Lamahot

Muallifi: Muhammad Olim as-Siddiqiy al-Aʼlaviy, otasi Muhammad Moʻmin shayx yassaviya tariqati vakili edi. XVI asrning ikkinchi yarmi va XVII asrning birinchi yarmida yashagan. Samarqand madrasalarida taʼlim olgan. Tariqat ilmini otasidan oʻrgangan. U “Lamahot” kitobini hijriy 1032 yili (1623) yozib tugatadi.

Asarning ahamiyati: Qoʻlyozmalar xazinasi asosiy boʻlimida ikkita nusxasi saqlanadi. №10567 raqamli nusxa, forsiyda yozilgan, qattiq muqovali, mahalliy qogʻozga nastaʼliq xatida koʻchirilgan, 164 varaq. 

№10715-6 raqamli nusxa, 25 varaq (66-91), tili forsiy, mahalliy qogʻozga nastaʼliq yozuvida koʻchirilgan. Asar matni oxirigacha yetmagan.

№10567 raqamli nusxa anʼanaviy yaratganga qutlovlar bilan boshlanadi. U ikki “maqsad”dan tashkil topgan. Birinchi maqsadda Qurʼon oyatlari, hadislar va rivoyatlar sharhlanadi hamda sasli (jahriy) zikr mohiyati yoritiladi.

Bu nusxada ikkinchi maqsad alohida ajratib koʻrsatilmagan, mazmuniga koʻra, 45-varaqdan boshlanadi. Unda mazkur tariqat asoschisi oriflar sultoni Xoja Ahmad Yassaviy va undan muallifga qadar davom etgan silsilaning taniqli vakillari hayoti, ularda sodir boʻlgan hol (lamahot) va kashflar (varadot) bayon qilinadi, hikmatli soʻzlaridan ibratli namunalar beriladi. Bu silsilada Hakim ota, Zangi ota, Sadr ota, Yamin (Olamin) bobo, Shayx Ali shayx, Shayx Mavdud, Shayx Xodim, Shayx Jamoliddin, Shayx Xudoydod Vali, Qosim shayx, Pirim shayx kabi yurt ulugʻlari turmush tarziga oid qiziqarli maʼlumotlar yigʻilgan. Ularning barchasi maʼrifat ahlidan edi. Ular jamiyatda ezgulik, axloq tarbiyasi, qalbni yovuzlikdan himoya qiluvchi tolmas kurashchilar edi. Jamiyat maʼnaviyatida bugun biz duch kelib turgan boʻshliqlar paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik ular hayotining mazmuni edi. 

“Lamahot” asari oʻsha zamon kishilari oʻrtasida mashhur boʻlgan va keng tarqalgan, hozir ham odamlar qoʻlida uning nusxalari saqlanadi. Shoʻrolar davrida bu turkumdagi asarlar tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qolgan. Bugun mamlakatda tarixiy obidalar taʼmirlanmoqda, ziyoratgohlar obod qilinayotir, madaniy yodgorliklarni koʻrishni istovchilar soni ortmoqda. Bu turkumdagi asarlar keluvchiga ziyorat maʼrifatini beradi, maqsadi-mazmunini kengaytiradi.

 

* * *

Bugunga qadar “Boburnoma”, “Tarixi Rashidiy” asarlari bir necha marta nashr qilindi. Har safar nashr mukammaligini oshirishga harakat qilinayotir. Yuqorida soʻz yuritilgan ikki asar nashri va targʻibi esa havas qiladigan emas… Holbuki, ularning sahifalarida qalb qorongʻuliklarini yoritadigan Soʻzlar, xatarli boʻshliqlarni toʻldiradigan xabarlar bor. Bu asarlarda XVI–XVII asrlarda ajdodlarimizning oʻzlaridan oldingi oʻtmish, oʻz davrlaridagi maʼnaviy hayotga munosabati jonli tarzda namoyon boʻladi.

Bugun hayotimizda bu kitoblarga havo, suv, non kabi ehtiyoj, zarurat sezilayotir. Ular faqat sayyohlikning ziyorat yoʻnalishini rivoj­lantirish, mablagʻ toʻplash uchun kerak boʻlib qolgani yoʻq. Bu asarlar chop qilinsa va bugungi kishilar xonadoniga yetkazilsa, ular bizni telefon va kompyuter ichkarisidagi “qora oʻra”ga qulashimizdan asraydiganlar qatoriga qoʻshiladi. Hali ular chop qilinishi uchun oldimizda tarjima va tabdilning uzoq hamda mashaqqatli yoʻli turibdi. Bu hududning oʻzi katta bir muammodir. Bu ishimizda faqat ungacha yetib kelishga urinyapmiz.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

 

“Yoshlik”, 2018/4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/lamahot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x