Faqat ketib boʻlmas kechib Vatandan

* * *

Balkim dengizlarni kechib oʻtarsan,

Balkim qanot bogʻlab koʻkka yetarsan.

Balkim koʻkdan oʻtib badar ketarsan,

Faqat, ketib boʻlmas kechib Vatandan.

 

Balkim Hindiqushga tikarsan yalov,

Balkim oyga chiqib yoqarsan olov.

Balkim dunyolarni olarsan garov,

Faqat, ketib boʻlmas kechib Vatandan.

 

Kecharlar xoindan, beyuz sotqindan,

Kecharlar bevafo, ayyor xotindan.

Kecharlar martaba, moli oltindan,

Faqat, ketib boʻlmas kechib Vatandan.

 

Qarzi boʻlsa kechib ketarsan balkim,

Narzi boʻlsa kechib ketarsan balkim.

Aybi boʻlsa kechib ketarsan balkim,

Faqat, ketib boʻlmas kechib Vatandan.

 

Buxoriy joynamoz yozgan bu yurtdan,

Manguberdi yovni titratgan yurtdan.

Yurtboshing kaftida tutgan bu yurtdan,

Faqat, ketib boʻlmas kechib Vatandan.

 

Vatan boʻylaringga boʻlay sadogʻa,

Hoki poying oʻpdim, shukr Xudoga.

Sadoiy, ketsang ham dorulbaqoga,

Faqat, ketib boʻlmas kechib Vatandan.

 

 

TAVAKKAL AYLAGAY

Togʻu tosh, sahro-dasht ayo dengiz ham,

Samovat bagʻridan uchgan yulduz ham.

Qor ostida qolgan maysa-ildiz ham,

Xudoga tavakkal aylagay!

 

Yoʻlidan adashgan hayrona zorlar,

Baxt izlab dunyoni kezgan shunqorlar.

Umr soʻrab yotgan maʼyus bemorlar,

Xudoga tavakkal aylagay!

 

Bulbulday yuragin yoqqan shaydolar,

Oʻzanin topolmay toshgan daryolar.

Qoʻl ochib himoyat kutgan gadolar,

Xudoga tavakkal aylagay!

 

Pahlavon Mahmudday botirlar, dovlar,

Marmar qasrlarda uxlagan boylar.

Yoʻlbars, sheru qoplon, burguti sorlar,

Xudoga tavakkal aylagay!

 

Qalqon teshilganda, qilich singanda,

Yov ona tuproqqa yaqin kelganda.

Mardlar xanjar tishlab otga minganda,

Xudoga tavakkal aylagay!

 

Vatan ulugʻlari yurt deb, yongan choq,

Karvon yoʻl olganda chalib qoʻngʻiroq.

Sadoiy qalbida sheʼr chaqsa chaqmoq,

Xudoga tavakkal aylagay!

 

 

BUXORO MINORAI KALONIGA

Boshingga samoi azim yarashgay,

Poyingga ming bora taʼzim yarashgay.

Magʻrur oq laylaklar yarashgay senga,

Sheroziy bitgan bayt – nazm yarashgay.

 

Senga ming bir kecha ertagi emas,

Senga ming asrlik tarix yarashgay.

Senga Chin-Mochin yo Parij yarashmas,

Senga Buxoroi Sharif yarashgay!

 

 

TOʻRTLIKLAR

Goho yomgʻir, qorda qoldi bu boshim,

Bilmasman nechada ekanin yoshim.

Bilganim voajab bir qizni koʻrib,

Muallaq qoldi bu umr quyoshim.

 

* * *

Koʻrdim, turfa ishqning sinoatlarin,

Oʻzimdek oshigʻu sardor topmadim.

Oʻqidim muhabbat kitobatlarin,

Oʻzimdek soʻzi xush attor topmadim.

 

* * *

Ey, soqiy quyaqol, tinmasin sharob,

Doʻsti-dushman kelsin, davra boʻlsin shod.

Piyolamni sekin chertib qoʻy, jonon,

Barmogʻingga qurbon boʻlay, parizod.

 

AYo KOʻNGLIM

Ayo koʻnglim, nechuk holing, bayon qil,

Ajab sargashta folingni ayon qil.

 

Shamoldek dalli devona kelibsan,

Bor endi bir zamon sayri jahon qil.

 

Nadomat chekmagil anda gʻaribim,

Umid charxini boshga soyabon qil.

 

Ayo koʻnglim, bu dunyo koʻbni koʻrgan,

Oʻzingni shohu sulton Sulaymon qil.

 

Ayo koʻnglim, kelarda xush kelibsan,

Ketarda telba ruhimni ravon qil.

 

Ayo koʻnglim, bu ne asror xabar ber,

Xazon oʻlgan bu ishqni imtihon qil.

 

Ayo koʻnglim, Sadoiy qoldi yorsiz,

Judolik ichra bir xatmu Qurʼon qil!

 

 

Shamsiddin SADOIY

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/faqat-ketib-bolmas-kechib-vatandan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x