LOK

LOK (nem. Lack) , lak — sirtga surtilganda qotib, yaltiroq qattiq parda hosil qiluvchi organik moddalar aralashmasi, suyuqliklar. Tarkibida parda hosil qiluvchi va erituvchi moddalardan tashqari, koʻpincha, plastifikatorlar, katalizatorlar va parda hosil boʻlishini tezlatadigan moddalar (metall tuzlari, organik peroksidlar) bor. L. sifati uning rangi, tozaligi, yopishqoqligi, parda hosil qiluvchi (uchmaydigan) moddalar miqdoriga, qurish tezligiga, hosil boʻlgan pardaning yaltirokligi, qattiqligi, elastikligi, choʻziluvchanligiga, shuningdek, ishqalanishga, zarbaga, atmosfera va agressiv muhit taʼsiriga chidamliligi, suv va gaz oʻtkazmasligiga qarab belgilanadi. Elektroizolyatsion Lok pardasi teshuvchi kuchlanishga, solishtirma va hajmiy qarshiligiga, solishtirma sirt qarshiligi va dielektrik sarf (yoʻqotish) miqdoriga qarab ham baholanadi. Sirtga Lok chutka, joʻva bilan surkaladi, purkaladi yoki boʻyaladigan buyum Lokga botiriladi, baʼzan Lok buyumga quyiladi. Lokning xususiyati va buyumlarning turiga qarab boʻyashning maʼqul usuli tanlanadi.

Lok parda hosil qiluvchi moddaning kimyoviy tabiatiga koʻra, 3 ga boʻlinadi: moyli Lok, smolali Lok, efirotsellyuloza L. Moyli loklar—oʻsimlik yogʻlari va tabiiy yoki sintetik smolalar aralashmasi boʻlib, ularni turli usullar bilan surtish mumkin. Moyli Lokni olish 4 bosqich (moyni tayyorlash; smolani eritish, Lok asosini olish va unga erituvchi qoʻshish; sen-trifugalash va tindirish) dan iborat. Asosan, elektroizolyatsion va himoya qoplamalar hosil qilish uchun tunukani boʻyashda (konserva bankasi yasash uchun) ishlatiladi. Smolali loklar — tabiiy yoki sintetik smolalarning uchuvchan erituvchilardagi eritmasi. Smolali Lokning koʻpchiligida erituvchi sifatida spirt ishlatiladi. Hozir sintetik (ayniqsa, vinil) polimerlar va sopolimerlar asosida perxlorvinil, poliefir, poliefirakrilat, poliuretan, epoksid, melaminfor-maldegid va mochevina-formaldegid, divinilatsetilen va kremniyorganik Lok koʻplab ishlab chiqarilmoqda. Ular issiq va sovuqqa, kimyoviy taʼsirlarga, agressiv muhitga chidamli boʻlgani uchun samolyotlar, avtomobillar, kimyoviy jihozlar, yogʻoch, rezina, teri, plastmassalar, sintetik gazlamalar, mis simlar, metallar sirtlarini, shisha, keramika va b. buyumlarni boʻyash uchun ishlatiladi. Efirotsellyuloza loklar — efir sellyulozasining uchuvchan erituvchilar bilan hosil qilgan eritmasi. Tarkibida smola va plastifika-torlar ham mavjud. Ular, odatda, materiallarga purkaladi; xona t-rasida tez quriydi. Yogʻoch va metall buyumlar, teri, qogʻoz va gazlamalarni boʻyashda, shuningdek, emal boʻyoqlar tayyorlashda ishlatiladi.

Stalina Qosimova.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x