-dastaklar qidirmaganini, qadimiy shajaralaru solnomalarning changini yutmaganini qayd qiladi. Biroq tarixga yozuvchi nigohi bilan nazar tashlaydi. Jumladan, sohibqiron Amir Temur, Boburshoh, Mirzo Ulugʻbek kabi oʻzbek xalqidan yetishib chiqqan sarkarda, olim, allomalar haqida nihoyatda samimiy va iliq fikrlarni aytadi. Masalan, Oltin Oʻrdaning yemirilishi borasida shu kungacha tarixchilar Kulikovo jangiga katta urgʻu berib kelishar edi. Biroq bu borada Chingiz Aytmatov birinchilardan boʻlib tarixiy haqiqatni aytadi. Oltin Oʻrdaning “uzil-kesil tarix sahnasini tark etishiga sabab – Oʻrda bilan Amir Temur davlati oʻrtasidagi qarama-qarshilikdir. Amir Temur donoligi, olijanobligi bilan dong taratdi. U davlat arbobi sifatida sanʼat, ilm-fan ahlini davrasiga chorlagan, ularga homiylik qilgan” deya taʼkidlaydi Chingiz Aytmatov.

“Axir Bobur, Ulugʻbek kabi buyuk tarixiy shaxslar, hukmdorlar toʻgʻrisida ham zamondoshlarimizga qiziqarli voqealarni soʻylab berishimiz mumkin-ku! Shoir, tarixchi, faylasuf Boburshoh Hindistonda Buyuk saltanatga asos soldi. U ilgari Oʻsh, Andijon viloyatining hokimi boʻlgan edi. Amir Temur kabi Bobur ham Afgʻonistonda, Hindistonda buyuk gʻalabalarni qoʻlga kiritadi. Darvoqe, u 11 yasharlik paytida otasidan ayriladi. Uning keyingi faoliyati noyob isteʼdod sohibi boʻlganidan darak beradi. Oʻrta asrlarni tadqiq etgan tarixchilar, yozuvchilar shoh Boburning jasorati toʻgʻrisida koʻpgina kitoblar yaratganlar. Shohning oʻzi yozgan “Boburnoma” esa dunyoning bir nechta tillariga tarjima qilingan va hozirgi kunimizgacha oʻzining tarixiy qimmatini yoʻqotgan emas” deydi Chingiz Aytmatov.

Mirzo Ulugʻbek haqida esa quyidagilarni oʻqiymiz: “Ulugʻbek Xitoydan Vizantiyagacha, Erondan Usmonlilar saltanatigacha boʻlgan mamlakatlardan – butun dunyodan olimlarni oʻz bagʻriga chorlaydi, ularga homiylik qiladi. Olimlar esa riyoziyot, handasa, tabiatshunoslik kabi aniq fanlar sohasidagi bilimlari bilan oʻrtoqlashadilar, samarali ilmiy izlanishlar olib boradilar. Ulugʻbek, ayniqsa, sanʼat va adabiyotga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatadi. U xukmdor boʻlgan davrda madaniyatning mana shu sohalari yanada gullab-yashnaydi. Faqat birgina “Ziji Koʻragoniy” asarining oʻzi uning nomi asrlar davomida avlodlar xotirasida yashashi uchun yetarlidir. Afsuski, oʻsha davrda turkiy xalqlar madaniyati va ilm-fanining boshida turgan Ulugʻbek 55 yoshida qatl qilinadi”.

Oʻzbek – turkman doʻstligi, ular oʻrtasida madaniy aloqalar xususida gap ketar ekan, albatta, eng avvalo atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Mahtumquli xayolimizga keladi. Ayniqsa, uning Buxorodagi Koʻkaldosh, Xivadagi Shergʻozi madrasalarida tahsil olganining oʻziyoq koʻhna Oʻzbekiston zamini azal-azaldan maʼrifat-madaniyat beshigi boʻlganidan dalolat beradi. Mahtumquli bir qancha lirik sheʼrlar, lirik-epik dostonlar, gʻazal va muxammaslar yozgan. Bizgacha uning lirik, falsafiy, pand-nasihat xarakteridagi 10 ming misradan ortiq sheʼrlari yetib kelgan. Mahtumquli sheʼrlarida turkman xalqining hayoti, urf-odatlari, oʻz davrining muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalari, shoirning ichki kechinmalari teran ifoda etilgan. Shoir sheʼrlarida paygʻambarlar, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy singari ulugʻ zotlar juda koʻp tilga olinadi. Shoirning purmaʼno misralari turkman millatining hikmatli soʻzlari, aforizmlar qatoridan oʻrin olgan. Mahtumquli sheʼriyati barcha turkiy millatlar, jumladan, oʻzbeklarning ham maʼnaviy mulkiga aylangan. Bir necha marta sheʼrlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. Koʻplab sheʼrlari hofizlar tomonidan kuyga solib aytiladi.

Madaniyatlarimiz, adabiyotlarimiz mushtarakligi xususida soʻz ketar ekan, albatta, ulugʻ bobomiz Alisher Navoiy va tojik shoiri Abdurahmon Jomiy oʻrtasidagi yaqin doʻstlikni eslamay boʻlmaydi. XX asr oʻzbek va tojik adabiyotlariga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adib, olim va jamoat arbobi Sadriddin Ayniy mohir olim, tarixchi va adabiyotshunos sifatida oʻzbek va tojik adabiyoti tarixi yuzasidan katta ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. Uning Oʻrta Osiyolik buyuk shoir va olimlar – Rudakiy, Saʼdiy, ibn Sino, Vasfiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. Adib Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining faxriy aʼzosi hamda Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi qilib saylangan. Bir necha yillar davomida Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat dorilfununining professori va Tojikiston Fanlar akademiyasi tashkil topgan kundan boshlaboq uning prezidenti sifatida xizmat qilgan. Mashhur dargʻalarimiz oʻafur oʻulom, Oybek, Komil Yashin, Mirzo Tursunzoda va Zulfiyaxonimlar ham ustod Ayniy deb ardoqlagan va eʼtirof etgan ulugʻ siymo edi.

1978 yilda esa ustod Ayniy tavalludining 100 yilligi YUNYeSKO qarori bilan keng nishonlandi. Mustaqillik davrida Vatanimizning ulkan mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Ayni kunda Markaziy Osiyo mintaqasiga toza nafas, toza havo kirib keldi. Bugun doʻstu qadrdonlar, qavm-qarindoshlar bir-birini yoʻqlamoqda, bir-biriga oshiqmoqda. Zotan, bu doʻstu qadrdonlikning mustahkam va teran ildizlari uzoq oʻtmishlarga, ulugʻ ajdodlarimizga borib taqaladi. Bu soʻzsiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan, mintaqa rahbarlarining saʼy-harakatlari, bir-birini tushunishlari va anglashlari tufayli yuz berdi. Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari yanada mustahkamlanib, gullab-yashnasin!

 

Sharofiddin TOʻLAGANOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/madaniyatlar-mushtarakligi-maqsadlar-mushtarakligi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x