Maʼnaviy masnaviy

Jaloliddin RUMIY

 

(1 daftardan parcha)

 

Podshohning bemor kanizakni sevib qolgani va

uni muolaja qilishga chora axtargani

 

Doʻstu yor, bul qissadir tinglang bu on,

Holimizning toʻgʻrisin aylar bayon.

 

Bitta shoh oʻtgandi koʻp yillar burun,

Izmidan chiqmasdi din, dunyo butun.

 

Shoh saroy ahlini jam aylab butun,

Chiqdi nogoh bir kun ov qilmoq uchun.

 

Yoʻlda boʻlgach bir kanizakka duchor,

Boʻldi shoh unga gʻulom beixtiyor.

 

Jon qushi titrab, qafasdan zorlanar,

Oldi shoh ul qizni, sarflab molu zar.

 

Oldi shoh ul qizni, soʻng baxt boʻldi yor,

Nogahon boʻldi kaniz dardga duchor.

 

Topdi eshshak, jabdugʻin topmay garang,

Topdi jabduq, boʻri, lek, solgandi chang.

 

Koʻza topgan chogʻda, suv qolmish tinib,

Suvni topgach, koʻza ketmishdir sinib.

Yigʻdi shoh ne-ne tabiblar, izlabon,

Dedi: “Sizning qoʻldadir bul – ikki jon.

 

Hech – bu jonim, barcha jonim joni ul,

Xastadirman, dardlarim darmoni ul.

 

Boʻlsa darmon xasta bul jonimga kim,

Ungadir bor ganju dur-marjonlarim”.

 

Ul tabiblar derdi: “Birmiz ushbu dam,

Ham qilaylik fikrimiz bir yerga jam.

 

Barchamiz olam aromiz bir Iso,

Bizda bor har dardga zoʻr malham, shifo”.

 

“Gar Xudo xohlar” deyishmay kibr ila,

Etdi Olloh barin ojiz bir yoʻla.

 

Tarki istisno – bagʻirtoshlikdir ul,

Aslidan kechmoq, bagʻirtoshlik tugul.

 

Garchi, koʻp inson, ki “istisno” demas,

Joni “istisno”ga juftdir, ayrimas.

 

Qildilar har ne iloj bor, ne davo,

Ortdi dard, hech boʻlmayin hojat ravo.

 

Qildayin ozmish kaniz, topmay shifo,

Qonli bir daryo misol yosh toʻkdi shoh.

 

Koʻrgulik sharbatni safro aylamish,

Ham mijoz bodomli yogʻdan qaqramish.

 

Meʼda ham qotmish, haliyla aylagach,

Oʻtni suv naftday tagʻin oldirdi avj.

 

Kanizakni davolashda hakimlar ojiz ekanligi maʼlum boʻlgani, podshohning Olloh dargohiga yuz burgani va tushida bir avliyoni koʻrgani

 

Koʻrdi shoh, butkul hakimlar holi tang,

Chopdi soʻng masjidga ul oyoqyalang.

 

Yuz burib mehrobga, masjid ichra shoh,

Toʻldi soʻng koʻz yoshga butkul sajdagoh.

 

Oʻzga kelgach ul fano girdobidan,

Soʻzga lab ochgay duo, madhlar bilan:

 

Ey, jahonning qurbi, qudrat har zamon,

Senga ne dey? Senga bor dardim ayon.

 

Ey, mudom muhtojga boʻlding sen panoh,

Yoʻldan ozdik, biz tagʻin, qildik xato.

 

Aytasan: “Garchand, siring oshkor-ayon,

Sirlaringdan zohiring qilsin bayon”.

 

Bir ajib tugʻyon chiqib shoh jonidan,

Toshdi mavj ul magʻfirat ummonidan.

 

Yigʻlayotib qoldi uxlab shul zahot,

Soʻngra tush koʻrmish, koʻrinmish keksa zot.

 

Dedi: “Ey shoh, hojating ketgay bitib,

Erta bizdan bir gʻarib kelgay kirib.

 

Ul kirib kelgay, hakim, hoziqdir ul,

Bil sadoqatlik, amin, sodiqdir ul.

 

Koʻr, iloj, imkonidan sehrin tayin,

Top, uning timsolidan Haq qudratin”.

 

Soʻngra kelmish vaʼdalangan oʻsha kun,

Chiqdi Sharqdan ham quyosh porlab butun.

 

Muntazir ermish nazargoh ichra shoh,

Toki, ne asror bor, solsin nigoh.

 

Koʻrdi bir siymoni, fozil, barkamol,

Soyalar qurshovida oftob misol.

 

Erdi nur sochguvchi porloq oy misol,

Boru yoʻqday erdi ul goʻyo xayol.

 

Garchi, koʻrinmas xayol jon ichra jim,

Boʻysunar, lek, unga olam betinim.

 

Sulh tajovuzlar xayoldandir mudom,

Faxru nomuslar xayoldandir mudom.

 

Ul xayolkim, avliyolar bandidir,

Bogʻi Haq oyyuzlilarin aksidir.

 

Ul xayolkim, koʻrdi shoh tush intizor,

Boʻldi mehmon shaklida paydoyu bor.

 

Soqchilardan shunda shoh oldin yurib,

Oldi gʻayb mehmonin ul darhol kutib.

 

Ikki dengiz birlashib ketdi bu on,

Rishtasiz, ipsiz birikmish ikki jon.

 

Dedi: “Ulmas, maʼshugʻimsan ushbu dam,

Besababmas, lek, bu dunyo kori ham.

 

Men uchun sen Mustafosan, men – Umar,

Xizmating-chun bogʻlagum darhol kamar.

 

Oliy tavfiq Ollohdan, har qanday holatda, odob, hurmati tavfiqning soʻralishi va odobsizlikning qoʻrqinchli zararlari bayoni

 

Qil, adabning tavfigʻin Haqdan talab,

Mahrum oʻldi lutfi Haqdan beadab.

 

Beadab etmas, faqat, oʻzin ado,

Balki, oʻt qoʻygay butun olam aro.

 

Indi dasturxonda koʻkdan rizqu roʻz,

Tindi butkul mojaro ham gap va soʻz.

 

Ul Musoning qavmidan bir toʻda zor,

Derdi: “Mosh ham ul sarimsoq qayda bor?”

 

Qildi koʻk taʼqiq butun noz-neʼmatin,

Qoldirib oʻrogʻu mehnat zahmatin.

 

Soʻng Iso qilgach shafoat, Haq tagʻin

Berdi dasturxonda nozu neʼmatin.

 

Shubha-shak aylab, adabdan chiqdilar,

Och gado yangligʻ taomlar yigʻdilar.[1]

 

Oʻtinib Iyso ularga der, taom,

Yerda bordir, hech qachon boʻlmas tamom.

 

Badgumonlik qildilar, hirsu huzur

Erdi ul neʼmat uchun butkul kufr.

 

Ul gadolar hirs-la qilgach taʼmasin,

Qildi qoʻl yetmas, u rizqlar darchasin.

 

Man qilingach ul zakot, yogʻmas samo,

Ham zinolar keltirar ofat, vabo.

 

Senga kelgan har na zulmatdan alam,

Shubha-shak, loqaydligingdandir bu gʻam.

 

Doʻstga yoʻl olganda, loqayd boʻlsa kim,

Ozdirar mardlarni yoʻldan betinim.

 

Bul falak toʻlgay, adab sochganda nur,

Ham malak boʻlgay, adab kelganda hur.

 

Beadablikdan tutilgan ul Quyosh

Qildi rad, shayton koʻtargan chogʻda bosh.

 

Shohning tushida ayon etilgan avliyo bilan muloqoti

 

Qoʻl ochib yonboshidan quchgan zamon,

Xuddi ishq jonu dilin qamrar chunon.

 

Oʻpdi oning manglayi ham qoʻlidan,

Birma-bir soʻrdi maqomu yoʻlidan.

Soʻrdi hol, yetguncha toki toʻr qadar,

Dedi: “Toqat aylabon, topdim samar”.

 

Dedi: “Ey, mushkilkusho Haqdan darak!

Sendadir “As-sabru miftoh-ul-faraj!”[2]

 

Har savol-chun, ey javob, chehrang tugal,

Aylagaysan jim turib, mushkulni hal.

 

Qalbimiz tilmochidirsan sen, axir,

Qoʻllagaysan, qay ayoq gar loydadir.

 

Marhabo, ey mumtoz, ey murtazo!

“In tagʻib joa-l-qazo zoqa-l-fazo.[3]

 

Anta mavla-l-qavmi man lo yashtahi

Qad rado kallo lain lam yantahi”.[4]

 

Ulni shoh eltmish, yigʻin oʻtgach, kutib,

Soʻng haram tomonga jim, ilkin tutib.

 

Podshoh tabibni, holini koʻrsin deya, bemor oldiga boshlab borgani

 

Soʻylagach shoh xasta, bemor holidan,

Shoh, tabib joy oldi bemor yonidan.

 

Koʻrdi rangin, koʻrdi ushlab tomirin,

Axtarib dardning alomat, zohirin.

 

Dedi: “Ne malham va darmon qildilar,

Aylamay sogʻlomu vayron qildilar.

 

Qalbining tarzin ular bilmay butun,

“Astaʼizulloha mimo yaftarun”.[5]

 

Koʻrdi bemor illatin anglab ayon,

Tutdi, lek, shohdan, uning dardin nihon.

 

Erdi dard safroyu savdomas butun,

Har yagʻochning iysini bergay tutun.

 

Koʻrdi, ul zor erdi, koʻngil erdi zor,

Jismi sogʻ, dardlarga qalb boʻlmish duchor.

 

Xasta dil zorlansa, ishq oʻrtar bagʻir,

Xasta dilning dardiday dard yoʻq, axir.

 

Barcha illatdan judo ishq dardi chin,

Ishq usturlobidir Haq siyratin.

 

Garchi, ishq ul boshu bul boshdir nuqul,

Oqibat yoʻlboshchidir bizlarga ul.

Qancha qilmay ishqni men sharh qaytadan,

Unga duch kelsam qachon, sharmandaman.

 

Garchi til qilgay ayon, etsa bayon,

Lek, bayonsiz ishq uningdan-da ayon.

 

Ul qalam yozgay mudom tezroq, jadal,

Ishqqa kelgach, lolu nochor har mahal.

 

Sharhlar, agʻnab eshak yangligʻ aql,

Ishqu oshiqlikni aylar ishq naql.

 

Ul quyosh-chun, bil, quyosh yolgʻiz dalil,

Boʻlsa gar darkor dalil, yuz burmagil.

 

Koʻlka gar boʻlgay quyoshdan bir nishon,

Lek, quyosh jonlarga nurdir jovidon.

 

Koʻlkalar ertaksimon uxlatsa gar,

Soʻng quyosh chiqqanda, “inshaqqa-l-qamar”.[6]

 

Yoʻq quyosh yangligʻ gʻarib dunyoda, bas,

Jon quyoshi mangudir, oʻtkinchimas.

 

Chetda gar porloq quyosh tanho mudom,

Lek, tasavvur ichra ul paydo mudom.

 

Bil, falak jon shamsi birlan birgamas,

Zehnu idrok jon quyoshin ilgʻamas.

 

Fikru oʻydan unga kenglik qaydadir?

To xayol-oʻy uldayin ochsin bagʻir.

 

Yetdi Shams ruxsoridan soʻz ushbu dam,

Tortdi bosh toʻrtinchi osmon shamsi ham.

 

Tilga kelgach ismi, shartdir ushbu on

Aylamak inʼomining ramzin bayon.

 

Bir nafas ul etagin jismim tutar,

Soʻng Yusuf koʻylagining atrin tuyar.

 

Necha suhbat haqqi, soʻylab birma-bir,

Bizga sen ul holi xushlardan gapir.

 

Yer va osmon shodlanib, topsin shukuh,

Yayrasin ham ul nigoh ham aqlu ruh.

 

“Lo tukallifni fainni fi-l-fano,

Kallat afhomi falo uhsi sano.[7]

 

Kullu shaʼin qolahu gʻayru-l-mufiq”,[8]

Ushbu ahd ham ushbu jahd, lof “lo-yaliq”.[9]

 

Ayt, na dey, bir tomirim hushyormas,

Yorga ul Yordan biror jon yormas.

 

Bul jigardan qon, judolik hamda dard

Soʻylagum sharhin biror bir boshqa payt.

 

Dedi: “Atʼimni fainni joyeʼun,

V-aʼtajil fa-l-vaqtu sayfun qoteʼun”.[10]

 

“Soʻfi – ibnu-l-vaqt”,[11] ayo, doʻst, har nafas,

“Erta” deb aytmoq – tariqat shartimas.

 

Sen, nahot, mard soʻfimasdirsan bu dam?

Nasya bor joydan yitar soʻng naqdi ham.

 

Soʻyladim: “Soz, yorda sir boʻlsa nihon,

Sen hikoyat qaʼridan axtar nishon.

 

Gar nihondir yorda sir, paydodir ul,

Oʻzgalardan tinglasang aʼlodir ul”.

 

Dedi: “Sen soʻyla mudom oshkor-ayon,

Yaxshidir din zikri, fosh boʻlgay qachon.

 

Parda tortgil oʻrtadan, uryon gapir,

Yotmagum koʻylakda, yor birlan, axir”.

 

Soʻyladim: “Oshkoru uryon boʻlsa ul,

Qolmagay atrof, tiriklik, sen tugul.

 

Orzu qilgin sen, biroq meʼyorni bil,

Bitta somon parchasin togʻ bilmagil.

 

Nur, quyosh olamga bergay yogʻdular,

Gar yaqinlashgay biroz, olam kuyar.

 

Fitna, xunrezlik, gʻaraz axtarma, doʻst,

Shams Tabriziydan endi dema soʻz.

 

Bul hikoyat soʻngi yoʻq, aytgin tagʻin,

Qaytadin soʻyla hikoyatning barin”.

 

Valiyning podshohdan, kanizak dardini aniqlash uchun xilvatda qoldirishni soʻragani

 

Dedi: “Ey shoh, boʻshatib uyni bu dam,

Chiq va chiqsin bunda bor begona ham.

Solmasin hech kim quloq dahlizda ham,

To kaniz birlan qilay suhbat bu dam.

 

Soʻngra kulba boʻshagach uy ahlidan,

Qoldi yolgʻiz ul tabib bemor bilan.

 

Soʻrdi sekin: “Soʻyla, shahring qay diyor?

Har shaharning dori ham darmoni bor.

 

Ul shahardan kim qarindoshing, gapir,

Aqrabo, payvasta etgan ul nadir?”

 

Koʻrdi ushlab tomirin, soʻng birma-bir

Soʻrdi, olam aylamish qanday jabr?

 

Kirsa gar oyoqqa qandaydir tikon,

Tizzasin ustiga olgay ushbu on.

 

Igna birlan soʻng uchin izlaydi ul,

Topmagach, oʻrnin, qilar lab birla hoʻl.

 

Bir tikon olmoq oyoqdan gar azob,

Ne qilar gar dilga kirgach? Ber javob!

 

Dil tikonin koʻrsa gar har bitta xas,

Bormikan gʻamdan xabardor bir nafas?

 

Botsa xor eshshak dumi ostiga gar,

Shatta otgay betinim, koʻp qiynalar.

 

Ul tikon botgay tagʻin, chopgan sayin,

Soʻngra bir zukko sugʻurgaydir, tayin.

 

Ul tikon zaxmi azob bergach, xachir,

Shattalab, butkul tanin aylar yagʻir.

 

Bil, sugʻurguvchi tikon – dono hakim,

Qoʻl bilan dard oʻrnini izlaydi jim.

 

Ul kanizdan xuddi bir dostonsimon,

Soʻrdi, kim doʻst unga ham yordir bu on.

 

Bor sirin toʻkkay hakim-chun boshidan,

Ham maqom, ham xoja, ham yurtdoshidan.

 

Ul hakim tinglab kaniz qalbin shu dam,

Anglamoq istardi tomir zarbidan.

 

Toki tomir qaysi nomdan ursa tez,

Unga jonin istagin soʻylar bu kez.

 

Yurt aro bor doʻstlarin bir-bir sanab,

Tinglagay soʻng oʻzga yurt nomin atab.

 

Dedi: “Boʻlgach oʻz diyoringdan yiroq,

Qaysi bir yurt ichra sen qolding uzoq?”

 

Aytdi, birmas, necha yurt nomin shu dam,

Oʻzgarish boʻlmasdi yuz, tomirda ham.

 

Koʻp shahar ham xoʻjalardan soʻylamish,

Nonu tuz, joy, koʻchalardan soʻylamish.

 

Soʻrdi yurt, ham uyma-uy, kim bor tanish,

Topmayin tomir va yuzdan oʻzgarish.

 

Urdi sust tomir butunlay bexato,

Ul Samarqand shahridan soʻrguncha to.

 

Soʻng qizarmish shunda, titrab qildi his,

Ul Samarqand zargarin hajrin u qiz.

 

Anglagach nogoh tabib bemor sirin,

Topdi soʻng dardu baloning tomirin.

 

Dedi: “Ul qay bir makondir, qay guzar?”

“Ul Saripul – dedi qiz, – ul Fotfar”.

 

Dedi: “Bildim, angladim, darding nadir,

Tez xalos qilgum bu on, aylab sehr.

 

Shodu ozod boʻl, qilay darddan yiroq,

Xuddi suv qilgandayin gulzorni pok.

 

Chekma gʻam, mehrimni qilsam gar nisor,

Yuz padarning mehri qalb, jonimda bor.

 

Boʻlmasin oshkor bu sir, qoʻygin bilib,

Qoʻymagil, shoh soʻrsa ham, oshkor qilib.

 

Boʻlsa dil-koʻngil, siring-chun goʻr agar,

Shunda bergay maqsading tezroq samar.

 

Dedi Paygʻambar: “Sirin kim sir tutar,

Tez ushalgay unda maqsad, orzular”.

 

Gar urugʻ qilganda yer ostin makon,

Yashnagan boʻston sirin aylar nihon.

 

Siymu zar gar boʻlmagay koʻzdan nihon,

Sir tutib, oltin, kumush asrarmi kon?”

 

Ul hakimdan vaʼdalar ham lutf-karam

Quvdi bemor koʻnglidan qoʻrquvni ham.

 

Vaʼdalarning rosti bor – koʻngil tilar,

Vaʼdaning yolgʻoni bor – gʻamgin qilar.

 

Ruhga yor – pok qalbu dildan vaʼdalar,

Ruhga ozor – noahildan vaʼdalar.

 

Valiyning kanizak dardini aniqlagani va bu darddan podshohni ogohlantirgani

 

Soʻng Hakim qoʻzgʻaldi, bemorlarga xos

Holni ul podshohga aytmoq-chun biroz.

 

Dedi: “Shul tadbir, chaqir ul mardni tez,

Keltirib, soʻng biz quvaylik dardni tez.

 

Chorlagil zargarni olis shahridan,

Avragil, sarpoyu zar, aldoq bilan”.

 

Tinglagach podshoh, Hakim pandin chunon,

Jonu dil birlan qabul etmish shu on.

 

Shoh zargarni keltirish uchun Samarqand shahriga elchilarni yuborgani

 

Shoh yubormish ul taraf bir toʻp vakil,

Erdilar zukko, adolatlik, asil.

 

Ul Samarqand sori soʻng yetgach ular,

Berdilar zargarga podshohdan xabar.

 

“Ey bilimdon, ezgu zotdirsan, daho,

Shuhrating butkul taralmish el aro.

 

Shohimiz chorlaydi, otlan, ushbu kun,

Seni bosh zargar qilib qoʻymoq uchun.

 

Ol, kumush, oltin va sarpo, rozi boʻl,

Sen saroy ahlin ulugʻ, mumtozi boʻl”.

 

Molu mulk, boylik-bisotlar berdi pand,

Yurtidan, farzandidan yuz burdi mard.

 

Tushdi shod yoʻl uzra, shoh aylab nazar,

Jonga qasd qilganligin bilmay xatar.

 

Yeldi ul chopqir shamolday, ot minib,

Joni ham qon evazin sarpo bilib.

 

Yoʻlchi, ey sen, ixtiyor aylab safar,

Oʻz ayogʻing birla bording xavf qadar.

 

Unda nafs, izzattalablik erdi zoʻr,

Ul ajal “Bor, sen ulugʻ, zoʻr”, deydi, koʻr.

 

Yetdi soʻng manzilga yoʻldan ul gʻarib,

Kirdi boshlab shohga soʻng darhol tabib.

 

Eltdilar shoh-chun, qilib bor hurmatin,

Toki, kuysin his qilib Tiyroz shamin.

 

Koʻrdi shoh, soʻng aylamish taʼzim bajo,

Etdi koʻp oltin, kumush, ganjlar ato.

 

Soʻng Hakim der shohga: “Ey qudratga yor,

Xoja-chun boʻlsin kaniz inʼom, nisor.

 

To visol qiz qalbidan dogʻni yuvib,

Dilda oʻt oʻchsin, tuyib vaslin suvin”.

 

Etdi baxsh zargarga shoh oychehrasin,

Boʻldi soʻng har ikki sirdosh juft, yaqin.

 

Olti oy qoʻygach ular hamroh qadam,

Qiz sihat topmish, butunlay ketdi gʻam.

 

Soʻng tabib sharbat yasab bergach ajib,

Koʻrdi qiz, zargar ozib ketmish, tatib.

 

Qiynalib, soʻng soʻndi zargar husni ham,

Qiz azobdan oʻrtanib, koʻp chekdi gʻam.

 

Sargʻayib, zargar yuzin qoplab ajin,

Ketdi muzlab qizda koʻngil kun sayin.

 

Boʻlsa gar rang hamda tus, ishqdan nishon,

Soʻngidir sharmandalik, ishqmas, ishon.

 

Koshki, boshdan boʻlsa zargar nuqsi bor,

Famga hech boʻlmasdi yolgʻonlar duchor.

 

Koʻzidan qon oqdi soy yangligʻ azim,

Husni boʻlgach jonga qattol yov, gʻanim.

 

Bil, gʻanimdir pat-qanot tovus uchun,

Oʻldirar shohlarni shon-shavkat butun.

 

Dedi: “Men ul ohuman, sayyod bukun

Kindigimdan toʻkdi pok qonim butun.

 

Tulkidirman choʻl aro, nogoh pusib,

Ketdilar, poʻstim uchun boshim uzib.

 

Bitta filman, soʻngagim koʻzlab bu dam,

Toʻkdi fil boqquvchi soʻng qonimni ham.

 

Meni kim gar bir ilinjdan oʻldirar,

Oʻlmagay qonim, biroq bilmas ular.

 

Menga bul kun, ungadir ul erta, kech,

Mendayinlar qoni hayf boʻlgaymi hech?

 

Garchi devor soya tashlar koʻp uzun,

Lek, tagʻin qaytar asillikka butun.

 

Bul jahon – togʻ, xulqimizdir bir nido,

Bizga soʻng qaytar nidolardan sado”.

 

 

Berdi jon zargar, bu soʻz aytib shu payt,

Etdi soʻng ul qizni tark ishq birla dard.

 

Chunki marhumlarga ishq hech mangumas,

Chunki marhum biz taraf qaytmaydi, bas.

 

Ishqni asrar pok, tirik jon ham qarogʻ,

Funchadan har lahza pokdir, yarqiroq.

 

Sen tirik ishq tanlagin, boqiydir ul,

Jonga maydir, mayga ham soqiydir ul.

 

Tanla Ul ishqin, faqat, bor anbiyo

Ulga mashgʻul boʻlsa, soʻng topgay ziyo.

 

Aytma: “Biz-chun qayda yoʻl to shoh qadar”,

Mehribon zotga bu oson qanchalar.

 

Zargarning zaharlanib oʻldirilishi, beqaror nafs va buzuq fikru xayol oqibati emas, balki ilohiy ishorat ekanligi bayoni

 

Garchi ul zargarni oʻldirmish Hakim,

Bir umid erdi bu na qoʻrquv, azim.

 

Ulni shoh etmasdi mahv istak bilan,

Amru ilhom kelmagay to Tangridan.

 

Bir goʻdakning boʻgʻzidan kesmish Xizr,

Lek, avom xalq-chun ayonmas ushbu sir.

 

Olsa Haqdan har savol-chun kim javob,

Neki ul amr aylagay – butkul savob.

 

Bersa jon kim, jonni olgay, haqqi bor,

Ulki Noib, qoʻllagay Parvardigor.

 

Boshni Ismoil kabi tik, boʻl rizo,

Ayla, tigʻdan shodu xandon, jon fido.

 

Toki joning yayrasin butkul, Ahad

Birla Ahmad joni qolganday abad.

 

Unda oshiqlar farah jomin suzar,

Maʼshugʻin ilkinda sarmast jon uzar.

 

Toʻkmagay shahvatni deb shoh qon, biroq

Sen gumon, gʻavgʻolaringdan boʻl yiroq.

 

Qilmagin, bulgʻandi shoh deb sen gumon,

Pokka gard qoʻngach, harom boʻlgan qachon?

 

Shul sabab, koʻrgach jafo, qiynoq, azob,

Soʻng kumush chiqqay oʻchoqdan sofu nob.

 

 

Yaxshi-yomonlik sinovi bunda jam,

Qaynagach, sirtga chiqar zar zangi ham.

 

Solmagay gar qalbga ilhom, ishq, Iloh,

Bir quturgan it, kuchuk, shohmas u shoh.

 

Hirsu shahvat ham havasdan ul yiroq,

Yaxshilik qilgay, xunuk yuzlik, biroq.

 

Teshsa ham gar kema, dengiz ichra, lek,

Bil, Xizr qilgan har ish – yuz yaxshilik.

 

Lek, Muso yangligʻ hunarmand, nurli zot,

Bilmagay ul sirni, uchmang beqanot.

 

Ul qizil guldir, uni xun demagil,

Ul aqldan mast, Majnun demagil.

 

Boʻlsa moʻmin qoni unga muddao,

Kofir oʻlgum, nomin olsam tilga to.

 

Madh etilgach nobakor, titraydi arsh,

Madhidan – taqvo elining koʻngli gʻash.

 

Erdi ul shoh, erdi ogoh hammadan,

Erdi ul xos, berdi yolgʻiz Haqqa tan.

 

Shundayin shoh oʻldirar erkan agar,

Eltadir oliy maqomu baxt qadar.

 

Qahrida gar koʻrmaganda naf, panoh,

Hech ato etmasdi qahrin unga shoh.

 

Gar tabib tigʻ tutsa, goʻdak qoʻrqadir,

Shodlanar, lek, ona, gar oʻrtar bagʻir.

 

Ul yarim joning uzib, yuz jon tutar,

Oʻy-xayol sigʻdirmagan imkon tutar.

 

Bir qiyos oldingu sen oʻzdan, biroq,

Koʻp yiroqdirsan, yiroq, boq yaxshiroq.

 

Forschadan Odil IKROM tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–2

 


[1] “Moida” surasi, 114-115 oyatlarga ishora.

[2] Sabr kushoyishlarning kalitidir.

[3] Sen boʻlmasang, qazo kelib fazo torayadi.

[4] Sen qavmning ustozisan, kimki seni xohlamasa, u halokatga duchor boʻlgusidir.

[5] Yolgʻonlardan oʻzing asra, Xudoyim!

[6] “…va oy parchalandi”. “Qamar” surasi, 1-oyat.

[7]Uning neʼmatlaridan soʻz ochishni menga taklif qilmagin, chunki men fano holida ekan, fahmlarim oʻtmaslashib qoladi.

[8] Inson fano holidan hushyorlikka qaytgach, aytganlarini xotirlay olmaydi.

[9] Arzimaydi.

[10] Dedi: “Menga taom ber, chindan ham men ochman va shitob ayla, chunki vaqt keskir qilichdir”.

[11] Soʻfiy – vaqt farzandi.

https://saviya.uz/ijod/nazm/manaviy-masnaviy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x