Maʼruf Jalil (1936–2004)

Maʼruf Jalil 1936 yil 10 oktyarbda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumaniga qarashli Payshanba qishlogʻida tugʻildi.

Maʼrufning otasi Ergash Jalilov savodxon, kitobsevar, ayniqsa, oʻzbek xalq ertaklari, dostonlariga, mumtoz adabiyotga ixlosi baland kishi boʻlgan. U Alisher Navoiy devoni, turli bayozlar, “Alpomish”, “Kuntugʻmish”, “Goʻroʻgʻli”, “Orzigul” kabi dostonlarni mutolaa qilar, Abdulla Qodiriy bilan Choʻlpon asarlarini sevib oʻqirdi.

Ana shunday ziyoli muhit Maʼrufni sheʼriyat bilan bogʻladi. 8-sinfda oʻqib yurganida “Orzu” sarlavhali birinchi sheʼri tuman gazetasida bosildi. 1958 yili Toshkentga kelib, Birlashgan nashriyot bosmaxonasiga harf teruvchiga shogird boʻlib ishga kiradi. 1961 yil Toshkent Davlat universiteti filologiya fakulteti sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirib, sheʼr va maqolalari bilan gazeta-jurnallarda tez-tez koʻrina boshladi. Shundan soʻng tahririyat va nashriyotlarda, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishladi.

“Men sizni sevardim”, “Rahmat, odamlar” (1970), “Seni oʻylab” (1973), “Notanish yoʻllar” (1975), “Qoʻshiq ishtiyoqi” (1979), “Men suv ichgan daryolar” (1981), “Parizodam” (1984), “Daryoni izlar shamol” (1987), “Baxtimga sen borsan” (1989) kabi sheʼriy kitoblari, “Bunyodkor qalb” (1984), “Orol madad soʻraydi” (1987) kabi ocherk va publitsistik maqolalar toʻplamlari bosilib chiqadi. U Yavdat Ilyosovning “Soʻgʻdiyona” romanini ona tilimizga tarjima qilib, bu sohada ham oʻzining iqtidorini koʻrsata oldi.

Maʼruf Jalil “Daryoni izlar shamol” toʻplami uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining yillik mukofotiga, Orol fojiasi haqidagi publitsistik maqolalar turkumi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mukofotiga sazovor boʻladi.

Mustaqillik yillarida Maʼruf Jalilning “Saylanma” asari nashr etildi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/maruf-jalil-1936-2004/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x