Maʼrifiy saboqnoma

Erkin Malikni bolalar adibi sifatida yaxshi bilamiz. Muallifning oʻnlab publitsistik kitoblari, hikoyalar va qissalar toʻplamlari oʻzbek bolalar matbuoti va adabiyoti xazinasidan joy olgan. Bu asarlar taʼlim-tarbiya, milliy qadriyatlarimiz anʼanalari nafasi bilan yoʻgʻrilgani bilan oʻzbek bolalar milliy matbuoti va adabiyotida salmoqli oʻringa ega. Adibning soʻnggi yillarda chop etilgan qissalari fikrimizni bu jihatdan toʻla dalillaydi. “Shaytonvachchaning nayranglari” maʼrifiy qissasi shu jihatdan eʼtiborga sazovor. Asar mavzu mundarijasi, obrazlar olamiga koʻra bolalar tarbiyasiga xizmat qiluvchi axloqiy kitoblarning yangicha, zamonaviy koʻrinishidir. Chindan ham unda aks etgan muammolar shu kecha-kunduzda sodir boʻlayotgan voqealar, Tohir Malik iborasi bilan aytganda, kundalik hayot shaytonlarning koʻzga koʻrinmas olami bilan ifoda etiladi.

Qissa sarguzasht-fantastik qissalar anʼanasiga hamohangligi bilan yosh kitobxonlarni oʻziga jalb eta oladi. Asar gʻoyasi nihoyatda dolzarb, yuki zalvorli. Shu bois unda ikki jihat alohida koʻzga tashlanadi: birinchidan, u mustaqillik tufayli badiiy adabiyotda xalq pedagogikasi, Qurʼoniy mavzular ifodasining singdirilishi namunasi sifatida diqqatga sazovor. Biz bilamizki, oʻzbek va turkiy xalqlar adabiyotida ana shu anʼana bardavom boʻlgan. Zero, adabiyotshunoslar toʻgʻri taʼkidlaganidek, oʻzbek adabiyotida diniy va dunyoviy qatlamlarning bir-biri bilan uzviy bogʻliqligi Qurʼon oyatlari yordamida taʼriflanadi. Asli oʻzbek adabiyotining bu ikki qanotini bir-biridan ayri holda oʻrganish samarasizligini tarix koʻrsatdi. Ana oʻsha oʻtmish yillar sabogʻi, bugun va kelajakdagi eʼtiqodimizni ilohiy kalom vazni bilan toʻldirishga ehtiyoj tugʻdirgani sir emas. Binobarin, E. Malikning bu qissasi Qurʼoni karimdagi mavzularni bolalarbop, obrazli ifoda etgani bilan eʼtiborni tortadi.

Ikkinchi jihatdan qissa atrofimizda “aytsa tili, aytmasa dili kuyadi”gan hodisalar tasviriga bagʻishlangani bilan qimmatlidir. Qissa syujetidagi voqealar bolalarga ana shu jarayonni badastur tushuntirishga yordam beradi. Undagi obrazlarning koʻpchiligi shu maʼnoda, ramziy. Aytaylik, qissaning birinchi kitobidagi Bismillo xola insonlardagi vijdon, Xoja iymon, Xojabeka-nafs timsoli boʻlsa, ikkinchi kitobdagi Poshsha oyi yoki Hoji ona, sport oʻqituvchisi, uning xotini, maktab direktori kabi obrazlar orqali shaytoniy nafs koʻrinishlari tasvirlangan.

Yozuvchi qissa avvalidayoq asl muddaoga shaʼma qiladi: jamiyatimizda yeng uchida ish koʻruvchi, chap tomondan ish bajaradigan kimsalar. Ular qanday paydo boʻlayotir? Shaytonvachchaning koʻrinishi shu sababli gʻalati: na odamga va na bir hayvonga oʻxshaydi. U boʻynida qoshigʻi bilan tugʻiladi. Ona shayton farzandi dunyoga kelgan kunidanoq quyidagilarni uqtiradi: “Ota-bobolarimiz bir tuqqanning, bir toʻydirganning qorniga tep, deyishgan, uqdingmi? Nafsing hakalak otmay oʻlsin, sabr qil, sabr. Odam bolalariga oʻxshab besabr boʻlma. Odam bolalarini qanchalik koʻp yoʻldan ursang, anavi savil yogʻoch qoshigʻing shuncha koʻp moy ichida oʻynaydi. Bilsang, odam bolalari gʻirt dushmanimiz, yoʻldan urganingdan keyin esa ular doʻstingga aylanadi.” Shundan soʻng Shaytonvachcha onasining saboqlariga amal qilib, aka-ukalarni jiqqamusht urishtiradi, koʻchadagi bolalarni bir-biriga tezlab, doʻpposlatadi; Xojabekani qingʻir yoʻllarga boshlaydi.

Qissa syujetidagi har bir voqea alohida bir mavzuni, hikoyani taqozo etgan. Ularda bugungi voqealar xalq hikmatlariga yoʻgʻrilgan holda bayon etiladi. Shaytonvachcha obrazi esa qissa kompozitsiyasidagi bir butunlikni taʼminlash bilan birga, bola shaxsining shakllanish tadriji, unga tarbiya va muhitning nechogʻli taʼsirini oydinlashtirishga ham xizmat qiladi.

Yozuvchi qissada Shaytonvachchaning madrasadan olgan saboqlari amaliyoti misolida bozordagi hangomalarning real manzarasini chizadi. Bu yerdagi oldi-sotdi ishlaridan tashqari, folbinlik, tilanchilik yoki ilon, ayiq oʻynatib koʻzboʻyamachilik qiladigan tomoshalar kitobxon koʻz oʻngida yaqqol gavdalanadi. Shu sababli bozor iymonlilarga bamisoli hojatbaror goʻsha, iymoni sustlarga esa gunohi azimning uyasi ekanligi ayon boʻladi. Odam bolalari ham aksariyat oldi-sotdida, bozorlarda sinalishi koʻrsatib berilgan.

Qissada shunga oʻxshash ijtimoiy, hayotiy-maishiy muammolar jiddiy tahlilga tortilarkan, hodisaning maʼrifiy ahamiyati muallif nazaridan aslo chetda qolmaydi.

Bolalar adabiyoti haqida soʻz ketganda, uning ikki planli-yoʻnalishli ekanligi alohida taʼkidlanadi. Zero, bolalarga asar syujeti, kattalar uchun esa uning gʻoyasi daxldor ekanligi inkor etib boʻlmas haqiqatdir. Binobarin, bu qissa ham avvalo bolajonlar uchun gʻoyat sevimli ertakka xos syujet asosida yozilgan. Undagi fantastik elementlar Shaytonvachchaning xatti-harakatlarida, bozordagi shaytonlar “madrasasi” qonun-qoidalari, kiradigan-chiqadigan odamlarning yelkasiga minib olib, yoʻldan urishi va vasvasa qilib turli qingʻir yoʻllarga boshlashi detallarda yaqqol koʻrinadi. Xususan, Shaytonvachchaning “Dumi tugiklar madrasasi”dan quvilib, Xoʻjaqishloq degan joyga tushirilishida evrilish sanʼati koʻzga tashlanadi. Uni zambarakning toʻpiga qoʻyib, osmonu falakka otib yuborganlarida, Shaytonvachcha (u ilgari odamlar koʻziga koʻrinmas, shuning uchun shir yalangʻoch yurar, xohlagan ishini osongina bajarardi) yerga odam qiyofasida tushadi. Yaʼni shaytondan odamga aylanadi. Ajinashamol unga yordamchi qilib yuboriladiki, bu ham ertak qahramonlarini eslatadi. Unda ilgari surilgan gʻoyalar esa kattalar uchun muhimlilik kasb etadi.

Bu voqealar guvohi boʻlgan oʻquvchi shuni anglab yetadiki, iymon-eʼtiqodga putur yetsa, odamshaytonlar zamoni boshlanadi. Aql, kuch, vijdon−bari nafs yoʻlida oʻzligini yoʻqotadi. Yozuvchi ana shu mohiyatni yosh avlodga teran anglatish uchun, saboqnoma yozgan, goʻyo. Har bir voqea orasida, soʻnggida, qissadan hissa chiqaruvchi oʻgitlar mavjud; ularning koʻpchiligi nazariy taʼriflarga, dars oʻtish uslubiga oʻxshaydi. Aytaylik, adib inson sezuvchanligiga xos ogʻriq, hissiyotiga xos qoʻrquv, uyat kabilarni bunday taʼriflaydi: “Ogʻriq borki, odam bolalari oʻzlarini issiqdan, sovuqdan, turli-tuman baloyu ofatlardan himoyalashadi. Kunduzlari yurganda oyogʻining tagiga qarab, kechalari chiroq yoqib yuradi. Gunoh ishlardan tiyiladi. Birovning haqini yemaydi, dilini ogʻritmaydi, bekordan bekor qon toʻkmaydi. Ogʻriq jasadga ham, iymonga ham bir qalqon”.

“Qoʻrquv ogʻriqning bolasi. Yoʻlga kira boshlagan goʻdak yiqilib, joni ogʻriydi. Keyiniga hushyor boʻlib qoladi. Qoʻrquv kutilmaganda falokatlarning xabarchisiga aylanadi. Qoʻrquvning “hadik”, “gumon” degan oshnalari ham bor”. Yoki: “Uyat degani koʻzga koʻrinmas harir koʻylakka oʻxshaydi. Uni na koʻrib boʻladi, na ushlab. U iymonli odamlar uchun toʻzimaydigan libos…” Bu ilmiy taʼriflardan farqli oʻlaroq, oʻgitlar shaklida berilgan boʻlib, barcha yoshdagi kitobxonlar uchun foydadan holi emas. Negaki, bu oʻsha tushunchalarning hikmatnamo, xalqchil taʼrifidir. Bu taʼkidlarning qissada biror bir voqea munosabati bilan bayon qilinishi esa qoidaga dalil keltirilgandek, taassurot uygʻotadi.

 

Bashorat JAMILOVA,

filologiya fanlari nomzodi,

Buxoro davlat universiteti dotsenti

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/marifiy-saboqnoma/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x