Qarashlar, fikrlar, mulohazalar
Nazarimda odamiyatning ongli hayoti boshlangan kundan yer yuzida kurashlar davri boshlandi. Yaratgan zot ulugʻ Kitobida darj etganidek, ular bir-birlarini tanishlari va doʻst tutishlari uchun xalqlar va qabilalarga ajratib qoʻygandan boshlab esa bu kurashlarning koʻlami kengaya boshladi. Asrlar keldi… butun boshli millatlar yer yuzidan supurib ham tashlandi. Ayrimlari millat sifatidagi qiyofasini yoʻqotib qoʻydi. Baʼzilari talandi, oʻldirildi, qul qilindi. Ammo kurash shu bilan toʻxtab qolgani yoʻq. U shaklan boʻlmasa-da, mohiyatan davom etmoqda.
Endilikda bu kurashning usullari oʻzgardi. Gʻanimlar bilvosita insonlar qalbiga, ongiga hujumga oʻtdilar. Hozirda turli mafkura va madaniyatlar oʻrtasida kurash avjiga chiqdi. Dunyo ahlining bir boʻlagi sifatida biz ham bu talotoʻplardan chetda turganimiz yoʻq. Dushmanlar ming yillar davomida shakllanib kelgan, eng asosiysi, imon va islom bulogʻidan suv ichib kamolga yetgan milliy madaniyatimizni, oʻzligimizni yoʻq qilib, oʻrniga oʻzlarining gʻayriinsoniy maslaklari singdirilgan madaniyatini joriy qilishga urinmoqdalar. Bu ish uchun juda katta mablagʻlar ajratilmoqda, sarmoyalar tikilmoqda, oʻquv muassasalari tashkil etilmoqda. Millionlab adadda kitoblar, gazeta va jurnallar nashr qilinyapti. Bu ham kamdek, eshikma-eshik yuradigan missionerlarni tarbiyalashdan ham erinmayaptilar. Natijada, ozgina moddiy manfaat evaziga har ikki dunyosini sotib yuborayotganlar ham paydo boʻldi va bu mudhish “savdo” hamon davom etmoqda.
Demak, maʼnaviy urush sharpasi qulochini keng yoyib, tobora yaqinlashib kelyapti. Bu kurashda shunchaki pistirmada turib muzaffar boʻlmoq mushkul. Shaxs va millat sifatida bunga qarshi chora-tadbirlar koʻrishga burchlimiz. Maʼnaviy javobgarlikni his etmaslik, loqaydlik va kechikish juda xatarli oqibatlarni keltirib chiqarishi shubhasiz. Ammo tahdid solayotgan xavfdan yuzga niqob tutib yoxud vujudga vaksina yuborib qutulishning iloji yoʻq.
Bu jarayonda inson qalbini turli mafkuraviy boʻhronlardan omon saqlashning faqatgina bir yoʻli bor. U ham boʻlsa, inson ongida, yuragida ajdodlardan meros boʻlib kelgan maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashdan, boyitishdan iboratdir. Bu ulugʻ vazifani shak-shubhasiz adabiyotgina uddalay oladi. Zero, badiiy Soʻzgina koʻngillarga nurday singadi, kishi dunyoqarashini, did-tuygʻularni oʻstiradi. Shu boisdan ham adabiyot yaralganidan buyon uning birlamchi vazifasi inson qalbini tarbiyalash ekani haqida koʻp va xoʻb gapirilgan. Insoniyat adabiyotdan bir qadam orqaga chekingan, minglab odamlar “sariq matbuot” orqali keng yoyilayotgan “olomon adabiyoti”ni mukka tushib oʻqiyotgan bugungi kunda ham adabiyot oʻz vazifasidan chekingani yoʻq. Faqat adabiyotga, uning azaliy qonuniyatlariga yondoshuv biroz oʻzgargandek. Bu vaziyatdan koʻrinib turibdiki, ommaviy madaniyat hujumlari adabiyotni ham chetlab oʻtmayapti. Demak, bugun milliy adabiyotimizning bir butunligini, koʻp yillar davomida mustahkamlangan poydevorini asrab qolish uchun ijod ahli ongida oʻziga xos immunitetni paydo etish ehtiyoji tugʻildi. Shu bilan birga adabiyot zimmasiga yana bir masʼuliyat yuklandi: bu – milliy maʼnaviyatimiz uchun xatarli boʻlgan yot gʻoyalarga qarshi “antibiotik” vazifasini oʻtovchi fikrlarni shakllantirishdan iboratdir.
Xoʻsh, zamonaviy oʻzbek adabiyoti bugungi globallashuv davrida zimmasidagi bu masʼuliyatni koʻngildagidek ado eta olyaptimi? Soʻnggi paytlarda “mustaqillik davri adabiyoti” degan atama paydo boʻldi. Bu atamaning paydo boʻlishiga qanday asoslarimiz bor? Mustaqillik davri adabiyoti kechagi adabiyotdan nimasi bilan farq qiladi?
Alisher NAZAR
Abdulla ORIPOV,
Oʻzbekiston qahramoni,
Xalq shoiri
– Avvalo, Inson – nomukammal. Buni eʼtirof etmoq lozim. Yaʼni, biz farishtalar emasmiz. Maxluqotda nafs degan ehtiyoj mavjud. Hayvonlar toʻyganiga qanoat qila oladi. Chunki unda ong, reja yoʻq. Odam bolasi esa aslo toʻymaydi. U jamgʻarishga oʻch. Shu boisdan odamni “koʻzi och” ham deyishadi. Biroq, nafs faqat toʻygʻizish, kiyim-kechak, uy-joy taʼminoti bilangina qondirilmas ekan. Eng yomoni, maʼnaviy nafs ham bor. Inson siyratidagi yuzlab qusurlar maʼnaviy nafsning belgilaridir. Ularning koʻrinishi turfadir: hasad, mugʻombirlik, xudbinlik, guruhbozlik, ayirmachilik, adovat va hokazolar. Ayni chogʻda, maʼnaviy tashnalik (nafs)ga ezgulik, adovat, sadoqat, savob va boshqalar ham mansubdir. Asrlar mobaynida insonlar tafakkuri va qalbidan joy olgan yuqoridagi ikki jihat – moddiy va maʼnaviy ehtiyoj – nafs uchun kurash cheksiz-chegarasiz toʻqnashuvlarni keltirib chiqardi. Ular ikki odam orasida yoxud oilada, jamiyatda, mamlakatlar, millatlar orasida ham kelishmovchilik, xudbinlik tariqasida namoyon boʻlaveradi. Mana shu ziddiyatda insonga eng yaqin koʻmakchi albatta barkamol maʼnaviyat, ilm va xolislikdir.
Bugun dunyoning maʼnaviy ruhiyasi oʻzgarib ketdi. Baʼzi bir jamiyatlarda inson tabiatiga, insoniy fazilatlarga zid koʻnikmalar paydo boʻlmoqda. Ular oʻzlarining bu chirkin hayot tarzlarini “demokratiya”, “inson huquqlari”, “tenglik” singari chaqiriqlar bilan niqoblamoqdalar. Mana shunday tahlikali bir davrda yoshlarimiz ongini, millatimiz maʼnaviyatini himoya qilmoq ehtiyojini teran his etmogʻimiz kerak. Buning uchun esa xalqimizning milliy oʻziga xosligini tarannum etadigan adabiy asarlar yaratishimiz, kinolar, seriallar chiqarishimiz kerak.
Soʻnggi yillarda zamonaviy istiloh bilan aytganda “bozor adabiyoti” paydo boʻldi. Ismi-sharifini hech kim eshitmagan “yozuvchi”lar koʻpayib ketdi. Ularning qalin-qalin “asarlari” nashr etildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Shunchaki oldi-qochdi, jiddiy adabiyotga mutlaqo daxli boʻlmagan bunday “asarlar” haqida ham oʻylab koʻrish fursati keldi. Chunki bu “asarlar” kitob holida xalqimiz orasiga kirib bormoqda. Demak, adabiyotshunoslarimiz, adabiy sinchilarimiz endilikda yana-da diqqatliroq boʻlmogʻi kerak. Hammasini vaqtning, oʻquvchining hukmiga tashlab qoʻyib boʻlmaydi.
Bir zamonlar tovlamachi, chayqovchi deb atalgan kimsalar bugungi kunda zukko toparmonlarga aylanib ketgani boshqa gapdir, lekin ilmdagi, ijoddagi “ishbilarmon”likning namoyishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Yaqinda bir “sariq” matbuotda oʻqib qoldim, goʻyoki yer yuzidagi birorta tilda tizzaning orqa tomonining nomi yoʻq emish. Vaholanki, bizning tilimizda buni “taqim” deydilar. Chunonchi, koʻpkarida uloqni taqimga olishadi, qizning sochi taqimiga tushgan, deyishadi va hokazo. Chumchuqni ham qassob soʻysin ekan-da…
Ana endi savolning davomiga kelsak, “Mustaqillik davri adabiyoti” iborasi haqida gap ketganda, aytish lozimki, bu tarixiy jarayon yuz bergan voqelik sifatida oʻz tarjimai holiga egadir. U katta adabiy bir bosqich sifatida, yangi tuzumning bevosita inʼikosi sifatida hatto hujjatga aylanishi ham mumkin. Bora-bora bu jarayon adabiyotning umumiy yashash tarzi bilan qoʻshilib, uygʻunlashib ketadi. Mustaqilligimizni mustahkamlash yoʻlida xizmat qilgan asarlarning umri boqiydir.
Ahmad Aʼzam,
yozuvchi
– Mustaqillik davri adabiyoti deb men faqat vaqt, davr nuqtai nazaridan ajrataman. Adabiyot oqayotgan bir daryo, u yeri yo bu yeridan chiziq tortib, bunisi bu yoqqa, unisi u yoqqa, deb ayirib boʻlmaydi. Endi, tabiiy, uning usti sokin, tubi teran joylari bor, baʼzi joylarida sayozlikka chiqib shagʻillab qoladi. Shagʻillab boʻldik! Meningcha, umidim ham shu, daryomizning teranligi ayni boshlanayotgan palladamiz.
Ana shu oqayotgan daryo labida oʻtirib oʻylasangiz, oʻy sizni har yoqlarga tortib, hushyorlantiradi. Birinchisi: millat – tafakkuri bilan millat, tafakkur esa til bilan. Millat oʻzini tafakkur bilan koʻtaradi, tafakkur bilan rivojlanadi va ayni shu tafakkur bilan oʻzini himoyalay oladi. Oʻzligining qoʻrgʻoni – tafakkur. Ayni shu qoʻrgʻonni millatning afkor qismi qoʻriqlashi, himoyalashi ham kerak. Yot taʼsir, yot oqim, yot aqida, hattoki dunyoning yot qonunlaridan ham. Bu shunchaki siyosatning zarurati emas, millatning yashab qolishi, buzilmasligi va shu global girdobga yutilib ketmaslik sharti. Deylik, dunyodagi barcha dinlar, barcha ilmlar qarshi boʻlgani holda inson tabiatiga zid, bashar zotiga mamnu bir jinsli maxluqlar nikohi yana oʻsha inson haq-huquqlari tengligi bandlariga panalab, bugungi kunda oʻn toʻrtinchi mamlakat parlamentida qabul qilindi. Oʻsha mamlakatlar aholisining koʻpchiligi qarshi boʻlishiga qaramay, bu jirkanch hayot tarzi qonunan tasdiqlab qoʻyildi. Biz uchun bu gapni aytish ham hazar! Oʻsha tomonlarda hali bunaqa mamlakatlar soni kengayadi, chunki OAV tinmay javraydi, TV har kuni oʻnlab marta koʻrsatadi, tarafu betaraflarni tortishtirib, shu bilan ham targʻib qiladi, ana shu biz otini tutishga ham hazar qiladigan tabiat, insonga zid hayvoniy narsalarning hammasi soʻz erkinligi bayrogʻi ostida qilinadi, oqibatda shu saramas bilan ogʻriganlar soni koʻpaya boradi. Ular tinmay namoyish qiladi, toʻpolon chiqaradi, koʻchada turgan mashinalargacha yoqadi, ularning saramaslik talablariga boʻysunmayman degan nomzod, har bir ovoz hisobda bor, saylovdan oʻtolmay qoladi. Xudo saqlasin bizni bunaqa tenglikdan! Bizga goh tabiiy oqim bilan, goh esa bu oqimlarni tagimizdan zimdan oqizayotgan har xil loyiha-yu jamgʻarma, koʻrik-tanlovu shafqat tashkilotlari (bular yuzlab, minglab), eʼtiqodsizlik, fahsh, ochiq shahvat, beibolik, dinsizlik kabi talay-talay “taʼlimot”ni oshkora ham, yashirin ham kiritib yotibdi. Milliy ruh, milliyat tubdan yemirilyapti buning oqibatida. Gʻanimlarimizga ham insof bersin deb, oʻzimizni faqat Xudoga tashlab, ogʻzimizni ochib oʻtiraversak, oʻsha yoqdan kelgan chirkinlik ogʻzimizga ham kirib ketadi. Shusiz ham koʻp narsalarning sopini oʻzimizdan chiqarishyapti, bilib-bilmay ergashib ketadiganlarni topayotirlar, siylovlar bilan siylayotirlar. Bu irkit narsalar cheksiz-chegarasiz axborot texnologiyasi sharofati bilan har kuni, har soatda uyimizda mehmon. Bugun televizorga qaraganda nafratimizni keltirayotgan yot isqot besh-oʻn yildan keyin eshigimizdan soʻramay oʻzi kirib turgan boʻladi. Agar oʻzimizni asrashni, dunyoning yaxshisi bilan yomonini farqlashni oʻrganmasak. Nima demoqchiligim tushunarlidir? Bu – nechadan bir misol, xolos. Men oʻzimni juda demokrat hisoblayman, lekin demokratiyaning chiroyli pardasini koʻtarib, qani buning orqasida nimalar bekinib yotibdi deb qarayman ham. Qonunu huquqlarni yuziga chaplab goʻzal nozanin boʻlib olgan yalmogʻiz chilton kampir shu yoqda emasmi, degan shubhaga boraman. Boʻyangan, nozanin yalmogʻizning chovut solishidan xavfsirayman doim.
Nuqul oʻzbekligimizga faxriya oʻqiyvermay, haqiqatda oʻzimizni oʻzbek deb bilishimiz va bundan gʻururlanib ish koʻrishimiz shart!
Tafakkur oʻzligimiz qoʻrgʻonimi, o-o, uning devorlari qanday baland qurilgan, qanday kungura-yu minoralar bor, ota-bobolarimiz gʻayratiga balli, deb sallamno aytavermay, nurayotgan, toʻkilib borayotgan joylarini tuzatib ham turishimiz kerak. Globallashuv – maʼnaviyatga intervensiya. Birgina bizda emas, butun dunyoda, hatto oʻzini eng rivojlangan hisoblaydigan mamlakatlar ham uning istilosida. Zamon shamoli goh iliq, goh achchiq, lekin muqarrar esyapti. Shamol togʻlarni ham qum qilgan. Shuni unutmaylik. Oddiy haqiqatlar esimizda tursin: kelajagini oʻylamagan millatning buguni yoʻq, u faqat oʻtmish mozorlarini ulugʻlash bilan qolib ketadi.
Koʻp asrlar tanazzulda, keyin yuz yildan ortiq mustamlakada yashaganimiz uchun oʻtmish va bugunimiz Sharqdan ham, iqtisodiyot, texnologiyada ilgarilab ketgan Gʻarbdan ham oʻzimizni past olamiz. Oʻz qadriyatlarimizni ularchalik qadrlamaymiz, Sharqdan oppoq koʻringan tegirmonchini buvam deb oʻylab, koʻzimizga yosh olib ergashib ketamiz, Gʻarbning ashqol-dashqolidan tortib chiqitga tashlab yuborganlarigacha havasda yuramiz. Taʼsirlarning qaysi yaxshiyu qaysi yomon ekanini avval oʻz tanamizga oʻylab olaylik. Balki hammasidan ham yaxshilari oʻzimizda bordir. Bor, lekin koʻrsatish uchun avvalo oʻzimiz bilishimiz – oʻzligimizni bilishimiz zarur. Boshqalar buni bizdan oldinroq bilgan va havasini yashirmaydi ham.
Millatning bilik borligʻi tafakkur, tafakkur esa mehrtalab nozik tildan tiklangan, til bilan mustahkamlanadi, til bilan oʻsadi, teranlashadi. Aslida barcha badiiy, maʼnaviy, ruhiy, falsafiy, ilmiy – jamiki boyliklarimiz tilimizda. Uning oʻzi eng bebaho, qutlugʻ madaniy obida, yot taʼsir, buzilishlardan qoʻriqchimiz! Masalaning ana shu tomoni oʻylantiradi – oʻzbek ruhiyati qoʻriqchisi, valineʼmatining oʻzini asramayapmiz, davlat maqomiga koʻtarib, qonun bilan himoyalagan holimizda biz, qalam ahli, afkor omma uni oʻz holiga tashlab qoʻydik va hatto uni buzuvchilar chanqaganda suv ham tashib turibmiz.
Tili gʻariblangan xalqning tafakkuri ham oʻtmas boʻlib qoladi, ayni tafakkurning magʻzi-magʻizigacha zaxa yetadi, bugungi zamon talablari darajasida faoliyat koʻrsata olmaydi, shunchaki havoyilanib qoladi. Xudoga shukr, koʻp ishlar qilinyapti, lekin undan-da koʻp ishlar qilinmay qolib ketyapti. Bu esa bizni tutib turgan zaminni boʻshashtirib qoʻyayotir. Shulardan biri – tilga beparvolik oqibatida adabiyotda orqaga ketish. Albatta, mustaqillik ruhiyatimizga, koʻnglimizga erkin kengliklar berdi, lekin moddiy siqintilik ancha ijodkorlarni “bortning u yogʻiga” chiqarib tashladi – qancha izdoshlar boʻlguvchi edi, ular ham boʻlmadi. Ammo… xalqning fikrlaydigan qismi, afkor omma ayni xalq oldidagi masʼuliyatini har qanday sharoitda ham unutmasligi lozim. Hozirga kelib bu siqintilik davri ham oʻtyapti shekilli, yangi adabiy avlod shakllanib boshladi. Bu, tabiiy, yana tafakkurning jonlanishi, tilimiz asliyatlariga qaytib, uni dunyoning faol til muhitiga qoʻshilishiga, binobarin, oʻzligimizni koʻrsata olishimizga olib keladi.
Luqmon BOʻRIXON,
yozuvchi
– Gaplaringizda jon bor-ov… insoniyat tarixi kurashlar, urushlar tarixi, degan ekan kimdir, shu chinga oʻxshaydi. Nazarimda, tala-toʻplar, qirgʻinlar qaʼridan adabiyotgina omon chiqib kelayapti. Marhum, kuyunchak adibimiz aytganiday, adabiyot oʻlmaydi, shekilli. Ammo bu oʻlmaydi, joni toshdan, deb uning holi zabuniga tomoshabin boʻlib oʻtirish ham yaramaydi. Ayniqsa, bugun. Ahvolni koʻrib turibmiz. Globallashuv. Maʼnaviyatlar, fikr-gʻoyalar oʻrtasida zimdan, beayov kurash ketyapti. Siz bilagʻonlik bilan taʼkidlaganday, ommaviy madaniyat, deganlari yurtimizga, ongimizga yopirilib kiryapti. Buzuq gʻoyalar, axloqsizlik, gʻayriinsoniy turmush tarzi targʻib qilinyapti. Qanday, qay yoʻsinda targʻib etilyapti? Kindigingni koʻrsatib yur, quloq-burningga sirgʻa taqib ol, butga sigʻin, deb birov-birovni koʻcha-koʻyda zoʻrlayotgan, qoʻlidan tortqilayotgani yoʻq-ku?! Bunday buzuqchiliklar adabiyot va sanʼat orqali targʻib qilinyapti! Shuning uchun ular yoshlar ongiga tez singayapti, tez tarqayapti. Tan olish kerak, bunday yot gʻoyalarni tashuvchi asarlarning aksariyati badiiylik, sanʼatkorlik nuqtai nazaridan olib qaralganda, xiyla yuksak, havas qilsa arziydi, katta isteʼdod, iqtidor bilan yaratilgan, hoynahoy, shuning uchun ham taʼsiri tez, yuqumlilik darajasi baland. Modomiki, gʻoyaga qarshi gʻoya bilan kurashish kerak ekan, biz nima qilyapmiz? Mafkura maydonida olishishga qurbi yetadigan asarlarimiz bormi? Tegirmonga qarshi jangga chiqqan Don Kixotga oʻxshab qolmayapmizmi? Afsuski, shunday. Oʻzimizcha milliy qadriyatlarni, anʼanalarni targʻib qilayotgan asarlarimiz nasihatgoʻylikdan, maishiy ikir-chikirlardan, betoʻxtov koʻz yoshlardan nariga oʻtayotgani yoʻq. Ayniqsa, kino asarlarimiz! Badiiy barkamollikdan, haqiqiy sanʼatdan juda-juda yiroq. Ular milliy, axloqiy, qandaydir ezgu qarashlarni goʻyo targʻib qilgan boʻladi-yu, aslida, aynan oʻsha qadriyatlardan hammamizni bezdiradi.
Gap “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurash haqida borarkan, avvalo, bu balo oldida ommaviy birlashishimiz zarurga oʻxshaydi. Bugun adabiy muhitda ayirmachilik, guruhbozlik, mahalliychilik kayfiyati yoʻq, deb kim ayta oladi? Bu Shoʻro davridan beri davom etib kelayotgan bir illat. Bizni tegirmon qarshisidagi Don Kixotga aylantirib qoʻyayotgan aslida shu illat emasmi? Ommaviy birlashishimiz uchun eng avvalo ommaviylikdan qochishimiz kerak. Ommaviy maqtovlar, joʻrovozlik, ommaviy loqaydlik – adabiyot va sanʼatning birinchi dushmani. U ichimizda, oldin shularni bartaraf etmay turib tashqi yovga qarshi kurashish qiyin.
Mustaqillik davri adabiyoti, degan ibora paydo boʻldi, deb qandaydir ajablanganday gapiribsiz. Buning hech bir hayron qoladigan joyi yoʻq. Oʻtgan asrning toʻqson birinchi yilidan buyogʻi – Istiqlol! Yigirma bir yildan beri shoiru adiblarimiz yaxshimi-yomonmi qalam tebratib kelishyapti. Bu vaqt mobaynida koʻplab asarlar yaratildi. Ana shu Mustaqillik davri adabiyoti, deb ataladi. Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, bu davrda senzura degan baloi azimdan qutuldik. Tahdid-tazyiqlar yoʻq. Hali shu paytgacha erkin fikrlari, keskin qarashlari uchun quvgʻinga uchragan biror bir ijodkorni uchratmadik. Shoiru adiblarimiz oldiga faqat bitta vazifa qoʻyilgan: badiiy barkamol asarlar yaratish, xalqimiz maʼnaviyatini boyitish. Modomiki, ijodkorlarimiz bu borada oqsayotgan ekan, buning uchun kimlarnidir ayblash, malomatga qoʻyish insofdan emas. Holbuki, muhtaram Prezidentimiz, hukumatimiz ahli qalam uchun hamma shart-sharoitlarni yaratib berib qoʻyibdi. “Ijod” jamgʻarmasi, Doʻrmon ijod uyi, nashriyotlar – barcha-barchasi shoiru yozuvchilarimiz xizmatida. Mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishimiz kerak, xolos. Yuqorida tilga olib oʻtilgan illatlarni bartaraf etib, har xil mayda-chuyda, ikir-chikir gap-soʻzlardan baland turib ijod qilishimiz zarur. Ana shundagina yozgan asarlarimiz ham yuksak boʻladi.
“Yoshlik”, 2013 yil, 4-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/manaviy-tahdid-sharpasi/